Bolalikni eslatuvchi jurnal

“Gulxan” — bolalikni eslatuvchi sevimli jurnal. Esimda, maktab kezlarimda uning har bir sonini qoldirmasdan o'qib chiqar edim. Unda keltirilgan qisqa hikoyalar-u she'rlar — barchasi meni o'ziga butunlay maftun qilib qo'yar edi. Talaba bo'lganimdan so'ng “Gulxan” jurnalidan biroz uzoqlashib qoldim. Qaysidir kuni “Gulxan”ning yangi sonlari bilan tanishib chiqdim. Ularni o'qir ekanman, yoshlik damlarim, bolalik xotiralarim yodimga tushdi. Va yana bir karra amin bo'ldimki, u hali-hanuz o'quvchilarning ma'naviy olamini kengaytirishga hissa qo'shib kelmoqda. Turli-tuman mavzularni qamrab olgan jurnal har bir o'g'il-qizning ta'lim olishga bo'lgan qiziqishini, kitobxonlikka e'tiborini, intilishini oshirishga yordam beradi.

Masalan, mushtariylarga har qanday holatda ham maqsad tomon intilishdan to'xtamasliklariga turtki bo'ladigan sahifalardan biri “Mashhurlar bolaligi”dir. Aynan shu rukn ostida chop etilgan Shahribonu Rahmatovaning “Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan o'zbek hakami” nomli maqolasini maroq bilan o'qib chiqdim. Dunyo tan olgan hakamning yutuqlarga erishish yo'lidagi mashaqqatlari-yu tajribalari haqida ma'lumotga ega bo'ldim. Suhbatdagi so'zlovchining ushbu jumlalari ong-u shuurimga shior kabi muhrlandi: “Nima bo'lsa, yaxshilikka degan gap bor-ku, noxush voqea bo'lgan paytda tushunmaysiz buni, u paytda juda baxt­siz bo'lasiz. Lekin qat'iy ishonch bilan harakat qilsangiz, hamma orzularingizga erishasiz!”

Ayonki, bu fikrlar o'z-o'zidan emas. Hayot sinovlariga bardosh berib, uning past-u balandliklaridan yuqorilayotgan inson haqidagi tushuncha aks etgan. Yiqilganda ham o'rnidan turib, yana maqsadi tomon intilayotganlar haqiqiy g'olib ekanligi haqida so'z borgan.

Yana qiziq maqolalardan birining nomi — “Yaponcha usul”. Uning mazmuniga to'xtaladigan bo'lsam, yaponlar doimiy rivojlanish va maqsadga erishish yo'lida “Kayzen” usulidan foydalanishar ekan. Ya'ni, kishi maqsad qo'yganda qo'lidan kelishiga ishonishi, ko'zi yeta olishi lozim. Buning uchun katta maqsadga eltuvchi kichik niyatlarni amalga oshirish yo'li bilan natijaga erishiladi. Qarabsizki, mushkul ko'rinadigan ishlar tez va oson amalga oshadi. Ayniqsa, bu usuldan foydalanish o'smir va o'spirin yoshidagi o'g'il-qizlarga o'z ta'sirini ko'rsata oladi.

Jurnalda tanlovlar haqida ham e'lonlar bor ekan. Esiz, oldinroq bilganimda, men ham tengdoshlarim bilan bilim borasidagi imkoniyatlarimni solishtirib ko'rardim. Lekin kelgusida yana bu kabi tanlovlar haqida xabar beriladi, deb o'ylayman. Qaysi tanlov deysizmi? Albatta, har yili an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Xudoyberdi To'xtaboyev asarlari bilimdoni” insholar ko'rik-tanlovi! Aynan bu tanlov o'quvchini kitob o'qishga, asar haqida fikr yuritishga chorlaydi. G'oliblarning insholari jurnal sahifalaridan joy oladi.

Qaysi asarni o'qish borasida bosh qotirishning hojati yo'q. Chunki jurnalda “12 oy – 12 kitob” deb nomlangan rukn ham bor. Ushbu sahifada esa tengdoshlarim o'qishi kerak bo'lgan asarlar haqida qiziqarli ma'lumotlar mujassam. Ishonavering, bu ma'lumotlarni o'qigach, aynan shu shu asarni izlab, kitob do'konlariga murojaat qilasiz. Masalan, men Charlz Dikkens qalamiga mansub “Oliver Tvistning sarguzashtlari” asarini o'qidim. Maqoladagi voqea-jarayonlar, savol va topshiriqlar qiziqtirgach, shu asarni qidirib topdim. Haqiqatan, muallifning ushbu kitobini maza qilib mutolaa qildim va maqoladagi barcha savollarga javob oldim. Yil yakunida kitobxon bilimdonlar qatorida bo'lishdan umidvorman.

“Gulxan” sizni haqiqiy bilimdon qilib tarbiyalashiga ishonchim komil. Unda qiziqarli geografik ma'lumotlar, ibratli voqealarni o'qiysiz. Dam olish sahifasida komiks, intellektual bilimlar dunyosi, topqirlik mashqlari, rassomlar galereyasidan bahramand bo'lasiz. So'nggi sahifada siz bilgan va bilmagan mustaqillik adabiyoti namoyandalari bilan tanishasiz.

Muxtasar aytganda, jurnal nafaqat tengdoshlarim, balki ota-onalar, pedagoglar uchun ham badiiy xazina. Undagi bir-biridan qiziqarli materiallar har bir mushtariyni bee'tibor qoldirmasligiga aminman. Bolalar shoiri Dilshod Rajabning ushbu satrlarida rostdan ham jurnalning haqqoniy qiyofasi chizilgan.

Chin ilmi tolib bo'lar,

“Gulxan” o'qigan bola.

Hayotda g'olib bo'lar

“Gulxan” o'qigan bola!

Dinara RAVShANOVA,

O'zMU filologiya fakulteti 4-kurs talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − 3 =