Yaxshiyamki sen borsan

Foyiq BALABEYLI

Muallif haqida:

Foyiq BALABEYLI — 1964 yilda Ozarbayjonning Jalilobod tumani, Sobirobod qishlog'ida tug'ilgan. Ozarbayjon Davlat dengiz akademiyasini va Boku Slavyan universitetining ijod fakultetini bitirgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a'zosi. Ijodkorning o'n yettita kitobi nashr qilingan. She'rlari ingliz, rus, ivrit, gruzin, arman, turk, o'zbek va boshqa tillarga tarjima qilingan.

 

* * *

Nedan bezovtadirsan,

Bilmadim, qanday bu hol?

Nahot bari tugadi —

Ko'nglimni etib behol.

Endi quchib, cho'kib tiz,

Qo'ling o'pa olmasman.

Ammo o'zingdan hargiz,

Netayki, kecholmasman.

Kulba joyi tosh-kesak,

Gulxan so'nib, kul qolar

Va olovli ishq, bezak,

Xotirda butkul qolar.

Ammo o'choqning hanuz

Ko'z yumib tutunidan,

Otashiga asirmiz

Olovlangan kunidan.

 

* * *

Sochlaringni sirtmoq et,

Bo'ynimga sol, band ayla.

Menga ham rahming kelsin,

O'zingni ham avayla.

 

Diqqat ila nazar sol,

Ko'zlarimdan uzma ko'z.

Shunchaki til uchida

Mushkuldir aytish bir so'z…

 

Qishloqda daraxtlar ham,

Bir g'arib, sovuq qotgan.

Umrimni qirov qoplab,

Sochlarim muzlab qolgan.

 

Sargardon ruhga o'xshab

Hushim kezar osmonda.

Yuzlaringga termulib,

Hayronaman, giryona.

 

Hayotim boshdan-oyoq

Ketgan butkul chalkashib.

Kunduzim qolgan go'yo

Tunim bilan almashib.

 

* * *

O'o'o'o', endi ko'p narsani yodga olar payt keldi,

Goh xotiram burchida o'tmishdan hech vaqo yo'q.

Nelardir yodga tushar, ammo hargiz barini

Yodingda saqlab bo'lmas, yodda saqlab bo'lmaydi.

 

Bolalikning olisda qolgan og'riq kunlarin

Yashab, kezib, u achchiq azobin qayta tuyib,

Tikon botgan barmog'ing og'riqlarin his etib,

U og'riqqa qaytadan yig'lab bo'lmas, bo'lmaydi.

 

Qishlog'imiz yaylovi, o'tlog'i, sho'r kanali,

Tol daraxtlar soyasi ichra oqqan ariqlar.

Qo'shni bolalar birga bog'dan o'rik o'g'irlab,

Bu ko'prikning ustida sarguzashtlar kechardi.

 

Qayda endi bolalik? Koshki edi do'stlardan

Kimdir yoningga kelib, qo'shni boqqa kirsaydik,

Bir zum yoshlikka qaytib, olma-o'rik tersaydik,

Qancha istamay, bo'lmas,

                                      yoshlik qaytib kelmaydi…

 

Xamravadan berida, ba'zidan kechib hamon

Bolalik o'y-xayolin orqasidan ergashib

Ketgandi do'stim Mahmud,

                                        ortidan jonlar halak…

Yo'lning ikki tomoni bosib yotar o't, alaf…

 

 

* * *

Bu holni ta'riflashga so'z topolmayman, evoh,

Vahshiylashgan ko'zlari atrofga olazarak…

Na bandada to'zim bor, insof bergin, yo Alloh,

Bu xalq taqdiri qolmish qorong'u bir yo'lda, boq,

Nochor va sarson kezar…

Yetim go'dakka o'xshar, salkam butun mamlakat:

na kunduzi kun kabi,

na kechasi tun kabi,

Qorong'ulik yana ham zulmat cho'kib bo'g'ilgan,

azob chekar qanchalar!

 

Ko'zlaringga sanchilur qizdirilgan nish kabi,

Dunyo turar hangu mang.

Yulduzlar unda go'yo g'ichirlagan tish kabi

bir-bir to'kilib ketar…

Bu xalqning taqdiriga achchiq tikanlar botar,

Qora tikanlar botar: rus yoki fors nomida,

armani xislatida.

Ne farqi bor va aytay,

o'choq boshida turgan millat tilanchilari,

jaholat, hukmronlik ularning qismatida.

Tupurgan bu millatning tuyg'usi, orzusiga,

Bu qadar vahshiylikni qilgan kaslar —

                                                                nokaslar,

Ne deb atay, bilmayman, nom qo'ying o'zingizga.

 

Mening bezovta xalqim, mening yarador xalqim,

Ko'kning yuzin ko'rdingmi?

Qo'ling cho'zma, uzoqdir,

Azoblarni tutolmas…

Suvsizlikdan ingragan, ochu yalang'och xalqim,

daryomizdan topilgan bu boyliklarga hech

qo'ling uzatma bekor,

qo'ling havoda qolar.

Achchiq tikanlar botgan yalang oyoqlaring-la

sahro kecha bilmassan.

Qo'lingga yopishganlar qo'llarin tortib olsa,

Yiqilib qolajaksan,

o'lib ketsang bilmassan —

aslo o'ta olmassan.

 

* * *

Sochlaring sirtmoq ayla,

Bo'ynimga ot, tut, qolay.

Bir yutum xush sharobday,

Simir, dilbar, yut, qolay.

 

Yo'lga tushdim, ketarman,

Mavlonodek o'tarman.

Hammasini bilarman —

Bilganing unut, qolay.

 

Qalbingni och, o'ksima,

Aylanay sevinchingga.

Yuraging bir kunjiga

Mahkum aylagil, qolay.

 

Hijron aro toki man,

Dardu sitam ohiman.

Mag'lub yurtning shohiman,

Qo'shin solgil, mot bo'lay.

 

Bu zabun ahvolimda,

Sen insofsiz zolimda

Jonim, shonim qo'lingda,

Qo'ygil, salomat qolay.

 

* * *

Yaxshiyamki sen borsan,

Yo'qsa, bilmadim,

Qanday yetib kelardim

Yangi yilning boshiga?

Shu yillar nozini cheka bilmadim,

Hijronlar domida qoldimu hargiz,

Visol darichasin tuta bilmadim.

Qo'llarim sochlarin sog'inar uning

ko'zlarim yo'liga intizor qoldi.

Qanchalab qo'lidan tutgan do'stlarim

qo'limni uzatsam, qo'llarin tortdi.

Qalbim yarolandi, ammo sabr aylab,

Bu mening taqdirim, Xudodan dedim.

Hayot fasllari o'zgardi, ajab,

Qishi shunday ekan, yozi ne dedim.

Xayriyat, yaxshilar bordir dunyoda,

Tanidim, ne jabru sitamlar ichra.

Attang, bir mamlakat vayrona bo'ldi,

Angladim, jahannam olovin kechib.

 

* * *

Peshonamga yozilgan yaxshi-yomonim,

Taqdirim, voh, ajab, har on qo'lingda.

Vujudim shamolda turgan gul kabi

Tebranar, nachora, har yon yo'lingda.

Osmon chaqmoq qo'li-la teshar goh yerni,

Bulutlar boshimga yog'dirar do'llar.

Mening qabrim tomon bir kun odamlar

Yo'l solar va yoki yo'l ham solmaslar.

Kipriklar namlidir, og'ir nigohlar,

Yerdan olov chiqar, ko'kdan qor yog'ar.

Qishloq chekkasidan o'tguvchi yo'lim

O't bosib, yo qolar yoki yopilar…

 

* * *

Bugun bir hovuch suvning

Tashnasiman, chanqadim.

Ammo bu o't-olovning

Sovug'idan yaxladim.

Muncha sovuq har taraf?..

 

Hammasiga sen sabab —

Bir qultum sevinch eding.

Qancha aylamay faryod,

Yutilding, so'ng tugading.

 

Xushbo'ylaring qo'msayman,

Chekmak nasibam, dildor.

Yoqamda hali-hamon

Kipriklaring nami bor.

 

Ko'ksim to'la xotira,

Ko'ksim to'la dard, yara.

Nafratim toshar goho,

O'zimga-da, senga-da.

 

Ko'm-ko'k maysazor ichra

Goho yeldek yelasan.

Sariq gulli o'tlardek,

Xayolimga kelasan.

 

Men o'sha sariq gullar

Va o'tlarning tagida.

Kuyib ado bo'laman,

Ayriliqning tongida.

 

Uysiz qushlar hayotin,

Yashamoq qanchalar soz.

Sukunat yetar menga,

Qalbimdagi bir ovoz.

 

Qismatim, sensizligim,

Azobingdan qutulay.

Xushbo'ying tuyib ko'nglim,

Maysazorda ko'z yumay…

 

* * *

Quyosh bergan ko'ylakda nechun muzdeksan,

Nega yonib turmas ma'yus ko'zlaring?..

Bu qadar parishon ko'rguncha seni

Dunyodan yuz buray, yumib ko'zlarim.

 

Gul kabi begardu noziksan, erkam,

Bunchalar navnihol, beg'ubor, yoshsan!

Sen-la xotiralarim vaqt o'tgan sayin

Shunchalar azizdir, o'zing bilmassan…

 

Men ham axir yuragim amriga qulman,

Kuylayman o'rtanib, kuyib yonaman.

Qalbimda yashnagan gulsan, chamansan,

Sensiz kimsasiz cho'lman, qurib so'naman.

 

Ona tuproq bo'yiga to'yib bo'lmaydi,

Xushbo'y xayollaringdan olaman nafas.

Ey, quyoshning qizi, ma'yus hur malak,

Seni ne deb atayin, kelgil, gulnafas.

 

Sovuqdan qimtingan kabutar misol

So'z aytsam, parishon boqib turasan.

Yaqiningga yo'latmay mendek oshiqning

Ko'nglin, ishqin, ayt, jonim, qaydan bilasan?..

 

Dilorom ABDURAHMON qizi

tarjimalari.

Tarjimon haqida:

Dilorom ABDURAHMON qizi — shoira, tarjimon. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

“Ko'ngil shafaqlari”, “Tahayyul tongi”, “Ishq yomg'iri” nomli she'riy, “Nastarin butasi”, “Yulduzlar shiviri”, “Beorom kuylar”, “Kadrlida to'rt kun” nomli tarjima kitoblari nashr qilingan.

Asarlari rus, belorus, ingliz, eron, turk, ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.

Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Aleksandr Blok, Afanasiy Bulgakov, Konstantin Paus­tovsiy, Aleksandr Kuprin, Gab­riela Mistral, Ivan Franko kabi mashhur yozuvchi-shoirlarning, ukrain, belorus zamonaviy shoirlarining asarlarini rus tilidan ona tilimizga tarjima qilgan. Qozoq, qirg'iz, turk, ozarbayjon yozuvchilarining asarlarini o'zbek tiliga o'girgan. Shuningdek, tarjimalari “Mangu hayot afsonasi”, “Muhabbatning nomi nechadir?”, “Bulbul chamani”, “Ityurak”, “Tungi binafsha”, “Dengiz egizim mening” kabi qator to'plamlar va respub­lika nashrlarida chop etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − ten =