Sevimli, suyukli, ardoqli nashr!

“Hurriyat”ni nima uchun o'qiysiz?” degan savolga javob tariqasida butun boshli kitob yozib berishim mumkin. Mubolag'asiz aytyapman. Xizmat taqozosiga ko'ra, 1996 yilning so'nggi haftasida chiqqan gazetaning nishona sonidan to kelgusi yilning fevral oyiga qadar gazeta sahifalari bilan ular nashrga berilgunga qadar tanishib borar edim. Fevralda tahririyatda ish boshlashimga to'g'ri keldi.

2002 yilning fevraliga qadar “Hurriyat”ning har bir sonining bosmadan chiqishi biz uchun bayram bo'ldi. Chunki jamoamiz a'zolari asosan yoshlardan iborat edi, nihoyatda inoq edik. Chet mualliflar bilan qadrdonlashib ketgandik. Ijodiy muhit a'lo, kayfiyat a'lo desangiz! Iqtisodiy ma'noda qo'limiz qanchalik qisqa bo'lsa, “Hurriyat”chi jurnalistlar sifatida tilimiz shunchalik uzun edi. O'sha paytlarda butun mamlakatda faqat “Hurriyat”ni senzura o'qimas edi. Besh yil davomida nafaqat gazetaning birorta soni, balki bittayam maqolasini senzura xizmati xodimlariga ko'rsatganimiz yo'q. Qanaqangi tanqidiy, tahliliy maqolalar chiqmadi deysiz?! Biz qalovini topdik, me'yorni-muvozanatni saqladik.

Hozir har safar “Hurriyat”ni qo'lga olsam, o'sha-o'sha biri-biridan maroqli xotiralar uyg'onadi, qiyin sharoitlarda nolimay mehnat qilgan ijoddosh do'stlar, faol mualliflar, u yoki bu maqolaning yozilishi bilan bog'liq voqealar ko'z o'ngimda gavdalanadi.

“Hurriyat” — bosma nashrlar uchun g'oyatda murakkab kechayotgan hozirgi davrda o'z yo'lidan og'ishmay, dadil odim tashlayotgan gazetalardan biri. Gazeta qanday bo'lmasin, gazetxonning ko'ngliga yo'l topishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda dolzarb mavzularda maqolalar chop etmoqda, ma'naviy-siyosiy-ijtimoiy-adabiy-maishiy va hokazo muammolarni ko'tarib chiqmoqda.

Mavridi kelganda, aytar so'zim ham bor. “Hurriyat” — milliy jurnalistika, matbuot va barcha ommaviy axborot vositalari dunyosining yagona nashri. Kasbimizning obro'si haqida qanchalik qayg'ursak, uning burungi nufuzi-shukuhini qo'msasak, ana o'sha qayg'urishlarimiz ichida “Hurriyat” ham borligini unutmaylik. Qolaversa, “Hurriyat” faqat jurnalistlarning nashri, ardoqli minbari emas, u — xalqimizning, keng ommaning koriga yarayman, og'irini yengil qilaman degan ulug' maqsadlarda chop etilayotgan gazeta! Suyumli, suyukli, ardoqli gazeta!

Nechun shu-unday gazetani ardoqlamasligimiz kerak?! Nechun shu-unday gazetani o'qimasligimiz, qo'llab-quvvatlamasligimiz, uning qadamidan o't chaqnab turishi yo'lida qamishdan bel bog'lab xizmat qilmasligimiz kerak?!

“Hurriyat”ning sevib, suyib o'qilishiga asosli sabablar juda-juda ko'p!

Xurshid DO'STMUHAMMAD,

yozuvchi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =