Ilm olsang, bolajon, seniki bo'lar jahon!

Xurram RAYIMOV

Muallif haqida:

Xurram Rayimov — 1950 yili Denov shahrida tug'ilgan.

Bolalar shoiri. Uning “Mohitobonim”, “Qo'sh qanot”, “Bola bilan kapalak”, “Men kichik kashfiyotchi”, “Oq tulpor”, “Sabr daraxti”, “Ko'ngil mujdalari”, “Qalbimdagi qush”, “Inja tuyg'ular”, “Meni shoir qilgan muhabbat” kabi she'riy to'plamlari va “Yurak uxlamaydi”, “Baxtli yashang, odamlar” (hammualliflikdagi) publitsistik kitoblar muallifidir.

Yaqinda o'zining qutlug' yoshini nishonlagan shoir bir turkum she'rlarini bolajonlarimiz uchun tuhfa sifatida yo'llabdi.

Hunarli bo'l, ilmli,

Ey, bolajon, bolajon!

Ilmu urfon, harakat

Do'sting bo'lsin har qachon.

 

Ilm ko'pga qo'shadi,

Hunar ko'kka ko'tarar.

Jamiki boyliklardan

Ma'rifat ustun turar.

 

Chiniqtirib tanangni,

Bahslarda g'olib yur.

Sog'lom turmush tomonga

Hayotingni keskin bur.

 

Ahlingni to'yintirgin

Bilim bilan hamisha.

Husningga husn qo'shsin

Odob, axloq, andisha.

 

Hunarli bo'lsang, inon,

Qo'lingda bo'lar imkon.

Ilm olsang, bolajon,

Seniki bo'lar jahon!

 

BOLALIK

 

Bolalik — boyligimiz,

Tongday chiroyligimiz.

Gulga o'xshashligimiz,

Dilga tutashligimiz.

 

Chovut tashlab o'rlarga,

Tirmashamiz qirlarga.

Ellar birla tushib bahs,

Hayratni aylarmiz aks.

 

Quyoshdek ko'kda porlab,

O'tar kun omad chorlab.

Qushlar misol uchgaymiz,

Osmonlarni quchgaymiz.

 

Barg yozamiz yam-yashil,

Taskin topsin deya dil.

Kulgaymiz xandon-xandon,

Bulbuldek yayrab, chandon.

 

Bizlar momaqaymoqmiz,

Ochilgan qizg'aldoqmiz.

Aytsak chindan podshomiz,

Gul hayotga oshnomiz.

 

HAM VATANGA, HAM ELGA

 

Bo'sh vaqtlarda siz uchun

Eng yaqin do'st — bu kitob.

Yo'lingizni yoritar,

Charaqlab misol oftob.

 

Informatika fanin

O'zlashtirsa kim puxta,

Deyolmas uni hech kim:

Biliming sayoz, soxta.

 

Sportda g'olib bo'ling,

Ko'taring yurt bayrog'in.

Sezasiz shunda aniq

Ko'ngillarning yayrog'in.

 

San'at turlari sizni

Ko'taradi ko'klarga.

Kuy, qo'shiq ham raqslar

Qanot bo'lar erklarga.

 

Takrorlab mashqlar,

Peshlab turing bilimni.

Zanglab qolmasin ular,

Toblab turing ilmni.

 

Chizib turli suratlar,

Ilhom sari shaylaning.

She'r yozib, matn tuzib,

Ijodkorga aylaning.

 

Bobolar nasihati

Jo'r bo'lsin tilaklarga.

Momolar maslahati

Qo'r bo'lsin yuraklarga.

 

Ko'chat eksa nuroniy,

Chelakchada suv quying.

Tayyorlanib hayotga,

Mehnatga mehr tuying.

 

Tejamkor bo'lib, vaqtni

Sovurmasangiz yelga.

Suyuk farzand bo'lasiz

Ham Vatanga, ham elga.

TOShChUMChUQ

Bu qushning ziynati ko'p,

G'ayrati to'lib-toshar.

Yaqindan tanishganlar,

Toshchumchuq deb atashar.

 

Ko'rinishdan nozik u,

Patlari oqish-oqish.

Tumshuqchasi qop-qora,

Dumi kalta, mitti qush.

 

Moshdek bir juft ko'zlari,

Olamga xushnud boqar.

Chug'ur-chug'ur sayrashi

Ko'ngil shamlarin yoqar.

 

Bu qush shunchalar go'zal,

Bu qush shunchalar nodir.

Tumshug'i qattiq juda,

Toshni teshishga qodir.

 

KUZ

Yuzlari bo'lib qirmiz,

Husnini aylab ko'z-ko'z.

Aytib bizga shirin so'z,

Oltinlanib kelar kuz,

Yolqinlanib kelar kuz.

Toklardan shimirib bol,

Elu yurtni etgancha lol,

Yaxshilikdan ochib fol,

Oltinlanib kelar kuz,

Yolqinlanib kelar kuz.

Ming ishva, ming noz bilan,

Qo'lda dutor, soz bilan,

Engilgina roz bilan,

Oltinlanib kelar kuz,

Yolqinlanib kelar kuz.

 

* * *

Gulga to'lgan chamanlarda,

Totli go'zal zamonlarda,

Yashayapmiz, qo'limizni

Cho'zsak yetar osmonlarga.

 

Jarangdor xush navomiz bor,

Navoiydek bobomiz bor.

Bilmaganlar bilib qo'ysin,

Keng jahonga da'vomiz bor.

 

Uyg'onishlar davri bugun,

To'lg'onishlar davri bugun.

Yuksak bilim, zakovatga

Chulg'anishlar davri bugun.

 

Hayot — misol ulkan maktab,

Baxtga chorlar doim matlab.

Nur taratar yo'limizga,

Kitob bo'lib misol oftob.

 

Maqtovlarga sovrulmaymiz,

Yolg'on so'zlab, qovrulmaymiz.

Gul Vatanga tirgak bo'lib,

Qanotlardan qayrilmaymiz.

 

Jismu tanda hayrat kezar,

Qalbimizga olam mengzar.

Ongimizni, shuurimizni

Odob bezar, axloq bezar.

 

Ellar birla sirlashamiz,

Dillar birla dillashamiz.

Jahon minbaridan turib,

Tenglar birla tenglashamiz.

 

Gulga to'lgan chamanlarda,

Totli go'zal zamonlarda,

Yashayapmiz, qo'limizni

Cho'zsak yetar osmonlarga.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + ten =