Yurtim, chashmi qarog'im o'zing

Erkatosh ShUKUROVA

Muallif haqida:

Erkatosh Shukurova — 1952 yili  Kattaqo'rg'on tumanida tug'ilgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Shoiraning “Ishqli dunyo”, “Ey, dil”, “Mezon qo'shiqlari”, “Namozshomgulim”, “Ranglar oralab”, “Sog'inch rangi”, “Muhabbat degan yurtlardan” singari o'nlab kitoblari chop qilingan.

YuRTIM

Tong nafasi jonimni eltar,

U kuylaydi, shu'lalardan mast.

Gullar xushbo'y iforin tutar,

Quyosh nurin to'yib ichar dasht.

Yurtim, chashmi qarog'im o'zing,

Bog'laringdan tomib turar bol.

Suvda oqqan olmang tutay deb,

Sochin suvga tashlar majnuntol.

Topganini to'yga yig'ar el,

Beshik ustin sochqilar tutar.

O'nta bo'lsa o'rni boshqa, deb

Shoirlaring ash'orlar bitar.

Qora-qura bolakaylaring

Kurash tushib, qiyqirar shodon.

Ular yovqur Alpomish bo'lib,

Oltin taqib, bo'lar chempion.

Eshigiga qulf tushmagan el,

Borin tutar jumla-jahonga.

Mehmon uchun qo'y so'yar o'zbek,

Sayyoh kelsa O'zbekistonga.

Yurtim!

O'zin shoir bilgan dil,

Vasfing aylab, qo'shiqlar bitsin.

Osmonlaring abadul-abad,

Onalarning allasi tutsin!

VATAN

Kelinchaksan, erkalatgan

Ko'zmunchoqli bolasini.

Gullar ekib, iforlarga

To'ldirgan uy, xonasini.

Ajdodlarim bizga tutgan

Yurakdagi tug'rosisan.

Betakrorsan, yagonasan,

Ona Vatan, ona Vatan!

G'animlarga talatmagay,

Bug'doy ekkan dalasini.

Shoyi, atlas qilib kiyar

Pillasin har tolasini.

Dunyolarda topilmagay

Sendek behisht, sendek chaman.

Betakrorsan, yagonasan,

Ona Vatan, ona Vatan!

 

Erkatoshing suyar, jo'shib

Vatanini — onasini,

Avlodlarga yozib qo'yar

Xonishini, nomasini.

Lozim bo'lsa senga fido

Bo'lsin shirin jonu bu tan.

Betakrorsan, yagonasan,

Ona Vatan, ona Vatan!

AYoL

Sochlarining tolasida gadolari adashgan,

Qoshlarining qarosida adolari adashgan,

Yuzi gul, sochi sunbul — daryolari adashgan,

O'smalari, ko'zlariga surmalari yarashgan,

Ayol!

 

Qirlardagi qizg'aldoq qalbida yashnab turar,

Bog'lardagi atirgul qaddida yashnab turar,

Bulbullar, qumrilari tilida yashab yurar,

Qaldirg'ochlar chug'urlab baxtini tilab turar,

Ayol!

 

Quyosh uyg'otar uni subhidamda erkalab,

Sabolar sochin silar, darpardalarin o'ynab,

Qozonida lazzatli rizqi turadi qaynab,

Dilbandlari chug'urchuq — quvnashar yayrab-quvnab,

Ayol!

 

Shukr ila kutib olar otayotgan har tongni,

Baxtga to'kis hovli-yu jannatdek xonadonni,

Duolar ila qo'llar yurtim degan sarbonni,

Avlodlarga yetkazib obod O'zbekistonni

Ayol!

ZA'FARON KUZ

Za'faron kuz…

Za'faron yurak.

Izillaydi sovuq shamollar.

Junjikaman,

Dovul qoqadi

Yuragimda achchiq armonlar.

Tars yorilib ketadi anor,

O'rtaganda sog'inch azobi.

U — yuragim, bag'ri qon bo'lgan,

Muhabbatning azobli yodi.

Yurak — anor, yurak — qizg'aldoq,

Teraklarda izg'igan shu'la.

Zaqqum mayi meni o'ldirar,

Qonlarimda kezib jimgina.

Armon… Armon. Qip-qizil olov,

Otash bo'lib kuydirar jonim.

Qalbim qiri, dasht, sahrosida,

Layli bo'lib tentir armonim…

Oh, Layli bo'lib tentir armonim…

 

QO'RQDIM

“Xudodan qo'rqmagan odamdan qo'rqdim”

Omon MATJON

Qo'rqdim,

Jim yurgan u jimdan qo'rqdim,

Jim oqqan u oqimdan qo'rqdim,

Ko'klamda qish — iqlimdan qo'rqdim.

 

Qo'rqdim,

“Do'stim” tutgan jomidan qo'rqdim,

Bedavo dard komidan qo'rqdim,

Bevaqt qazo — shomidan qo'rqdim.

 

Qo'rqdim,

Yolg'onlarni marjondek tizgan,

Fisq-fujuri yuraging uzgan,

Halovating makr-la buzgandan qo'rqdim.

 

Qo'rqdim,

Doim tashna bo'lib xuningga,

Yayrab kulgan yomon kuningda,

Og'u qo'shgan zilol suvingga,

Soya bo'lib yurgandan qo'rqdim.

 

Qo'rqdim,

Ustoz deya shoxli shaytonni,

Sotib dinni, sotib iymonni,

Don deb sotib yurgan somonni,

“Xudodan qo'rqmagan odamdan qo'rqdim”.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 7 =