O, o'tdi-ya, bu olamdan shoir o'tdi…
Surxon — ne-ne ulug' avliyolarni bizlarga bergan benazir tuproq. Buyuk Termiziylarning asl manzilu makoni bo'lgan u nurli ma'voga qadamimiz tekkanda, beixtiyor ko'nglimiz kunday yorishadi. Ming yillardan buyon Hakim at-Termiziy, Muhammad ibn Iso at-Termiziylarning qadamjolarini ziyorat qilish ilinjida oshiqqan elning eng og'ir sinovli yillarda ham qadami uzilmaganligiga tarix guvoh. “Buyuk Termiziylar” to'plamida shunday ajib bir rivoyatni o'qigandim: Hakim at-Termiziy bir kuni safardan qaytib kelsalar, u kishi yashaydigan yerto'lada bir it bolalab yotgan ekan. Hazrat astagina itni cho'chitib yubormaslik uchun ortga qaytadi. Shu tariqa u kishi har uch-to'rt kunda bir kelib uylaridan xabar olar, itning yotganini ko'rib, yana izlariga qaytib ketar ekanlar. Manbalarda yozilishicha, u kishi it bolalarini olib chiqib ketgunicha o'n sakkiz marta o'z uylariga qatnab, kirolmay qaytib ketgan ekan…
Men ushbu rivoyat orqali Haqqa yetgan insonning kibrdan qanchalar yiroqligini o'quvchiga yana bir bor eslatgim keldi. Surxonning daryodil shoiri Shafoat Rahmatillo Termiziy ham o'zining qaynoq tuprog'i kabi bir xokisor, ovozi baland shoir edi. U kishi kibru havodan ancha yiroq edi. Shuning uchun u o'zining bir to'rtligida:
Nodonlar gerdayar xoda yutgandek,
Donolar yurishar doim bosh egik.
Kiftiga bir xil yuk qo'ysa-ku davron,
Nodon sinib ketar, dono qolar tik…
— deb yozgandi. O'sha paytlar xizmat safari bilan har gal yo'limiz Termizga tushganda bizlarga quchoq ochib peshvoz chiqqan Shafoat akaning bolalarday beg'ubor quvonchini, samimiyligini ko'rib, hayratlanganman. Shafoat aka ko'ngliga yaqin bo'lgan ijodkorlarni ko'proq o'z uyiga taklif qilardi. “Mehmonxonani qo'ying, uyda ko'ngildagidek bir suhbat quraylik”, deya bizni uyiga olib borardi. Suhbat borgan sari qizib borar, aka har-har zamonda o'zining mahzun satrlari bilan yuragimizga cho'g' tashlab qo'yardi. Mushoira borgan sari avjiga chiqib, bizni haqiqiy beg'ubor ijod sari yetaklardi. Bir kuni u kishi menga ko'pdan beri kitoblari nashrdan chiqmayotganidan kuyindi. Men u kishining qo'lyozmalarini olib Toshkentga jo'nadim. Oradan ko'p o'tmay, “Shoh va shoir” hamda “Ko'rinmay gulladim” nomli she'riy to'plamlari nashrdan chiqdi. Ulug' shoirimizga qisqagina so'zboshi yozdim. Kitoblariga o'zimga yoqqan to'rtliklaridan nom topdim:
Ko'rinmay gulladim tutning guliday,
Tutday pisharim ham kelar —
kelma, may…
“Ko'rinmay gulladim” kitob nomi bo'ldi. Bu akaga yoqib, yosh bolalar kabi quvonib ketganiga guvoh bo'lganman…
Yana bir kuni Shafoat aka qiziq bir gapni aytdi: “Abdulla Oripovning xonasiga kirdim. U kishi mendan: “Shafoat, gazetada chiqqan yangi she'rlarimni o'qidingmi?” — deya so'radi. Men hayajonlanib: “Qaysi gazetada?” desam, “Hordiq”da”, dedi. To'g'risi, ko'zim tushmaganini aytdim. Abdulla aka xafa bo'lib, menga: “Sen xumkallalar gazeta o'qimaysan”, deb aytdi…” Shafoat akaning so'zlariga hayron qolib, dedim: “Aka, shoirning ko'ngli uchun o'qidim desangiz bo'lardi-ku”, desam, u kishi kulib: “Abdulla Orifni aldab bo'lmaydi. U kishi senga qay bir she'rim yoqdi, degan savolni ko'ndalang qo'yadi…” — degandi.
Men o'shanda Shafoat akani yana bir bora qayta kashf etdim. Negaki, u kishining to'g'riso'z va halolligi haqida ko'p eshitgandim.
Kech kuz edi. Xizmat safari bilan Surxonga bordim. Shafoat aka har galgidek meni yana xonadoniga taklif qildi. Bordim, negadir ustozning shashti past, kayfiyati yo'qday tuyuldi. Keyin bilsam, o'tiradigan uylarining shiferini yangilash uchun ochib tashlab, shifer ololmay qiynalib yurgan paytlari ekan. Oldindan qish eshik qoqib turgan bir pallada, shoirning tomi usti ochiqligi g'alati edi. Men u kishiga achinib: “Aka, bir og'iz hokim buvaga murojaat qilsangiz, olam guliston bo'ladi. Siz yurtimizning kattakon shoiri bo'lsangiz, nahot yordam qilishmaydi…” Shafoat aka yalt etib menga qaradi-da: “Yo'g'-e, men ikki dunyodayam ularning oldiga bosh egib bormayman. Xudo bir yo'lga olib borar…”, – dedi.
Eh, Shafoat aka, qani, bu dunyoda hamma sizdek bo'lsa edi! Hali biror tayinli 4 qator narsa yozmay turib, tinimsiz rahbarlar tinchini buzib, tama bilan yashayotganlar, hech bo'lmasa, sizning mana bu to'rtligingizni o'qib ko'rishsa yomon bo'lmasdi:
Sirtimga qarab siz chiqarmang hukm,
Bilmasdan dilimda nimalar hokim.
Davrada vaqt degan bir donishmand bor,
U hali aytadi siz kim-u men kim…
Bugun vaqt degan donishmand sizning olislardan sog'inchu iztiroblarga qorishiq bo'lgan satrlaringiz yangrayotganini mahzun tinglayotganini ko'rsangiz edi… Ammo nachora, o'zingiz “O'tar dunyo” nomli she'ringizda bot-bot ta'kidlaganingizdek:
O'tar dunyo, o'tdi do'stu g'ayir o'tdi,
Arbob, orif, oshiq Zuhra, Toyir o'tdi.
Davronini yoqlar o'tdi, koyir o'tdi,
Bani bashar zamoniga doir o'tdi.
O'taringni o'targacha qayir o'tdi,
O, o'tdi-ya, bu olamdan shoir o'tdi.
Har o'tarning xos qismati, ko'rari bor,
Har sobitning turari bor, nurari bor.
Har paykalki, pisharining o'rari bor,
Bir kun hosil sohibining so'rari bor.
So'raringni so'rargacha qayir o'tdi,
O, o'tdi-ya, bu olamdan shoir o'tdi.
Shoir o'tdi, kunlari yo'q, shomlari yo'q,
Haqdan bo'lak kamlari yo'q, komlari yo'q,
Ishqdan bo'lak g'amlari yo'q, jomlari yo'q,
So'zdan bo'lak shonlari yo'q, nomlari yo'q.
Yo'q-yo'q, yo'qlik Shafoatga doir o'tdi,
O, o'tdi-ya, bu olamdan shoir o'tdi…
AXTAMQULI,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi, shoir.