Alijon Payg'amov kim bo'lgan?

Yoki domlaning omonat gapi

O'shanda 1994 yilning bahori edi. Farg'ona viloyati prokuraturasi organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha maqola tayyorlash uchun “Qishloq hayoti” gazetasidan xizmat safariga borgandim. Viloyat prokurori umumiy nazorat bo'limi xodimiga meni Qo'qon shahriga olib borib, shahar prokurori nomidan maqola tayyorlashim uchun yordam berishini aytdi. U paytlari prokuratura idoralaridan axborot olish uchun rasmiyatchilik talab etilmasdi, aksincha, joylarda prokuraturaning adabiyotga, matbuotga qiziqqan, ijodga ixlosi bor xodimlaridan biriga ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlik qilish vazifasi biriktirib qo'yilar edi. Eng muhimi, prokurorlar ham gazeta o'qishardi. Tahririyatlarda voqeliklarni, fakt va raqamlarni tahlil qilishga iqtidorli, oqni qoradan ajratishga qodir bo'lgan va hamma narsani o'z nomi bilan aytishga jur'ati yetadigan xolis jurnalistlar ko'p edi. Yanada muhimi, tamadan vijdoniy nafsoniyatini, kasb sharafini baland tutadiganlar ko'p edi. Chop etilgan tanqidiy maqolalar tegishli idoralar tomonidan o'rganilib, qonunda belgilangan muddatda choralar ko'rilar va bu haqda tahririyatga rasmiy javob yozilar edi.

Bozorlardagi narx-navolar uzoq yillar o'zgarmas, qalam ahlining oylik maoshlari juda baland bo'lmasa-da, barakali edi. Shu bois, jurnalistlarning aksariyati haqiqat mezonlarini muqaddas deb bilishardi, yolg'on yozishdan uyalishar edi.

Bu ertak emas, o'ttiz-o'ttiz besh yil ilgarigi gazetachilikdagi mavjud muhitdan bir oddiy hikoya, xolos.

Shunday qilib, menga hamrohlik qilgan prokuror bilan Farg'onadan to Qo'qonga yetgunimizcha, xuddi eski tanishlarday dildan gaplashib ketdik.

Shahar prokurori bilan suhbatlashib, maqola uchun ma'lumotlarni olib bo'lgach, hamrohim bir iltimosi borligini aytib qoldi:

— Qo'qonga yaqin O'zbekiston tumanidagi “Sohibkor” jamoa xo'jaligi raisi Alijon Payg'amov haqida nimadir yozsangiz, juda ulug' ish bo'lardi-da. U kishi juda fidoyi inson, hamma u kishini domla deb hurmat qilishadi…

Prokuratura xodimidanki shunday taklif bo'ldimi, demak, Alijon Payg'amov haqiqatan ulug' inson ekan, degan xulosaga keldim.

“Sohibkor” jamoa xo'jaligi meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan ekan. Yuz-ko'zlaridan nur yog'ilib turgan, raislarga xos qomatli Alijon akaning kamtarinligi va shirin kalomi birinchi ko'rishishimizdayoq unga bo'lgan hurmatimni oshirib yubordi.

O'sha kuni Alijon domla bilan uning “Espero” rusumli xizmat avtomashinasiga o'tirib, “Mo'yi muborak” qadamjosiga bordik. Aytishlaricha, bu muqaddas qadamjoda payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tabarruk mo'ylari saqlanar ekan. Shu bois hamyurtlarimiz bu joyni ziyorat qilishar ekan.

— Qadamingiz qutlug' ekan, — deya domla lutf qiladi. — Bugun xo'jaligimiz pillakorlari rejalarini ortig'i bilan bajarishdi.

Pillaxonaga bordik. Pillakorlar bilan Alijon Payg'amovning o'zaro munosabatini ko'rib, rais xodimlariga shu qadar mehribon bo'larkan-a, deb hayron qoldim.

— Farg'onaliklar sizni domla deb atashar ekan-a? — dedim atay o'smoqchilagandek.

— Asli kasbim o'qituvchilik. 1942 yildan 1981 yilgacha bir kam qirq yil maktabda dars berganman, direktor ham bo'lganman. To'g'ri, qaysi vazifada ishlasam ham odamlar menga domla deb murojaat qilishadi.

— Dunyoda eng ulug' kasb o'qituvchilik-da, — deya unga yuzlanaman. — Mening otam ham o'qituvchi. Qirg'izistonning O'sh viloyati Aravon tumanida o'zbek tili va adabiyoti fanidan ellik yil o'qituvchilik qilganlar. Domlaning o'g'li ekanimdan doimo faxrlanib yuraman…

Alqissa, Alijon Payg'amovning hayot yo'liga nazar tashlab, u bilan bo'lgan uzundan-uzoq suhbatlar natijasida shuni anglagandimki, ohanrabosi qanchalar qudratli bo'lmasin, boylik, zebu ziynat, hashamatli hayot, mansab — bularning hamma-hammasi o'tkinchi, qo'ldan qo'lga o'tib yuruvchi omonat narsalar ekan. Kishini insoniy odob, ilm, yaxshi niyat bilan qilingan amallar, ota-onasining duolarini olish, infoq-ehson qilish uni el-yurt ichida azizu mukarram qilar ekan.

O'shanda “Qishloq hayoti” gazetasida “Odamiylik maktabining muallimi” sarlavhali maqola chop qilindi. Ushbu maqola O'zbekiston tarixida bir tumanda uzluksiz eng uzoq rahbarlik qilib dong taratgan ikkita insonning biri Alijon Payg'amov ekani haqida edi. U minglab gektar maydonlarda bog'lar yaratish ishida bosh-qosh bo'lgan.

Kasbim tufayli baxt topgan jurnalistlardan biri sifatida aytamanki, qirq yildan ortiq ijodiy faoliyatim davomida yuzlab olijanob insonlar haqida ocherklar, portretlar, esselar yozdim va eng muhimi, ular orasidan samimiy do'stlar, hayot ustozlarimni topdim. Shunday ustozlarimdan biri Alijon Payg'amov bo'ldi. U har safar xuzuriga borganimda “mening eng aziz mehmonimsiz” deb qarshi olar edi. Hayot kechmishlari, adabiyot haqida suhbatlashib o'tirib, tonglar otib ketardi.

Shunday suhbatlarimizdan birida Alijon aka: “Sizga bir omonat gapim bor: albatta, shunday kunlar keladi, bu haqda yozasiz”, dedi. Allohga yaqin insonlar olamdan o'tishini oldindan sezib qolar ekanmi, ustoz Alijon domla bilan bu suhbatimiz oxirgisi bo'lgan ekan.

1997 yili domlaning olamdan o'tgani haqidagi xabarni eshitib, o'sha paytdagi “Qishloq hayoti” gazetasining bosh muharriri, rahmatli Ne'mat Yoqubov bilan Qo'qonga fotihaga bordik. Toshkentga qaytgach, Alijon Payg'amov haqida “Odamiylik maktabining muallimi edi” deb nomlagan xotira maqolam bosildi. Maqola chiqqanidan bir necha kun o'tib bosh muharririmiz Ne'mat aka chaqirib qoldi. Xonasida ellik yoshlar chamasidagi ozg'indan kelgan kishi men bilan xuddi eski qadrdonlardek quchoqlashib ko'rishdi.

— Mehmon Alijon Payg'amovning shogirdi — ilmiy tekshirish instituti olimi ekan, — deya Ne'mat Yoqubov tanishtirdi. — Payg'amov haqidagi maqolangizni o'qib sizga rahmat aytgani ataylab Qo'qondan kelibdi…

Bunday samimiyat unutilmas voqea edi, albatta.

Alijon Payg'amovning “omonat gapi” haqida yozish maqsadida yaqinda Qo'qonga bordim. Muhsinjon degan eski qadrdonim orqali “Nuroniy” jamg'armasi Qo'qon bo'limi raisi Manzurjon Abdullayev bilan ko'rishdik. Maqsadimizni bilgach, Manzurjon aka judayam xursand bo'lib ketdi. U kishi bilan birga “Mo'yi muborak” qadamjosi ziyoratiga bordik. Yigirma sakkiz yil avval ko'rgan yuz yillik chinorlar ham ancha ulg'ayibdi. Ziyoratgoh atrofi obodlashibdi.

— Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning sa'y-harakati bilan bu muqaddas joy qayta ta'mirlandi, — dedi hamrohim. — Bu tarixiy maskan o'z davrida Qo'qon xonining yozgi dam olish joyi ham bo'lgan.

Manzurjon aka Abdullayev ochiq ko'ngil, shu bilan birga fikr-mulohazalarini dangal aytadigan, matbuot vakillariga hurmat-e'tiborli, atrofiga ko'pni ko'rgan nuroniylarni jipslashtira olgan, shoirlik qonida bor ijodkor inson ekan.

— Alijon Payg'amovni yaxshi bilgan insonlar bilan ko'rishsak bo'lardi, — dedim.

Manzurjon aka avval nonushta qilib olaylik deb, Qo'qonning yangi Chorsusidagi “Sharshara” choyxonasiga boshladi. Bundan o'ttiz-qirq yil avvalgi hayotni yodga soluvchi choyxonada, asosan, yoshi ulug' erkaklar suhbatlashib ovqatlanishmoqda. Hamrohimni ko'pchilik tanir ekan. Hali nafasimizni rostlamasimizdan bir oqsoqol yonimizga kelib o'tirdi.

— Bu kishi Tusmatov Ne'mat hoji, — deya tashishtirdi Manzurjon aka. — Mehmon Toshkentdan, jurnalist, Alijon Payg'amov haqida xotira yozish uchun kelibdi.

Nima maqsadda kelganimni eshitib, Ne'mat akaning kayfiyati ko'tarilib ketdi.

— Alijon Payg'amovdek insonlar dunyoga kam keladi, — dedi u. — Alijon aka kolxozimizga rais edi. Bir kuni usta bo'lib ishlaydigan Yusufjon akamga nazari tushib qolibdi. Akamning o'n bitta farzandi — bir qiz, o'n nafar o'g'li borligini bilgach, ustachilik bilan shuncha bolani boqib bo'lmaydi, deb kolxozning tovuq fermasini bergan ekan. Parrandachilik fermasida ishlab, bola-chaqasini boqib voyaga yetkazgan akam doim Payg'amov domlani duo qilardi. Hasanboy degan uchastkovoyga Alijon Payg'amov: “Ota-onasi yo'q, tarbiyasi og'ir ikkita bolani boqib tarbiyalang”, deb aytgan. Shu tariqa Hasanboy melisa savob ishni davom ettirib, ko'chada qolib tarbiyasi buzilgan yetti nafar yetim bolani farzand qilib boqib, tarbiyalagan.

Manzurjon akaning aytishicha, Qo'qon atrofida yoshi ulug' bo'lgan kim bilan gaplashsangiz ham, albatta, Alijon Payg'amovning savobli ishlarini eslaydi.

Tusmatov Ne'mat hojining aytishicha, Alijon domla biror muammoni ko'rsa yoki bir kishi kelib dardini aytsa, muammoni yechib shu ishni oxiriga yetkazmagunicha tinchimas ekan. U har kuni bomdoddan keyin hududlarni aylanib yurar ekan. “Qaymoqli guzar” mahallasidagi Muqimiy ko'chasida yashovchi Turdiali qori bilan ko'rishib duo olib ketarkan. Bir kuni qorining yarim sotixcha keladigan tor uyiga kirsa, hovlidagi supada yettita bola qator yotgan ekan. Qaytib chiqibdi-da, uy-joy berishga mas'ul bo'lgan rahbarni boshlab kelib ahvolni ko'rsatibdi. O'sha kuniyoq uy-joy berilibdi. Butun qo'qonliklar yaxshi taniydigan hofizi qur'on — Turdali qorining boriga sabr qilib yashaganini aytmaysizmi?

Beixtiyor Mir Alisher Navoiy g'azaliga O'zbekiston xalq shoiri Omon Matjon yozgan muxammasidagi ushbu misralar yodga tushadi:

 

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg'a o'xshamas,

Kotibu davru raqam avvalgilarg'a

                                                           o'xshamas,

Endi inson qadri ham avvalgilarg'a

                                                           o'xshamas,

Ko'nglum ichra dardu g'am avvalgilarg'a

                                                            o'xshamas,

Kim ul oyning hajri ham avvalgilarg'a

                                                           o'xshamas…

 

Faqat Qo'qonu Farg'onada emas, butun mamlakatimizda oltmishinchi-to'qsoninchi yillari el-yurt xizmatida bo'lib e'tiborga tushgan insonlarning qay biridan so'rasangiz, Alijon Payg'amov nomini hamon hurmat bilan eslashadi. U kishi haqidagi xotira maqola yozilmasidan avval, niyatimizni eshitgan nuroniy otaxonlar rahmat deyishdi. “Shunday asl insonni eslab, katta savob ishga qo'l uribsizlar, iloho, qo'llaringizdagi qalaminglar oltin bo'lsin”, deya duo qilishdi. Alijon akani bilamiz deb yursak-da, yaxshi bilmas ekanmiz, hayoti va bosgan qadami savobdan iborat hazrati inson to'g'risida katta kitob yozsa bo'larkan.

Kitob yozish haqidagi o'y xayolimdan o'tganida, Alijon Payg'amovning shaxsiy minglab kitoblari taqdiri nima bo'ldi ekan, deb o'yladim. Javonlaridagi nodir kitoblarning ko'pining mualliflari —mashhur yozuvchi va shoirlar dastxatlarini yozib berishgan. Afsus, bugun kirill alifbosidagi bu nodir asarlarni biz keksalardan boshqa yana kim ham o'qiy olardi? Yoshlarning savodi lotinda chiqqan-ku!

Qo'qonda bo'lgan kunimiz Rasul hoji degan eski qadrdonimizning qaynotasi ulug' yoshida olamdan o'tib qolibdi. Manzurjon Abdullayev va bir necha oqsoqollar bilan ta'ziyaga bordik. Janoza namoziga tumonat odam yig'ildi. Hokim boshliq shaharning bosh imom-xatibi va yana boshqa bir qancha olim-ulamolar ham marhumning yaqinlariga ta'ziya bildirishdi. Azal-azaldan islomiy urf-odatlarni qadrlab kelgan qo'qonliklarning janoza marosimidagi botartibligini, yoshi ulug' keksalarga bo'lgan hurmat-ehtiromini ko'rib havasim keldi. Qabristonidagi xonlar shahriga xos bo'lgan obodonchilikni aytmaysizmi!

Domlaning omonat gapi nima edi, deb qiziqayotgandirsiz?

Gap bunday bo'lgan edi:

“Men Alijon Payg'amov emasman, haqiqiy ismi sharifim Muhammadali Payg'ambarqulov. Yana qayta aytaman, men, aslida, Muhammadali Payg'ambarqulov bo'lganman, shu haqda yozarsiz.”

Sho'rolar zamonida ism-shariflargagina emas, butun millatimizga ana shunday bepisand qarash mavjudligiga dalolat bu. Chunki bola tug'ilganda o'z bilganlaricha ismu shariflarni yozib yuborish, savodsiz gala “o'zbek”, gala “o'ris”larning o'yini bo'lgan edi. Aytaylik, Juma ismini “Djuma” deb yozish, Ahmad degan nomni “Amad” deya rasmiylashtirish go'yoki oddiy hol bo'lgan. Aslida bu inson taqdiri, nomi, sha'ni ekanligi u zamon savodsizlari uchun hech gap emas edi. Balki bu narsalar atay qilingandir. Nima bo'lganda ham qahramonimizning asl ismi “Alijon” emas Muhammadali, familiyasi esa “Payg'amov”mas, Payg'ambarqulov bo'lgan ekan. Qarang, ana shunday el oqsoqoli bo'lgan inson ham qaysidir ma'noda davr, siyosat qurboni bo'lib, hatto o'z ismi-sharifining to'g'ri yozilishi, yuritilishi bir armon bo'lib o'tkan ekan-da!

Aziz o'quvchim! Bugun yelkamdan tog' ag'darilganday bo'ldi. Muhammadali Payg'ambarqulovning vasiyatini amalga oshirdim. Omonatini elga yetkazib, tarixiy haqiqatni bayon etdim…

Zimmamda ana shunday omonatdan yana bittasi turibdi. Bu omonat ham asli Qo'qon tomonlardan zolimlarning zulmi tufayli Yangiyo'lga kelib qolgan rahmatli qadrdonim, hayot ustozlarimdan biri O'lmas Masharipovning omonatidir…

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 13 =