Kalomida hikmat, hayotida ibrat

yoki Oliy Majlis Senati a'zosi, “Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi raisi Ikromxon NAJMIDDINOV faoliyati haqida so'z
Oktyabr oyining ikkinchi o'n kunligi. Qamchiq dovonining keng va ravon yo'llarida oltinlashib borayotgan oltin kuz manzaralariga qarab ko'z to'ymaydi. Kayfiyat chog' bo'lsa, uzoq yo'l ham yaqin bo'lar ekan.
Viloyat Xalq qabulxonasi Namangan shahriga kiraverishda joylashgan. Odamlarning najot izlab boradigan manzillaridan biriga aylanib qolgan bu idoraga o'ttiz yillik qadrdonim Bahodir Yusupov rahbarlik qiladi. Menga u “Chinor shoxidagi sinchalak” deya lutf bilan quchog'ini ochdi. “Chinor shoxidagi sinchalak” — bu dunyodan iymon va ezgu amallar bilan, ilm-ma'rifat izlab, fozillarga xos hayot kechirib, o'zidan go'zal xotiralar qoldirib ketgan, butun hayotini qishloq xo'jaligi rivojiga bag'ishlagan namanganlik olim Nosirjon Otaxonov haqidagi kitobimning nomi. Bahodir Yusupov ham Nosir Otaxonovning sadoqatli shogirdlaridan biri. U ko'p kitob o'qiydigan, gazeta va jurnallar bilan muntazam tanishib tafakkur qiladigan, afsuski, bugungi davrda kamayib borayotgan rahbarlar sirasiga kiradi.
U bilan uzoq-yaqin o'tmishdagi voqealarni, qadrdon do'stlarni esladik. Ikromxon aka Najmiddinov huzuriga borishim kerakligini aytdim. Bahodir Yusupov Ikromxon aka bilan telefonda gaplashib, mening kelganim xabarini berdi. Uchrashuv vaqti kelishib olindi.
Namangan bejizga gullar shahri deyilmaydi. Bu shaharga qadam qo'yishingiz bilan, o'zingizni gullar olamiga kirib qolganday sezasiz. Namangan shahri markazidagi xalqaro gullar festivali o'tadigan Bobur nomli istirohat bog'idagi manzara shunchalar maftunkorki, bu go'zallik qarshisida qalbingiz zavqqa to'ladi. Shu bog' yonida “Nuroniy” jamg'armasining Namangan viloyati bo'limi joylashgan.
Yosh ulg'aygach, yoshi ulug', so'zlarida hikmat, hayotida ibrat bor keksalar bilan suhbatlashishga intilar ekansan, kishi.
Mamlakatimizda taniqli davlat va jamoat arbobi, iqtidori va salohiyatini yurtimiz, xususan, Namangan viloyati taraqqiyotiga baxshida etayotgan, barchamiz intilayotgan kelajakni, oila, farzandlar baxtu saodatini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirish va boshqa jabhalarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning adolatli va xalqparvar siyosati g'oyalariga sodiqlik bilan, kamarbasta bo'lib faoliyat olib borayotgan Ikromxon Najmiddinov huzuridaman.
Ikromxon aka bilan meni uning ustozi Nosir Otaxonov tanishtirgan edi. O'shanda u To'raqo'rg'on tumani hokimi bo'lib ishlardi. Ikromxon Najmiddinov tumandagi qishloq xo'jaligi sohasida erishilgan yutuqlar bilan batafsil tanishtirgan edi. “Qishloq hayoti” gazetasida kattagina tahliliy maqola yozgandim. Shundan buyon Ikromxon aka qanday yuqori lavozimlarda ishlasa-da, ijodiy hamkorligimiz davom etib kelmoqda. Matbuotga, ayniqsa, gazetalarga va ularning ijodkorlariga munosabati o'zgarmadi. Shu sabab bo'lsa kerak, qachon Namanganga borsam, avvalo, Ikromxon hoji akaning duosini olaman. Gazetaga biror maqola yozmoqchi bo'lgan qahramonlarim haqida so'rayman. U kishining xolisona fikrlari men uchun doimo qimmatli bo'lgan.
Bundan bir necha yil avval Ikromxon akaning tavsiyasi bilan yangiqo'rg'onlik Tojimirza Abdullayev haqidagi “Qishloq hayoti” gazetasida bosilgan “Suv keltirgan zar keltirgandan aziz” sarlavhali xotira ocherkim katta e'tiborga sabab bo'lgandi. Tojimirza Abdullayevning shogirdlari va uni bilgan yuzlab odamlarning olqishini olgandim. Mana, hali-hanuz ijodiy hamkorligimiz davom etib kelmoqda.
U yoshi tabarruk yetmish beshga qarab borayotgan bo'lsa-da, muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona va adolatli siyosati ro'yobi uchun fidoyilik ko'rsatib, o'zgalar deb o'zini unutadigan, g'ayrati navqiron, oliyjanob inson. Ana shunday kamtarin va samimiy nuroniylar bilan hamsuhbat bo'lishning o'zi bir bir baxt.
— Hozirgina paraatletika bo'yicha “Parij-2024” paralimpiya o'yinlarida oltin va bronza medallarini olgan Nurxon Qurbonova ishtirokidagi “Uch avlod uchrashuvi”dan keldim, — dedi Ikromxon Najmiddinov. — Viloyatimizdagi bunday oilalar yoshlar uchun ibrat maktabi bo'lmoqda. Uchrashuv Mingbuloq tumani “Madaniyat” mahallasidagi chempion qizimiz Nurxon Qurbonovaning bobosi yashaydigan Mirzakarim ota Karimov xonadonida bo'ldi. Nuroniylar, viloyat ma'naviyat va ma'rifat markazi vakillari, mahalla faollari va shu hududdagi maktab o'quvchilari ishtirok etgan mazkur tadbir, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ta'sirli bo'ldi. Prezidentimiz tomonidan sovg'a qilingan avtomobildan tushib kelgan Nurxon Qurbonovani o'quvchilar quchoq-quchoq guldastalar bilan kutib olishdi. Matonat va jasorat ko'rsatgan Nurxon nafaqat Namanganimiz, balki O'zbekistonimiz faxriga aylandi. Uning yutuqlari yoshlar qalbida, men ham olimpiadalarda qatnashib, medallar olaman, degan umid uchqunlarini yoqdi.
Shu kunlarda Paralimpiya o'yinlarida para-engil atletikaning disk uloqtirish turi bo'yicha oltin va yadro uloqtirish turi bo'yicha bronza medallarini qo'lga kiritgan Tolibboy Yo'ldoshev, paradzyudo turi bo'yicha kumush medal sohibasi Kumush Xodjayevalar bilan ham “Uch avlod uchrashuvi”ga tayyorgarlik ko'rilmoqda.
— Kimki keksalarning hayot maktabidan ta'lim olsa, hech qachon kam bo'lmaydi, — deya Ikromxon aka so'zini davom ettirdi. — Bugungi kunda viloyatimizdagi yetti yuz sakson sakkizta mahalla fuqarolar yig'inlarining har birida o'n besh nafardan “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etilgan. Bu guruhlarda 11 ming 820 nafar hayotiy boy tajribaga ega bo'lgan nuroniy otaxonlar va onaxonlar savobli ishlarga bosh-qosh bo'lishmoqda. Namangan tajribasi sifatida ushbu guruhlarni beshtadan kichik guruhga bo'ldik. Endilikda har biri uch nafar nuroniydan iborat yoshlar bilan ishlash, oilani mustahkamlash va ajrimlarning oldini olish, tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish va aholi bandligini ta'minlash, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish, mahallada sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish guruhlari samarali ish olib bormoqda.
“Bir nuroniy o'n yoshga mas'ul” tamoyili bo'yicha uyma-uy yurib, viloyatimizda 22 ming 210 nafar muammoli yoshlar borligi aniqlandi. Ular bilan ikki ming ikki yuz nafar tajribali nuroniy tarbiyaviy ishlar olib borishdi, bunday yoshlarga ijtimoiy va moddiy yordam berildi. Muammoli yoshlarning 13 ming 300 nafari to'g'ri yo'lga kirdi. Endi bir fikr qilsak, bu harakat tufayli minglab oilalarga tashvish o'rniga xotirjamlik kirdi. Qancha yoshlar jinoyat yoqasidan qutqarib qolindi. Olti mingga yaqin shunday yoshlar ishga joylashtirildi. Xalqimizda “Bekorchidan xudo bezor” degan maqol bor. 2 ming 840 nafar tarbiyasi og'ir yoshlar kasb-hunar o'rgatishga yo'naltirildi. Bunday xayrli ishlarga niyatlari ulug', qadamlari qutlug' bo'lgan O'zbekiston Qahramonlari Xalchaxon Mirzayeva, Oyshaxon Qo'chqorovalar ham munosib hissalarini qo'shayotgani uchun siz vakil bo'lgan “Hurriyat” gazetasi orqali o'z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
“Mehri yo'q kishi mehr topolmas” degan gap bor. Viloyatimizda ikki yuz oltmish mingga yaqin yoshga doir pensiya oluvchilar mavjud. Ularning 33 nafari 100 yoshdan oshgan tabarruk insonlardir. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan esa bor-yo'g'i to'rt nafar oqsoqol qolgan bo'lsa, 376 nafar front orti mehnat faxriylaridir. Ulardan yoshlarimiz shukronalik tuyg'ularini o'rganishmoqda. Yo'qchilikni ko'rganlar to'qchilikning qadriga ko'proq yetadi. Shunday mo'ysafid otaxonlar va munisa onaxonlardan Ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik, qahatchilik va qashshoqlik paytlarida odamlar qanchalik azob-uqubatlar bilan kun kechirishganlari haqidagi hayotiy hikoyalarni eshitgan yoshlarimiz hayratlanishmoqda. Bugungi tinchlik, osoyishtalik, farovonlik, eng muhimi, to'kinchilik qadrini his qilishmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kambag'allikni qisqartirish bo'yicha murosasiz kurashni boshlagan paytda 7,5 million yoki jami aholining 23 foizi kambag'allik darajasida deb qayd etilgan edi. Samarali va adolatli ijtimoiy siyosat hamda manzilli va aniq chora-tadbirlar ko'rilishi natijasida 2024 yil boshiga kelib kambag'allik darajasi 11 foizga tushishiga erishildi. Yangi O'zbekistonning bosh shiori “Inson qadri uchun!” deb belgilandi. Bu ezgu amal aholi hayotini erkin va farovon qilishdek, odamlarni shu aziz yurt ravnaqi yo'lida safarbar etishdek savobli ish yo'lida birlashtirdi. Bugunga kelib Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag'allikni qisqartirishni umummilliy harakatga aylantirish ilgari surilmoqda. O'zbekiston Kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylarining O'zbekiston xalqiga murojaati ham aynan kambag'allikka qarshi kurashishda barchamiz birlashib, yurtimizni obod va yanada farovon mamlakatga aylantirish yo'lidagi xayrli chaqiriq bo'ldi, — dedi Ikromxon aka. — “Kimning qorni to'q bo'lib, qo'shnisi och bo'lsa, u kishi (chin) mo'min emasdir” deyiladi hadisi shariflarda. Bu hikmat nafaqat islomiy, balki butun insoniyat uchun ham ibratli bo'lgan kalomdir. Aslida, har bir inson o'z hamyurtining birodari va do'sti, tug'ishgan opasi va akasidek yaqin ekanini anglash kerak. Demak, bu muammoni bartaraf etish barchamizning burchimiz. Mamlakatimizda olib borilayotgan kambag'allikka qarshi kurashish siyosati dunyo hamjamiyatini ham tashvishga solib turgan kambag'allik muammosini bartaraf etishda muhim ijtimoiy ahamiyatga egadir.
Suhbatimiz yakunlanay deb turgan bir pallada Ikromxon akaning qo'l telefoni jiringlab qoldi. Saylovchilar bilan uchrashuv vaqti yaqinlashganini aytishdi…
“Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi mutaxassisi Shermuhammad To'rayevning ma'lum qilishicha, Ikromxon Najmiddinov Oliy Majlis Senati a'zosi sifatida qonunlar qabul qilish jarayonlarida ham, siyosat jabhasida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Uning nomzodi viloyat kengashi deputatligiga qo'yilgan bo'lib, hozir saylovoldi uchrashuvlari ham yakuniy pallaga kirdi.
Ommaviy axborot vositalariga xayrixoh va jurnalistlarning sadoqatli hamkori, adabiyotchilar orasida ham katta obro'-e'tiborga ega Ikromxon Najmiddinovning xayrli va ezgulik amallariga Yaratganning o'zi baraka bersin!
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.