Aziz odamlar

Sanobar opaga ulug' shoir yashagan mahalla hayotini yoritmoqchi ekanligimizni aytganimizda, u: “Hududda qayta ta'mirlangan maktab faoliyatini ko'rsataylik, chunki ayni paytda eng diqqatga sazovor nuqtamiz shu maktab bo'ladi”, degan fikrni bildirdi. Opaning so'zlaridan o'sha maktabni borib ko'rishga qiziqish paydo bo'lsa-da, ishni, avvalo, mahalla xotin-qizlarining quvonchu tashvishlari bilan birga yashayotgan “Oqila ayollar” harakati a'zolari bilan suhbatdan boshladik.

— Mahallada har xil odam bor. Hozir ular bilan chiqishishning o'zi og'ir masala. Ayniqsa, bugungi kun ayolining ko'nglini topish juda qiyin. “Oqila ayollar” harakati rahbari Sanobar opaning katta hayot tajribasi, salohiyati xonadonlar tinchligini saqlashda, mahallaning obodligida asqatdi. U, biz, o'n besh nafar faolni har doim yonida olib yuradi. Deyarli har kuni birgamiz. Ertalabdan mahallani bir aylanib chiqamiz. Ko'p qavatli uylarga biriktirib qo'ygan mas'ul ayollarimiz bilan bog'lanib, o'tgan kecha-kunduzda hech qanday tashvishli holat bo'lmaganiga amin bo'lgachgina, boshqa ishlarimizga unnaymiz, — deydi oqila ayollar harakati faollaridan biri, kimyo fanlari nomzodi, dotsent Munavvar Saidova.

Darhaqiqat, mahalladagi 30 ta ko'p qavatli uyning har biriga uch nafardan ibratli oila ayollari biriktirilib, har kungi holat bo'yicha qariyb ikki yarim ming ayolni boshqarayotgan Sanobar Shodiyevani xabardor qilib turishar ekan. Saksonni qoralayotgan onaxon bo'lishiga qaramasdan, uyma-uy yurib, bir yarim mingga yaqin oila dardi bilan hamnafas fidoyi ayolning bajarayotgan ishlariga tahsin aytmaslikning iloji yo'q.

— Bundan bir-ikki yil oldin bir oila hech tinchimay qoldi. O'rtada bolalar bor. Na er ko'nadi gapga, na xotin. O'sha kunlari “Ibratli oila” tanlovini o'tkazish rejamizda bor edi. Kechqurun uyda choy icha-icha, shu oilani ishtirokchi qilsam-chi, degan fikr keldi. Ertasigayoq xonadonga bordim, so'zni “menga yordam qilmasang­lar bo'lmaydi”dan boshladim. Shunday demasam, ko'nishmasdiyam gapimga. Eriga qarab, juda noqulay ahvolda qolganimni, tanlovda ular ishtirok etmasa bo'lmasligini tashvishli qiyofaga kirib aytdim. Ikki hafta tayyorgarlik jarayonlarida er-xotin yarashdi-qo'ydi. Bular yarashishiga monelik qilayotgan narsa oiladagi janjalning ko'chaga chiqib ketgani ekan-da. Hech nima bo'lmaganday yarashib olishga o'zlaricha qo'ni-qo'shnidan uyalib yurgan er-xotin, birov bilib, birov bilmay, apoq-chapoq bo'lib ketishdi. Oilalar bilan ishlash ham bir siyosat, — dey­di Sanobar opa.

Mahallada xotin-qizlarning ko'p­roq uyda qolib, o'z qobig'iga o'ralib olishi va shu tufayli faollik darajasi pasayib ketishining oldini olish uchun art-terapiya va neyrografiya bo'yicha seminar mashg'ulotlari o'tkazilgan. “Ma'naviyat davralari”, “Odobli qiz”, “Kiyinish madaniyati”, “Ibratli qaynona”, “Ma'rifatli ona”, “Oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish” kabi tadbirlar tashkil etilgan. Bu kabi harakatlar esa oilalarda ayol degan mavqening mustahkamlanishiga sezilarli ta'sir etmoqda. O'tgan asrning 70-yillarida bunyod etilgan 168-sonli “Ko'zmunchoq” bolalar bog'chasi davlat tomonidan qayta qurilgani, mahalla hududida nufuzli xorijiy institut filialining binosi qad rostlagani, ko'p qavatli savdo majmuasining faoliyati yo'lga qo'yilgani ham mahallaning ko'rkiga ko'rk qo'shgani aniq. Sanobar opa bu o'zgarishlarni zamon bilan birga qadam tashlash, deya ta'rifladi. Ayniqsa, 298-umumta'lim maktabining yutuqlari haqida gapirar ekan, yuragidagi hayajonini yashirib o'tirmadi. Mustaqillik bilan tengdosh bu maktab aytsa aytgulik zamonaviy qiyofaga ega bo'lganini esa maktabga borib bildik.

2022 yilda bu ta'lim dargohini kapital ta'mirlash uchun davlat byudjetidan 11 milliard 800 million so'm ajratilgan. Maktab mutlaqo yangicha uslubda qaytadan ta'mirlangan. Birinchi qavat Birinchi Renessans, ikkinchi qavat Ikkinchi Renessans davrining ruhini beradi kishiga. Devorlarga katta qilib ishlangan allomalar suratlari ilm va abadiyatdan so'zlaydi go'yo. Shu asnoda uchinchi qavat “Yangi O'zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori!” g'oyasi asosida shakllantirilibdi.

— Bu yil o'quvchilarimning 57/3 foizi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirdi. Bitiruvchilarimdan Nargiza Azamatova bir yo'la o'nta xorijiy institutning talabasi bo'lgani meni juda xursand qildi. Yana bir o'quvchi qiz Diyora Rustamova esa “IELTS”dan 8,5 ballni qo'lga kiritdi. To'rt nafar o'quvchi maktabni oltin medal bilan tugatdi. Shu joyda bir narsani alohida aytib o'tib ketmasam bo'lmaydi. Innovatsiya vazirligi, Turin politexnika universiteti va Olmazor tuman hokimligi hamkorlikda nanotexnologiya bo'yicha yangi “DremSat ta'lim dasturi” loyihasini bizning maktabimiz o'quvchilari bilan boshladi. Loyiha bo'yicha insholar tanlovi o'tkazilib, barcha maktablardan 20 nafar o'quvchi saralab olindi. Ular o'qitildi va maktabimizdagi 3D modellashtirish va robototexnika xonalarida o'z qo'llari bilan kichik nano-sun'iy yo'ldosh­larni yasashdi va joylashuvi bo'yicha mos kelgani uchun Navoiy viloyatida ochiq stratosferaga uchirishdi. Havo shari, quyosh, umuman, o'zlari xohlagan narsani yasab, maxsus kodlar yordamida dasturlashdi. Uchirilgan kichik sun'iy yo'ldoshchalarning qaergacha yetib borgani va uchish darajasi esa maktabga o'rnatilgan katta ekran orqali bolalarning ota-onalariga onlayn tarzda ko'rsatildi. Meni eng suyuntirgan narsa — mana shu loyiha ortidan ishtirokchi o'quvchilarimning to'rt nafari Amerikaning nufuzli oliygohlariga 108 ming dollarlik grant asosida o'qishga kirdi. Bu esa bolalarda fizika-matematika fanlariga va, ayniqsa, yaratishga bo'lgan qiziqishni kuchaytirdi, — dedi maktab direktori Nargiza Toshxo'jayeva biz bilan suhbatda.

Sanobar opaning: “Shu maktabni yoritaylik”, deganicha bor ekan. Maktabda ikkinchi xorijiy til va kasbga yo'naltirish ishlari namunali tarzda yo'lga qo'yilibdi. O'g'il bolalar uchun yuqorida aytilgan axborot texnologiyalari sohasida 3D modellashtirish va qizlar uchun tikuvchilikka qiziqishni rivojlantirishga e'tibor kuchaytirilgan. Tuman hokimligi tomonidan 12 ta zamonaviy tikuv mashinalarining sovg'a qilinishi ham tez orada yuzlab chevar qizlarni, ehtimolki, jahon moda maydoniga chiqa oladigan modelyerlarni yuzaga chiqarsa, ajabmas. Zero yigirma yillab Respublika bolalar badiiy ijodiyoti markazini boshqargan Sanobar Shodiyeva aytganiday, o'quvchining iqtidorini ocha bilish yuz foiz o'qituvchiga bog'liq. Maktab direktorining o'n besh yil “Mashhura” firmasida orttirgan tajribasi, asli mutaxassisligining modelyer dizaynerligi shu joyda ish berishi shubhasiz. Ikkinchi xorijiy til sifatida esa koreys tili tanlab olindi. Bolalar 7-sinfdan bosh­lab qo'shimcha tarzda koreys tilini ham o'rganish imkoniyatiga ega bo'ldi. Koreyadan har bir chorak uchun alohida darsliklar keltirildi. Maktab rahbari “mutaxassis kam” deb qo'lini qovushtirmadi. O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetidan koreys tili yo'nalishi bo'yicha o'qib, amaliyotga kelgan to'rt nafar talaba qizni ishga qabul qildi. Dars soatlarini ham ularning kelib-ketish imkoniyatlariga qarab belgiladi. Maktabning shoir Chustiy bog'i o'rnida barpo qilinganida ham bir hikmat borday… Har qalay, o'quv dargohining imkoniyatlari o'zidan ko'paymoqda. Hind muallimi Abdulla Paduvazning ustoz va o'quvchilarning ingliz tilida mukammal ilm olishi uchun shu maktab­­ga biriktirilishi nur ustiga a'lo nur bo'ldi. O'qituvchilik sohasini ko'proq xotin-qizlar tashkil etishini, shuning­dek, bolalar ta'lim-tarbiyasi maktab sharoitida yuqori bosqichga olib chiqilishi, avvalo, onalarning og'irini yengil qilishini hisobga olsak, mahalla ayolining buguniga havas bilan qaramaslikning iloji yo'q.

Ha, 298-umumta'lim maktabi mahallaning ko'kragiga qadalgan nishon bo'libdi, desak, xato bo'lmaydi. Maktab binosining ichini hayrat bilan kuzatar ekanmiz, biz ham shunday maktablarda o'qiganimizdamidi, degan o'y o'tdi xayolimizdan. Maktab direktori Nargizaxonning yashab turgan uyini sotish evaziga o'g'liga jigarini ko'chirtirgan ona haqidagi hikoyasini tinglab esa ko'zimizdan yoshimizni tiya olmadik. Xasta ayoli va nochor sharoitda qolgan ikki farzandidan voz kechgan ota o'rnida ota bo'lib, shaharning boshqa burchagiga ko'chib ketgan o'quvchilarining dardi bilan yashagan hazrati insonni uchratdik biz. Uysiz qolgan ona-bolalar Yashnobod tumanidagi buvisining uyiga ko'chgan. Bolalar yo'l uzoqligidan, tabiiyki, dars qoldira boshlagan. Nargizaxon o'quvchilarining ketiga tushib, ahvolni o'rgangach, bolalarning o'qishini ko'chirish uchun ular yashaydigan mahalladagi maktab direktoriga shaxsan borib uchrashadi. O'zi ham bir maktabning rahbari bo'la turib, o'sha direktorni shu o'quvchisini qabul qilishga ko'ndira olmaydi. Yashnoboddan Olmazorga yetib kelguncha bolalar uchta transportda qatnagan. Nargiza Toshxo'jayeva ularning dars qoldirmasligi uchun oylik ish haqidan o'quv yili yakuniga qadar yetti oy davomida yo'lkira xarajatlarining kunligini kunlik beribdi.

…Mahalladan qaytar ekanmiz, akademik shoir G'afur G'ulomning:

Aziz asrimizning aziz onlari

Aziz odamlardan

                               so'raydi qadrin.

degan satrlari bot-bot xayolimizda takrorlandi. Zero, davlat rahbarining tashabbusi bilan “inson-jamiyat-davlat” tamoyilining amaldagi isbotini o'z ko'zlarimiz bilan ko'rmoqdamiz, quloqlarimiz bilan eshitmoqdamiz. Chus­tiy nomli mahallasining farovon hayo­­ti, odamijon insonlari esa buni yana bir karra tasdiqladi.

Muhayyo PIRNAFASOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − two =