Bir sirli nigohdan boshlanar hayot

O'zbektosh TO'RAXONLI

Muallif haqida:

O'zbektosh TO'RAXONLI (Asqar QILIChEV) 1986 yili Guliston shahrida tug'ilgan.

O'zbekiston davlat San'at va madaniyat institutining musiqali teatr rejissurasi fakultetini tamomlagan. Dramaturg va rejissyor.

Ijodkorning “Quvonch” hikoyalar to'p­lami, “Oq va qora”, “Qochoq kuyov” qissalar to'plami nashr etilgan. Uning muallifligida “To'maris” spektakli sahnalashtirilgan. “Patirning yetti siri” spektaklining muallifi va sahnalashtiruvchi rejissyori. “Ko'ksimdagi tumorim – Vatan!” deb nomlangan she'rlar va masallar kitobi nashr etilishi arafasida.

O'zbekiston Yozuvchilar va Teatr arboblari uyushmalari a'zosi.

Yagonamsan – ona Vatanim!

Ko'kdan yog'du tarab tursin mustaqillik,

Jon qushidek sayrab  tursin mustaqillik,

Betakrorim, yagonam shu Vatan uchun,

Avlodlarga meros qolsin mustaqillik,

Mangu bo'lsin, mangu bo'lsin mustaqillik.

 

Mustaqillik – tinchlik baxti, ozodligim,

Bag'ri butun, to'kinligim, obodligim,

Ajdodlarga munosib bir avlodligim,

Kelajakka meros qolsin mustaqillik,

Mangu bo'lsin, mangu bo'lsin mustaqillik.

 

Hilpiragan bayrog'imning surati u,

Ota-bobom orzu qilgan jannatdir u,

Yaratganning bizga qilgan himmati bu,

Avlodlarga meros qolsin mustaqillik,

Mangu bo'lsin, mangu bo'lsin mustaqillik.

 

Amir Temur shijoati, adolatim,

Boburlardan qolgan jur'at, jasoratim,

Bibixonim qalbidagi sadoqatim,

Avlodlarga meros qolsin mustaqillik,

Mangu bo'lsin, mangu bo'lsin mustaqillik.

 

Yuragimga nur to'ldirsin mustaqillik,

Bolamga ham baxtlar bersin Mustaqillik!

 

Asl otalarning asl qizlari

 

Gulday umri tog'day ma'noga to'lig',

Mag'rur otalarning g'urur izlari.

Ikki dunyoda ham yuzlari yorug',

Asl otalarning asl qizlari.

 

Tavfiq va taqvosi amalda zohir,

Suhbatlari ruhni allalar sohir,

Yor boshlagan yo'ldan borar to oxir,

Asl otalarning asl qizlari.

 

Haqso'z otalardan meros haqiqat,

Qondan o'tar ulug' ne'mat — farosat,

Kelgan davrasida mehmon oriyat,

Asl otalarning asl qizlari.

 

Ko'ngil to'lib ketsa, dildosh axtarib,

To'kilsa g'arq bo'lar bu olam g'arib,

Gapi chiqmagan nom olgan ulg'ayib,

Asl otalarning asl qizlari.

 

Oila qo'rg'onin fayziga posbon,

Nigohin topolmay yigitlar sarson,

Yurtining yukiga yelka tutgan shon,

Asl otalarning asl qizlari.

 

Tinchlik qadri

 

Tinch kunda yeyilgan burda qotgan non,

Totli va yoqimli boldan ming chandon,

Tinchlik qadricha yo'q biron-bir ne'mat,

Kunlarda baraka, halovat mehmon.

 

Olov keltirgan odam

 

Qattiq qahratonda najot yo'q fursat,

Olov keltirgan zot quyoshday aziz,

Shunday omon qoldi qaqshagan elat,

Ilk o't qalaganlar — o'tyurak shaksiz.

 

Tarixda voqea yo'q bundan-da buyuk,

O'choqni yoqqan nom tez unutildi.

O'tga ega chiqdi besh-olti buzuq,

O'tyurak er chetga uloqtirildi.

 

Toshni toshga urib puflab, kuf-suflab,

Olov keltirganlar shunday bo'ldi xor…

Ularning safida shoir bor g'arib,

Hech kim bunga qilmas zarra e'tibor!

 

Olov keltirgan qalb nurday xokisor,

Yomonlik qilishga vaqti yo'q odam.

Haqiqating bo'lsa, yo Haq, qo'llavor,

U qahraton qahrin totmasin hecham.

 

* * *

Yerning suvsizlikdan yuzi burishar,

Gullar nursizlikdan qurir, qovjirar,

Muhabbat odamning umriga malham,

Ko'ngil ishqsizlikdan sovir, sarg'ayar.

 

* * *

Meni kutganlardan yuzimni burib,

Insonlik qadrimni yerlarga urib,

Kutmagan kunlarga bordim yolvorib,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gul deb quchganlarim sanchdi tikanlar.

 

Ko'ngil huvillagan zim-ziyo saroy,

Hijronlar izg'iydi yil-o'n ikki oy,

Hislar mozoriga bir sham yoqib qo'y…

Meni yolg'ondakam suydim deganlar,

Gul deb quchoq ochsam, sanchdi tikanlar.

 

Uchrashuvga chorlab ko'ndirolmadim,

Yongan ishq olovin so'ndirolmadim,

Tilanib bir bo'sa undirolmadim,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gulim deb quchganim sanchdi tikanlar.

 

Tunda yig'isiga ishondim bekor,

Tongda tark etdi-ku soxta, hiylakor,

Meniyam ardoqlab sog'inganlar bor,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gul deb quchganlarim sanchdi tikanlar.

 

Vaslin qizg'anib rashk berdi atayin,

Xotirlarni o'tga tashlashim tayin,

Qancha sovitsa ham sog'indim lekin,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gulim deb quchganim sanchdi tikanlar.

 

Saroyga suyukli sotilgan sanam,

Bag'ri tosh zamonda toshdil muhtaram,

Xudoning jazosi bordir senga ham,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gulim deb quchganim sanchdi tikanlar.

 

Go'zallar tomonga bossam bir qadam,

Oshiqlikdan bezdim, emasman odam,

Uning ismin qayta tilimga olmam,

Mendan kulgan ekan suydim deganlar,

Gulim deb quchganim sanchdi tikanlar.

 

Qaldirg'ochoyim

 

Sim uzra kuylaydi vijir-vijirlab,

Juftini yo'qotgan yolg'iz qaldirg'och.

O'ttiz yil sukunat, shuncha yil azob,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

Sim uzra qunishar mo'min jonivor,

Qanotlarin ojiz silkir beozor,

Kech kuzda ham kechmas so'nmas umid bor,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

Visol kunlarini kam qildi hayot,

Hijron sharobini mo'l qildi, hayhot,

Hayotda uchramas bundan ortiq dod,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

Ko'zlarini tutib olmoqlik gumon,

Bosh egib yurishda qancha dard pinhon,

Vayronalar ichra yuragi vayron,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

Kiprikka ilinib turar orzuing,

Ungacha uzilib ketmasin umring,

Marding kelar, kutgin, qaldirg'ochoyim,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

Qadringni xor qilib juftlik topgandan,

Ming marta yaxshiroq yolg'iz yashagan,

Sevgining isboti ko'zidagi nam,

Juftin kutayotgan yolg'iz qaldirg'och.

 

* * *

Ey, ko'zlari mastona,

Oshiq etding devona,

Sevmayman deb pinhona,

Sevishlaring yomon-da.

 

Shirin sevgi suhbati,

Kelar so'nar muddati,

Rashkda oshib diqqati,

Sovishlaring yomon-da.

 

Inkor so'z ayta-ayta,

Iqrorlik qayta-qayta,

Men nima, sen ne dardda,

Yonishlaring yomon-da.

Lablarda tugib asal,

Tilidan to'kib g'azal,

Go'zal aybi ham go'zal,

Kelishlaring yomon-da.

 

Mayli, nomim zor ata,

Lek jonga joning qada,

Yoddan o'chguvchi va'da,

Berishlaring yomon-da.

* * *

Hasratga qorishib qolma, she'riyat,

G'iybatga qovishib qolma, she'riyat,

O'chmasin qo'lingda yurak mash'ala,

Ezgulik yo'lida tolma, she'riyat.

 

Saflarni buzmasin hiyla-yu alam,

Shaytonga xizmatkor riyokor qalam,

Qo'shilib qolmasin ortiqcha raqam,

Noma'qulning so'zin olma, she'riyat.

 

Parilarning pichir-pichirlari — she'r,

Yoniq yosh tashna qalb shivirlari she'r,

Boylarni miskinga egilgani she'r,

Chirkni qofiyaga solma, she'riyat.

 

Alarda yo'q axir bizlardagi ko'z,

Xalq qo'ynidan yiqqan xirmon-xirmon so'z,

Bizga o'xshamoqchi huv taqlidchi do'st,

Maddohlarga nazar solma, she'riyat.

 

Darg'alar, daholar muqaddas so'zi,

Xalqining qalbida har bosgan izi,

Millatga xizmatkor millat yulduzi,

Saroy poyida xor qolma, she'riyat.

 

* * *

Kosaday gullarni bilmadim-da, hay,

Ifori bo'lakcha kichkina gulning,

Qanday uxlarkin-a bizni uxlatmay,

Olisdan o'g'irlab tinchini dilning.

 

* * *

Bir sirli nigohdan boshlanar hayot,

Go'zal tariximiz bordir bizning-da,

Quvonchda to'liqib aytaman rahmat,

Umringni men bilan bog'laganingga.

  

* * *

Kechagidan ko'ra bugun boshqacha,

Quyoshli fayzi ham butun boshqacha,

Endi kunlar yaxshi poydan boshgacha,

Barini boshqatdan boshlaylik, kel, yor.

 

Muhabbatimizga bolalik guvoh,

Bizni ayirganlar bandalar gumroh,

Asli biz bilmagan yoshlikda gunoh,

Boshqatdan boshlasak bo'larmi, hey, yor.

 

Gulday zulfing tafti menga mayxona,

Afsonalar izlab bo'ldik devona,

Yuragim tabibi o'zing biydona,

Barisi boshqatdan boshlansaydi, yor.

 

Osmonda oy nima, bo'lolmas sendek,

Oqbilak oytilla bo'lolmas sendek,

Shuningdek, o'shalar bo'lolmas mendek,

Boshqatdan boshlasak bo'larmi, yorim?

 

Ishqdan tushgan uchqun yondirmay qo'ymas,

Ishqdan yorishmagan yo'llaring yo'lmas,

Nurni yig'ib yurgan shoiringman, bas,

Barini boshqatdan boshlasaydik, yor.

 

Muhabbat madhiyasi

 

Tuningni yoritsa quyosh g'alati,

G'am, quvonch qorishiq ko'zyosh g'alati,

Muhabbat — xudoning ajib ne'mati,

Ko'ngil nozga kelsa, til rozga kelsa.

 

Yerning barakasi dehqoni bilan,

Yashil bog'lar fayzi bog'boni bilan,

Ko'ngil tirik sevgi dog'lari bilan,

Dil nozga kelganda til rozga kelar.

 

Muhabbat mujdasi, umidi visol,

Ikki olis dilni bog'laydi visol,

Hijronning yengilgan chog'lari visol,

Ko'ngil nozga kelsa, til rozga kelsa.

 

Sog'inch buloqlari birdan ochib ko'z,

Tutday duv to'kildi ko'zyosh misli so'z,

Yor vasli — yoz fasli qancha bo'lsa oz,

Ko'ngil nozga kelsa, kuy rozga kelsa.

 

Suyar suyuklisin husn-u aqlini,

Xayolni hayot deb aytgan naqlini,

Ham xush, noxushini, o'tli jahlini,

Ko'ngil nozga kelsa, kuy rozga kelsa.

 

Har kim o'z boshiga tushganni so'ylar,

Kim qafasda qushday qo'shiqlar kuylar,

Kim esa samoda shodlikdan bo'ylar,

Ko'ngil nozga kelsa, kuy rozga kelsa.

 

Xatosiyam go'zal go'zal qizlarni,

Teran tanlar unga g'azal so'zlarni,

Kiprigida tutib roz-u nozlarni,

Ko'ngil nozga kelsa, kuy rozga kelsa.

 

Ko'ngil nozga keldi, kuy rozga keldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 6 =