Gender – ta'sirchan jurnalistika
“Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikni OAVlarda qanday yoritish kerak” mavzusida trening bo'lib o'tdi
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. O'zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ham xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlari alohida o'rin egallaydi. Xususan, Konstitutsiyaning 42 va 58-moddalarida ayollarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va ish sharoitlarini yaratish hamda xotin-qizlarga jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar ta'minlanishi nazarda tutilgan.
Joriy yilning 7-9 avgust kunlari Toshkent viloyati “Edelweiss” mehmonxonasida USAIDning O'zbekistondagi Huquqiy islohotlar dasturi va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda “Gender – ta'sirchan jurnalistika. Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlikni OAVlarda qanday yoritish kerak” mavzusida amaliy mashg'ulot tashkil etildi.
Respublikamizning turli hududlaridan kelgan 20 nafar media soha vakillari hamda yosh jurnalistlarga gender masalalari va unga bog'liq voqeliklarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish mezonlari, gender muammolarini yoritishda professionallik, etika me'yorlariga rioya qilish, jamiyatda sodir bo'layotgan jarayonlar yuzasidan gender-sezgirlik bilan materiallar yaratish, huquqiy manbalar bilan ishlash va faktcheking bo'yicha nazariy va amaliy tushunchalar berildi.
Ikki kunlik trening mashg'ulotlari malakali trener, yuristlar hamda soha ekspertlari tomonidan interaktiv shaklda olib borildi.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad, bu ishtirokchilarning O'zbekistonning gender-huquqiy tizimi haqida xabardorligini oshirish, raqamli texnologiyalarning rivojlanishi va ijtimoiy tarmoqlarning kengayishini hisobga olgan holda ayollarga nisbatan zo'ravonlikning asosiy turlari va shakllarini aniqlash, xotin-qizlarning OAVdagi qiyofasi va stereotiplarini bartaraf etishda televideniening rolini o'rganish, gender-ta'sirchan va gender tenglik nuqtai nazaridan batafsil tahlil qilingan materiallarni tayyorlash mahoratini oshirishdan iborat edi.
Darhaqiqat, O'zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni xalqaro tashkilot va hamjamiyatlar ham o'zlarining yillik hisobot va ma'ruzalarida e'tirof etmoqda. Jumladan, 2023 yilda O'zbekiston Ochiq gender ma'lumotlar indeksida 69,7 ball bilan jahondagi eng yaxshi 20 ta davlat qatoriga kiritildi.
Albatta, bunday e'tirofga arzigulik sabablar bisyor. Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, 2024 yil 1 yanvar holatiga ko'ra, O'zbekistonda xotin-qizlar soni 18 million 274 ming 800 nafar, ya'ni jami aholining 49,7 foizini tashkil qilmoqda. Ayollarning o'rtacha umr ko'rish davomiyligi 2023 yilda 76,9 yoshga yetdi. Taqqoslash uchun, bu ko'rsatkich 2020 yilda 75,5, 2021 yilda 75,8, 2022 yilda esa 76,6 yoshni tashkil qilgan.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni zamonaviy bilimlarga o'rgatib, qiziqishlari asosida imkoniyatlar yaratish ishlari ham jadallashdi. Xususan, AKT sohasida ham qizlarning soni ortmoqda. Buni “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta'lim olgan yoshlarning 47 foizi, ya'ni qariyb yarmini qizlar tashkil etganidan ham ko'rishimiz mumkin.
Bu imkoniyatlar o'z navbatida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlashni ta'minlaydi. Bu ularning to'liq ta'lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga qiziqishini orttirib, malakali mutaxassislar bo'lib shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.
Yana bir misol. 2023 yil aprel oyida Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga oiladagi zo'ravonlikka, xususan, oilaviy munosabatlardagi jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo'ravonlikka qarshi kurashish bo'yicha o'zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu kabi maqsadli ishlarning ko'lami kengayib bormoqda.
Savol tug'ilishi mumkin: gender tengligi jamiyat taraqqiyotida qanday jiddiy o'zgarishlarga sabab bo'ladi? Shubhasiz, bu mamlakat hayotining barcha sohalarida jiddiy o'zgarishlarga sabab bo'ladi. Birinchidan, gender tengligi mamlakatning iqtisodiy o'sish va taraqqiy etishiga yordam beradi. Xotin-qizlarga mehnat va tadbirkorlik sohasida teng imkoniyatlarni ta'minlash esa milliy iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi faolligini oshirish kambag'allikni qisqartirishning samarali yechimlaridan biri hisoblanadi.
Shu o'rinda yana bir gapni aytib o'tish lozim. Joriy yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Osiyo xotin-qizlari forumi mintaqa mamlakatlarining xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish borasida olib borayotgan ishlarini bir maqsad yo'lida birlashtirish, birgalikda yangi yo'l va imkoniyatlarni belgilab olishda muhim siyosiy tadbir bo'lib xizmat qildi. E'tiborli jihati, forumda O'zbekistonda gender tenglikni ta'minlash, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e'tirof etilgandi. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o'rinbosari, “BMT – ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus tomonidan O'zbekistonda xotin-qizlarning mavqeini tubdan yaxshilash va jamiyatdagi maqomini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarga yuksak baho berilgan edi.
Ha, uch kunlik trening nafaqat bilim olish va ko'nikmalarni oshirish, balki o'zaro fikr, tajriba va g'oya almashish maydoniga ham aylandi.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.