Ayol ma'rifati

Ulug' avar shoiri Rasul Hamzatovning “Ona tilim” she'ri shunday g'oyaga asoslanadi: shoir tush ko'radi va u tushida foniy dunyoni tark etayotgan holda yotganida, uning oldidan o'z olami bilan ovora bo'lgan turfa odamlar o'tadi. Biroq hayot bilan vidolashayotgan shoirning qulog'iga so'nggi damda avar tilida quvnab so'zlashib ketayotgan ikki yo'lovchining suhbati chalinadi va shunda mo''jiza ro'y beradi: shoir ONA SO'Zning, ONA TIL — ONAning qudrati bilan yana yorug' dunyoga qaytadi.
Qayta-qayta o'qiydiganim bu she'r meni har safar hayajonga soladi va poyonsiz o'ylar ummoniga g'arq qiladi. Demak, ulug' Rasul Hamzatov aytmoqchiki, inson ruhiyatini ONA SO'Z — ONA TIL — ONA VATAN qutqaradi va mo''tabar onalar donishmand erkaklarimiz yonida turib, AYoL MA'RIFATI bilan dunyoga nur ulashadi.
Shu ma'noda yaqinda Respublika Oila va xotin-qizlar qo'mitasi qoshida tashkil etilgan, Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova tashabbusi bilan ish boshlagan “AYoL MA'RIFATI” deb nomlangan ilmiy-ijodiy kengash elimiz tanigan, turli sohaning muhtarama oqila insonlaridan iborat bo'lib, qo'mitani fuqarolar bilan bog'lab turadigan “ko'prik” rolini bajaradi.
Uning vazifasi oilaviy, milliy-axloqiy qadriyatlarga suyangan va uni mustahkamlagan holda farzandlarimiz tarbiyasida milliy ruh muvozanatini saqlash, ona zaminimizda yashab o'tgan mashhur va buyuk ayollar hamda ayollar bilan bog'liq qadamjolarni, Osiyo va turkiy xalqlarning tarixi, madaniyati, tili, adabiyoti va urf-odatlari haqidagi ma'lumotlarni keng targ'ib etish, jumladan, xotin-qizlarga jadid ayollar hayoti va faoliyati to'g'risida, uzoq va yaqin tarixda iz qoldirgan tarixiy shaxslar haqida ma'lumotlar yetkazish va boshqa o'ndan ziyod ma'rifat daryolarini “obi hayot” kabi ruhiyat kengliklariga singdirishdan iboratdir.
3000 yillik tariximizdan ma'lumki, dunyoni hayratga solgan ayollarimiz: ona To'maris, Zarina, Osiyo ona, Bilqis, Bibixonim, Zebuniso begim, Nodirabegim va boshqa malikalarimiz ona Vatan timsoli bo'lib tarixda qolgan. Ularning go'zalligi, fozila, komilaligi, nozik didi, saxovatli qalbi haqida turli-tuman rivoyat va afsonalar saqlanib qolgan. O'sha davrda yashagan bir shoir Bibixonimning go'zal¬ligi haqida: “Uning go'zalligini so'z bilan anglatish mushkul, chunki ul har qanday go'zal so'zdan-da go'zaldir”, — deb yozgan edi.
Tabiat ona bo'lish baxtini bermagan Bibixonimning nafosatga to'la qalbi, nozik aqli, tarbiyadagi fidoyilig-u mehribonchiligini Amir Temur behad qadrlagan va oqila malikaga temuriy shahzodalarning tarbiyasini ishonib topshirgan. Bibixonim Mirzo Ulug'bek, Muhammad Sulton, Xalil Sulton kabi suyukli nabiralarini ko'z qorachig'iday asrab, bor mehru muhabbatini ularga baxsh etdi. O'z sarmoyasi hisobidan yurt obodligi yo'lida savob ishlarga qo'l urib, Samarqandda ulug'vor madrasa bunyod qildi, olimlar, shoirlar va me'morlarga g'amxo'rlik qildi.
Yoki:
Maqsad na edi, kelding jahona,
Kayfiyatini bayon etib ket, —
deb yozgan Mohlar oyim — Nodirabegim nafaqat benazir shoira, ayni paytda malika, o'zining madaniyat va ma'rifatni rivojlantirish sohasidagi faoliyati bilan zamonasining “Nodirai davron”i edi.
Shoira hayotdan juda erta ketgan umr yo'ldoshi — Qo'qon xoni Umarxonning bevaqt vafotini doimo kuyinish bilan eslaydi.
“Kundan-kun ayriliq dardi va mushtoqlik alami haddan osha boshladi. Sabru chidam etagini har qancha ushlasam ham oxir qaror — sizlikdan devonalik qo'li bilan toqatim yoqasini pora-pora etadi. Goho uning xayoli bilan ko'ngil iztirobiga tasalli berdim, goho uning yodini qilib dilning hayajonli holatiga orom va taskin yetkazdim. Sayyidlar, shayxu ulamolarga hadyalar, tortiqlar qilib, duolarini oldim. Barchasini uning poki ruhiga bag'ishladim. Faqirlar va bechoralarga in'om va hadyalar bilan foyda keltirdim. Yaxshilik va muruvvat qilib, kambag'al bechoralarni xursand qildim va ehtiyojsiz yashashini ta'minlash borasida marhamat va shafqatlar ko'rguzdim… Gul bog'da g'ayrat bilan baland toqilik qilib, yarim doira shaklida mustahkam gumbaz bino qildim. Do'stlarga duogo'y joy bo'ldi. Uning yoniga turli ilmlar o'qiladigan, dilni ravshan qiluvchi salobatli madrasa soldirdim. Savdogarlar va sayohatchilar uchun katta mehmonxonalar barpo qildim. Astoydil kirishib, qo'shinlarni tarqatib, xalqni tinchlantirdim. Mamlakatni obod va bechoralar ko'nglini shod qildim. Din ahllari, ulamolarga yordam berdim. Shariat rivoj topdi. Dunyodan voz kechuvchi (darveshlar)ga ixlos va ishonch bildirdim, din va millat kamol topdi. Ilm-hunar ahliga shafqat va marhamat bilan mehribonchilik ko'rsatdimki, ular fikran ijodiy taraqqiy qildilar. Muhtojlar va gadolarni talablariga yetkazib, yaxshilik eshigidan noumid yubormadim” (Nodira devoni, inv. № 313, 6-7-betlar, Qo'lyozmalar instituti fondi).
Bir so'z bilan aytganda, uning zamondoshi bo'lgan muarrixlarning yozishicha, “Uning aqlu farosatiga zamon ahli hayron va qoyil qolar edi…”
Biz yuqorida keltirgan iqtiboslar ulug' tariximizning ulug' ayollari hayotidan bir tomchi, xolos. Bugun ish boshlagan respublika jamoatchilik kengashi a'zolari oldida esa bo'y qizlarimiz, guldan nozik kelinchaklarimiz, dunyoni endi tanishga intilayotgan qizaloqlarimiz qalbini ma'rifat ummoni ila serob qilishdek ulug' vazifa turibdi.
Xuddi shu niyat bilan jamoatchilik kengashi faollarining murojaatnomasiga javoban Bosh vazir o'rinbosari, Respublika Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova va ayrim guruh a'zolari Toshkent viloyatining Piskent tumaniga yo'l olishdi. Maqsad: muloqotlarda faol jamoatchilik va aholi vakillari farzand tarbiyasida xalq ogzaki ijodiyoti va folklor asarlaridan foydalanishini kuchaytirish, shuningdek, Toshkent viloyati Piskent tumanida 1909 yilda tug'ilgan shoira, folklorshunos olima, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muzayyana Alaviyaning ilmiy merosini keng targ'ib etish va nomini abadiylashtirish borasida jamoatchilik kengashi guruhi bildirgan takliflarni o'rganib, ushbu borada hukumat miqyosida zaruriy amaliy imkoniyatlar doirasini kengaytirishdan iboratdir. Chunki Piskent tumani aholisi va faol jamoatchilik 20 yilga yaqin davr mobaynida ushbu olima nomini abadiylashtirish taklifini ilgari surib kelayotgani ma'lum bo'ldi. Aholi orasida ayol ma'rifati va oqila ayollar harakati a'zolari tuman aholisi, oddiy uy bekalari bilan o'tkazgan suhbatlarida bir paytlar olima nomida yuritilgan kutubxona ayni paytda faoliyat yuritmayotganligi ma'lum bo'ldi va ushbu kutubxonani (hozirda tuman axborot-kutubxona markazi) Muzayyana Alaviyaning nomi bilan qayta nomlash taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, shoira, olima ijodiy-ilmiy merosini: “Oq olma, qizil olma”, “Sovet davri qo'shiqlari” to'plamlari, “Intizor”, “Dalli” dostonlari, odob-axloq masalalariga bag'ishlangan “Odamiylik”, “Dil nidosi”, “Yon qo'shnim — jon qo'shnim” kabi risolalarning elektron variantini o'zbekcha vikipediyaga hamda internet tarmog'iga joylashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Ma'lumki, Muzayyana Alaviya nomi xalqimiz orasida mumtoz qo'shiqday jaranglaydi. O'ta zahmatkash, o'z ona tili va Vatanining fidoyisi bo'lgan Muzayyana Alaviyaning bizga qoldirgan merosi — xalq og'zidan sochilgan duru gavharlarni tilla sandiqqa joylab, avlodlariga qoldirib ketganday bir mo''jizadir. “Muzayyana Alaviya zamondoshlar xotirasida” deb nomlangan xotira kitobini tayyorlash va nashr ettirish, olima nomida uy-muzey tashkil etish bugungi kunda hammamiz amalga oshirishimiz zarur bo'lgan ma'rifiy harakatdir.
Zulayho Mahkamovaning Piskent xalqi ayollari bilan muloqoti jamoat kengashining joylardagi ilk amaliy qadami bo'ldi. Folklorshunos olima Muzayyana Alaviyaning “Oq olma, qizil olma” deb nomlangan xalq og'zaki ijodiyoti termalaridan tuzilgan kitobi xalqimiz orasida juda mashhur bo'lgan. Ularni san'atkorlarimiz qo'shiq qilib kuylashgan, qiz bazmi va nikoh to'ylarida xalqimiz tomonidan aytilgan.
“Hatto jadid ma'rifatparvarlik harakati boshlangan XIX asr oxiri — XX asr boshlarida ham hech kim Kaspiy dengizidan Oltoy tog'larigacha bo'lgan kenglikda istiqomat qilgan turkiy xalqlar og'zaki durdonalarini yozib olish lozimligini o'ylamagan.
Ayniqsa, “to'rt devor” ichida yashagan, begona erkak bilan hamsuhbat bo'lishi gunohi azim hisoblangan ayollarning dostonchilik, rivoyatchilik, qo'shiqchilik va maqolchilik ijodi namunalarini avlodlarga qoldirish imkoni bo'lmagan va shuning uchun ular tarix qariga singib ketavergan”, — deb yozgan edi akademik Naim Karimov “Atoqli folklorshunos olima va shoira” maqolasida.
— Ana shunday jasoratli ishni ilk bor Muzayyana Alaviya xonim boshlab berganlar, — dedi Zulayho Mahkamova uchrashuvda.
Muzayyana opa esdaliklarida shunday yozganlar:
“Tog'am Abdulla Alaviy o'sha paytda ham shoir, o'z zamonasining mashhur insoni bo'lib, Leningradda tahsil ko'rar edilar. Meni — yosh qizni uydagilar turmushga berib yubormoqchi bo'lganlarida, undan xabar topgan tog'am otamga xat yozgan:
“To'ra aka, Muzayyanajon — nozik tabiatli, juda ham tiyran, andishali, ziyrak qiz. Shoirlik ta'bi bor. O'tmishda bunday tabiatli qizlar o'zlari kutgan orzu-havaslariga erisholmasdan, yig'lab kelib, yig'lab ketganlar. Men o'shalardek baxtsiz bo'lmasin, deb qo'rqaman. Agar biz uni o'qitsak, yaxshi bir kishi bo'lib yetishadi. Shuning uchun uni kuyovga berishda juda ehtiyotkorlik zarur. Sabr qiling, singlimning inja ko'ngli yaralanmasin, kelajakka ishonch bilan kulib turgan ko'zlari yoshga to'lmasin…”
Shu xatni o'qib, muhtaram Prezidentimizning o'tgan yili 8 mart bayrami tadbiridagi nutqida butun O'zbekiston onalariga, barchamizga murojaat qilib, “qizlarimizni o'qitaylik, ularga ilm beraylik, ularni erta turmushga bermaylik!” degan ma'nodagi ta'sirli da'vatkor so'zlari yodimga tushdi.
Qarang, hamma zamonlarda ham xalqimizning ma'rifatparvar qatlami qizlarni asrashni o'z vijdoniy vazifasi deb bilganlar, — dedi Zulayho Mahkamova. — Shuningdek, olimamiz “… Xatning ta'siri bo'lmagach, men Piskentdagi uyimizdan Samarqandga qochib ketishga majbur bo'ldim, bir oyog'imga otamning mahsisini, ikkinchi oyog'imga o'zimning mahsimni kiyib qochib ketganman. “Ma'rifatga o'zimni otdim” mening birinchi she'rim edi,” — deb yozganlar esdaliklarida.
O'zbek qizlari bilimga tashna bo'lgan va ular o'qish uchun, bilim olish uchungina o'z uylaridan chiqib qochib ketganlar. Faqat bilim olish yoki erki uchun kurashishgagina shu yo'lni tutganlar. Albatta, bu davr bilan bog'liq og'ir holatlar, lekin baribir ilm olish uchun ana shunday jasorat ko'rsata olganlar nomi abadiy yashaydi!”
Olimaning boshidan ko'p achchiq kunlar o'tgan.
Muzayyana Alaviya Cho'lpon, Sanjar Siddiq, G'ozi Yunus, Xurshid kabi shoirlarni yaxshi bilgan, muloqotda bo'lgan.
U 1931 yilning yanvarida jonajon tog'asi, ma'naviy rahbari, Cho'lponning sevimli shogirdi Abdulla Alaviydan ayriladi. Tog'asining tabarruk ruhiga “panturkist” degan “yorliq” taqaladi.
Oradan ko'p o'tmay, turmush o'rtog'i Lutfulla Alaviyga “xalq dushmani” tamg'asi bosilib, ma'rifatparvar insonlar qatorida qamoqqa olinib, benomu nishon ketdi.
Maktablarda dars berishdan mosuvo qilinadi. Ulug' fors shoiri Hofiz Sheroziyning bir baytini tarjima qilgani uchun maktabdan, tahsil olayotgan pedagogika institutidan haydaladi.
Muzayyana Alaviya xonim o'sha paytlarda qatag'on qilingan millatimizning asl ziyolilarini ko'rganlar va iztirobini his etganlar. O'zlari ham qatag'on azobini ko'rganlar. Xo'sh, nega biz jadid ayollarimiz safida Muzayyana opa kabi jasorat sohibalarini sanamasligimiz kerak? Menimcha, bemalol bu ayollarni ham jadidalarimiz safida sanashga haqlimiz!
Qatag'on qilingan, Sibirga surgun qilingan, otib tashlangan, dom-daraksiz ketgan otasi, aka-ukasi, turmush o'rtog'i yoki farzandlaridan ayrilgan o'zbek ayollari, o'zbek onalari dardini ichiga yutgan, yuragini o't bo'lib kuydirgan azoblarini pinhoniy qo'shiqlarga, laparlarga, xalq og'zaki ijodiga jamlagan. Ularning iztiroblarini, orzu-umidlarini daftarga tushirish yosh Muzayyana xonimning maqsadi bo'lgan.
Shuningdek, Muzayyana Alaviya milliy qadriyatlarimiz bo'lgan “Sumalak sayli”, “Qovun sayli”, qadimiy milliy bayramlarimizdan Navro'z sayli tadbirlarini yaxshi o'rganganlar. Shu bois u kishining ijodiy merosida o'zbek xalq qo'shiqlari, terma qo'shiqlar, laparlar, yor-yorlar, Xorazm qo'shiqlari, kelin salom, o'lan, bayt g'azallar, mehnat qo'shiqlari, allalar joy olgan edi.
Ulug' san'atkorimiz Kommuna Ismoilova mahorat bilan kuylagan Xorazm termalarini hozir ham yoshlarimiz kuylashmoqda.
Olima yurtning ichida bo'lib, Fozil shoirdan Go'ro'g'li turkumiga kirgan “Intizor” va “Kunlarim” dostonlarini yozib olib, yana qancha yangi nomlarni kashf qilib, 1959 yilda “O'zbek xalq qo'shiqlari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Muzayyana Alaviya ulug' olima bo'lish bilan birga ulug' ona ham edi.
U xotiralarida “Menda, Muzayyana Alaviyada, ikki o'g'il — Farhodxon, Anisxon, qizim (o'rtanchasi) Musavvaraxon — hammasi ham ota kasbini egallab, vrach mutaxassis bo'lib yetishdi” — deb yozgan.
“Bugun davramizda olimamizning qizlari Musavvaraxon opa ishtirok etayotgan ekanlar, men chin dildan ta'zim qilaman va rahmatlar aytaman, — dedi Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova. — Muzayyana Alaviya nomi xalq qalbida abadiy yashashi uchun bizlar barchamiz, xususan, olima tug'ilib o'sgan Piskent ahli ko'p ishlar qilishimiz kerak.
Faol jamoatchilik vakillari, ijodkor ayollar Muzayyana Alaviyaning Piskentda — o'zi tug'ilgan yurtda, garchi 16 yoshida bu yerdan ko'chib ketishgan bo'lsa-da, uy-muzeylarini tashkil etish taklifini bildirishmoqda. Endilikda ushbu taklifni ilgari surish, yaqindagina nashrdan chiqqan ikki jildlik saylanma asarlarini targ'ib etish, va yana chop etilishi rejalashtirilayotgan navbatdagi ikki jildlik asarlarini nashr ettirish kabi ishlarni siz azizlar bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur.
Mana shu ishlarni amalga oshirib, Toshkent viloyati Piskent tumani misolida butun respublikamizga xalq og'zaki ijodi namunalarini, olimamiz qoldirgan ilmiy-badiiy merosni targ'ib etib, yoshlarimiz tarbiyasidagi pedagogik ta'sirini ham ochib beramiz deb umid qilaman”, — deb Zulayho Mahkamova uchrashuv ahliga yuzlanganida, ishtirokchilarning mijjalarida sevinch yoshlari qalqdi.
Muzayyana Alaviyaning qizlari Musavvara aya, uchta egizak nabiralari — ahli Piskent, xalq og'zaki ijodi bilimdonlari AYoL MA'RIFATI nuridan masrur edi. Shu payt barchaning quloqlari ostida O'zbekiston xalq shoiri, muhtarama Zulfiyaxonimning ulug' Muzayyana Alaviyaga atab aytgan ushbu so'zlari jaranglab ketgandek bo'ldi: “Siz asarlaringiz bilan ham, mehnat faoliyatingiz bilan ham, shaxsiy namunangiz bilan ham kishini o'qishga, o'rganishga, ayniqsa, bizning benihoya boy og'zaki adabiyotimiz xazinasiga g'avvosday sho'ng'ishga targ'ib qilar edingiz. Men ham sizning izingizdan bordim, siz o'sha xazinadan olib xalqimizga bergan folklor durdonalarini o'rganishga mukka tushdim. Bu durdonalar behisob, bebaho…
Qaysi birini aytaylik, sizning o'zingiz, Muzayyanaxonim, yillar changini artib bizning ko'zimizga tutgan dostonlar, ertaklar kammi, bepoyon respublikamiz bo'ylab kezib hali u puchmoqdan, hali bu shahardan dostonchi yoki qo'shiqchini topib yozib olgan doston, qo'shiq ozmi?! O, opajonimiz, kishilar qalbiga yo'l, uning dilidagi boyligini uqib olish, uni terib olib xalq mulkiga aylantirish uchun katta san'at kerak!”
Biz Toshkentga qaytayotganimizda, ertalab atrofni qurshagan quyuq tuman tarqagan, quyosh charaqlab nur sochar, ruhimiz pardek yengil edi.
Sharifa SALIMOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi, shoira.