Rafael NEKTALOV: Bag'rikenglik va o'zaro totuvlikni qadrlayman

O'zbekistondagi amalga oshirilayotgan demokratik o'zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni muntazam kuzatib boraman. Bu galgi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda fuqarolar yanada faol qatnashib, umumiy saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berishda ishtirok etganligi e'tiborga molik. Ayniqsa, xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi, siyosiy jarayonlardagi faolligi oshganligi meni quvontirdi. Parlament va mahalliy vakillik organlariga saylangan xotin-qizlarning safi avvalgi yillarga qaraganda yanada kengayganini, gender kvotalari oshirilganini olqishlamoq joiz.
Amerikada yashasam-da, asli Vatanim O'zbekiston. Samarqandda tug'ilganman. Umrimning yarmi shu yurtda o'tgan. Shu bois O'zbekistonni juda yaxshi ko'raman. Tug'ilgan yurtimni qo'msab doim yuragim Vatan sog'inchi tufayli unga talpinib turaveradi. O'zbekistonning jonajon ko'chalarida, go'zal shaharlarida yurib, u joylardagi obodlik va farovonlikni ko'rib zavqlanaman. Avvallari ham xalqaro kuzatuvchi sifatida O'zbekistonga ko'p kelganman. Bu galgi safarim ham juda salmoqli bo'ldi. Qo'qon, Andijon, Farg'ona shaharlarida, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida bo'ldim.
Qo'qonda Yangi O'zbekistonning yangi oliy o'quv yurtlaridagi xalqaro andozalar darajasidagi zamonaviy shart-sharoitlarni ko'rib hayratlandim. Talabalarga bilim berish jarayonlarida eski qoliplardan voz kechilibdi. O'g'il-qizlar ta'lim jarayonlariga ijodiy yondashuvlar asosida jalb etilibdi.
Samarqandda 27 oktyabr — saylov kuni bir nechta saylov nuqtalarida bo'lib, ovoz berish jarayonlarini kuzatdim. Samarqand shahridagi 8-maktabdan iliq taassurotlar bilan qaytdim. Bundan besh yil avval parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida shu maktabda bo'lib, ayrim kamchiliklar haqida fikr-mulohazalarimni bildirgan edim. Ular o'sha kamchiliklarni bartaraf etganini ko'rib quvondim.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bag'rikenglik, millatlararo totuvlik, davlatlararo hamdo'stlik borasidagi siyosatini to'la qo'llab-quvvatlayman. Ayniqsa, qo'shni davlatlar bilan chegaralar ochilganligini, chegaralardagi chiqish-kirish borasidagi tartib-qoidalarning soddalashganligini, turli rasmiyatchiliklar bartaraf etilganligini, savdo va madaniy aloqalar mustahkamlanganligini alohida e'tirof etmoq kerak.
O'zbek xalqi donolik bilan ish tutadigan, mehmonlarga hayot go'zalliklarini ko'rsatib, o'zlari ham zavqlanadigan eldir.
Jurnalist bo'lganim bois ayrim mulohazalarimni bildirmoqchiman. Qaerga bormaylik, “Saylov uchastkasi” degan yozuvga ko'zimiz tushdi. Axir “uchastka” so'zining o'zbekcha muqobilini topib yuritilsa bo'lmaydimi? “Uchastka” so'zi o'zbekcha kalomga umuman to'g'ri kelmaydi-ku!
Ko'ngilni xira qiladigan yana bir manzara. Joylarda katta-katta daraxtlar, qadim chinorlar qurib qolibdi. Yoshligimizda shunday chinorlar tagida o'tirganlarimiz yodimga tushib, to'g'risi, xafa bo'ldim.
O'zbekiston — bag'rikenglikni qadrlaydigan, barcha millatlar tinch-totuv yashashi kafolatlangan o'lka. Qaerga borsam, meni xuddi tug'ishgan o'z inisidek kutib olishdi. Bunday ajoyib yurtni sevmay, sog'inmay bo'ladimi?! O'zbekiston — mening ham asl Vatanim. Uning har bir yutug'i, muvaffaqiyatidan quvonaman. Kuni kecha bo'lib o'tgan saylovlarning uyushqoqlik bilan o'tkazilgani havas qilarli kechdi. Bu yutuq bilan barcha vatandoshlarimizni qutlayman.
Rafael NEKTALOV,
xalqaro kuzatuvchi,
“THE BUKHARIAN TIMES”
gazetasi bosh muharriri (AQSh)