Sinovdan iborat bu ko'hna dunyo
![](https://uzhurriyat.uz/wp-content/uploads/2024/12/charos.jpg?lang=lat)
Charos TURDIYEVA
Charos TURDIYEVA — 1994 yilda Qamashi tumanidagi Chorvador qishlog'ida tug'ilgan. Qarshi davlat universitetini tamomlagan. Ayni paytda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining 83-maktabida musiqa muallimasi.
“Ma'rifat ulashib” uchrashuvida Charos o'z she'rlaridan o'qib qoldi. She'rlarini tinglab, xursand bo'ldim. Yosh shoiradagi izlanishlar, mavzuga yangicha yondashish, yangi fikr aytish istagi menga ma'qul bo'ldi.
Albatta, Charos hali ko'p o'qib-o'rganishi kerak. She'riyat, bu — uzluksiz mehnat ekanini, tinimsiz izlanishlardan iboratligini unutmasligi lozim.
Muhammad ALI,
O'zbekiston xalq yozuvchisi
MEN NEGA YIG'LAYIN…
Men nega yig'layin, qilgan xatoyim —
Or-u nomusim pok saqlaganimmi?
Yoxud g'ururimni dilimga tugib,
Farzandlik sha'nini oqlaganimmi?
Men nega yig'layin? Yoki sho'x yellar
Baxtimni qo'limdan oldimi tortib?
Armonlarni solib qo'yib ko'nglimga,
Orzularim olib ketdimi qaytib?
Men nega yig'layin? Hayot degani
Bitta qoqilishdan qolgaymi tugab?
Yoki Alloh bergan bir hovuch umr
Behuda ketdimi devordek nurab?
Men nega yig'layin — bormi, odamlar,
Ko'z yoshlarim daryo qilmoqqa sabab?
Intildim, izlandim, izlanayapman,
Baxtiyor kunlarga qolar deb yarab…
KITOB OLIB KELDIM…
Garchi go'dakdurman, aqli to'lmagan,
Endi maktab ko'rgan, dunyo ko'rmagan,
Hali yo'llar ko'pdir bolang yurmagan,
Ilk bor kitob oldim sen uchun, Ona!
Og'risam boshimda parvona bo'lding,
Tunlari dili ham vayrona bo'lding,
Mening baxtim uchun yig'lading, kulding,
Bitta kitob oldim sen uchun, Ona!
Ro'zg'orning ishlarin bir chetga surib,
Qadringni har nedan yuksakda ko'rib,
Turibman qoshingda, Ona, bosh urib,
O'qi! Kitob oldim sen uchun, Ona!
Do'konlarga kirdim sovg'a axtarib,
Lek mehring oldida dunyo ham g'arib.
Seni bolalikka bir bor qaytarib,
Qara! Kitob oldim sen uchun, Ona!
Oltin, zar socholmam boshingdan hali,
Oltindan azizdir ko'ngil gavhari.
O'zing buyuk zotsan, umr zargari,
Ajib kitob oldim sen uchun, Ona!
Buni oddiy kitob demagin sira,
Ichi bolajoning mehriga to'la,
Aziz avliyolar umrini tilab,
Senga kitob oldim bayramga, ONA!
ILK BOR QADAM QO'YDIM…
Navoiy, Boburni o'qidim, uqdim:
Shoirlar kuylarkan dard ila g'amni.
Shoirlarga bo'lgan muhabbat bilan
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
Zulfiya qalbini zabt etgan sevgi
Tutqazdi qo'limga nurli qalamni.
Va do'stlar dardini jimgina tinglab,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
G'afur G'ulom bitgan “Sog'inish”da men
Ko'rdim o'zbekona qayg'u-alamni.
Shoir hayotidan oldim xulosa,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
Olti oy ijoddan ketib Abdulla,
Kuylamay qo'yganda gulday sanamni,
Karomatlar qilgan do'stlarin o'qib,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
Mag'rur va kamtarlik bahsida har gal,
Ko'rdim Erkin Vohid — asl hakamni.
Misralari bilan yashab hayotim,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
Bir sandiq kitob-u, uyum tuproq-chun,
Baxshida aylagan har lahza, damni,
Muhammadning mangu hayoti sabab,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni.
Aytsam ado bo'lmas shoirlar so'zi,
She'rlarida pinhon iqbol, sitamni.
Men ham shoirlardek kuylayman deya,
Qo'ydim she'riyatga ilk bor qadamni!
FURSAT
Kim qanday yashasa o'zniki hayot,
Hech kim majbur emas qasr qurishga.
Axir bu besh kunlik umrni Alloh
Berarkan ma'noli davron surishga.
Kim qanday yashasa o'zniki hayot,
Inson yaralmaydi mangu qolishga.
Faqat yaxshi ishlar yashaydi abad,
Fursat berilarkan ibrat olishga.
Kim qanday yashasa o'zniki hayot,
Mol-dunyo, oltin, zar o'tkinchi bari.
Sinovdan iborat bu ko'hna dunyo,
Baxtni ham berarkan armon singari.
Kim qanday yashasa o'zniki hayot,
Tirnoqqa zor bo'lib o'tganlar qancha.
Gunohin anglamay begunoh dilni
Azob, uqubatga tutganlar qancha!
Kim qanday yashasa o'zniki hayot,
Hammamiz dunyoga bo'lamiz mehmon.
Umr oqar daryo, g'animat odam,
Qadrlab fursatni yasha, ey Inson!
Kim qanday yashasa o'zniki hayot…