Qorqiz toji

Dildora DO'SMATOVA

Muallif haqida:

Dildora DO'SMATOVA — 2002 yili Sardoba tumanida tug'ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari  ishtirokchisi (2023).

O'zbekiston Jurnalis­tika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.

(Hikoya)

Birov hadeb “qish, qor va sovuq” deyaversa, negadir etim junjika boshlaydi. Boshqalar qor yog'ayotganda esdalik uchun rasmlarga tushib, qorbo'ron o'ynab, qorbobolar yasab maza qilsa, men issiqroq joy izlay boshlayman. Ilojini qilolmasam, uyimga tezroq yetib olish harakatiga tushib qolaman. Bu qanaqa odam o'zi, deb yomon xayolga bormang yana, men ham qor yog'ayotganini, qish manzaralarini yaxshi ko'raman, faqat deraza ortidan, xolos…

Avval bunday emasdim. Bolaligimda bir voqea bo'lgan. Shundan beri sovuqdan qo'rqadigan bo'lib qolganman. O'shanda, chamamda, besh yoki olti yoshlarda edim. Yangi yilga tayyorgarlik ko'rilayotgandi. Ko'chalar qorga burkangan, juda sovuq edi. Tunda yog'ishni boshlagan qor tonggacha tizza bo'yi bo'ldi. Akam bilan televizorda miriqib “Vinni Pux” multfilmini tomosha qilayotgandik. Opam uy yumushlari bilan ovora. Akam to'satdan:

— Dildor, senga qorqiznikidek toj olib beraymi? — deb qoldi.

— Voy, buncha zo'r!

— Yur, do'konga chiqib kelamiz.

Ko'zlarim yashnab ketdi. Yo'lga tushdik. Tezroq qorqiznikiga o'xshagan tojimni taqish istagida shoshganimdan uy kiyimida tashqariga chiqib ketibman…

Qor to'xtagan bo'lsa ham, havo anchagina sovuq edi. Birinchi bo'lib, uyimizdagi eng yaqin do'konga kirdik. Ko'zim do'konning har burchagiga tikilib chiqdi. Lekin qorqiz tojini topa olmadim. Akam maqsadga ko'chdi va sotuvchidan so'radi.

— Barakalla, polvon, mehribon aka ekansan. Jon deb singling uchun shunaqa toj berardim-u, lekin qolmadi-da. Yangi yil oldi, buning ustiga, ikki kun avval “Alifbe” bayrami uchun olib qo'yishdi. Bosh­­qa do'konlarga kirib ko'r-chi, — dedi.

Kichkinagina qishloq. Do'kon kam, uncha-buncha narsalar topilavermaydi. Sotuvchi amakining javobidan xafa bo'lmadim. Biz boshqa do'konga kirib ko'rdik. Ammo keyingi kirgan do'konlarimizdan ham Qorqiz toji topilmadi. Hamma sotuvchi bir xil javobni berar, men esa akamni hol-joniga qo'ymay hamma do'konga kirib chiqishni so'rar, toj bilan uyimizga qaytishni istardim. Yo'q deganda qishloqdagi oltitacha do'konga bosh suqib chiqdik. Egnimda birgina ko'ylak, oyog'imda esa u xonadan bu xonaga sudraydigan mittigina mahsi kalishcham.

— Aka, shu oxirgisi. Dimkalarning do'koniga ham kirib ko'raylik. Shularda bo'lsa kerak, — dedim umid bilan.

Akam ham tezroq va'da qilgan narsasini olib berishni xohlardi-yu, yupun ustimni ko'rib, tashvishlanardi.

— Sovqotib qolding axir. Yur, hech bo'lmasa, ustingga kurtkangni kiyib chiq, keyin do'konlarni aylanamiz.

— Avval borib olaylik, keyin bira-to'la uyga qaytamiz! — deya xarxasha qilardim qiziqishim ustun kelib.

— Mayli-ku-ya, Dildor, sovuqda dildirashingni qara, agar shamollab qolsang, ayamdan gap eshitaman, — dedi akam xo'rsinibgina…

O'jarligim tutdi. Xullas, Dimkalarning do'koniga ham yetib keldik. Do'konda Rohila opa savdo qilayotgan ekan. Akam ungayam: “Qorqiznikidek toj bormi?” degan savolini takrorladi. Sotuvchi ham avvalgilari kabi “yo'q” javobini berdi. Shunda birdan Rohila opaning menga ko'zi tushdi va qo'rquv va hayrat aralash: “Yuzingga nima bo'ldi?” dedi. Shosha-pisha yuzlarimni ushlab ko'rdim. Muzday. Akam qo'rqib ketdi: yuzimga katta-katta qizil toshmalar chiqib keta boshlagandi. Ikkalamiz uyga chopdik. Ayam ishdan kelgan ekan. Ahvolimni ko'rishi bilan vahimaga tushib, meni ko'rpaga o'rab, issiq-issiq choy ho'platdi. Bunga ham sabri chidamay, “eskichadandir”, deb hovlimizning orqa tarafida turadigan Oysha kinnachini chaqirib keldi. Oysha opa uyida zerikib o'tirgan ekan, shekilli, g'alati ovozlar chiqarib, goh o'kirib, goh kekirib, ustimga ajinaday yopirilib kela boshladi. Qo'rqqanimdan shaytonlab qolay dedim. Ko'zimni chirt yumib, hech narsaga e'tibor bermay yotaverdim. Lekin Oysha opaning urinishlaridan foyda bo'lmadi.

Birozdan so'ng tanamga issiqlik yugurdi. Keyin o'sha qizil toshmachalar anchagina kichraydi, biroq butkul yo'q bo'lib ketmadi. Orada akam bechora ayamdan anchagina gap eshitib oldi.

Isitma baribir tushmadi, kechasi bilan uydagilarni qiynab chiqdim. Saharda meni shifoxonaga olib borishdi. Menga mung'ayib tikilib o'tirgan akamning vijdoni qiynalardi. Gripp va toshma uchun shifokorga ko'rindik.

Doktor toshma zararli emasligini, shunchaki terim ta'sirchanligi va o'ta sovuq oqibatida allergiya kelib chiqqanini va yo'q bo'lib ketishini aytdi. Shamollashim uchun esa shifoxonada yotib davolanishim shart ekan.

Xayriyat, Yangi yil kunigacha shifoxonadan chiqdim. Nihoyat, dekabrning so'nggi kuni — Yangi yil tantanalari boshlanib ketdi. Ayam bilan opam dasturxon tuzatar, men esa goh ularning yonida, goh archa atrofida girdikapalak bo'lardim. O'zimcha egnimga oq parparak ko'ylagimni ham kiyib olganman. Bir payt akam yonimga keldi. Qo'lida nimadir bor edi. U qo'lidagi narsasini qanchalik yashirmasin, uning oppoq toshli, hech kimnikiga o'xshamaydigan, qorqiznikidek toj ekanini payqadim. Shu kuni mendan baxtli inson yo'q edi.

Ertaklarga sayohat qildiruvchi bolalik ham o'tdi. Ammo hamon har qish kelganida unutilmas qorqiz toji haqidagi o'sha xotiralarni qayta-qayta eslayman…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =