Oqibat maktabi
yoki jurnalistlarning sadoqatli do'sti Murtazo Sultonovni eslab…
Salkam yarim asrlik jurnalistlik faoliyatimda turfa xil kishilar haqida ocherklar, esse va maqolalar yozdim. Kasbim tufayli juda ko'p do'stlar topdim. Umrimning past-baland yo'llarida quvonganimda quvonadigan, qayg'uga botganimda qayg'uradigan mehribonlarni uchratdim. Ko'p bo'lmasa-da, yelkani yelkaga qo'yib dardlashadigan sadoqatli insonlar taftidan bahramand bo'ldim. Ana shunday mehridaryo insonlardan biri — Murtazo Sultonov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) edi.
Yaxshilikni ochiq chehralardan kuting, degan hadis bor. Murtazo akaning yuz-ko'zlaridan nur yog'ilib turar edi. Bu ham Allohning inoyati bo'lsa kerak. Odamlarga faqat yaxshilikni ravo ko'radigan qalb egasi edi.
U kishi bilan “O'zbekiston ovozi” gazetasida ishlagan davrimda tanishgandim. Tahririyatga tez-tez maqola olib kelardi. Maorif va xalq ta'limi tizimida vazir o'rinbosarigacha bo'lgan lavozimlarda ishlab, katta mavqega erishgan bo'lsa-da, tabiatan ko'ngli ochiq, kamtar odam edi. Ayniqsa, biz jurnalistlar bilan bag'rini ochib ko'rishar, bayramlarda, ayniqsa, kasb bayramimiz va quvonchli kunlarimizda, albatta, yo'qlab kelardi. Qutlug' uyga quruq kirmaydigan qo'li ochiq, infoq-ehsoni kuchli inson edi. Shu bois, u kishi bilan juda ko'p davralarda hamsuhbat bo'lganman. Qariyb o'ttiz yildan ortiqroq bilgan bo'lsam-da, odamlarni g'iybat qilganini eslay olmayman. Faqat yaxshiliklardan so'zlar edi. Murtazo aka bu xislati bilan ustozim, taniqli adib, “O'zbekiston ovozi”ga qariyb 20 yil rahbarlik qilgan Maqsud Qoriyevga o'xshab ketardilar.
U matbuotga mehr qo'ygan, respublikada chiqadigan gazeta-jurnallarni muntazam o'qib boradigan, mutolaa qilib xumorini bosadigan ziyoli, ma'rifatli muallim edi. O'ziga qadrdon bilib, gazetalarda chiqqan maqolalarimga munosabat bildirar edi.
Inson keksaygan sari turli xastaliklar ortidan quvib yurar ekan. Murtazo aka ham hayotining so'nggi to'rt-besh yilini og'ir xastaliklar bilan kurashib o'tkazdi. Hatto oylab kasalxonalarda yotib, davolanib yurdi. Biz jurnalistlarning oqibatli qadrdoni bo'lgani bois, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov bilan ustozning holidan xabar olgani tez-tez borib turardik, uzoq suhbatlashardik. Garchi kasalxonada yotgan bo'lsa-da, doimo yangi gazetalarni olib o'qirdi. Ayniqsa, “Xalq so'zi”, “Hurriyat”, “Ma'rifat”, “O'zbekiston ovozi” kabi gazetalarni alohida sinchiklab mutolaa qilardi.
Murtazo aka gulni yaxshi ko'rardi. Kasalxonadagi u yotgan xonada doimo bir quchoq anvoyi gullar bo'lardi. Davolaydigan shifokorlarga ham gul sovg'a qilardi. U shirin so'zi-yu bir quchoq guli bilan ko'ngillarni obod qilar edi. To'y-ma'rakalarda do'stlarining yonida turardi. Ayniqsa, boshiga ish tushib mushkul ahvolda qolgan, betob bo'lib kasalxonaga tushgan, xonadonida ta'ziya bo'lgan do'sti birodarlari huzuriga borib, ruhiy dalda berar, hamdardlik bildirar edi. Hatto keksayib, saksonni qoralab qolganiga qaramay, juda g'ayratli odam edi. Hecham yodimdan chiqmaydi: Katta qizimning nikoh to'yi kuni qalin qor yog'ib, sovuq bo'lgandi. Shunday ob-havoda ham nabirasini yetaklab, to'yxonani fayzga to'ldirib Murtazo aka kirib kelgandi.
Ayniqsa, yoshing bir joyga borib qolganda Murtazo akaga o'xshaydigan dilkash insonlarni ko'ngil qo'msab qolar ekan.
Murtazo aka kiyinish madaniyatini ham maromiga yetkazardi. Tashqi ko'rinishga qaraydigan yuzaki, ikkiyuzlamachi do'stlarini sinaganini kulib eslardi. Bir safar tanishining to'yiga soqollarini olmay, eskiroq kiyimda borib qolibdi. Doim quchoqlashib ko'rishadigan do'stlari o'zini sekin chekkaga olib qochibdi. Shundan so'ng to'yga kirmay uyiga qaytib borib, chiroyli kostyum-shimini kiyib, bo'yinbog'ini bog'lab kelibdi. Haligina uni xushlamay turganlar qatorlashib salomlashishga oshiqib qolgan ekan. Shu bois o'ziga o'xshab did bilan kiyinishni bizlarga tayinlardi.
Yuqorida aytganimizdek, umrining oxirgi yillarida Murtazo aka og'ir xastaliklar bilan uzoq yotib qoldi. Bir safar Ahmadjon Meliboyev, Shuhrat Jabborov uchovimiz uyiga u kishini ko'rgani bordik. Kelinoyi bizlarni mehmonxonaga taklif qildi. Bu xonadonda ko'p tuz ichganmiz. Murtazo aka hadeganda chiqavermadi. Har xil xayollarga bordik. Oradan ma'lum vaqt o'tgach, soqollari olingan, kostyum-shim, oq ko'ylak, galstukda chiqib keldi, go'yo to'yga ketayotgandek. O'shanda uzoq suhbatlashib o'tirdik. Ahmadjon akaning ham rosa qulfi-dili ochildi. Uch soatdan ortiq gaplashsak ham, Murtazo akaga kamdek tuyulaverdi. “Yana oz-moz o'tiringlar, bu kunlar ham g'animat”, deb hecham javob bergisi kelmadi. Biz esa bemorni urintirib qo'ymaylik, deb jonimiz halak edi. Insonning dardini inson olar ekan. Murtazo aka tuzalib qolganday edi… Endi eslasam, u bilan oxirgi ko'rishishimiz bo'lgan ekan…
O'qituvchi va murabbiylar kuni Shuhrat Jabborov bilan rahmatli Murtazo Sultonov istiqomat qilgan, biz uchun qadrdon bo'lib qolgan xonadonga Mahfuza kelin oyimizni yo'qlab borayotgandik. Baxtni qarangki, mahallasida Murtazo akaning qadrdon qo'shnisi, taniqli olim, tibbiyot fanlari doktori Saidakrom Hasanovni uchratib qoldik. Maqola tayyorlayotganimni eshitib sevinib ketdi.
— Murtazo Sultonov mahallamiz ko'rki edi, — deydi Saidakrom aka. — Mahalla ahli uchun behisob saxovat qilib yurardi. Sizga rahmat, uka, savob ishga qo'l uribsiz. Maqolangiz gazetada chiqqanda xabar bersangiz, mahalladoshlarimga uni o'qib beraman. Ular ham juda xursand bo'lishadi.
Murtazo Sultonov yashagan uy qo'ng'irog'ini bosaman.
Xayolimda u go'yo quchoq ochib chiqib keladigandek. Bizni o'ttiz besh yoshlar atrofidagi ayol samimiy qarshi olib: “Ichkariga kiraveringlar, xolam sizlarni kutib turibdi”, dedi u.
Ichkarida Mahfuza kelinoyi bilan salom-alik qildik, hol-ahvol so'rashdik.
Onaxonning farishtali yuzlaridan xuddi Murtazo akanikidek nur yog'ilib turibdi. Agar hayot bo'lganida Murtazo aka ham kelinoyi kabi sakson yettiga kirar edi.
— Baxtimizga sog' bo'lib yuring, sizning yoshingizga bizlar ham yetaylik, ilohim, — deya niyat qildim. — Murtazo akaga judayam o'xshab qolibsiz. Uni ko'rgandek bo'ldik.
Kuzatishimcha, er-xotin mehr-muhabbat bilan yashasa, qo'shgani bilan qo'sha qarisa, zurriyotlari ardog'ida bo'lsa, bir-biriga o'xshab qolarkan. Bu ham Ollohning mo''jizasidek bir hodisa.
— Murtazo aka bilan qachon turmush qurgan edinglar?
— 1962 yili yigirma besh yoshimizda to'yimiz bo'lgandi, — deydi opa kulimsirab. — Agar hayot bo'lganida u kishi ham sakson yettiga kirardi.
— Qarang-a, men tug'ilgan yilda to'yinglar bo'lgan ekan, — deyman.
— Murtazo akani xotirlab Dilmurodjon gazeta uchun maqola tayyorlagandi, shunga surat bersangiz, olgach ketamiz, — deydi Shuhrat aka.
— Eslaganlaringiz uchun rahmat, akangiz yaxshi inson edi. Farzand-nevaralariga judayam mehribon kishi edi. Yaxshi kunlarimiz ko'p bo'lgan. Ammo tuhmatga uchrab partiyadan o'chirilib, besh yil ishsiz yurganida u kishiga og'ir bo'lgandi. Organ xodimlari judayam qattiq tekshirishgan. Yaratganga shukrki, oqlanib, tuhmat qilganlarning yuzi shuvut bo'lib qolgan. U kunlarni yozsangiz, o'zi bir kitob bo'ladi.
Uning boshidan kechirgan tashvishli kunlarini Shuhrat aka yaxshi bilar ekan, Murtazo aka haqiqat qidirib markazgacha borgani, nomi oqlanganini aytib berdi.
Mahfuza opaga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik tilab, rasmlar bilan Murtazo Sultonov haqidagi “Bir odamning olami”, “Men odamlarni sevib yashayman” nomli kitoblarni olib qaytdik.
Yigirma yil ta'lim tizimida vazir o'rinbosari bo'lib ishlagan, O'zbekiston va Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan quruvchi, jurnalistikaga e'tiqodli va ijodkorlarning sadoqatli do'sti Murtazo Sultonov haqida bilganlarimdan bir shingil havola qildim, xolos. Zero, oqibat o'lmaydi. Oqibatli insonlar hayoti bizlarga ibrat maktabidir. Murtazo aka shu maktabning bir muallimi bo'lib ko'pchilikka odamiylik sabog'idan ta'lim berib ketdi…
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.