Yashash – tikan ichra yurib gul termak…

Ma'mur Bozor Ali

Muallif haqida:

Ma'murjon Bozoraliyev (Ma'mur Bozor Ali) — 1957 yil 15 fevralda  Toshkent viloyatida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Hozirda Nurafshon shahar “Mash'al” gazetasida bo'lim boshlig'i vazifasida faoliyat yuritadi.

Ijodkornining “Hayot guli” (2001), “Bir parcha nur” (2006), “Hayot qo'shig'i” (2016), “ Hurlik nashidasi” (2021)  she'riy hamda “Yurt sog'inchi” (2023) hikoyalar to'plamlari, “Nurafshon shahri: qadim o'tishdan nurli kelajakka” (hammualliflikda) badiiy publitsistik asari (2022)  nashr etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zo­si. “Do'stlik ordeni” sohibi.

QIShLOQ TONGI

Yangi kun tashvishin qanotga ortib,

Qushlar tark etar shox-u butoqni.

Hovliqma xo'rozlar tomog'in yirtib,

Uyqudan uyg'otar sokin qishloqni.

 

Tun bo'yi mudragan supurgi endi

Kelinchak qo'lida o'ynaydi burro.

Chillasi chiqmagan suluvni ko'rib,

Ko'chalar o'ziga beradi oro.

 

Kiprigin ochmagan gulni uyquda

Sho'x sabo erkalab, bir o'pib o'tar.

Povullab sog'ilgan sutning rangidan

Tongning rangi oppoq oqarib ketar.

2000 yil, 4 dekabr

 

 

QOR VA GUL

“Xatting aro uzoring sabza ichida lola…”

Zahiriddin Muhammad Bobur.

Yuz ochibdi bir chechak xushhol,

Erta ko'klam qorlar qo'ynida.

Biz uchrashdik shunday, go'yoki tush — lol,

Shum taqdirning ko'r o'yinida.

 

Sen — o'sha gul!.. Chiroyga to'lib,

Ko'rk berasan o'sgan joyingga.

Men esa — qor, ishqingda erib,

Singib ketgum sening poyingga.

2021 yil

 

KIM TIRIK EKAN…

Sobiq Sho'ro davrida har xil “dohiylar” va inqilobchilar suratlari hamma joyga, shu jumladan, choyxonalarga ham osib qo'yilaverardi

 

O'tganlar buyukmi, oddiymi ammo,

Tiriklarga ermak bo'lishadi jim.

Ana to'rtta choyxo'r esnab shu damda

O'tganlar ustidan chiqarar hukm.

 

Devorda suratlar turar chang bosib,

Davrada-chi qizib borar safsata.

Haligi to'rtta choyxo'r, deng, avjiga olib,

Boqiylik haqida so'qar falsafa.

 

Tarix silsilasi, o'tmish qa'rida,

Ne taqdiru qismat ketmishdir qolib.

Oddiygina quvonch tashvishi bilan

Kim tirik ekan — o'shadir g'olib.

QABRISTONDA

Bunda hukmrondir sukunat, tuproq,

Ko'proq nadomat, ko'proq “oh-voh”.

Xuddi bozor kabi bandalar giryon,

Lek savob sotilmas, olinmas gunoh.

 

BEMORXONADA

Bu yerda o'limning sharpasin sezib,

“Umr — aziz!” deya o'ylab qolasan.

Yo'qotgan sog'lig'ing bahona bo'lib,

O'z qadr-qimmatingni bilib olasan.

 

O'RTAMIZDA PARDA TORTILGAN

Yo'lakdan o'tasan guldek tovlanib,

Ko'chalar ayrilar halovatidan.

Yurakda nogahon ishq olovlanib,

Termulib turaman parda ortidan.

 

Qarshimdan tezgina ketasan o'tib,

Bor-yo'g'i ham o'zi besh-olti qadam.

Qadaming tovushi yurakka yetib,

Jozibaga to'lar bir zumda olam.

Bir zum jozibaga to'ladi olam.

 

Borlig'ing — mo''jiza, sirli bir hilqat,

Dunyonning bisoti — chiroying, ishqing.

O'rtamizda parda tortilgan faqat,

Faqat olamlar bor… naq o'n sakkiz ming.

2016 yil

 

MUNOJOT

Aytmasam, hech bo'lmaydi,

Goho muzman, goho cho'g'.

Andisha yo'l qo'ymaydi —

Aytmoqqa ham iloj yo'q.

 

Aytolmayman, aytmayman,

Aytadigan so'zimni.

O'zgalarni saqlayman,

Fido qilib o'zimni.

 

Tishga bosib tishimni

Titrayapman g'azabdan,

Qachongacha yashashar

Ular bizning hisobdan?!

 

Bilguvchisan, Allohim —

Bo'lmas bir so'z degani.

Endi o'zing hukm qil,

Ko'pning haqqin yeganin.

2016 yil

AJAB

Boshimiz aylanar g'avg'o ko'pidan,

Har kim so'zlagay bor-u yo'g'idan.

Oxiratni hech kim o'ylamas, garchi

Har kun kimdir uchar ajal o'qidan.

2001 yil 10 avgust

JAVZO

Quyosh qizdirmoqning hadisin oldi,

Puflab, o'ynab og'zin kuydirdi shamol.

Kuniga necha bor tuslanib qoldi,

Dala erkatoyi — arzanda nihol.

 

Bir chetda zang bosib yotish paytimas,

Hosil taqdirin hal etar har on.

Bir zumga, shundoq dala poyida,

Tik turgan holida mudraydi ketmon.

 

Qilt etmay turibdi tutlarning bargi,

Dehqonni soyada chorlaydi huzur.

O'z baxtidan masrur ayol singari,

Dalalar yuzidan taraladi nur.

2001 yil, may

IShQ OTAShI

Faqat zamin uzra tiriklik —

Hech kim voqif emas bu sirdan.

Minglab olam ichra suyukli —

Faqat zamin yashnagay nurdan.

 

Nur borki, bor harorat, orom,

Asli olov — tiriklik boshi.

Inson naslin ettirgay davom,

Ilohiy kuch — ishq otashi.

 

Qalb ishq uchun yaralgan azal,

Ishqsiz zavol topmasin, yo rab!

Olov yonsa — gul misol go'zal,

Agar so'nsa — kul kabi xarob.

2006 yil

POSANGI

Olamki bir sirni nihoniy etmish,

Ko'r, gulning badanin tikonli etmish.

O'zining muallaq turmog'i uchun

Yaxshiga yomonni posangi etmish.

 

QIShLOQ YO'LLARIDA

Hammasi jaydari, jo'n bu yerlarda,

G'o'daya ko'rmagil sen alifchalik.

Joning suvdek erib oqar terlarda —

Ketmaydi bu yerda oliftachilik.

2006 yil

 

Keng dala bo'ylari dimoqqa yetar,

Maysalar ermaklab o'ynar ko'zingni.

Qotib qolgan ko'ngling mum bo'lib ketar,

Xokisor sezasan endi o'zingni.

 

Yo'llar yetaklaydi qo'lingdan tutib,

Topib ham beradi urug'-naslingni.

Loyiga qorishib, changlarin yutib,

Anglay boshlaysan bunda aslingni.

2001 yil

SARATON KEChIKDI

Yomg'irdan ezilgan, zadalar bo'lgan

Ekinlar chillani kutib, ichikdi.

Osmonni bulutlar bo'shatmas hamon,

Saraton kechikdi, yomon kechikdi.

Egatlar qatori tekismas, ola,

Yashil libosga burkana qolmas.

Paxtadan charchagan, bezigan dala

Ochilgan etagin berkita olmas.

 

Tushunib yetmaydi tabiat ishin,

Niholni qiynaydi bu og'ir holat.

Chopiqchi ayolning yirtiq kalishin,

Ko'rganda chekadi qattiq xijolat.

2002 yil 8 iyun

 

IShQ YoR ERSA…

Samolar yig'ladi og'ir mung tortib,

Zamin ham yig'ladi tuprog'in otib,

Jonim-ay, men seni qo'ydim yo'qotib,

Hayot g'avg'osida.

 

Bahorlar yitdilar, o'zgardi fasl,

Kun nurdan ayrildi, qolgancha g'ofil.

Men seni chorladim, jonim, muttasil,

Yurak nidosida.

 

Pokiza tuyg'ular qayda adashdi,

Qalblarga firoqni kimlar qadashdi?

Seni — Laylo, meni — Majnun atashdi,

Sevgi sahrosida.

 

Fursatning qo'liga umrim tutqazdim,

Nelar bo'lsam bo'ldim, o'zdan o'tkazdim.

Jonni yutib, jonim, seni yutqazdim,

Umr savdosida.

 

Gar kelsang, azizim, osmon kulgaydir,

Bu — yarim ko'ngulning jomi to'lgaydir,

Jonlarga jon bitar, dardlar o'lgaydir,

Oshiq siymosida.

 

 

Ishqning mazhabida hayot mukammal,

Ikki olam — obod, ikkisi — go'zal!

Gar ishqi yor ersa, ne emish ajal

Yolg'on dunyosida?!

2003 yil 20 iyul

 

TO'RTLIKLAR

Goho hayot bolin ko'raman totib,

Goho tashvishni ham olaman sotib.

Shiddatkor umrimning so'qmoqlarida

Nenidir topaman, neni yo'qotib.

* * *

O, hayot — murakkab, u emas — ermak!

Guruchning ichida tosh bilan kurmak.

Jon chekmay bir lazzat topmadim aslo,

Yashash — tikon ichra yurib gul termak.

* * *

Tushlarning o'ng kelgan ta'birin ko'rdim,

Sukutning shovqinga sabrini ko'rdim.

Tirigida xor-zor yurgan bandaning

Gullarga burkangan qabrini ko'rdim.

2016 yil

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × four =