Vatan – Haq yurakka chizgan xarita

Mansur Jumayev

Muallif haqida:

Mansur Jumayev — 1991 yil Mirishkor tumanida tug'ilgan. O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olgan (2012–2016). “Oq orzularim” (2017), “Hayrat qo'shiqlari” (2021), “Hazrati ishq” (2024) kabi she'riy kitoblari chop etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ­a'zosi.

* * *

Quvonasan

sen sevgan kalom

sendan boshqa kimgadir yoqsa,

yo sen sevib o'qigan kitob

sendan boshqa kimnidir yoqsa,

sen yoqtirgan rang

sendan boshqa

kimgadir xush kelsa, qanday soz;

quvonasan

kimgadir yoqsa

sen yoqtirgan birorta libos,

sendan boshqa kimdir

sen sevgan

ohanglarga quloq tutsa jim,

quvonasan

sen sevgan yurtni

jon-jonidan sevsa kimda-kim,

boshqalar ham,

kuzmi, qish-qirov,

sevsin

sevgan xalqingni,

bor gap…

Faqat

chidolmaysan

sendan boshqa birov

ko'ngil qo'ysa

sen suygan yorga.

 

2023 YIL XULOSASI

Topganimni yo'lga xarj qilaman men,

Onam diydorini vaj qilaman men.

Ka'ba tavofidir ona diydori,

Bir yilda o'n marta haj qilaman men.

 

BU YeRLARDA

Qo'lga bosib iyagin,

o'yga tolgan odamning

titroqlari gullaydi;

ruhdagi o't,

suv,

havo,

tuproqlari gullaydi;

ko'ksidagi me'rojbaxsh

buroqlari gullaydi;

yulduzzor ko'kka solgan

o'roqlari gullaydi;

ko'ngil — ko'hna dasturxon,

quroqlari gullaydi…

jo'ralar,

bu yerlarda

qo'lga bosib iyagin,

o'yga tolgan odamning

tomir otib tirsagi,

barmoqlari gullaydi.

 

BEShINChI MUSOFIR

(Muhammadali G'afforovga bag'ishladim)

Shimol o'lkasiga tun cho'kdi benur,

ko'ngil o'lkasida porlab chiqdi kun:

axir Yakkabog'da uyg'ongan shuur

barfin o'rmonlarda topmovdi yakun.

 

Uyg'ondi,

to'lg'ondi:

sog'inch,

ilhom,

she'r.

Bu tun butun she'rdir —

ko'ngil to'q edi.

Oltiga uch metr vagon-konteyner

ichra undan bo'lak shoir yo'q edi.

Vujudini shimol ayozi chimdib,

uxlamay she'r yozib o'ltirardi Sharq,

nogoh gumburladi nimadir,

tindi,

nogoh sovuq tunni o'rtab o'tdi barq.

 

Uzoq-yaqindagi shu'lalar o'chdi,

temir boshpanani tark etdi ziyo,

chiroqsiz vagonni qahraton quchdi

va soviy boshladi qonlar ham go'yo.

 

Temir boshpanani daqiqa sayin

ishg'ol qilar ekan sovuq ayoz, qish,

to'rtta hamxonasin uyg'otib tayin,

she'r o'qib berguvchi shoirga olqish!

 

Sovuq konteynerni ilitmadi she'r,

turdilar,

yurdilar,

sakradilar boz,

mashq ham qildilar,

tepindilar yer…

na chiroq keldi-yu

na tindi ayoz.

 

Sovuq sanchilarkan bamisoli o'q,

muzlab qolmasin deb qo'l,

oyoq,

dil,

ong…

shu tun to'rt musofir uxlagani yo'q,

shu tun she'r eshitib ottirdilar tong.

 

Beshinchi musofir she'r o'qiydi, she'r,

har bir she'r go'yo bir parcha cho'g' edi;

oltiga uch metr vagon-konteyner

ichra undan bo'lak shoir yo'q edi.

 

Nihoyat, tongga ham yetdilar omon,

nihoyat, ish-ishga tarqadi bari,

faqat ish joyiga kelmadi shu tong

qo'shni vagondagi hamqishloqlari.

 

Kecha —

tok stansiya portlagan mahal,

chiroq,

isitkichlar o'chgan o'sha tun,

narigi konteyner ahlini

ajal

olib ketgan ekan bus-butun…

 

Asli, bu gaplarni ne kerak so'zlab,

kechmish hasratlardan ozurda bo'lmoq?!

Demak, taqdir ekan ayozda muzlab,

g'aflatda,

hasratda,

furqatda o'lmoq.

 

O'kinmay,

o'ksinmay bo'larmi biroq,

bari vatandosh-u

bari do'st-qarin.

Xudo rahmat qilsin

el-yurtdan yiroq

jon bergan juvonmarg jonlarning barin.

 

Ne chora bor, axir,

kim nima ham der,

barisi navqiron,

g'ayir yo'q edi,

lekin bu vagonda

uyg'otib,

she'r-per

o'qib beradigan shoir yo'q edi.

 

Hali ham sovuqdir shimol, do'stlarim,

hali ham bir g'aflat quvar erlarni…

Ayozda chiroqsiz qoldirma, Tangrim,

shoiri yo'q konteynerlarni!

 

BIR YuRAK YuRT

Begona bog'lardan topilmas ma'no

O'z bog'im bag'rida sobit va burhon.

Ko'zim oynasiga chizilgan ma'vo —

Keshdan to Qo'ng'irot,

Shoshdan to Surxon.

 

Vodiy — o'z bag'rimda gullagan safo,

Kechmish ko'zlarimdan toshirgan O'kuz.

Hamdardu hamdavo, ham dard, ham davo —

Andijondan to Kat,

So'xdan to Nukus.

 

Cho'llar bu — non bergan ko'hna Osiyo,

Bog'lar bu — bol tutgan dasturxon, orom.

Tuproq ham, olov ham, suv bilan havo —

Samarqand, Buxorom…

 

Bir yurak yurtimdan olmas arita

Bir yo'l umrimdagi ming jar, ming burum.

Vatan — Haq yurakka chizgan xarita,

O'chirib bo'lmaydi o'lmasdan burun.

 

* * *

O'zimni unutib, chorladim seni,

bilmadim bu dunyo o'ngimmi-hushim?

Azizam, kel, menga eslatgin meni,

azizam, kel, meni yodimga tushir.

 

Ko'nglim siniqlarin ko'zimdan tergin,

og'riqlarim aytib qo'rqit, uchuntir;

azizam, kel, meni izohlab bergin,

azizam, kel, meni tushuntir!

 

Azizam, kel faqat, kelsang bas, tamom,

bus-butun egallab ol borlig'imni:

bir sen isbotlashing mumkindir

hamon

bu dunyoda men borligimni.

 

E'LON

Ko'zim —

kiprigimga chandib osilgan

e'lon oynasidir sevgim yozilgan.

Ato meros kasbim — ko'ngil butlovchi,

o'ttiz yil malaka muhri bosilgan.

 

Tilsim yuragimning sharhi o'zingiz,

Tilsiz o'ylarimning tarhi o'zingiz.

Agar ko'nglingizga darz ketgan bo'lsa,

Keling!

Ta'mirlayman.

Narxi — o'zingiz!

 

BIR SAVOL

Bir kun tosh ham toshga urilmaydimi,

Hech yo'q urilmoqqa urinmaydimi?!

Jonim, nigohimni o'g'irlagan kim,

Qarab boq ko'zguga, ko'rinmaydimi?

 

Hamon ko'nglingdan hol so'rganing yo'qmi,

Hijron hosilini o'rganing yo'qmi?

Jonim, men o'zimni yo'qotib qo'ydim,

Ko'ngling tomonlarda ko'rganing yo'qmi?

 

* * *

Qushlar Haq dalasin doniga bordi,

Toza ruh oshiqning joniga bordi,

Sevgan sevilganning yoniga bordi,

Men sening yoningga keldim, sevgilim.

 

Jilg'a yugurgani kabi daryoga,

Qo'llar talpingani kabi duoga,

Banda topingani kabi Xudoga,

Men sening yoningga keldim, sevgilim.

 

Izhorga loyiq vaqt vidoga ketdi,

Gadodan olganim gadoga ketdi,

Tan yerga ketdi, jon samoga ketdi,

Men sening yoningga keldim, sevgilim.

 

Ko'nglimiz Vomiqdir, Uzroga qochgay,

Shayximiz San'ondek tarsoga qochgay,

Xudoyim quvgan qul Xudoga qochgay,

Men sening yoningga keldim, sevgilim.

 

KO'ZYoSh VA JANNAT

Qiz yig'lab borarkan titranib, qaqshab,

otaning poyiga boshin urishga,

ota ham yig'ladi bolaga o'xshab,

bolasin kuzatdi jannat qurishga.

 

Bir o'g'lon onaga ko'zyosh ichirdi,

ko'zyoshin simirib, choy berdi ona.

Yig'ladi,

yig'lashdi,

quchdi,

kechirdi,

bag'ridan — jannatdan joy berdi ona.

 

Sen uzr so'rading qo'limdan tutib,

qolmasin, dedim men, ko'ngil singani,

kechirdim, bandaning aybidan o'tib,

jannatga kiritgan Xudo singari.

 

Unutmoq, kechirmoq davlatin oldim.

Barchamiz qalammiz.

Muhabbat — pargor.

Yerda o'z jannatin topishdan oldin

hamma ham bir sidqi yig'lashi darkor.

 

Men ham oq qog'ozga har tun yig'layman,

har tong o'z jannatim so'raydirman jim.

Men ham o'z dilimga gohi sig'mayman,

Sen ham o'z dilingdan joy ber, Sevgilim!

 

BIR DARD BILAN OG'RIDI KO'NGLIM…

G'amning yaydoq otiga mindim,

Yugani yo'q, uzangisi yo'q.

Bir dard bilan og'ridi ko'nglim,

Lekin sira tuzalgisi yo'q.

 

Bir dard bilan ko'zlarim bedor.

Sen ham bedor iztirob tilan.

Kel, ikkimiz bo'laylik bemor,

Kel, yashaylik bitta dard bilan.

 

Kel, ko'zimda oshiyon yasa,

Kel, ko'nglimga ko'z tikkil, o'g'ri.

Men yashagan qayg'uni yasha,

Men chalingan dard bilan og'ri.

 

Sen qush bo'lsang, bag'rim — os (i) mon,

Sen — nilufar, ko'zyoshlarim — ko'l.

Yutqizmayin desang, yorijon,

Men chalingan dardga taslim bo'l!

 

Ozodlikdir unga tutilmoq,

Unga qulluq qilish tamkindir.

Bu daryodan cho'kib qutulmoq,

Taslim bo'lib yengish mumkindir.

 

Qoq yurakka qadalgan dard bu,

Bir umrni aylar chirpirak.

Ikki dilga atalgan dard bu,

Engolmaydi uni bir yurak.

 

GENDER TENGLIGI

1

Nay bir qamish, navosiz qolsa,

Yashash ham dard, davosiz qolsa.

Ketmagil, men — Odam, sen — Havo,

Odam o'lar havosiz qolsa!

 

2

Javob kutmay sog'indim, sevdim,

Zori bo'ldim, zo'rim bo'ldi u.

Malikamsan, qulingman, devdim,

Xoja bo'ldim, cho'rim bo'ldi u.

 

ONA TILIM

Odam so'ramasa, hayot tutmas bol,

Ot chopmasa, shamol o'pmas yolini.

Bir bor ko'rganmisiz tildan qolgan chol

Va tili chiqmagan go'dak holini?

 

Til bilan tirikdir yer uzra har kim,

Uningsiz vujudga baxt ham sig'maydi.

Tildan qolgan bobo ingraydi sim-sim

Va tili chiqmagan go'dak yig'laydi.

 

Oynaga to'sh urgan notavon qushday,

Bezabon el chiqmas ozod hovliga.

Yo tildan qolgan chol holiga tushgay,

Yo tili chiqmagan go'dak holiga.

 

Mening ona tilim, sen sabab izhor

Qiloldim sevgimni — uyg'oq nafasman:

Demak, tildan qolgan cholmasman zinhor,

Yo tili chiqmagan go'dak emasman!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + thirteen =