“Yaldo kechasi” nashrdan chiqmoqda

O'tgan hafta “Jadid” gazetasi (28 noyabr soni) va ijtimoiy tarmoqlar orqali bir adabiy yangilik tarqaldi.

Ularda poytaxtimizda yaqinda tashkil etilgan “Xaybar-25” nashriyoti tomonidan “Yaldo kechasi” nomli yangi tarixiy roman chop etilayotgani haqida xabar berilgan.

Nashriyot bosh muharriri Shuhrat Sohibovning “Jadid” gazetasi muxbiriga bergan intervyusida “tarixiy hujjatlar asosidagi badiiy to'qima” shaklida yaratilgan ushbu asar 21 dekabr — yaldo kechasiga qadar bosilib chiqishi ma'lum qilingan.

 Romanni qo'lyozma holida o'qib chiqib, o'zlarining fikr-mulohazalarini bildirgan taqrizchilar orasida O'zbekiston Qahramoni, ustoz Ibrohim G'afurov, akademik Shuhrat Sirojiddinov, shuningdek, Bahodir Karim, Nurboy Jabbor, Shuhrat Rizayev, Jabbor Eshonqul kabi professorlar, Erkin A'zam, Sirojiddin Sayyid, G'ayrat Majid, G'afur Shermuhammad, Murtazo Qarshiboy, Ikrom Iskandar, G'ayrat Sheraliyev kabi shoir va adiblar, O'zbekiston Respublikasi can'at arbobi, akademik Tursunali Qo'ziyev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, matnshunos Xondamir Qodiriy, taniqli adabiyotshunos Olimjon Davlatov va boshqa hurmatli ijodkorlar borligi kitobning chindan ham jiddiy asar ekanidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan tahririyatimiz “Xaybar-25” nashriyoti bilan bog'landi. Nashriyot xodimlari bizning bu favqulodda g'aroyib asarga bo'lgan qiziqishimizni inobatga olib, romanning “Xonlar o'tar, taxt o'tar” nomli bobini mushtariylarimizga lutfan taqdim etishdi.

Buning uchun nashriyot jamoasiga chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz.

Quyida asarning ana shu bobi e'tiboringizga havola etilmoqda.

“Xonlar o'tar, taxt o'tar…”

(“Yaldo kechasi” tarixiy romanidan bob)

Ikki soatdan ziyod diqqinafas salomxonada sarg'aytirg'anidan so'ng ne sababdur qovoq-tumshug'i osilg'an O'ljabek hudaychi Otabekka iyagi bilan im qoqib, huzuri muborakka boshladi.

Xudoyorxon, egnida mayda qaviq yashil to'n, kechasi yomon tush ko'rib uyg'ong'an-u, tushini aytish uchun suv topolmag'an kimsa kabi kayfsiz, xomush qiyofada, Xo'qand xonlarining asriy marmar taxtida, go'yoki muvaqqat fursatka kirgandek, omonatqina o'ltirar edi.

Otabek xon bilan eski o'rdada bo'lg'an ilk uchrashuvini esladi. U paytda hukmdor hali yosh, qayinotasi va otalig'i bo'lmish Musulmonqulning og'zig'a javdirab qarab turadirg'an bo'sh-bayov bir o'spirin edi.

Avvalo, Alloh taoloning inoyati, qolaversa, yosh xonning sa'y-harakati bilan, nohaq tuhmatka uchrag'an Otabek va Mirzakarim qutidor naq dor ostida muqarrar o'lim changalidan xalos bo'lg'an edilar.

O'shal o'tkan kunlarni eslarkan, marhuma Kumushning o'z jonini xatarg'a qo'yib, otasi va zavjini qutqarmoq uchun chin fidoliq ko'rsatkani yodig'a tushib, mutaassir bo'ldi. Mana shu voqea sabab Otabekning yuragida yosh xong'a nisbatan allanechuk qarzdorliq hissi uyg'ong'an, ayni shu tuyg'u Xo'qand saltanati uzra qora bulut paydo bo'lg'an kezlarda uni o'z ixtiyori bilan o'rdag'a — hukmdor huzuriga boshlab kelgan edi.

Chor-atrofini qurshag'an bek va a'yonlardan xiyonat ko'raverib, mardum zotidan hafsalasi qaytg'an Xudoyorxon ham bu paytka kelib dunyo molig'a sotilmaydig'an, insof-diyonatda sobit bir mulozimg'a nihoyatda muhtoj edi. Shu bois Otabek bilan suhbati birinchi daf'adayoq qovushib, yana ko'p bor takrorlandi. Olampanohga yigitning aql-idroki, dunyo ishlaridan boxabarlig'i, nafaqat arabiy va forsiy, balki o'ris zabonini ham bilishi ma'qul keldi. Pirovardida a'lo hazrat ung'a maxfiy bir xizmatni — ya'ni xonning xos vakili degan vazifani ishonib topshirdi. Lekin bu sirni ikkavidan bo'lak biron kimsa bilmas, Otabek har safar salomxonada o'rda ehtiyojlari uchun noyob mollar keltiradigan jahongashta savdogar qiyofasida namoyon bo'lar edi.

Bu gal u xon huzuriga odam bo'yi barobar oynaband farangiy soat bilan nafis shohi matolar olib kelgan edi. Hudaychi huzuri muborakni tark etkan zahoti Otabek xong'a ta'zim bajo keltirib, salom berdi. So'ng bosh ko'tarib, uning saltanat va haram tashvishlaridan yanada cho'kib, qartayib qolg'anini payqadi, beixtiyor a'lo hazrat qunishib o'ltirg'an taxtg'a tikildi.

Oh, bu taxt g'avg'osi!

Marhum Xoja1 chindan ham zakiy zot bo'lg'anki, “Miftohul-adl”da toju taxt haqinda xo'b ajoyib ta'rif bitibdir. Uning rivoyatig'a ko'ra, podshoh Xorun ar-Rashid va shayx Bahlul oshino ekanlar. Bir kuni shayx podshoh ziyoratig'a borsa, ul qaygadir chiqib ketkan, taxt bo'sh ekan. Shayx ohista borib taxtg'a o'ltiribdi. Nogoh qorovullar xabar topib, yugurib kelibdilar. Ular shayxni tanimas ekan, qo'l-oyog'idan tortib, taxtdan tushirmoqqa sa'y qilibdurlar. Shayx joyidan turmabdi, kaltaklay boshlashibdi. Shayx Bahlul boshi yorilib, qong'a belansa ham, kulib turaveribdi. Shu asno podshoh kelib qolibdi va: “Shayxim, Sizga ne bo'ldi? Ne sababdan kulayotirsiz?” deb so'rabdi. Shayx javoban debdi: “Men bir soat sening taxtingda o'lturdim ersa, urib boshimni yordilar. Senkim, yillardurki, bu taxt ustida o'lturursen, sening holing na bo'lg'ay, deb kularmen”.

Nadomatlar bo'lg'aykim, hech bir shoh, xon va amir taxtgirlik oqibatini o'ylamas. O'ylasa erdi, shubha yo'qkim, taxtg'a chiqmag'an bo'lurdi…

Xudoyorxon erta tongdan oromini buzg'an Otabekka qisiq ko'zlari bilan sinchiklab tikildi.

Otabek ta'zim bajo aylagach, xong'a tik boqib turaverdi.

— So'yla! — dedi Xudoyorxon nihoyat toqati toq bo'lib, bo'g'iq tovushda.

— Olampanoh! Amringizga muvofiq, kuni kecha Dashti Qipchoqdan qaytdim. Oq podsho askari muborak saltanatingiz hududiga, inchunin, Oqmasjidga tobora yaqinlashib keladur. Shahar voliysi Yaqubbek, biloshak, sohibtajriba, mardona kishidur, ammo…

— Xo'sh? — dedi Xudoyorxon battar xo'mrayib. — Siporishlamasdan, dangal so'yla!

— Bilmam, ne xayol bilankim, Oqmasjid yonboshidag'i bir ko'l yuzasidan o'rislar bilan bitim tuzib, alarg'a baliq ovlamoq uchun beribdir. Nasoralar endi shul ahdnomani pesh qilib, ko'lni o'z tasarrufig'a olibdir.

— O'z tasarrufig'a? O'bdon ish! Nega biz bundan bexabar? — Xudoyorxonning salqi yuz paylari asabiy ucha boshladi. — O'rtada rishvat2 bo'lg'an-da?

— Olampanoh, taftish o'tkazmay turib, bir nima demoq mushkul. Lekin bu voqea el og'zida ovoza bo'lib ketkan. Shu kunlarda Xo'qandda bu to'g'rida bir ashula ham chiqibdur.

— Ashilla? Qanday ashilla?

— Ashula budur, — dedi Otabek pinagini buzmay:

Yaqubbek sotdi Oqmasjidni ko'lini,

Ochib berdi o'ruslarning yo'lini…

Xudoyorxon ko'zlariga qon to'lib:

— Mal'un Yaqubbek! It uvli! Oqmasjidning ko'li enangning' mahrig'a tushkanma?! — deya vahshat bilan o'shqirdi, so'ngra go'yoki badanida alam3 bor kimsa kabi aftini burishtirdi. Otabekning gaplari ortiq qulog'ig'a kirmay qo'ydi.

Xon undan ko'zini uzib, yo'lbars terisi to'shalgan taxt yonidag'i marmar taglikka o'rnatilg'an kurrai musanna'ni4 aylantira boshladi. So'ngra pastak naqshinkor kursi ustida turg'an shatranj taxtasig'a go'yoki ilk bor ko'rayotkandek, tikilib qoldi. Kattaligi ulkan tarbuzdek keladirgan, sathidag'i yozuvlari yirik kufiy xat ila bitilgan kurrai musanna'ni ham, donalarig'a tillo suvi bilan hal berilgan shatranjni ham o'tkan yili Otabek Lohurdan keltirib, ung'a tuhfa qilg'an, o'yinning tartib-qoidalarini ham xong'a o'zi o'rgatkan edi.

Xudoyorxon jahongir podshohlarning shatranj bobida ham sohibi mahorat bo'lg'anlarini eski tarixlardan o'qib, bu mashg'ulotqa ishtiyoqi chandon ortqan, qisqa fursatda durustgina fil surib, ot o'ynatadig'an darajaga yetkan edi. Faqat ahli devondag'i musohiblari o'rtasida o'zi bilan raqobat qila oladirg'an munosib kimsa yo'qlig'i xonning diqqatini oshirardi, xolos. Chunonchi, u Shodiyor ponsad, Sayyid A'zam qushbegi, qozikalon Mutahharxon to'ra va hokazolarni har safar osonliq ila mag'lub etar, harif5lari uning aql-zakovatiga tahsinu tasannolar aytishar, ammo xon ularning samimiyati soxta ekanini sezib turar edi.

Yolg'iz mana shu toshkandlik savdogar uning xon-pon ekanini pisand qilmasdan, ochiq va mardona o'ynar, aksar hollarda qo'li baland ham kelar edi.

“Yiqilg'an kurashka to'ymas”, deganlaridek, Xudoyorxon bu kun bu battolning mag'rur boshini xam qilish niyatida shatranjni huzuri muborakka keltirib qo'yishni buyurg'an edi, ammo Otabekdan eshitkani noxush xabar daf'atan uning qizib turg'an shashtiga bamisoli muzdek suv sepkan kabi ta'sir etdi.

Xudoyorxonning dili siyoh, ayni damdagi muztar holati shoirning:

Chu shatranj o'ynamoqqa bemajolsen,

Falak o'ynar esa — hayronu lolsen6,   —

degan baytiga monandu muvofiq kelar edi.

Darhaqiqat, osmon sipohlari o'ying'a kirgach, bandaning ilgida ne imkon qolur?

Xon hamisha shimol tomondan bo'lg'usi tajovuzdan xavf olib yashardi, xavotiri bejiz emasligi endi yil emas, oy sayin tasdiq topmoqda.

Yaqubbek… Xudoyorxon arkoni davlat ichida yolg'iz shuning ko'kragida yoli bor7, deb bilardi, ammo yolning ostida hech vaqo yo'qlig'i ayon bo'ldi. O'rdani liq to'ldirg'an, shop-shalopining vahimasi olamni buzadirg'an bu a'yonlarning qay biriga ishonib bo'ladir? Barining fikru zikri amal, fitna-fasod, rishvat, xazinani talash, xotin ustiga xotin olish… Durust, mana bu Otabek kabi bir necha mulozimlarni qanotig'a oldi, lekin ularning aksariyati bo'sh-bayov, jangi jadal ko'rmagan, taqvoyu tavoze bandalari, xolos. Bular to'tiqush bo'lib sayrashka mohir, kuchi faqat tilida. Hanuz sohibqiron8 zamonidan rivoyat so'ylab o'ltiradirlar.

Holbuki, mardonalig' Turkiston diyorida yolg'iz hazrat Ko'ragon bilan nihoya topqan emas-ku! Axir bahodir Sherg'ozixon Xorazm tuprog'ig'a bostirib kirgan yov qo'shinini yer bilan yakson qilib tashlagani yaqin o'tkan kunlarda yuz bergan emasmidi? Bu porloq g'alaba nafaqat Xevayu Buxoro, tarix maydonig'a endi chiqqan Xo'qand xonliqlarida, balki O'rusiya saltanati va undan olislarda ham rosmana ovoza bo'lg'an edi-ku!

Ne-ne hukmdorlarni larzaga solg'an bu qonli muhoraba sodir bo'lg'anida, tabiiyki, Xudoyorxon hali dunyog'a kelmagan, lekin saroy muhiti ichra tillarda doston bo'lg'an Sherg'ozixon jasoratini ko'p bora eshitkan edi.

Bu voqealardan buyon oz emas, ko'p emas, yuz ellik yil chamasi vaqt o'tdi. Uch avlod umrguzaronliq qilg'an bu davrda Sulton Jaloliddin, Temur Ko'ragon, Mirzo Bobur singari muzaffar fotihlar jasorati, afsuski, Turkiston o'lkasida afsonag'a aylanib qoldi.

Xudoyorxon og'ir xo'rsindi, shatranj taxtasi yonig'a borib, bir qo'lig'a shoh, ikkinchi qo'lig'a piyoda donasini oldi va Otabekka yuzlandi:

— Istanbulg'a kishi yuborub, sulton Abdulaziz9 dan madad so'rasak, ne deysan?

— Olampanoh… Bu ko'p ma'qul fikr, — dedi Otabek qo'lini ko'ksi uzra qo'yib. — Ammo ul faqat… bir orzu, xolos, amalda natija bermog'i dushvor. Zero, Usmonli davlati yiroq, dushman yovuqdur. O'ris askari saltanatimiz ostonasig'a kelib turadur. Istanbul sari harakatni bundan o'n-o'n besh yil burun boshlab, xalifa ila qurol-yarog', siloh quvvati bobida ahdu qaror qilinsa, ajab emaski, biron naf chiqmog'i mumkin erdi.

Xudoyorxon bu so'zni o'ziga nisbatan ta'na-malomat deb angladi, chehrasi battar tundlashdi.

— Hazratimg'a kundek ravshanki, — deb so'zida davom etdi Otabek, — sulton Abdulaziz Xo'qand xonlig'ini deb, Oq podishoh ila muhorabag'a kirmas. Qolabersa, xalifalikda eski qudrat va iqtidor yo'q, gazitlar bu to'g'rida ochiqdan-ochiq yozadir.

— Xo'p, turk sultonida bo'lmasa, kimda bor ekan bundog' qudrat va iqtidor? Juhud va totor gazitlaring bu haqda ne deydur? — deb istehzo qildi Xudoyorxon chimirilib.

— A'lo hazratlari, muborak nazarlarini bir zum ushbu kurrai musanna'g'a qaratsalar, — dedi Otabek xonning pichingiga parvo qilmasdan, yer shari timsolig'a ishora etib. — Bu kun jahon maydonida ikki buyuk saltanat ustunlik talashib javlon uradir: biri o'ris podshohlig'i bo'lsa, yana biri Angilitara, ya'nikim, ingilis qirollig'i. Qolg'an kattayu kichik jamiki davlatlar alarning qosh-qovog'ig'a qarab kun kechirmakka mahkumdirlar.

Bu mahmadona aql o'rgatmasa ham Xudoyorxon bu gaplarni yaxshi bilar edi. Esiz, esiz, bundan o'n besh yillar muqaddam mana shu Xotun podshoh10ning girdo-girdi suvg'a cho'milg'an davlatidan Konolimi, Xon Alimi degan bir zobit Xo'qandg'a o'z oyog'i ila kelib, yaqin istiqbolda sodir bo'ladirg'an o'ris xataridan ogohlantirg'an, xonliq bilan o'z saltanati o'rtasida birodarlik bitimi tuzmoqlikni ham taklif etkan edi. Ming afsuski, salaflari bu da'vatning mag'zini chaqmasdan, uni e'tiborsiz qoldirdilar. Endi hayit o'tkanidan so'ng xinoni qay yeringga qo'ysang ham foydasi yo'q… Lekin, chiqmag'an jondan umid, deydilar, balki…

— Balki Afg'oniston orqali elchi yuborib, Hindistondag'i Yarim qirol11 bilan so'zlashib ko'rgan ma'quldir? — dedi xon Otabekka umidvorliq ila boqib.

Otabek bosh chayqab, rad javobini ifoda qildi.

— Olampanoh, endi fursat o'tkan. Ingilis qirolichasi uning elchisi boshig'a ne kunlarni solg'animizni hargiz unutqan emasdir… Fikri ojizimcha, bu ikki podishoh — ular bir-birlari ila xesh-aqrabo ekanlari ham hazratimg'a maxfiy ermas — ushbu yo'sinda zimdan kelishib olg'anlar. Ya'nikim, Oq podishoh hukumati ingilislarning Hindistondag'i hukmdorliq siyosatig'a daxl etmasa, ingilis saltanati ham o'rislarning Turkistonda mo'ljal qilg'an istilosig'a mutlaqo aralashmas. Zero, kichik bir musulmon ulusini deb sohibi dunyo bo'lg'an ikki nasroniy davlat bir-biriga qarshi tig' ko'tarmas, olampanoh…

Xudoyorxon shu lahzalarda Otabek bilan shatranj o'ynag'an chog'larida ba'zan duch keladigan kabi g'oyat tang bir vaziyatka tushib qolg'an edi. Taxtadag'i qaysi donani surmasin — u xoh fil bo'lsin, farzin yoki piyoda — barchasi uning mavqeini yaxshilash emas, aksincha, yanada og'irlashtirishqa xizmat qilardi12. Ammo o'zini daryo girdobig'a tashlab, harakatsiz, qo'l qovushtirib turmoq ham muqarrar o'lim ila barobar edi. Chekiga tushkan bu mushkul savdoning raddi badalini o'ylayverib, xonning boshi shishib ketdi.

Nahotki, ish qo'ldan ketkan bo'lsa? Nahotki, hech kimdan ko'mak yetmasa? Kimdan madad kutsa bo'lur? Amiri Buxorodanmi? Aslo. Bizning boshimiz uzra falokat ko'lankasi paydo bo'lsa, bu dog'uli ulamoyu umarosi ila shodlanib, el-yurtiga osh beradur. Xeva xonidanmi yordam kutsin? Lekin aning ko'nglida ne bor — yolg'iz Tangri taolo bilur. Boz ustiga, Muhammad Rahimxoni soniyning davlati ham ko'pdin buyon zabunliq sari yuz tutqan.

O'ylab o'yig'a yetolmasdi. Ne kasofat sababkim, Turkistonning uch saltanati bir-biri ila bu qadar yovlashdi? Axir xonlar — musulmon, amir — musulmon, hammasi bir din, bir mazhab odamlari, ammo o'rtada musulmonliqdan asar ham yo'q, mehr-oqibat allaqachonlar ko'tarilgan.

Holbuki, o'tmish davrlarda Movarounnahrning poyonsiz hududlarida qaror topqan taxt sohiblari tinchlik-omonliqda, o'zaro do'st-birodar, quda-anda bo'lib umrguzaronliq qilmag'anmi edi? O'rtada neki gap-so'z bo'lsa, barchasini bahamjihat, maslahatu mashvarat ila hal etmaganmi edi?

Ko'p bora eshitkanki, bir zamon Buxoroi sharifdan, amiri Haydardan Xo'qandg'a elchi kelib, xonni tobe' etmoq maqsadida inoyatnoma olib kelgan, jannatmakon Umarxon esa amirning maktubig'a ushbu bayt ila javob qaytarg'an ekan:

Sozad, ki miri Buxoro mute'i man gardad,

Umar ba vaqti xilofat muqaddam az Haydar13.

Lutfning qudratini ko'ringkim, amiri Haydar bu javob xatini olib, g'avg'oyu fitna qo'zg'amag'an, bil'aks, tabassum ila kifoyalang'an deydilar.

Bu voqea sodir bo'lg'an chog'da Xeva xoni Muhammad Rahimxondan kelgan elchi ham Umarxon saroyida hozir ekan, nazman buni deptur:

Muhammad Rahim oldida topsa joy,

Umar tobe' o'lmazmi, Haydar mute'?

Ya'nikim, bu zakiy elchi, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam qoshida hazrati Umar ham, Ali roziyallohu anhu ham tobeliq qilishlari lozim, deb nozik bir zarofat ila ishorat qilg'an va bu gap jannatmakon Umarxonning ta'big'a ma'qul tushib, mazkur baytni o'z muhrig'a o'ydirib yozdirg'an ekan…

Bular ahli shuaro to'qig'an mubolag'a emas, ayni chin so'zlardir. Qani endi o'shal davronlar, qani endi ul do'stu yoronlar? Qani endi qaytmas bo'lib ketkan ul shavkatli onlar?..

Xudoyorxon bir zumgina shirin xotirot daryosida suzgan kabi bo'ldi. So'ngra tuyqus xayolig'a kelgan boshqa bir fikr uni haqiqatning chag'ir toshli qirg'og'ig'a itqitib tashladi.

Ajabki, inson yoshi o'tkan sari kechmish kunlarni tamshanib, yakrang yorug' tus ila eslaydirg'an bo'lib qolar ekan. Aks holda, u yanglig' sohibi davlat, sohibi tajriba bo'lg'an bir kishi, o'zgalarni chetka qo'yib turg'anda ham, aqalli Xo'qand tarixining qonli sahifalarini, saltanatning bir asrdan salgina ziyod bo'lg'an davrida o'n besh nafar qonuniy taxt egasining xoinona, vahshiyona o'ldirilganini nechuk xotiridan faromush qildi?

Loaqal, salaflaridan bo'lmish Olimxon ibn Norbo'taxon zamonini, uning o'zini mutasharri' bilib, nafaqat raiyat va fuqarog'a, balki ashrafu a'yonlarg'a ham behad zulmlar qilg'anini unutib bo'ladimi? Chunonchi, Olimxon ismi qolib, yurt-ulus o'rtasida “Zolimxon” deb tanilg'an bu zot o'zining qo'l bergan pirini darrag'a yotqizg'ani ham el aro ma'lumu mashhur-ku!

Musulmonobod bir yurtda shundoq noshar'iy ishlar, zulm-sitamlar sodir etilgani boisdirkim Xo'qand saltanatining boshig'a ushmundoq qaro kunlar tushkandir?

Mundin qariyb chorak asr muqaddam Buxoro amiri Nasrullohning qabih bir tuhmatni ro'kach qilib, Xo'qandg'a, Muhammad Alixon ustiga qo'shin tortib kelgani, marhum xonning keksa onasi va inisini, norasida o'g'li va zavjasini, yaqin joriyalarini bamisoli qo'y kabi bo'g'izlatib o'ldirgani buning bir dalolatidir. Xo'qand tarixidan mash'um fojia kabi o'rin olg'an bu mudhish voqea yurt ahlini hanuz vahima va nafratka solib keladir.

Vaqtlar o'tib, oshkori ayon bo'ladikim, Nasrullohning maqsad-murodi na shariat muhofazasi, na Lashkar qal'asi, aksincha, har ne yo'l ila bo'lsa-da, o'sha tengsiz suluv Xonposhsho oyimning qo'ynig'a kirishdan iborat bo'lg'an ekan…

Xudoyorxon asta o'rnidan turdi, huzuri muborakning u boshidan bu boshig'a betoqat borib kela boshladi.

— Ne qilmoq kerak deysan? — deb so'radi nihoyat.

Otabek bir zum taraddudlanib:

— Olampanoh, bir qoshiq qonimdan kechingiz, — deb so'z boshladi.

Xudoyorxon bu xitobni eshitib, beixtiyor mundin ikki oy avval chamasi o'rdada yuz bergan bir voqeani esladi. Buramatut deparasining amini bo'lmish Fayzulla bujurni rishvatda ayblab huzuriga keltirgan edilar. Qozikalon uning ishini taftish va tahqiq qilib, aybdor deb topqan, endi xon tomonidan jazoni tasdiq etmoq qolg'an edi, xolos. Qo'l-oyog'ig'a kishan urilg'an Fayzulla amin jon shirinlik qilibmi, huzuri muborakka olib kirishlari bilan o'zini taxt poyig'a tashlab, uvvos solib yig'lashqa tushdi. Ul mal'un yig'i aralash bot-bot: “Bir qoshiq qonimdan keching, olampanoh!” deb faryod ham chekib qo'yar edi. Xon rishvaxo'r aminga ijirg'anish ila nazar tashlab, uning behad ushoq jussali, zahil yuz, qoq arvoh bir kishi ekanini ko'rdi. Gunohkorning aftiga qarab: “Xo'p, kechsam kechayin, lekin senda bir qoshiq qon bormu o'zi yo yo'qmu?” deb zaharxanda kulgan va battolni o'lim jazosi o'rnig'a darraga yotqizishqa hukm qilg'an edi…

— Oldimizda yagona yo'l bor, ul ham bo'lsa, Buxoro amiri va Xeva xoni ila ittifoq tuzmoqdir, — deb so'zida davom etdi Otabek.

Xudoyorxon qizarg'an, g'azabli ko'zlari bilan xos vakilga o'qraydi:

— Ne deding? Hoynahoy, sen Abdusamad noib voqeasini eshitmagan chiqarsan?

— Amir Nasrullohning vaziri bo'lg'an Abdusamadni ayturmisiz, onhazratim? — deb so'radi Otabek.

— Mening huzurimda Nasrulloh qassobni “amir” deyishka nechuk hadding sig'di? — deb vahshat sochdi xon.

— A'lo hazrat…

— Buxoro qo'shini Xo'qandg'a bostirib kirgan pallada ne bo'lg'anini bilurmisan? Bilmaysen! Xo'b ish! Ersa, bilib qo'y, Muhammad Alixon Nasrulloh qassob huzuriga bosh egib, taslim bo'lib borg'an, lekin ul mal'un xonni darhol qatlg'a hukm qilg'an. Shunda murtadning Abdusamad degan vaziri: “Holo Xo'qand zabt o'ldi. Farg'ona katta mamlakatdur, qancha askar, sipohu xazina sarf o'lub olindi. Alholda, O'rusiyaning kelmoq xavfi bordur. Agarda amirim marhamat qilib, xonni tavba qildirib, Xo'qandg'a qo'ysalar, Buxorog'a tobe bo'lub, bizlarga keladirgan dushmanlarg'a bir qalqon bo'lur erdi”, deydir. Xo'sh, savdoyi Nasrulloh bunga javoban ne qilg'an? Jini qo'zib, noibning og'zig'a kafsh bilan urdiradir… Xo'sh, sen shundoq bir nokasning avlodidan yaxshiliq chiqishig'a inonurmisan?! Nega jim qotding? So'yla!

— Onhazratim, hozirg'ina o'zlari marhamat etkanlaridek, harna, chiqmag'an jondin umid. Axir endi bu kun zamon o'zgargan…

— Zamon o'zgargani bilan inson zoti o'zgarmas! — dedi Xudoyorxon avj qilib. — Janobi payg'ambarimizning: “Agar bir tog' o'rnidan siljib, o'rni o'zgaribdi, desa, ishoninglar, ammo insonning fe'l-atvori o'zgaribdi, desa, ishonmanglar”, degan so'zlarini nahot unutding? Sen amiri Buxoro bilan, aqlini yeb qo'yg'an bir telba bilan ittifoq tuzmoqni maslahat beryapsanmi?

Otabek xonning jazavasi pasayishini kutib turdi, so'ngra vazminlik ila gap boshladi:

— So'zlaringiz ayni haqiqat, olampanoh. Ammo mamlakatingiz sarhadini qurshag'an qaysi amir, qaysi xon, qaysi bekni sog' deb bo'ladir? Nachora, o'zingiz aytkaningizdek, fuqaroning omonlig'i, el-ulus manfaati uchun hozir iblis bilan bo'lsa-da, ittifoq tuzmoq zarur.

— Safsata so'zlab vaqtimni olma! Ittifoq neligini bilmagan bu murtadlar hech zamonda bizga yordam etmas!

— Albatta, yordam etmaslar, — dedi Otabek xotirjam ohangda. — Ammo ularg'a anglatmoq kerakkim, shul ittifoqni tuzsalar, bizga emas, avvalo, o'zlariga madad bergan, o'zlarini halokat chohidan qutqarg'an bo'lurlar.

— Oh-ho!.. Bu gapni ularg'a kim uqtiradir? Uqtirg'an taqdirda ham, ul nobakorlar bu gapni anglashka qodirmu? — deb zaharxanda qildi Xudoyorxon.

— Hazratim ijozat etsalar, kamina qulingiz shu minnatni o'z bo'ynig'a olishka tayyor.

— Tayyorsen? Xo'b ish! — dedi xon o'rnidan turib. — Lekin bilib qo'y — bundan hech bir ma'ni chiqmas. O'rtada boshing ketkani qoladir.

Otabek ikki qadam ortig'a chekinib, ta'zim qildi:

— Nachora, olampanoh, mamlakat tinchligi va osoyishi yo'lida bir arzimas bosh ketsa… hech bokisi yo'qdir.

Xon og'ir qadamlar ila taxt sari yurdi. Uzoq, juda uzoq o'ylandi. Nihoyat, Otabekning yuziga qaramasdan:

— Zudlik ila amir bilan xonning nomig'a maktub bitib kel. So'ng… o'zingning otingg'a ham bir yorliq tayyorla, men muhr bosib berurman, — dedi. — Ammo hushyor bo'l, bu ishni hargiz kishi bilmasin.

— Bosh ustiga, hazratim.

— Baxting chopib, Buxoroyu Xevadan omon qaytsang, darhol Dashtqa14 otlang'aysen. Ishni o'z qo'lingg'a ol! — dedi Xudoyorxon kurrai musanna'ni aylantirishda davom etib. — Xo'p, Xudoning panohig'a topshirdim.

— Qulluq, olampanoh! — Otabek ham xonning so'nggi so'zlaridan mutaassir bo'lib, ta'zim qildi.

Shu kuni xuftang'a yaqin oshig'ich suratda Buxoroi sharifka jo'nab ketdi.

Xudoyorxon valiy ekan. Buxoroi sharif va Xevag'a elchilik safari barbod bo'lg'ach, Otabek bu haqiqatg'a iymon keltirdi. Har ikki mamlakat poytaxtida ham uni qushbegi va devonbegidan bo'lak amaldor qabul qilmadi. Harchand urunmasin, hukmdorining maktublari iltifot va e'tiborsiz qoldi. Shu sababli qariyb bir oylik umrini behuda umidvorliq ila kechirgan Otabek xonning amriga muvofiq Dashti Qipchoqqa yo'l oldi.

Oradan bir zamon o'tib eshitdiki, Xudoyorxon Yaqubbekni bandi qilib Xo'qandg'a keltiribdi, arkoni davlat huzurida tiz cho'ktirib, o'zining tozi itlari qatorida uning oldig'a yaloqda yemish qo'ydiribdi. Saroyda hozir bo'lg'an bir necha e'timodliq amir va sarkardalar xong'a dalolat qilib, Yaqubbekning afv etilishiga erishibdilar.

Ammo bu vaqtg'a kelib, Xo'qand xonlig'ining miltillab turg'an tole' yulduzi tanazzul burjig'a kirib ulgurgan edi. Xonlar va xonzodalar, bek va amirlar, mingiya va sartiya oqsoqollari, qirg'iz-qipchoq biylari, tojikiya qavmining boshchilari, rahnamoi ulamo toju taxt talashib, bir-birlarini qirib bitirmakda edilar. Ko'z ochib yumg'uncha kechkan qisqa fursatda Xudoyorxon, Mallaxon, Shohmurodxon, yana Xudoyorxon, Sulton Sayyidxon va yana tag'in Xudoyorxon taxti mavrusiyga chiqib o'ltirdilar. Hukmdor almashtirish bamisoli yaktak almashtirishdek oddiy bir hol bo'lib qoldi. El-ulus hatto ba'zi tojdorlarning nomlarini tanib ulgurmas, kuni kecha ismi sharifi as'asasayu dabdaba bilan xutbag'a qo'shib o'qilg'an xon ertasi taxtidan azl qilinib, bemalol shahodat maqomig'a yetkazilar15 edi.

Nachora, “omad o'tar, baxt o'tar, xonlar o'tar, taxt o'tar”, deb bir shoir aytganidek, bechora xalq o'zining zabun taqdirig'a allaqachon tan berib qo'yg'an, Parvardigori olamdan bo'lak hech kimsadan madad kutmas edi. Ammo Otabek singari aqli solim sanoqli kishilar yurt qayg'usi yo'lida hamon iztirob chekar, hamon fidokorliq ko'rsatar edilar.

Kundan-kunga nurab ketayotkan saltanat hududlarini sarosar kezib yurarkan, dunyodan o'tib borayotqan keksa padari buzurgvorining: “O'z naslini o'z qo'li bilan kofir qo'lig'a tutqun qilib topshirg'uchi biz — ko'r va aqlsiz otalarg'a Xudoning la'nati albatta tushar, o'g'lim!” degan shikasta ovozi Otabekning quloqlari ostida bot-bot yangrar edi. Shu bois ham u, chiqmag'an jondan umid, qabilida taxt egalariga ogohlik nomalarini yo'llashdan to'xtamas edi.

“Olampanoh Sulton Sayyidxon a'lo hazratlarig'a

Ushbu maktubni davlatingizning xolis niyatli bir fuqarosidan, deb bilursiz. Men bundan bir necha sana muqaddam Sayyid Muhammad Xudoyorxon a'lo hazratlarining amrlari ila Dashti Qipchoqqa xos bir vazifa ila yuborilg'an edim. Taxti mavrusiydag'i bukungi o'zgarishlardan qat'i nazar, zimmamg'a yuklatilgan burchni sidqu ixlos bilan ado etmakni o'zim uchun farzi ilohiy, deb bilurman. Shu bois Siz, a'lo hazratlarig'a bu nomani yubormakka jur'at etdim.

Amirlashkar16 Avliyootag'a kelgach, atrofg'a odam yuborib, yurt kattalarini chaqirdi. Chunonchi, Siddiq to'ra degan turkistonliqni, Qazoqiyadan Boyzoq degan biyni ham dargohig'a chorladi.

O'z ko'zi bilan ko'rganlarning aytishiga qarag'anda, amirlashkar biyga: “Sen azaldan islom lashkarig'a zakot berar eding, nega endi bizni qo'yib, O'rusiyag'a berding?!” deb g'azab qiladi. Boyzoq bunga javoban: “Taqsir, men bir yuz yigirma biyning kattasiman, bularg'a yaylov deb Rasiydan yigirma besh chaqirim yerni ijarag'a olg'an edim, shul ijara olg'animning haqini berib turibman”, deydi. Amirlashkar buni eshitib, “Sen ikki marta ahd qilding, yana buzding!” deydi, so'ng to'pchiboshig'a qarab: “Muni zambarakka solib ot!” deb buyuradi. Bechora Boyzoq yoshi yuzdan o'tkan qari chol ekan. Bu gapni eshitib: “Ey amirlashkar, agar gunohim bo'lsa, ko'zimni so'qir qilgin-da, Qo'qang'a yubor. Bung'a yo'q desang, mayli, ana, Rasiyga bosh olib ketayin! Ammo meni o'ldirsang, bul xabar bolalarim bilan biylarga yetsa, senga dushman, yov bo'ladi, o'risning askarin ustingga boshlab keladi. Ne qilsang ham, meni o'ldirma! Istasang, kafil xat berayin”, deb Xudoning zorini qiladir. Amirlashkar uning arzu dodini qabul qilmay, otishqa amr etadi. Bir necha a'yonlar amirlashkarni shaxtidan qaytarishg'a ko'p uring'anlar, nadomatlar bo'lg'aykim, ish chiqmag'an… Oxiri yuz paysa doruni zambarakka solib, Boyzoq chol jussasi kichik odam ekan, yonig'a ikki bog' quruq beda tiqib otturadir. Biyning jasadi osmong'a uchib, na o'lugi, na suyagi ko'rinadir…

Endi Boyzoqning avlodi bul voqeani eshitib, bari O'rusiyag'a tobe bo'lib ketibdur. Alhol, ular tez fursatda yov lashkarini muborak saltanatingiz ostonasig'a boshlab kelmagi tayindur.

Olampanohga yaxshi ayonki, Dashti Qipchoq yeri barcha ahli islom mulkining darvozasi — kindigidir! Kimki bu mulkni qo'lg'a kiritsa, alal-oqibat nainki Xo'qand, balki Xevayu Buxoro davlatlarini ham qo'lg'a kiritgay.

A'lo hazrat, zinhor-bazinhor bung'a yo'l qo'yib bo'lmag'ay, zudlik bilan daf'i chorasini ko'rmak darkor.

Amringizga muntazirman.

Izhori qulluq ila,

Otabek Yusufbek hoji o'g'li,

Avliyoota. Imzo. Sana”.

Bu xat Sulton Sayyidxonga yetib borg'anmi-yo'qmi — noma'lum, ammo xon tarafidan Otabekka hech qanday javob bo'lmadi. Ehtimol, mazkur noma hukmdor ilgiga tekkandir (chunki, u ishonchli bir kishi vositasida, o'ta maxfiy suratda saroyg'a yetkazilgan edi), lekin nafaqat inon-ixtiyori, balki joni ham amirlashkar qo'lida bo'lg'an qo'g'irchoq xon bu borada biron chora ko'rmoqqa ojiz edi. Zero, Alimqulining irodasig'a qarshi borsa, baxtiqaro Boyzoq cholning qismati o'z boshig'a ham tushmog'i muqarrar ekanini u juda yaxshi anglar edi.

Rivoyatlarg'a ko'ra, Sulton Sayyidxon keyinchalik o'zining it yilida taxtg'a o'tirg'anini eslab, shu baytlarni aytkan emish:

Kaminangiz it yilida xon o'ldi,

G'am-alamdan yurak-bag'ri qon o'ldi.

Boylovli it kabi amir qo'linda,

“Xon” degan rasvoi jahon o'ldi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − fourteen =