Ibratli umr mazmuni

O'tganlarni yod etish, ularning hayotlik chog'laridagi ko'pchilikka ibrat bo'lgulik ezgu amallarini eslab, xotirlash xalqimizning eng yaxshi odatlaridan hisoblanadi.

Yaqinda O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakultetida bo'lib o'tgan tadbir taniqli publitsist, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ikrom O'tbosarovning hayoti va ijodiga bag'ishlandi.

Ikrom O'tbosarov o'z jurnalistlik faoliyatini bolalar nashri — hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida boshlagan. Bir necha yillar davomida “Qishloq hayoti” gazetasida ishlagan. Keyin “Xalq so'zi” gazetasida muxbir, bo'lim boshlig'i lavozimlarida xizmat qilgan.

— Ikrom O'tbosarov o'z uslubiga ega, halol, mehnatkash, fidoyi va iqtidorli jurnalist edi, — dedi tadbir ishtirokchisi, taniqli publitsist, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Hakim Sattoriy, — u tomonidan yozilib, gazetada chop etilgan har bir maqola o'quvchilar e'tiborida bo'lar edi. Ayniqsa, jurnalistning endigina mustaqillikka erishgan O'zbekistonning moliyaviy, iqtisodiy ahvoli shakllanishi, rivojiga bag'ishlab yozgan qator maqolalari qiziqarli fakt, dalillarga boyligi va o'zining chuqur mazmunga egaligi bilan minglab gazetxonlarning e'tirofiga sazovor bo'lgan.

Tadbirda ishtirok etgan taniqli jurnalist Saidolim Haydarov ham Ikrom O'tbosarovning ibratli hayoti, qizg'in ijodi, uzoq yillar davomidagi tajribasi, mehnatlari evaziga o'ziga xos ijod maktabi yaratgani, qator shogirdlar tayyorlagani, hozirda ular ustozlarining yo'lini davom ettirgan holda, mamlakatimizning yetakchi gazeta va jurnallarida faoliyat olib borayotganlari haqida so'z yuritdi.

Tadbir davomida mohir qalamkash, yoshlarning ardoqli ustozi Ikrom O'tbosarovning ustozlari, yaqin do'stlari, shogirdlari, oila a'zolari tomonidan tay­yorlanib, nashr etilgan “Mehrnoma” xotira kitobining taqdimoti ham bo'lib o'tdi. Jurnalistik tadqiqot, publitsistik tahlil va tanqid, muloqot va uchrashuvlar jamlanmasidan tuzilgan ushbu to'plamda taniqli adib va jurnalistlar Abbosxon Usmonov, O'tkir Rahmat, Jabbor Razzoqov, Abdusaid Ko'chimov, Bekqul Egamqulov, Ahror Ahmedov, Anvar Abduvaliyev, Hakim Sattoriy va yana ko'plab mualliflar tomonidan Ikrom O'tbosarovning insoniylik fazilatlari, hayotdagi o'rni, jurnalistik mahorati haqida bildirilgan bir-biridan iliq fikrlar o'z ifodasini topgan. Kitobdagi har bir maqolada jurnalistning qaynoq qalbining tafti sezilib turadi. Kitob haqida filologiya fanlari doktori Yusuf Hamdamov, tadbir ishtirokchilari va talabalar o'z fikrlarini bildirdilar. Ijodkorning turli yillarda yozilib, “Xalq so'zi” gazetasida chop etilgan “Muzrabotlik Salom fermer”, “O'zbek fermeri amerikalik bilan bellashdi”, “O'zbekiston — 28-avtomobilsozlik mamlakati”, “Orolbo'yida turfa chechaklar ochildi” nomli maqolalari, “Vatanda safar qil…” kitobi alohida e'tirof etildi.

Aytish kerakki, mazkur kitob o'zining mazmun-mohiyati bilan endi mustaqil hayotga qadam qo'yib, o'z yo'lini tanlayotgan yoki bugunning talabiga javob beradigan mutaxassis bo'lishga intilayotgan yoshlar uchun ibratli qo'llanma bo'la oladi.

Ikrom O'tbosarov hayoti va ijodiga bag'ishlangan ijodiy kecha juda qiziqarli, mazmunli o'tdi, qatnashchilarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Marjona AZIZOVA,

O'zMU jurnalistika va o'zbek

filologiyasi fakulteti

3-kurs talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 14 =