Muammo emas, yechim muhim

Samarqand shahrida “Echimlar jurnalistikasi” bo'yicha uch kunlik o'quv seminari bo'lib o'tdi. Unda respublikaning turli hududlaridan kelgan 20 ga yaqin media soha vakillari ishtirok etishdi.
Odatda, jurnalistlar biror muammoli jarayonni o'rganib, tahlil qilganida ko'pincha muammoning o'ziga e'tibor qaratishadi. Yoki ortiqcha his-tuyg'uga, hayajonga beriladi, muammo sababchisi bo'lgan tashkilot, vazirlik, mutasaddining “ta'zirini berishga” harakat qilinadi. Bu qanchalik to'g'ri? “Echimlar jurnalistikasi” esa ana shu savolga javob izlaydi.
Echimlar jurnalistikasi — bu ijtimoiy muammolarga, shu bilan bir qatorda, muammolarning o'ziga javob berishga qaratilgan yangiliklar reportajiga yondashuv. Ishonchli dalillarga asoslangan yechimlar hikoyalari javoblar qanday va nima uchun ishlayotganini yoki ishlamayotganini tushuntiradi. Ushbu jurnalistik yondashuvning maqsadi odamlarga ushbu masalalar bo'yicha yanada to'g'riroq, to'liqroq nuqtai nazarni taqdim etish, yanada samarali fuqarolikni shakllantirishga yordam berish demak.
Soha amaliyotchilarining ta'kidlashicha, ushbu yondashuv matbuotning an'anaviy nazoratchi rolini kuchaytiradi, shu bilan bir qatorda to'ldiradi ham. Fuqarolarga muammolar haqida to'liqroq yechim yo'llarini taqdim etadi.
Hozircha bu amaliy o'quv loyihasining birinchi bosqichi. Uning ikkinchi bosqichi kuzda bo'lib o'tadi. Nazariya, amaliyot uyg'unligi asosida yana jurnalistlar o'qitiladi. Yakunda esa faol bo'lgan media soha vakillari tanlov asosida saralab olinadi hamda “Amerika ovozi” xalqaro axborot agentligida bir oylik to'liq xarajatlari qoplanadigan yo'llanmani qo'lga kiritishlari mumkin.
Qizg'in bahs-munozaralarga, uchrashuvlarga, amaliy mashg'ulotlarga boy bo'lgan mashg'ulot yosh ijodkorlar bilimini oshirish bilan birga, ular o'rtasida do'stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakunda esa ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Joriy yilning 9-21 iyul kunlari Yechimlar jurnalistikasiga oid loyihaning 1-moduli Toshkent, Samarqand va Urganchda bo'lib o'tdi. O'quv seminarlarida yurtimizning barcha hududlaridan 60 ga yaqin yosh jurnalist va sohaga qiziqishi bo'lgan havaskorlar qatnashdi.
Ushbu loyiha AQSh Global Media agentligi, AQShning O'zbekistondagi elchixonasi va O'zbekistonning Yangi media ta'lim tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Islom ASILBEKOV