Qishloqdagi eng boy odam edi

Bunga ancha yillar bo'ldi. Aylanib yurgandim, pochta binosi yonidagi chinor soyasida gurunglashayotgan to'rt-besh chollarning suhbati diqqatimni tortdi.

— Xo'sh, pochcha, qishloqdagi eng boy odam kimligini bildingizmi? — so'radi Qayum bobo yonidagi Niyoz bobodan.

— Pastepadan To'yliboyni aytsak bo'ladi, ikkita “Neksiya”si, traktori, tegirmoni bor. Sigiri, qo'y-echkisi bir suruv. O'g'illari toparmon. Ana, o'tgan yili pishiq g'ishtdan imorat ko'tardi, dang'illama to'y qildi, — javob berdi Niyoz bobo.

— Yaxshi, lekin o'sha boyingiz elga, qishloqdoshlariga nima qilib berdi? Shuni ayting.

— Endi bu yog'ini bilmadim, qaynim…

— Men ham bu savolga javobni ko'p o'yladim va oxiri topdim.

— Kim ekan u mardum, biz ham eshitaylik, — deya suhbatga aralashdi Toshpo'lat maxsum qo'lidagi gazetani varaqlashdan to'xtab, doimiy hamrohi Rasul cho'ponga bir qarab qo'ygach.

— Domla Rahimov.

— Ey, shamollaganmisiz?! Abdi domla sizu bizga o'xshagan odam bo'lsa, yoki tilla-pilla topib olganmi? — luqma tashladi Meyli do'konchi.

Qayum bobo jilmaydi.

— Ha, to'g'ri aytasiz, muallimning ortiqcha mol-dunyosi yo'q, ammo tuganmas “xazina”si bor.

O'tirganlar sergak tortishdi.

— Xo'sh, nimasi bor ekan? — so'radi kimdir shoshilib.

— Domlaning yozgan o'nlab kitoblari, boy kutubxonasi, taxlam-taxlam gazeta-jurnallari har qanday boylikdan qimmat turadi, — dedi Qayum bobo zavqlanib.

* * *

Aniq yodimda. O'tgan asrning 70-yillari edi. Qishlog'imizdagi maktabning yettinchi sinfida o'qirdim. Kunlarning birida sinfimizga yangi muallim keldi.

Muallim boshqalarga o'xshamagan holda har birimizdan qanday kitoblarni o'qiganimiz, qaysi yozuvchi va shoirlarning asarlarini yoqtirishimizni obdan surishtirgach, o'zining viloyat gazetasida chop qilingan she'rlarini o'qib berdi.

Bizlar hayratdan lol qolgan edik. Chunki qarshimizda oddiy adabiyot o'qituvchisi emas, balki tirik shoir turardi.

Bu Abdivoy Rahim edi.

Muallimning bolaligi daryo bo'yidagi qishloqda kechdi. Oila el qatori yashab kelayotgandi. Ammo xalq boshiga mislsiz ko'rgiliklarni keltirgan urush bu xonadonning ham tinchini buzdi. Otasi Rahim akani mehnat bataloniga olib ketishgach, ro'zg'orning barcha yuki onasi Gulsun momoning yelkasiga tushdi. Ayol farzandlarini boqish uchun ketmon chopdi, g'alla o'rdi, qo'sh haydadi. Qirq to'rtinchi yilning kuzida otasi Rahim aka urushdan og'ir dardga chalinib keldi-yu, ertasiga bandalikni bajo keltirdi.

Oila bir amallab kun kechirdi.

Nihoyat, barchani zoriqtirgan kunlar keldi. Urush tugab, tinchlik davri boshlandi. Bolalar maktabga qatnay boshlashdi. Gulsun momoning bolalari ichida Abdisi boshqacharoq edi. Kamgap, o'ychan va zehnli. Bolakay maktabda a'lo baholarga o'qidi, uni adabiyotning sehrli olamiga yetaklagan muallim Qurbonmurod Mirzayev bo'ldi.

U maqolalar yozdi, she'rlar mashq qildi. Yozganlari tuman va viloyat gazetalarida bosilib chiqdi. Maktabni bitirgach, katta orzular bilan azim Samarqandga yo'l oldi.

* * *

O'sha yillarda ham o'qishga kirish oson emasdi, u dorulfununning filologiya fakultetiga kirish uchun yettita imtihon topshirdi va yuqori ball to'plab talaba bo'ldi.

Serg'ayrat talaba ustozlaridan saboq olish bilan birga yoshlik ehtiroslariga boy she'rlar yozdi. Ammo talabalik yillari Abdijon uchun “oltin davr” emasdi. Chunki onasi kasalmand, opasi turmushga chiqqan, akasi Bo'riboy harbiyda xizmat qilar, ukasi Parda esa maktab o'quvchisi edi. Shu sababli u dam olish kunlarida odamlarning turli yumushlarini bajarib choychaqa topdi.

Nihoyat, 1958 yilda Abdi Rahimov “Masal janri va o'zbek masalchiligi” mavzusida diplom ishi yozib, a'lo bahoga himoya qildi. Shu-shu o'zi ham masallar yoza boshladi. Masal janri bizga Gulxaniy bobomizdan qolgan meros. Qolaversa, bu sohada qalam tebratganlar barmoq bilan sanarli darajada ekanligini esa janrning murakkabligi bilan izohlashdan boshqa bahonamiz yo'q. Abdivoy Rahimni Qashqa vohasi adabiy muhitida qalam tebratayotgan yagona masalchi shoir, desak, e'tirozlar bo'lmasa kerak.

Esimda qolgani “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan “Terak” she'rini olaylik.

 

Soyasiga qarab der terak:

“Mendek bo'ydor, sarvqomat bo'lmasa kerak…”

 

Yoki:

 

“Yo'lboshchiman”, — deb gerdayar g'ildirak,

Gayka chiqqach, jar yoqalab ketdi pildirab.

 

Yaqinda shoirning turkum masallari e'lon qilindi. Mana, “Bodom gullabdi” she'ri:

 

Yanvar oyi qishning hali o'rtasi,

Kun chiqishu botish — o'zi bir qadam.

Chorbog'dagi nihollardan bittasi

Ertachi uyg'ondi — gullabdi bodom.

Ammo ayoz erta gullagan bodomni

qoqib ketdi.

Shu holni birovga qiyos etgum bor,

Engil tabiatli besabr yoshlar.

Hayotga shoshilib qadamin tashlar,

Vaqt o'tgach, yig'lashib yuradi zor-zor.

Abdivoy Rahim ana shunday quvnoq va biroz “tegib” ketadigan masallarini jamlab “Oltin ignalar” nomi bilan nashr ettirganiga ham yigirma yilcha bo'ldi. Esimda, o'shanda kitob qo'lma-qo'l bo'lib ketgandi.

* * *

Oliy ta'lim maskanini bitirgan yigitni yo'llanma bilan Surxondaryoning olis Dashnobod qishlog'idagi maktabga ishga yuborishdi. Janubning takrorlanmas tabiati, jo'mard odamlari yosh shoirning qalb torlarini chertdi. Uning “Dashnobod anori”, “Anor”, “Cho'tir debdi”, “Cho'lga kel” deb nomlangan she'rlari o'sha yillarda dunyoga keldi.

Abdivoy Rahim G'uzor tumanidagi “Yangi hayot” gazetasida ishlagan kezlarida Qiyom Burhonov, Husanjon Aminov kabi ijodkorlar bilan hamfikr bo'ldi. Shu orada Qamashida ham gazeta tashkil etildi. U tahririyatda mas'ul kotib, muharrir o'rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi.

Bu davrda qator gazeta va jurnallarda uning “Sun'iy dengiz”, “Cho'l bulbuli”, “Oqrabotda oq uylar”, “Eslab qo'ying uni, odamlar”, “Qiziltom Tarasi”, “Odambormasga odam keldi”, “Devonbegi shunqori”, “Qamashidan Berlingacha”, “Razvedkachi qiz”, “Qurbon to'pchi”, “Jasur razvedkachi”, “Chimqo'rg'on chiroqlari”, “Jonbo'zsoy jonkuyarlari”, “Bir firibgar va qirq laqma” kabi o'qishli maqola va ocherk, felyetonlari e'lon qilindi. Keyinchalik Abdivoy Rahim yozganlarini to'plab, “O'q yomg'iri ostida”, “Nasriddin afandining nabiralari” kabi nomlar bilan chop ettirdi.

Abdivoy Rahim oltmish yoshida nafaqaga chiqdi. Ijodkorda o'z ustida ko'proq ishlash, yangi asarlar yozish imkoniyati tug'ildi. Ko'p o'tmay uning “Qilichbo'z” nomli tarixiy va yoshlar hayotini aks ettirgan “Adashgan qiz” qissalari, shuningdek, “Intizor” romani dunyo yuzini ko'rdi. Keyin esa keksa ijodkor “Sanchiqul qo'shiqlari”, “Chimqo'rg'on chiroqlari”, “O'n sakkiz yoshimgacha” kabi she'r, ballada, ocherk va dostonlardan iborat kitoblarini o'quvchilarga taqdim etdi. Abdivoy Rahim alloma, g'azalnavis shoir Abdulla qori Gulshaniy adabiy merosini o'rganib, shoirning “Alvido” g'azallar to'plami va uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag'ishlangan “Abdulla Gulshaniy” kitobini nashr ettirdi. Ustozi hayoti va ijodiga bag'ishlangan o'ndan ortiq maqolalarni gazeta va jurnallarda e'lon qildi, allomaning yoshligi haqida “Tongda so'lgan lola” pyesasini yaratdi. Serqirra ijodkor Qamashida o'ziga xos bir adabiy maktab yaratdi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bugungi kunda o'zlarining sermahsul ijodi bilan elga tanilgan qashqadaryolik ijodkorlar Momoxol Elmurodova, Abdulla Boboyorov, Yo'ldoshbek Kenja, Abdusattor Jumanazar kabi shoir, adib va olimlar muallimning munosib shogirdlaridir.

Sakson ikki yoshida vafot etgan ijodkor Abdivoy Rahim nomi adabiyot muxlislari va o'quvchilari qalbida uzoq yillar yashaydi, albatta.

O'rolboy QOBIL.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + eleven =