Buncha go'zal bo'lmasang, dunyo…

Mamlakatimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalari hamda umumta'lim maktablarida talaba va o'quvchilarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Ma'rifat ulashib” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida taniqli shoir va yozuvchilar tomonidan “Gulxan atrofida suhbat”lar, ijodiy uchrashuvlarda iste'dodli yoshlarning eng sara she'r va hikoyalari tanlab olindi. Yoshlarning bu ijod namunalari O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan to'plam holida nashrga tayyorlandi.
Quyida berilayotgan she'rlar “Ma'rifat ulashib” loyihasining mahsuli sifatida havola etilmoqda.
Muhammadali G'AFFOROV,
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi
OTAM VA ShE'R
1
Uyimizga Xizr kelgandek,
go'zal edi bari o'shanda:
otam qaytar edi beda sug'orib,
onam non yopardi tandirga,
akam daladan mol haydab qaytgandi –
hammaning tayinli ishi bor edi…
faqat men boshqacha chizdim olamni,
faqat men boshqacha titroqlar tuydim;
otamning: “Tutumi yo'q bu bolangni!” –
degan gaplarini eshitib kuydim:
hammasi chiroyli kechayotganda
she'r yozib qo'ydim.
Ichimda so'z to'la kon bormidi-yo,
kondan so'z to'kilar on bormidi-yo,
otamning: “Tutumi yo'q bu bolangni!” –
degan gaplarida jon bormidi-yo?..
2
Uyimizdan Xizr ketgandek,
akam mollarini pulladi arzon,
mening vidoyimni eshitmasdan, tek,
otam ko'chib ketdi qabriston tomon.
Ohlarim osmonga uchayotganda,
dilim g'am sharobin ichayotganda,
olam bir qayg'uni kechayotganda…
she'r yozib qo'ydim.
Dildan g'am to'kilar on bor edi-yo,
hasratlar dard to'la ombor edi-yo,
otamning: “Tutumi yo'q bu bolangni!” –
degan gaplarida jon bor edi-yo.
3
Bugun ham kunimga shukronam siniq,
bugun ham barini taqdirga yo'ydim,
bugun ham yashashga bo'lmadi ko'nib,
bugun ham,
kechiring,
she'r yozib qo'ydim.
Ichimda so'z to'la kon bormi deyman,
kondan so'z to'kilar on bormi deyman…
otamning: “Tutumi yo'q bu bolangni!” –
degan gaplarida jon bormi deyman.
Gulsevar XURRAMOVA,
Toshkent davlat agrar universiteti talabasi
* * *
Bir uchqunga o'xshayman go'yo,
Gulxan bo'lib yonmoqdir orzum.
Buncha go'zal bo'lmasang, dunyo,
Senga qarab to'ymaydi ko'zim.
Men niholman, men maysadurman,
Kurtak ochgan bir chechakdirman.
Humo qushning qanot ostida,
Porlab turgan kelajakdirman!
Bobomurod SA'DULLAYEV,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi
* * *
Uzoq manzillarda muqim turgan on
Bir taskin dardida uchganda ohim.
Qalbimga halovat ulashgan makon,
Men seni kuylayman yana, Qishlog'im.
Dalalar bag'rida kezganda yakka,
Tog'lar kelbatidan chaqnaganda ko'z.
Nomingga bag'ishlab bir she'r demakka
Sarsonman so'zlarning dashtida hanuz.
Yulduzlar chorlasa o'ziga elas,
Qanot chiqarmoqqa shaydirman zotan.
Men uchun shohona binolardanmas,
Dehqon kengliklardan boshlanur Vatan!
Yillar charx uradir tinmay, hoynahoy.
Ehtimol, ketgaymiz olislab yiroq.
Bolalik kezlarim muhrlangan joy
Shirin xotiralar ko'milgan tuproq…
Naima ANVAROVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi
XO'ROZQAND
Besh-olti chaqa
Berib ukamga.
Aslo sezdirma,
Dedim, akamga.
Yo'qsa ikkimiz
Eb qolamiz pand.
Olib kel bunga
Shirin xo'rozqand.
Ukam do'konga
Borib keldi tez.
Men ham ichimdan
Quvondim shu kez.
Qand oldim, deydi
Hovliqib biroz.
Lekin bu pulga
Kelmadi xo'roz.
Ruxshona NIShONOVA,
Farg'ona davlat universiteti ingliz tili va adabiyoti fakulteti talabasi
YaXShI O'YIN
Uka!
To'pponchangni irg'itib yubor,
“Urush-urush” o'ynama endi.
Va miltiqlar chiqmasa takror,
Urush nima, bilmasang edi.
Singlim!
“Doktor-doktor” o'ynama aslo.
Qayta qolgin endi bu shashtdan.
Qo'lingdagi qo'g'irchog'ing ham
Charchadi-ku bemor yashashdan.
“Xola-xola” ukamizga yot,
“Hakkala”ni suymaydi fe'ling.
Butun dunyo sog'ingan o'yin –
“Mehmon-mehmon” o'ynaymiz, keling!
Oydin RAHMATULLAYEVA,
Toshkent amaliy fanlar universiteti talabasi
Momiq. G'ulom do'stimning boshqa mushuklarga o'xshamaydigan oq-kulrang aralash, panjalari katta-katta, ko'zlari yam-yashil, naq uloqdek keladigan ismiga mos mushugi. Uni hamma shunday ataydi. Ko'rinishidan bahaybat yovvoyi mushukka o'xshab ko'rinsa-da, o'zi beozor.
Mahalladagi hamma bolalar uning hamroh do'sti. Momiqni ko'rib qolgudek bo'lishsa, u bilan o'ynashadi. Yunglarini tarashadi, quchoqlashadi. Goh-gohida mulozamat ko'rsatib, yeb turgan nonlarini, pishiriq, kolbasalarini ham u bilan baham ko'rishadi. Momiq ham bolalar qo'lidan taom yeyishni va ular bilan o'ynashni yaxshi ko'radi. Mahalladagi bolalar ko'rinmay qolsa, bezovtalanadi. Boshini, dumini va quloqlarini ko'tarib atrofga alanglaydi. Ko'chalarning u boshidan bu boshigacha aylanib chiqadi. So'ngra yana o'zining uyiga qaytadi. Boshini oldingi oyoqlari ustiga qo'yib, ko'zlarini yumib-ochib atrofdan nimanidir izlaydi…
Yaqinda juda bir qiziq voqea bo'ldi. G'ulom do'stimning ukasiga sunnat to'y qilishdi. To'yning bazmi avjiga chiqqanda mayda-mayda qadam bosib, boshini quyi solgancha Momiq kirib keldi. Hamma o'zi bilan o'zi ovora, hech kim unga e'tibor qilmadi. Davraning qoq o'rtasiga yetganda u to'xtadi. Boshini cho'zgancha atrofga razm soldi. Uning ko'zlari G'ulom bilan o'ynayotgan sinfdosh do'stim Shuhratga tushdi. Sergak tortib, quloqlarini dikraytirdi. Qahr va g'azab bilan miyovladi. Kutilmaganda Shuhratga tashlandi. Shuhrat esa hovli aylanib yugurib qochdi, o'zini karavot ustiga urdi, ammo Momiq abjirlik bilan karavot ustigayam chiqib olib, Shuhratning qo'lini tirnab tashladi. G'ulom yetib kelmaganda, kim bilsin, bu voqea qanday tugardi.
— Haliyam meni xudo asradi, yugurib uyga kirmaganimda nima bo'lardi? — dedi Shuhrat hovliqqancha. Bu voqea to'ydagi barchani hayratga soldi.
— Momiqning bunaqa odati yo'q edi-ku. Nega bunday qildi? Nega aynan Shuhrat do'stimni quvlab ketdi? — dedi G'ulom Momiqni ushlab, hayron bo'lib.
— Ey, hammasiga o'zim… o'zim aybdorman, — dedi Shuhrat aft-angori oqarib. — Bir kuni senikiga dars tayyorlashga kelgandim, G'ulom. Momiq bolalarini oshxona oldida erkalab, o'ynayotgan ekan. Ikkimiz dars tayyorlab bo'lgach, shumligim tutdi, shekilli, Momiq yo'qligida sumkamga uning bolalaridan birini soldim-u, uyimga yugurdim. Bir payt bolasining ovozini eshitib, ortimdan Momiq chopdi, men unga pishpishlab tosh otgancha yugurdim. Momiq esa telbalarcha mahalla boshigacha ortimdan yugurdi. Uyimiz oldigacha meni ta'qib qilib keldi. Shuncha tosh otsam ham, bechora mushuk uyimiz oldidan kechgacha ketmadi.
Bu gaplarni eshitib, G'ulom miyig'ida kuldi.
— Do'stim, agar uying yaqin bo'lganda, Momiq bolasini, albatta, yetaklab kelgan bo'lardi, — dedi.
— Qiziq, shuncha kishining ichidan meni taniganini ayt, aql bovar qilmaydi, —dedi Shuhrat Momiq tirnagan qo'liga termulib…
To'yda bo'lib o'tgan ana shu voqeadan bir necha kun o'tib, biz bolalar bilan ko'cha boshidagi terakzor soyasida futbol o'ynardik. Ko'chaning sal narirog'idagi ariqda suv shildirab oqar, teraklar shamolda ohista chayqalib, bir-biriga shivirlashib, atrofga o'zgacha zeb berib turardi.
Bizga uncha olis bo'lmagan G'ulomning uyi tagida Momiq bolalarini o'ynatib yotardi…
Birdan Shuhratning dadasining mashinasi signalidan keyin o'yin to'xtadi. Undan Shuhrat va dadasi tushdi. Shuhratning maktab sumkasi bor edi. Momiq yotgan joyidan sergak tortib qo'zg'aldi, u Shuhrat tomonga kela boshladi. Shuhrat hammamiz bilan birma-bir salomlashgach, sumkasini ochdi. Unda mushuk bolasi bor edi. Uni avaylab yerga qo'ydi. Momiq buni kutmagan edi. Shiddat bilan yetib kelib, o'z bolasini erkalashga tushdi. So'ng ohista qadam tashlab, Shuhratning oldiga keldi. Uning oyog'iga miyovlab suykala boshladi. Unga minnatdorchilik bildirganday boshini yonga egib, bolasini ergashtirib uy tomonga ketdi.