El dardi bilan yashagan adib

“Vatan ostonadan boshlanadi” degan ajoyib bir hikmat bor. U ming bor tahlil va tajribadan o'tgan xulosadir. Inson kichik bir Vatan — kindik qoni to'kilgan ostonasi uyida voyaga yetadi. U bilan faxrlanadi, ota-onasining tarbiyasini oladi, mashhur odamlarni taniydi. Ota-onasi, ustozlari: “Falonchi hamqishlog'imizga o'xshasang bo'lmaydimi?” degan gapni ko'p bora takrorlaydi. Yoshimiz ulg'aygan sari bizga o'z tumanimiz, viloyatimiz, butun O'zbekistonimizdan yetishib chiqqan ulug'lar haqida ma'lumot berishadi, yana ular bilan ham faxrlanishni, ulardek bo'lishni aytishadi.

Ha, biz tog'li joyda yashasak-da, bizdan ham o'z Vatanini jonidan ortiq sevgan, unga borini bergan, xalqimiz ma'naviyatini rivojlantirishga katta hissa qo'shgan va qo'shayotgan ko'plab insonlar yetishib chiqqan. Ana shundaylardan biri, so'zsiz, millatimizning fidoiy farzandi Mamadali Mahmudov edi. U dunyoga Evril Turon (Evril so'zi: aylanmoq, o'girilmoq, biror maqsadga erishish uchun yelib-yugurmoq, harakat qilmoq ma'nolarini bildiradi) nomi bilan mashhur yozuvchi.

Adib: “Barcha kitoblarim Vatan, millat uchun yozilgan”, deb aytgan edi bir suhbatida. Asarlari Vatan, millat uchun yozilgan bo'lsa-da, ijodkor o'n yetti yil mahbuslikda yashagani ham sir emas. U qamoqda ham ijoddan to'xtamadi va “Oy nuri”, “Bo'z bo'ri”, “Oygul” kabi asarlarini yozdi. Yozuvchining “O'lmas qoyalar” romani 1981 yili Germaniyada, so'ng Turkiyada, 2008 yili Parijda, 2013 yili esa Londonda chop etilgan. Amerika, Angliya, Kanada, Norvegiya, qo'yingki, uning asarlari ko'p­lab mamlakatlarda nashr qilindi.

M.Mahmudov haqiqat hech qachon mag'lub bo'lmasligini, u qachonlardir yuzaga chiqishini aytadi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan batamom oqlanganini, Yozuvchilar uyushmasi a'zoligiga tiklanganini (2018 yil) katta hayajon bilan qabul qilganini yozdi. Adib butun xalqni Prezidentimiz atrofida jipslashishga undab, Yurtboshimiz haqida: “Bu odam O'zbekistonni o'zgartirgan odam, yigirma soatlab ishlaydi”, deya e'tirof etdi.

Forishning zilol suvlarini ichib, go'zal tabiatidan bahramand bo'lib, oddiy, sodda, samimiy qishloq odamlari orasida unib o'sgan ijodkorning aksariyat asarlarida qishloq nafasi ufurib turadi. Asarlarining nomlariga e'tibor beraylik: “Bu tog'lar ulug' tog'lar”, “Bo'z bo'ri”, “O'lmas qoyalar”, “Tumanli kunlar”, “Oy nuri”, “Oq gul”.

Muhtaram Prezidentimiz 2017 yilning 3 avgustida ijod ahli bilan uchrashganda “El dardini yozmagan qalam — qalam emas!” deya butun ijod ahli eli, yurti haqida yozishini, xalq dardi va tashvishi bilan yonib yashashini alohida ta'kidlagan edilar.

Mamadali Mahmudov el dardini yozgan, tinglagan vatanparvar yozuvchi edi. Biz yoshlarni ijodkorni bilishga, uning asarlarini o'qishga va shu orqali ularda Vatanga muhabbat, yurtga daxldorlik hissi shakllanishiga da'vat etishimiz kerak.

Xalqimizning ana shunday fidoyi, haqgo'y yozuvchisi bugun oramizda bo'lmasa-da, uning asarlari yashamoqda. Haqiqiy ijodkorning asl qismati o'zidan keyin asarlarining yashab qolishidir. Aslida shuning o'zi katta baxt.

Shuhrat SAYITQOSIMOV,

Forish tumanidagi

80-maktab o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + twenty =