Mumtoz qo'shiqlar shaydosi

Ma'lumki, bugungi kungacha O'zbekistondan “Boysun madaniy muhiti”, “Shashmaqom”, “Katta ashula”, “Navro'z”, “Askiya — so'zamollik san'ati” kabi milliy-madaniy boyliklar YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan. Bular orasida “Shashmaqom”ning alohida o'rni va ahamiyati bor. Chunki insoniyat tafakkurining yorqin mahsuli bo'lgan maqomlarimizda xalqimizning uzoq yillarga tutashgan tarixi, ma'naviy dunyosi, badiiy falsafasi, ruhi, qadriyatlari mujassam. Shuning uchun ham mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardanoq mumtoz qo'shiqchilik san'atimizni yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O'zbek milliy maqom san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori, 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni fikrimizga dalil bo'lishi mumkin. Chunki bu qaror va farmon aynan maqom san'atini yuksaltirishga qaratilgan. Shu o'rinda mazkur qaror va farmon ijrosini ta'minlash jarayonida salmoqli natijalarga erishilayotganligini ham alohida e'tirof etish joiz. Jumladan, maqom qo'shiqchiligi yo'nalishida turli festival va tanlovlar muntazam o'tkazilishi yo'lga qo'yilganligi xalqimizni mumtoz san'atimizga yanada yaqinlashtirib, yangi-yangi iste'dodlarni kashf qilishga xizmat qilyapti.

Ayniqsa, Munojot Yo'lchiyeva, Hurriyat Isroilova, Maryam Sattorova kabi mumtoz qo'shiqlarning mohir ijrochilariga chin dildan havas qilib, ulardek yetuk maqomchi bo'lishni orzu qilgan yoshlarning ko'payib borayotgani maqom san'atining istiqboliga umid va ishonch uyg'otadi.

Angren shahridagi 22-umumiy o'rta ta'lim maktabining 8-sinf o'quvchisi Robiyaxon Abdumavlonova ana shunday maqom qo'shiqlariga chin dildan ixlos qo'ygan yosh iste'dodlardan biri. U qo'shimcha ravishda shahardagi 10-musiqa va san'at maktabida ham tahsil oladi.

Robiyaxon ta'lim olayotgan maktablarning qay biriga bormang, u haqida “a'lo baholari va namunali xulqi bilan boshqa o'quvchilardan ajralib turadi, o'z ustida tinimsiz ishlaydi, izlanadi, barcha tadbirlarda faol qatnashadi” degan fikrlar bildirishadi.

— Fortepyano chalish sirlarini o'rganish uchun ushbu maktabga kelganimdan juda xursandman, — deydi Robiyaxon Abdumavlonova. — Chunki bu maktabda Nozimjon Rahmatov, Orifjon Choriyev, Nodira Hojiyeva, Nuriddin Dadayev kabi ustozlarimdan kuy chalish, qo'shiq aytish sirlarini o'rganyapman. Ular qiynalgan paytlarimda vaqtini ayamay menga yordam beradi, tushunmagan joylarimni tushuntirib, xatolarimni to'g'rilab boradi. Ayniqsa, ustozim, “Nihol” mukofoti sovrindori Nodira opa Hojiyevadan behad minnatdorman. Ustozim mumtoz qo'shiqlarga bo'lgan havasimni mehrga aylantirdi. “Sening ovoz imkoniyating yuqori, musiqani his qilasan”, deb maqtab, meni ruhlantirdi.

Darhaqiqat, ta'lim-tarbiyada o'quvchilarning qiziqishi, layoqatini sezish va uni shu yo'nalishda borishga ilhomlantirishning ahamiyati katta. Nodira Hojiyeva, tibbiyot tili bilan aytganda, Robiyaxonga to'g'ri tashxis qo'ydi, deyish mumkin. Chunki ustozning ko'rsatmalari, tavsiyalari bilan mumtoz qo'shiq kuylashda yosh ijrochining iste'dod qirralari tezda yarq etib ko'zga tashlandi. Shahar va viloyatda o'tkazilgan tadbirlarda maqom qo'shiqlarini kuylab, tomoshabinlar e'tibori va e'tiroflariga sazovor bo'la boshladi.

Yosh ijrochi kuylagan qo'shiqlar O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O'zbekiston” kanalida efirga uzatiladigan “Oydin hayot”, “Bolajon” kanalining “Salom, bolajon”, “Madaniyat va ma'rifat” kanalining bir nechta ko'rsatuvlarida efirga uzatildi.

Bugungi kunga kelib, Robiyaxon Abdumavlonova nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda o'tkazilgan ko'plab tanlovlarda ishtirok etib, g'oliblar safidan o'rin olgan yosh ijrochiga aylandi. “Muzika jizni”, “Odochoniyu deti”, “Spring Soubds”, “New Talents”, “Slavyanskiy bazar” kabi xalqaro, “Kamalak yulduzlari”, “Iste'dod”, “Yoshlar ovozi”, “Yangi yulduzlar”, “Dillarda vatan madhi” kabi respublika miqyosida o'tkazilgan tanlovlar shular jumlasidan.

Robiya Abdumavlonova hozirgi kunda “Zo‘r TV” telekanalida namoyish etilayotgan “Ovoz” ko'rsatuvining saralash bosqichidan o'tib, Batl-trio bosqichida ishtirok etish uchun “DJ Piligrim” guruhi solisti Ilhom Yo'lchiyev rahbarligida tayyorgarlik ko'ryapti.

— Qizimdan juda xursandman, — deydi onasi Xosiyat opa. — Navoiy g'azali bilan aytiladigan “Aylagach”, “Mustahzod”, “Bayot-4”, Nodira g'azali bilan “Tanovar-2” qo'shiqlarini eshitganimda, “Rosti bilan shu qiz Robiyamikan?” deb ko'zimdan yosh chiqib ketadi…

Biz musiqa va san'at maktabida Robiyani ustozi bilan yangi qo'shiqni mashq qilib tayyorlanayotgan paytda uchratdik. Robiyaxon tanbur ohangiga jo'r bo'lib “Aylagach” qo'shig'ini kuylayapti:

 

Husni ortar, yuzda zulfing anbar

                                           afshon aylagach,

Sham ravshanroq bo'lur torin

                                           parishon aylagach.

Yuzni gullardin bezabmu bizni

                                           qurbon aylading,

Yo yuzingga tegdi qonlar bizni

                                           qurbon aylagach…

 

Qo'shiq tugadi. Tanburning diltortar ohangi, qo'shiqning mazmunli so'zlari va Robiyaxonning shirali ovoziga maftun bo'lib qo'shiq tinglayotgan tinglovchilar — sinfdosh do'stlari, bizga hamrohlik qilgan ustozlar beixtiyor qarsak chalib olqishlashdi. Biz ham qo'shildik.

Ha, Robiyaxon Abdumavlonova uchun bu dastlabki qarsak va olqishlardir. Agar mashqni bo'shashtirmay, ustozlari ko'magida izlanishlarni astoydil davom ettirsa, albatta, ko'zlagan manziliga yetadi deb ishonamiz. Ana o'shanda u katta sahnalarda kuylaydi. El olqishi gulduros qarsaklar bo'lib yangraydi.

Robiya ABDULLAYEVA,

O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi

san'atshunoslik ta'lim

yo'nalishi 4-bosqich talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − nine =