El ichra yangragan she'r-u navolar

yoshlarni kamolotga chorlaydi

Ma'naviyat — hayotimiz bezagi! Qiziqarli kitoblar, teatr, qo'shiq san'ati ma'naviyatning oltin qanotlaridir. Internetdan, virtual olamdan charchagan odamlar o'sha kitoblarni yozgan yozuvchi-shoirlar, aktyorlar va xushovoz xonandalar bilan yuzma-yuz ko'rishganda, ularning o'zlaridan diltortar she'rlar, sahna asarlari va jonli ijroda qo'shiqlar tinglaganda chinakam ma'naviy oziq oladilar. Shu tariqa ma'naviyat millatni, xalqni taraqqiyotga yetaklovchi, davlat qudratini oshiruvchi muhim omilga aylanadi. Shukurki, bugun hayotimiz moddiy jihatdan ancha to'kis, shunga yarasha farovon yashayapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyat”, degan purma'no so'zlari faoliyatimiz mezoniga aylangan.

Aytish o'rinliki, bugungi axborot globallashuvi davrida paydo bo'lgan ma'naviy-mafkuraviy “bo'shliq” barcha ziyolilardan qat'iy sa'y-harakatlar talab etmoqda. Insonning jamiyatdagi o'rni uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak ma'naviy qiyofasi bilan belgilanishini izohlashga hojat yo'q.

Olmazor tumanida 5 ta oliy ta'lim muassasasi, 35 ta umumta'lim maktabi, 64 ta mahalla, 53 ta davlat va 29 ta xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari, 20 dan ortiq turli tashkilotlar, 5000 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari, Abdulla Qodiriy va Cho'lpon nomidagi ikkita katta kutubxonadan tashqari yana 21 ta ana shunday nurxonalar mavjud. Har kuni hayot qaynaydigan bu maskanlarda nav­bati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazilmoqda.

Otashin shoir Cho'lpon ta'biri bilan ayt­ganda, xalq ichiga quchoq ochib borish ijod va san'at ahli uchun odatiy holga aylangan. Aholimiz, ayniqsa, dunyoqarashi shakllanayotgan yoshlar Sirojiddin Sayyid, Xurshid Do'stmuhammad, Ahmadjon Meliboyev, Mamatqul Hazratqulov, Abdusaid Ko'chimov, Sharifa Salimova, G'ayrat Majid, Botirjon Ergashev, Mirza Kenjabek, Olloyor Begaliyev, Zulfiya Mo'minova, Rustam Musurmon, Farog'at Xudoyqulova, Ma'mura Zohidova, To'lqin Eshbek, Shodiqul Hamro, Dilshod Rajab kabi taniqli yozuvchi-shoirlar, Erkin Komilov, Tesha Mo'minov, Mehmonali Salimov, Turg'un Azizov, Alisher Otaboyev, Muqaddas Xoliqova, Zuhra Ashurova, Ra'no Yarasheva kabi sevimli san'atkorlarning purma'no so'zlari, dilkash suhbatlaridan bahramand bo'lar ekan, ular qalbida ona Vatanga muhabbat, elga sadoqat tuyg'ulari qay darajada jo'sh urayotgani gulgun chehralarida yaqqol aks etib turadi. Ezgu maqsadimiz — to'g'ri fikrlaydigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama yetuk komil insonni tarbiyalash ekan, ushbu sa'y-harakatlar shunga yarasha bo'laveradi.

Inson o'tmish va kelajak o'rtasida hayot kechirar ekan, shunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar har bir insonni kamolot sari yetak­layveradi. Bugun katta-yu kichik birdek yangi O'zbekistonni chinakam bunyod etish ishqi bilan yashamoqda. To'g'ri, so'nggi yillarda bu borada zalvorli qadamlar tashlandi. Orzu-umid­larimiz esa yanada ulkanroq. Uchinchi uyg'onish davrida biz yangi O'zbekistonni har tomonlama mukammal bunyod etishga erishamiz, albatta.

Atoqli shoir Erkin Vohidovning “O'zbegim” qasidasiga yangicha nazar bilan yondashgan To'lqin Eshbek “Yangi O'zbekistonim” she'rida yozganidek:

Tarixingda qolmadi pinhon,

Armon ila eslaydigan gap.

Zadalar ham ketdi ko'ngildan,

Nadomatdan chiqmaydi hech naf.

Istiqloldan munavvar hayot,

Dillarimiz bo'ldi charog'on.

Endi yangi O'zbekistonda

Yashamoqda elim farovon!

 

Afrosiyob — noyob yodgorlik,

O'rxun xatin qadri joyida.

Al-Beruniy, al-Xorazmiy,

Haykallarin turing poyida.

Ko'hna Turon nomi abadiy,

Fido bo'lsin moziyga jonim.

Bu kun jahon bermoqdadir tan,

Senga — yangi O'zbekistonim!

 

Shaharlaring “Siti”ga monand,

Qishloqlaring bamisli shahar.

Taraqqiyot bobida senga

Havas qilsa arziydi bashar.

Aql bovar qilmas metrolar,

Aylanmoqda misli falakda.

“Afrosiyob” — yerdagi uchoq,

Hech kim demas: “jonim halakda…”

 

Ta'riflari bo'lmaydi ado,

O'zbek elim ko'rgan baxtini.

“Yo'l xarita” — manzili porloq,

Ko'ring xalqim shaxdam ahdini.

G'animlar ham ko'rib qo'ysinlar,

O'zbekning hech yomoni bo'lmas.

Umid bog'i yashnaydi abad,

El orzusi hech qachon so'lmas!

Amriqo ham bugun bir qadam,

Beruniyning ruhi kezar shod.

“O'zbegim”ga bitar qasida,

Zamondoshim, har yangi avlod.

Muazzam ALIBOYEVA,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Toshkent shahar Olmazor tuman bo'linmasi rahbari, ma'naviyat fidoyisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + seventeen =