Tog'day tayanch, otaday g'amxo'r…
Aziziddin Nasafiy o'zining “Komil inson kitobi”da yorug' olamni ummon to'lqinining goh mavjlanib, junbushga kelishi, chor–atrofga g'ulg'ula solishi, goh sokinlashib, orom og'ushiga qaytishiga o'xshatib, bu jarayon toabad davom etishini urg'ulaydi. Chindan ham shunday. Dunyo dunyo bo'lganidan beri tinimsiz o'zgaradi, yangilanadi, turli holatlar sabab goh evrilish, goh tanazzul tomonga buriladi. Bunday paytda aql-idrok, ezgu niyat, solih amallar, birlik, ahillik, g'ayrat-shijoat najotkor kuchga aylanadi.
Istiqlol yillarida kechgan hayotimizga ko'z tashlasak, ulug' allomaning shu so'zlari beixtiyor yodimizga tushadi. Biz ham dunyo kabi goh mavjlandik – dastlabki yutuqlarimizdan ertaroq g'ururlandik, tanlagan yo'limiz to'g'ri, boshqa yo'llar bizga mos emas dedik, shu yo'sinda yashadik, keyin… hayotimizga bozor munosabatlari kirib kelib, uning ayovsiz qonunlari o'z ta'sirini o'tkaza boshlaganida, yaxshi qo'shnichilik, manfaatli hamkorlik aloqalari susayib, yo'llarga beton to'siqlar qo'yilib, taqiq kuchayib, qondosh-jondosh ellar, do'st-qadrdonu, qarindosh-urug' bir-biridan uzoqlashganida, nega shunday bo'layotgani, qaerda xatoga yo'l qo'yganimiz, ahvolni o'nglash uchun nimalar qilishimiz zarurligi haqida o'ylamadik, mushohada yuritmadik. O'zimizdan boshqa hech kimni tinglamay qo'ydik. Dunyo esa o'zgarishda davom etdi, bu o'zgarish zukko tarixning har qanday davr, yaxshi ma'noda ham, salbiy ma'noda ham o'z umrini yashab bo'ladi, uning o'rnini, albatta, boshqasi egallaydi, degan buyuk haqiqatini yana bir bor isbotladi.
Sho'rolar davrini ko'rdik, turg'unlik davrida yashadik, qayta qurish shiorini baland ko'tardik, “paxta ishi”, “o'zbeklar ishi”dan o'tdik, saksoninchi yillarning urush zamonini eslatuvchi haftalik oziq-ovqat “kartochka”lariga dosh berdik, boshboshdoqlik taloto'plaridan, “ko'cha qoidalari”dan, qonunsiz “tort-tort”lardan omon chiqdik. Mustaqillikka erishdik, uni saqlab qolishni muhim vazifa deb bildik. Keyin… moddiy, ma'naviy uzilish, yakkalanish, karaxtlik boshlandi. Xalqimizga xos sabr-qanoat, bosiqlik, yaxshi kunlarga umid dardimizga davo bo'ldi.
Har qanday davlatning o'tmish tarixi, bosib o'tgan yo'li bir-biriga o'xshamaydigan, bir-birini aynan takrorlamaydigan bosqichlardan iborat. Dunyoga kelgan farzand qanday oilada va sharoitda tug'ilganidan qat'i nazar, chaqaloqlik, bolalik, o'smirlik, yoshlik, bo'ydoqlik, majnunlik yoki laylilik davrini sun'iy tezlashtirishlarsiz yashab o'tishi tabiiy bo'lganidek, istiqlol ham, u qaerda va qanday holatda sodir bo'lmasin, shu bosqichlardan, alg'ov-dalg'ov, tosh va chayir yo'llardan, albatta, o'tadi. Bu jarayonni jadallashtirish mumkin emas. Binobarin, biz ham xuddi shu yo'lni matonat bilan bosib o'tdik. Oson bo'lgani yo'q. Millat, Vatan omon qoldi. Bo'linib ketmadik. Bu yo'l faqat yutuqlardangina iborat bo'lmasa-da, biz uchun, tarix uchun juda qadrli, iftixorli, saboqli bo'ldi.
Bugun, bosh Qomusimizga o'zgarishlar kiritilishi, yangi muhim qoidalar bilan to'ldirilishi munosabati bilan o'tkaziladigan umumxalq referendumiga tayyorgarlik ko'rayotgan ekanmiz, fikrimcha, asosiy e'tibor, targ'ibot-tashviqot ishlarining mag'zi, yo'nalishi tashkilotchi voizlarning hayajonli hikoyalaridan ko'ra ko'proq − bugun milliy davlatchiligimizning qaysi bosqichida turganimizni, el-yurtimizni yanada qanday ulug' bosqichlar kutib turganini, bunga yanada jipslashgan holda yetib borish uchun nimalar qilish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, shu bilan birga, nimalar qilmaslik, nimalardan tiyilish, illatlarga qarshi qanday kurashish zarurligi, bu jarayonda millat munavvarlari — ijodkor ziyolilar, yoshlar, fidoyi yigit-qizlar zimmasiga g'oyat mas'uliyatli, sharafli vazifa yuklanayotgani haqida gapirishimiz zarur. Bugungi zamon shiddati, odamlar hayoti, turmush tarzi, shu bilan birga ong-tafakkur to'xtovsiz o'zgarayotgani, odam va olam munosabatlarida yangicha qarashlar yuzaga kelayotgani har qanday mukammal qonun, nizom, yo'l-yo'riq va boshqa huquqiy-me'yoriy hujjatlarga ham ta'sir o'tkazmoqda, ularni yangilash, pishitish, puxtalash, bugungi reallikka moslash ehtiyoji yuzaga kelmoqda. Yangilanayotgan Qomusimiz hayotimizning bugungi va uzoq kelajakdagi huquqiy, ma'naviy asoslarini, jamiyatda inson sha'ni, qadr-qimmati qanday ulug'lanishini, haq-huquqlari qanday himoyalanishini o'zida yaqqol, aniq-ravshan aks ettirishi bilan ham muhim.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda faol ishtirok etdik. Bu jarayondan deyarli hech kim chetda qolmadi. Bugun muhokamaga qo'yilgan variantda turli kasb egalarining ko'pdan ko'p takliflari, tuzatish, uslubiy, stilistik ifodaga oid tahrirlar inobatga olingani taklif mualliflari qalbida g'urur va iftixor tuyg'ularini uyg'otishi aniq. Shu bilan birga, bu hujjat sog'lom fikrli jamiyatda haqiqat va ijtimoiy adolat tamoyillari qaror topishiga, ertangi kunimiz bugungidan ham farovon va mazmunli bo'lishiga qat'iy ishongan vatandoshlarimizni ilhomlantirishi, ularga kuch-g'ayrat bag'ishlashi shubhasiz.
Konstitutsiya tirik jon yanglig' harakatda bo'ladigan hujjat. Dunyo tarixida ham bu so'z muqaddaslik ma'nosiga ega. U odamlar ong-shuuriga ulug' ishonch, bemisl tayanch, najot mash'alasi sifatida singgan.
Jahon hamjamiyatining to'laqonli a'zosi sifatida mamlakatimiz ham, sizu bizning hayotimiz, o'y-fikrlarimiz ham o'zgarishlar pallasida. Harakatdamiz, izlanish, yaratish bilan bandmiz, bu jarayonning faol ishtirokchilarimiz. Yurtimizda nogahoniy silkinishlarga dosh bera oladigan ulug'vor imoratlar, yangi shaharlar, zamonaviy inshootlar qad rostlamoqda. Bu imoratlar bizga tog'day tayanch, otaday g'amxo'r, onaday mehribon bo'ladigan, boshimizni silab, asrab-avaylaydigan, to'g'ri, hidoyatli yo'llarga boshlaydigan yangi Konstitutsiyada, unga hurmat-ehtiromimizda, demakki, qalbimizda, imon-e'tiqodimizda, yuksak insoniy fazilatlarimizda ham bo'y ko'rsatmog'i zarur. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek,
“Ishq aro poku qalandarliq kerak,
Shu'la bahrida samandarliq kerak”.
Referendumda ishtirok etib, bu ulug' niyatga mustahkam poydevor yarataylik.
Ahmadjon MELIBOYEV