Izlayman ruh ozodligini

Ikrom OTAMUROD

Muallif haqida:

Ikrom OTAMUROD — 1951 yilda tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.

Shoirning “Vaqt ranglari”, “Janub qushlari”, “To'rg'ayli manzillar”, “Ufqlar orti bepoyon”, “Uzoqlashayotgan og'riq”, “Ruhimning qayg'usi”, “Ko'nglim o'zing”, “Tavr”, “Tag'azzul”, “Xaritaga tushmagan joy”, “Muqaddar”, “Huviyat”, “Sukut sadosi” majmualari shoirga katta shuhrat olib keldi.

“Sharq yulduzi” jurnalida mehnat qiladi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

…Yuragingda qadr uyg'onsin,

ham g'ururlar uyg'onsin ongda.

Shabbodalar mehriga qonsin,

otayotgan nurafshon tongda.

 

Kanglung qamug', zanjir eshigi

ilgagin yech, o'zingni tani.

Ki, qadrdir o'zlik beshigi,

ki, g'ururdir hurlik Vatani.

 

Ruhingni sez, ruhingga erk ber,

hislaringni boylangan qushlar,

Qo'yvor uchsin, qo'yvorgin bir-bir,

humolarga aylansin tushlar.

 

Muqaddas xotirang sasidan

sezgum bukuk, azotligini.

Umidlaring xaritasidan

izlayman ruh ozodligini.

 

Yuragingda qadr uyg'onsin

ham g'ururlar uyg'onsin ongda.

Shabbodalar mehriga qonsin

otayotgan nurafshon tongda…

 

* * *

…Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar qadamlarimni.

Qaray-qaray bir kun qarog'i tolar,

xo'rsinib yutar so'ng alamlarini.

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar paykonlarini.

Yuragi to'liqib yodiga olar:

tongda o'tib, oqshom qaytganlarimni.

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar tosh otganlarini.

Gohida izg'irin, gohida qorlar,

kanglumga gayburdek bitganlarini.

 

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar o'y ezganlarini.

Xayolimni tortib sohibjamollar,

xayolimda kezganlarini.

 

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar do'ng ham pastqamlari.

Kanda qilmay men yurgan onlar,

kanda qilmay kuzatgan damlarini.

 

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

sog'inib qolar o'tganlarimni.

Bir kun yo'llar meni sog'inib qolar,

yo'llarni sog'inib ketganlarimni.

 

* * *

…Oh, ona tabiat — mangu sinoat,

sinoat qanchalar qadrli eding?

Oh, ona tabiat — bo'lib qanoat,

sabrni bardoshga aylantirarding.

 

Oh, ona tabiat — seni sog'indim,

dardingni,g'amingni o'zimga olib.

Oh, ona tabiat — ruhingga indim,

qayg'ungning sirini qayg'umga solib.

 

Oh, ona tabiat — qo'yganingga lab,

qandayin eding-a, olam imkoni.

Oh, ona tabiat — tongni bag'irlab,

quyosh bo'lar edi mehrning koni.

 

Oh, ona tabiat — bir mahal, bir payt,

kenglik siymosiga intilarding, oh!

Oh, ona tabiat — yana bir bor qayt,

kanglumning tubidan ketmagin, nogoh!..

 

* * *

…Quyosh yuz ko'rsatar har kun boshqacha,

Kunu tun o'zgarar: qisqa yo uzun.

Hatto sukut bosib yotgan toshgacha

Tuslanar yeylanib, eylanib to'zib.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

Havoning avzoyi turlanar damda,

Lahzada o'zgarib boradi iqlim.

Yog'in ado, yog'in paydo qadamda,

Dayrolar goh qayrang, goh suvga lim-lim.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

Tog'lar balandlaydi, tog'lar pasayar,

Suyanch qoyalarin qurbi mo'rt tortib.

Oy nuri to'lg'in, oy nuri susayar,

Ko'k zebi – yulduzlar jilvasi yorti.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

Rostlar yolg'onlarga yon bosar gohi,

Gohida yolg'on ham rostday chog'lanar.

Vaqt arqog'in yo'rib, yigirib, ehhe,

Quvonchga bog'lanar, g'amga bog'lanar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

Bo'yiga, eniga mahliyo, saxtli,

Ne qal'a, qo'rg'onlar munkayar nurab.

Davronlar, boyliklar chang, g'ubor taxlit

Shamollar izmida uchar chirpirab.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

Manzillar, makonlar haddini yo'nib,

Betoqat yugurar qo'nimsiz yo'llar.

Ortda qolaverar armonga do'nib,

Umr kosasidan to'kilgan yillar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!

 

O'zgarar ixloslar, qarashlar pay-pay,

Uzilar metinday rishtalar… faqat…

Mo'g'jalari bo'lug' sobit daraxtday

Ruhda tomir otgan ulug' haqiqat —

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan!..

 

* * *

…Bir ezgin yomg'irlar yog'a boshladi,

sog'inchlar sabrini sog'a boshladi.

Kun ham namozshomga og'a boshladi,

buvishim, men seni bir ko'rgim keldi.

 

Yulduzlar bag'ridan tumanlar tarqar,

olislardan moviy osmonlar qaytar,

Yuragim yoshlarin armonlar artar,

buvishim, men seni bir ko'rgim keldi.

 

Umidga ko'z tikkan sabrdir — dunyo,

berahm tig' tutgan jabrdir — dunyo,

Majnunning ohiga qabrdir — dunyo,

buvishim, men seni bir ko'rgim keldi…

* * *

…Turna doim sirli sifat imdodi,

nigohida, parvozida sinoat.

Osmonning bag'rini bezar qanoti,

zaminning ko'ksida poyi inoyat.

 

Sirli xabarlarga intilib turna

sirni vujudiga joylaydi pinhon.

Olis-olislarga yo'nalib harna,

olis-olislarga termilar on-on.

 

Ko'klamda uchadi shimol tomonga,

yoz havosin mabhutiga bog'inib.

Kuz og'sa gar qishlovli imtihonga,

janubga qaytadi sirli sog'inib…

 

* * *

…Borliqqa boqaman intizor bo'lib,

o'zi yaratgandir borliqni Olloh!

Xalqim, borliqning sog'inchiga to'lib,

mangu asotirga aylangin, illo!

 

Xalqim, tufrog'ingning bir zarrasiman,

zarrang kanglumning tubida madordir.

Payvandning payvandin bir sirasiman,

sirang maqsadimning maqsadiga ordir.

 

Xalqim, tufrog'ingning bir giyohiman,

giyohing bag'rimning bag'rida toqat.

Giyohga aylangan tufroq ohiman,

jovdirab-jovdirab qarayman faqat.

 

Xalqim, tufrog'ingning bir imkoniman,

imkoning imkoni kenglik sarhadi.

Moviy ko'kning, asil yerning yoniman,

qodiru sodirdan matlub marhadi.

 

Xalqim, tufrog'ingning bir sukutiman,

sukutim o'zingga bo'layin sabot.

Xotir yodiga, xotir yukutiman,

qatra imdodiga ko'z yoshim bot-bot.

 

Xalqim, tufrog'ingning bir so'rog'iman,

so'rog'im so'rog'i makon o'zagi.

Havodis soyirin hin turog'iman,

kanglum qavatida munir kuzagi.

 

Xalqim, tufrog'ingning bir gardiman,

gardingni o'zimga sarafroz etgum.

Gardingga payvasta bo'lgan dardingman,

darding idrokida mehrga yetgum.

 

Xalqim, tufrog'ingning qadim tufrog'i,

kanglum qavatiga joylangan Vatan!

Kanglumning armoni,

mehrimning bog'in,

xilqatga bog'laydir tufroq daf'atan.

 

Borliqqa boqaman intizor bo'lib,

o'zi yaratgandir borliqni Olloh!

Xalqim, borliqning sog'inchiga to'lib,

mangu asotirga aylangin, illo!..

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 13 =