Kutubxonalar qalbga sokinlik beradi
Kutubxona xizmatlaridan yangicha usullarda foydalanishning istiqbolli imkoniyatlari mavjud. Bugun kutubxonalar faqat ma'lumot bazasi emas, tom ma'noda jamiyatning ajralmas bo'lagi, jamiyat a'zolarining qadrdon maskaniga aylanishi kerak. Buning uchun kutubxonalar jahon tajribasidan o'rnak olib ta'limni qo'llab-quvvatlashi, so'nggi texnologiyalardan foydalanishi, mahalliy biznesga yordam berishi ham mumkin.
Har bir zamonaviy kutubxona turli toifadagi tashrif buyuruvchilarni jalb qilish uchun kerak bo'ladigan xususiyatlarga ega bo'lishi lozim.
Birinchidan, kutubxonalarda guruh bo'lib yoki oilaviy suhbatlashish, munozara o'tkazish imkoniyatini yaratish kerak. Natijada, kutubxonaning bir qismi darslar, treninglar, jamoat tadbirlari, uchrashuvlar, kitobxonlar klublari, o'smirlar va bolalar uchun dasturlar markaziga aylanadi.
Ikkinchidan, gavjumlik barobarida kutubxonaning bir qismi sokinligini saqlab qolishi zarur. Asrlar davomida kutubxona bilim makoni bo'lib kelgan. Bugungi kunda odamlar doimiy ravishda axborot olish imkoniyatiga ega.
Endi kutubxona bilim olishning yagona manbai emas.
Shunga qaramay, foydalanuvchilar sokin o'qish joylarini qadrlaydi. Shu sababli, odamlar hali ham bosma kitob yoki elektron resursni o'qish, o'z fikrlarini tartibga solish yoki kundalik tashvishlarga chalg'imasdan ishlash uchun tinch makon izlab kutubxonaga intiladi.
Bugun yoshlar cheksiz axborot oqimi va texnika shovqini orasida o'smoqda. Ammo bunday sharoitda ilmiy va ijodiy faoliyat bilan shug'ullanib bo'lmaydi. Yoshlar o'zi yolg'iz qolib rejalarini pishitishga ehtiyoj sezadi. Turli xiyobonlar, kafelar o'rniga kutubxonalar bu vazifani a'lo darajada uddalaydi. Qolaversa, kutubxonaga kelgan har bir odamdan mutolaani talab qilishimiz kerak emas. Demak, kutubxonaning bir burchagini shinam va qulay jihozlangan zalga ajratsak, foydalanuvchilar o'zlarini erkin his qila olishadi.
Kutubxonalarda sharoit yaratish va xodimlarga e'tiborni parallel olib borish zamon talabi. Bugun dunyo davlatlari kutubxonalarida xizmat qilayotgan kadrlar qator fazilatlarni o'zida jamlashga harakat qilmoqda. Ulardan ayrimlarini keltirib o'tamiz:
Bugun kutubxonachilar ham xonaga qamalib o'tirolmaydi. Ular joylarga chiqishi, ba'zan kun bo'yi targ'ibot tadbirlarida, xalq bilan muloqotda bo'lishi mumkin. Bunday ishlar uchun sog'lom bo'lish muhim.
Qolaversa, ko'chalarda, dala tadbirlarida har doim ko'plab kutubxona inventarlaridan foydalaniladi. Tokchalar, javonlar, stollar, kitoblar ‒ bularning barchasini olib yurish va joylashtirish kutubxonachidan kuch talab qiladi, albatta.
Haydovchilik ham soha xodimlari uchun zarur. Bizga boshqacha eshitilsa ham bugun dunyoda avtomobil boshqara oladigan kutubxonachilar xazina misol qadrlanadi.
Ko'p tarmoqli IT mutaxassisi bo'lish ham kutubxonachining vazifasi. Zamonaviy mutaxassis nafaqat Word nima ekanligini bilishi, balki PhotoShop, videomontajdan mohirona foydalanishi, kollajlar, giflar, multfilmlar va boshqalarni yaratishi kerak. Busiz ijtimoiy tarmoqlarga, ular orqali xalq orasiga kirib borish mumkin emas.
Press-relizlar, davriy nashrlarga maqolalar, kutubxonadagi blogpostlarni yozish kutubxona mutaxassislari uchun eng qiyin ishlardan biridir. Shu bois kutubxonachi ijodkorlikdan xabardor bo'lishi lozim. Ijodkorlik bo'lmasa o'quvchilarni mutolaaga jalb qilish qiyin kechadi. Yaratuvchanlik ishtiyoqi barcha sohalarda qadrlanishi sir emas.
Kutubxonalar shunchaki kitoblar va kompyuter xonalari emas, balki odamlarni kashf qilish, muloqot qilish va tasavvurni kengaytirish makonidir. Ba'zan kutubxonalarning davri o'tdi, degan gap-so'zlar ham quloqqa chalinib qoladi. Ammo bunday deyishga asos yo'q. Zero, rivojlangan davlatlarda yigirma birinchi asr kutubxonalari fuqarolarning dunyoqarashini shakllantirishning asosiy manbasi. Ular odamlarni tarbiyalaydi va sog'lom fikrlovchi jamoalarni shakllantiradi.
Gulbahor SAFAROVA,
Angren shahar Axborot-kutubxona
markazi direktori