Inson yaltiramay porlashi kerak

yoxud “Kitoblar xiyoboni”dagi o'ylar
Har lahzasi bir yilga tosh bosadigan kunlar ichida yashayapmiz. Har tarafda yaratish, ochilish, yangi-yangi g'oyalar, so'lim manzaralar bo'y ko'rsatmoqda, obodlik chulg'ab olgan ko'zlarimizni, qalblarimizni. Aytishga so'z, yurishga yo'l ko'paygandan-ko'paygan. Qaerga qarasangiz, rango-rang o'zgarishlar, yuksalishlar hushni olib, ko'zni qamashtiradi. Bir manzilga ikki-uch oyni o'tkazib yana borsangiz, tabiiyki, yo'lingizni shoshirib qo'yasiz, tanimay qolasiz atrofni. Har kun, har soat, har ondagi evrilishlar, bunyodkor manzaralarni kuzatarkan, hayotning shitobiga xitob qilgingiz, “to'xta!” degingiz keladi. Axir ruhlarimiz ortda qolib ketayotgandek emasmi, nazarimda, qarab, kuzatib, hatto quvonib, his qilib ulgurmayapmiz-ku?! Yozib, so'zda sharhlab ulgurmayapmiz-ku, shunday emasmi?! Sizga ham shunday tuyulmayaptimi, aziz zamondoshim, yurtdoshim?! Vaqtning uchqur aravasida ketayotib, bu hislardan boshingiz aylanmayaptimi? Ushbu mo''jizakor ishlarning boshida kim turibdi, kim amalga oshiryapti, xarajatini kim qoplayapti, shular haqida ham bir qur o'yga tolmayapsizmi siz ham?..
Ko'klamning so'nggi kunlari edi. Toshkent-Zarmitan avtobusida qishloqqa qaytayotib, ana shu o'ylar xayolimni band qildi. Har gal men yo'lga chiqqanimda osmon bulutlanadi, yomg'ir allatovur sevalab o'tadi, negadir har safar aynan shunday bo'ladi. Borliq tiniqlashib, birozdan so'ng xushbo'y va salqin nafas yoyiladi atrof-javonibga. Manzara ko'zingda gullarday ochiladi, oyna ortida gir-gir raqsga tushadi. Xullas, men yomg'irli havoni, Ishtixonni va Ishtixon safarini juda yaxshi ko'raman. “Qaerdansiz?” deyishadi ba'zan tanimaganlar. “Ishtixondanman”, deyman allanechuk g'ururga to'lib-toshib. Nimaga bundayligini o'zim ham bilmayman, ammo bu nomni aytganimda, har gal o'zgacha shodlanaman. Nega tilimda bu qadar go'zal jaranglaydi bu nom, aytganda nega qalbim toshib ketadi? Xon so'zi qorishgani uchunmi yo boshqa sababi ham bormikan? Otamning xoki, onam duosi shu tuproqdaligi uchunmi? Otam ekib ketgan bog'dagi mevalar hididan ifor oladimi bu so'z? Men sirlarimni aytgan ariqlar sog'inchi unga tot beradimi? Orzularimni kentga kuzatib horigan yo'llarning ginalari tilimda bexosdan gullab ketadimi yo? E, nima bo'lganda ham Ishtixon deganda tilim ham, o'zim ham yayraymiz, rosmanasiga gullab ketamiz. Odamlarining mehridan bag'rim misoli mumday eriydi, erkalanib, haddimni qo'yib so'z ayta olaman ularga. O'zimniki deya bog'u rog'lariga, Oqdaryo-Qoradaryosiga ko'z yubora olaman. Namxush xayollarimni Oqtovning viqoriga yoyib-yoyib quritaman. Chilmahram pirlarimga nazr-niyoz berib, yuragimga qarab ochiluvchi yo'llarni emranib so'ray olaman bu yerda.
Ishtixon safarim bu gal uzoqroq, qariyb qirq kunlar davom etdi-yov. Issiq kunlarda onamning bag'rida o'tirib salqinladim. Ishtixon markazi bilan Beshbola qishlog'imiz orasi olisroq, qariyb o'ttiz uch kilometrcha keladi. Ishim chiqsa markazga qatnadim, bo'lmaganida onamning yonida bo'ldim, qarindoshlarda galma-gal, uyma-uy mehmonda yurdim. Markazda ekanimda esa vaqtimni asosan kutubxonalarda o'tkazdim. 2022 yilgacha tumanimizda bironta ham aytarli kutubxona yo'q edi. Fazliddin Ro'ziyev aynan shu yili hokim bo'lib keldi. Allohga shukr, keliboq mahobatli kutubxona qurishdan boshladi o'z faoliyatini. Mazkur kutubxonaning ochilish marosimida ishtirok etgan ustozimiz, senator Farmon Toshev shunday degani hamon qulog'imda turibdi. “Eski sud binosi o'rnida yap-yangi kutubxona qurilgani bilan bugun ishtixonliklarni tabriklayman! Obrazli qilib aytadigan bo'lsak, bu ma'rifatning jaholat ustidan g'alabasidir”. Ha, chindan ham insonlarning bo'lar-bo'lmas janjallardan qutulib qalbiga, ilmu ziyoga qaytishini, bir-birini quchoqlab tan olishini, kutubxonalarda kitob o'qishini barchamiz astoydil orzu qilamiz. Qaniydi, mamlakatimizdagi barcha sud binolari tag-tugi bilan tugatilsa-da, o'rnida mana shunday ziyo maskanlari barpo etilsa. Shunday bo'lishidan hammamiz birday orzumandmiz, aslida. Ayni damda ushbu kutubxonani Ishtixonning yuzi-ko'zi desa bo'ladi, biram chiroyli, osuda, maroqli makon. Direktor Ulug'bek Nurmuhamedov boshchiligidagi xodimlarning hammasi olijanob, oliyhimmat kishilar bo'lgani uchun yuragim nuqul shu yerga tortaveradi.
Kitobdan avval men Ulug'bekni, uning keng tabassum bilan: “Opa, keling”, deyishini sog'inaman, Dilafro'z, Durdona, Akmal, Sanjar, Mahliyoni sog'inaman. Tobora ortib borayotgan 10778 nafar kitobxonlar sanog'ini sog'inaman.
Yil avvalida tumanda yana bir kutubxona ish boshlaganini eshitgan edim. Ikki kutubxona orasi unchalik olis emas, borsa besh yuz metr kelarkan, borib tanishgim keldi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig'i, tadbirkor Asomiddin Ibragimov o'zining mablag'i asosida quribdi. Eshitib hayratim ortdi. Uch gektarlik “Ustozlar xiyoboni”ga kirib borarkan, go'yo ertakdagi jannatni, Bog'i Eramni ko'chirib kelishmaganmi bu yerga, deya hayratlanasiz.
Har yuz metrda muhtasham chinorlar tepasiga qo'yilgan karnaydan mumtoz musiqa sadolari mayin taralib, suv kabi pastga oqib turibdi.
Kecha oqshom falakda oy bo'zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma'yuslik sokinlik uyg'otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim…
Tartibli ekilgan chinorlar, har o'n odimda qulay, naqshivor o'rindiqlar, yam-yashil tovlangan maysalaru turfa xil chechaklar, ora-orada otilib turgan favvorali hovuzlar salqinida yurib-yurib, eng to'rda, keng sahndagi kattagina oynavand kutubxonaga kirib bordim. Nomi “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” ekan. O'rtada talay kitob javoni, ichi liq-liq kitob, gir aylanasiga o'n chog'li kompyuter o'rnatilgan, qulayroq o'tirish uchun divan-kreslo, yonlamasiga muzlatkich, sovitkichlar va nihoyat, o'rtaroqqa shaxmat-shashka taxtasi qo'ndirilgan. Bu yerda kutubxonachi qiz bilan anchagacha suhbatlashib o'tirdik. Gazetaga yozmoqchiligimni aytdim. U chaqqongina kofe damlab keldi, bilganicha savollarimga javob berdi. Aytishicha, bu yerga, asosan, yon-atrofdagi maktab, kollej, litsey kabi o'quv markazlarining o'quvchi va abiturientlari kelishar, til o'rganishga oid qo'llanmalarni, mif va afsonalarni, O'tkir Hoshimov asarlarini, ayniqsa, “Qobusnoma” kitobini ko'p so'rashar ekan. Shu asno yonimizdagi stolga uzanib, yirik va og'ir “Qobusnoma” kitobini qo'limga olgancha varaqlay boshladim va ajablandim. Ushbu noyob kitob hozirda Respublika Bosh prokurorining birinchi o'rinbosari, Ishtixon farzandi Bahriddin Valiyev tomonidan prokurorning alohida maqsadi, yondashuvi, so'zboshisi bilan maxsus besh yuz tirajda nashr qilinibdi. Ilovada audioformati ham bor. Haftada bir marta shu kitobdan prokuratura organlariga dars o'tilar ekan. Eshitib qoyil qoldim. Muruvvat, futuvvat, balog'at saboqlari, otaning farzandiga pandu nasihatlari berilgan bu kitobni men ham yaxshi ko'rib mutolaa qilaman. Manavi shaxmat-shashka doskasi bilan bir qism kitoblarni ham Bahriddin Valiyevning o'zi alohida kelib berib ketibdi. Bu yerdagi qolgan hamma xarajat Asomiddin Ibragimovning o'z mablag'idan qoplanibdi. Ul-bullarni so'rash uchun chaqirgan edim, bir mahal kutubxona egasi Asomiddin Ibragimovning o'zi ham kelib qoldi. Qotmagina, qorashirindan kelgan, tavozeli inson ekan, el ustida, yurt korida, xalq g'amida yurgani uning har bir boqishi, harakati, yuz-ko'zida balqib ko'rinib turar edi. U shunday dedi:
— 2022 yilda biz tuman hokimi boshchiligida bir guruh xodimlar o'n bir kun Xitoy mamlakatiga ish-tajriba o'rganish uchun bordik. Avvalo, ularning kitob o'qishiga juda havasim keldi. Ko'chalar biram tartibli va ozoda, har ellik metrda temirdan kitob javonlari qo'yilgan. Yonidagi o'rindiqda o'tirib insonlar kitob o'qishyapti. O'qib bo'lib, yana javonga taxlab qo'yib ketishyapti. Yuragim orziqib, aynan shu manzarani Ishtixonga ko'chirib olib kelgim keldi. Tadbirkorlik bilan shug'ullanaman, mablag' o'zimdan chiqdi, Amerikadan ukalarim yordam berishdi, xullas, bir yilda shu kutubxonani qurib, mana, keragicha jihozlab oldik. Yaqinda Xitoyga o'nta kitob javoni uchun buyurtma berdim. O'nta javonga, hisoblab ko'rsam, olti mingta kitob ketar ekan. Mana shu kutubxonamizda ham olti mingga yaqin kitob bor. Maqsadimiz — odamlar kitob o'qishsin. Ota-onamiz ma'rifatli kishilar edi, ularni Alloh rahmatiga olsin. Oilamizda sakkiz farzand kitob o'qib katta bo'lganmiz. Esingizda bo'lsa, mana shu muzeyning (yondosh tarafni qo'li bilan ko'rsatadi) yerto'lasi bolalar kutubxonasi edi bir vaqtlar, bizlar o'sha yerdan deyarli chiqmaganmiz. Sen bolangga kitob o'qishni o'rgatsang, qolganini kitobning o'zi o'rgatar ekan. Xiyobonni bundan keyin “Kitoblar xiyoboni” deya nomini almashtirishni o'ylayapman. Endi shu yo'lda, ozmi-ko'pmi, barcha ota-onalar, ustozlar, hammamiz birgalikda mehnat qilishimiz kerak. Shukr, bu tarafdan yolg'iz emasman, Respublika Bosh prokurorining birinchi o'rinbosari Bahriddin Valiyev ikkimiz tumanning mavqeini, hayot sharoitlarini yaxshilash uchun qattiq bel bog'laganmiz. Shaxmat-shashka o'ynaydigan alohida markaz ochishni ham reja qilyapmiz. Buning uchun huv anavi basketbol maydoni yonidan joy belgiladik. Endi yaqin kunlarda shu maqsadimizni birgalikda amalga oshiramiz. Men, Bahriddin Valiyev, yana Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Alisher Shukurov — uchovimiz Ishtixondagi 8-maktabda turli yillarda tahsil olganmiz. Maktabdosh do'stlar o'tirib, bir kuni maslahat qildik, maktabimiz tumandagi eng ilg'or maktab bo'lishini istadik. O'tgan yili bir yarim sotix yerda o'zimiz gidropolika usulida olti qavatli oynavand issiqxona qurib berdik.
Biologiya darsida o'quvchilar bu yerda endi amaliyot o'tashi, har xil mevali ekinlarni o'zlari parvarishlashi mumkin. Zoologiya darsi uchun esa “Tabiat olami burchagi”ni sovg'a qildik, uni ikki yuzga yaqin turli-tuman qushlar bilan to'ldirdik. Bu yerda ham endi o'quvchilar ko'proq band bo'lishadi, olam va tabiat bilan bir butunlik his qilishadi, ularda jonzotlarga mehr-muruvvat, shafqat hissi uyg'onadi.
Kunlarning birida qiziqsinib, Ishtixondagi 8-maktabga borib keldim, yangiliklar bilan tanishdim. Maktab direktori Dilnozaxon Elmurodova bizga quyidagi ma'lumotlarni aytdi:
— Sobiq o'quvchilarimiz maktabimiz ravnaqiga juda katta moddiy-ma'naviy yordam ko'rsatishyapti. Bu yerda 6 milliard 900 million so'mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Ta'mirdan tashqari ikkita 400 o'rinli, bitta 240 o'rinli yangi qo'shimcha bino qurildi. Bosh prokurorning birinchi o'rinbosari Bahriddin Valiyevning shaxsan o'zi bu katta ishning boshida turdi, maktab ta'mirining 2021 yilgi Davlat dasturi loyihasiga kirishida, ayniqsa, u kishining yordami cheksiz bo'ldi. Yaqinda kutubxonamizga Bahriddin Valiyev 1000 dona badiiy kitob ham sovg'a qildi. Asomiddin Ibragimov esa 100 dona pavloniya, qarag'ay kabi ignabargli daraxt va archalar, turfa gullar va gazon maysasi ekib, sug'orish uchun quduqlar qazdirib, suv chiqazib berdi. Maktab hovlisi, umuman, manzarasi butunlay ochilib, ko'rkamlashib ketdi. Amerikadagi yana bir o'quvchimiz Xurshid Xudoyberdiyev besh yuzta kitob va daftar-ruchkalarni a'lochi o'quvchilarimizga armug'on qilib ketdi. Oriyatli, oqibatli va saxovatli shunday sobiq bitiruvchilarimiz bilan faxrlanamiz.
Issiq zabtiga olgan kunlarning birida, nihoyat, Ishtixon safarim qarib, Toshkent sari yo'lga chiqdim. Ertalab havoda kulrang bulutlar bor edi, ammo darhol tarqalib ketdi. Osmon bu gal yomg'ir tashlamadi. Mo'ljallagan ishlarimning ba'zilari bitmay ham qoldi. Ammo farah to'la ko'ngil bilan qaytdim. Yurt sevgisi, odamlar mehri, kitoblar ziyosiga to'yinib qaytdim. Har safar, bilmayman, nedan, nelardandir ko'nglim to'lmay, ginador qaytardim, bu safar minnatdor qaytdim. Ishtixonning yanada porlagan ertangi kunlaridan umidvor qaytdim. Asomiddin Ibragimov bilan suhbatda undan “Sizga o'xshagan el o'g'lonlari ko'pmi?” deya so'radim. “Ko'p, — dedi u. — Ular o'zini ko'rsatavermaydi, kimgadir uy qurib, kimgadir qoramol olib beradi. Sunnat to'ylarni o'tkazib beradi, yana kimlargadir dori-darmondan qarashadi. O'zining mahallasiga masjid qurayotganlar bor…”
…Tasavvufda inson yaltiramasdan porlashi kerak, deyiladi. Chunki yaltirash o'zga nurning ta'sirida paydo bo'lar ekan. Porlash uchun ichkarida asos lozim. Asos bu — sevgi. O'ziga, xalqiga, yurtiga, Robbisiga sevgi. Shu tobda bahravor tuyg'ular toshib keldi ichimdan. Porlab yashayotgan insonlarni alqagim, elu yurt g'amida donmi, somonmi bo'layotgani uchun ularga mehrli so'zlar aytgim keldi. Bir-biriga yelkadosh shunday oltin o'g'lonlari, javohir farzandlari borligi uchun Ishtixonni baralla maqtagim ham keldi.
Muhabbat TO'XTAShEVA,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.