Qo'shni bo'lib ko'rishmagan edik…
Dunyoga tanilgan biznesmen Alisher Usmonov homiyligida Moskva shahrida 2022 yilda nashr etilgan “Antologiya uzbekskoy poezii” kitobining ikkinchi jildini varaqlayotib zabardast shoir Tilak Jo'ra she'riy turkumiga ko'zim tushdi. O'n yettita she'r… Qizig'i shundaki, Rauf Parfiga bag'ishlov bilan “Cho'lpon” sarlavhali she'r yonma-yon tushganki, bu xususiyatni ramziy sifatda qabul qilmoq joiz. Sababi — Tilak aka Cho'lpon hamda Rauf Parfining botiniy davomchisi edi.
Kamina 1987 yilda Eski shaharning “Qo'shtut” mahallasida yashaganimda kursdosh do'stim, shoir Abdul Jalil: “Shu yaqin atrofda Tilak Jo'raning hovlisi bor, yuring, bir ko'rib kelamiz”, degan. “Tilak aka bilan majlislarda salom-alik qilganmiz-u, shaxsan tanishmaganmiz. Juda nafis yozadi”, deya taklifdan shodlanganman.
Bordik. Devorlarini zax bosgan ekan. Eshigi qulflog'lik. Yana ikki-uch marotaba bordik. Shunda Abdul Jalil aytgan bir gap esimda qolgan: “Do'xturlar bu uyda yosh bolalar yashashi qiyin, debdilar”. Ochig'ini aytganda, o'tgan asrning 80-yillarida ayrim shoirlar kambag'al alpozda yashar edilar. Ammo baribir darveshlar ota-onalaridan, urug'-aymoqlaridan yordam so'ramaganlar. Gonorar tuzuk edi. Deylik, ikki qalamkash she'rlari orasida bosilgan “Tovushsiz qadam” nomli to'plamchamga besh yuz rubl, “Terakka yaqin yulduz” otlig' kitobchamga bir ming yetti yuz rubl qalam haqi olganman. Bu juda katta mablag' edi hozirgi kunga solishtirganda. Kulbamiz xaridi uch yarim ming rublga tushgan. Bir tarafi gonorarga bog'langani uchun ham kitob nashr ettirish biz kabi ijodkorlarga hayot-mamot masalasi darajasiga chiqqan.
Katta adiblar o'sha paytlar bitta yirikroq kitobiga yap-yangi “Volga” avtosining pulini olishgani ham lof emas. Bugun… bugun xo'p ajoyib zamon keldi-da: kitobga qalam haqi to'lash degan narsa deyarli unutildi. Aksincha, endi kitobingiz chiqishi uchun bir dasta pul ko'tarib chopasiz.
Mayli, bu gaplar emas muddaomiz. So'zimiz boshqa edi.
Tilak Jo'raning ishxonasiga borib tanishganman. Nihoyatda kamtar, samimiy, lekin tez gapiradigan odam edi. “She'rlaringizni o'qiganman”, deya iltifot qilgandi o'shanda. “Qo'shni bo'lib ko'rishmagan edik”, deganimda negadir kulib yuborgan edi.
U sarbast vaznini xush ko'rardi. 1986 yilda “Nozim Hikmat va o'zbek adabiyoti” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Kamina uning she'rlarini, turk she'riyatidan amalga oshirgan tarjimalarini astoydil o'qiganman, uslubimni shakllantirishda qisman foydalangan edim. Dastlab tarjimalari g'alati tuyulgan: qofiyasi yo'q, tinish belgilari ham yo'q. Keyinchalik esa aynan shu uslubga moyil bo'ldim.
O'sha davrlarda katta-yu yosh shoirlar bir-birlarining ahvolidan xabar olib turishardi. “Tilak Jo'ra zamonaviy “do'm”ga ko'chib o'tdi” degan xushxabarni eshitishimiz bilanoq qanot bog'lab uchganmiz go'yo! Algoritm mavzeida edi yangi uylari. Eshigiga katta harflar ila “Tilak Jo'ra” deb yozib qo'yilgan. Esimda qolgani: “Tovushsiz qadam”imga dastxat bitganim. Tilak aka o'shanda xuddi o'zining kitobi chiqqandek suyungandi.
Yodimda, 1986-1989 yillarda Yozuvchilar uyushmasi binosida ko'p majlislar bo'lguvchi edi. Shoirlar-u nosirlar yuzingda ko'zing bormi, demasdan, andisha tuyg'usini bir chekkaga uloqtirib, dahanaki jangga kirishar edilar. Bir gal nomdor nosirlardan biri hay'at o'rindiqlari sari ildam odim otayotib, mag'rurona nigohlarini zalga qadadi. Nogahon oldingi qatorlarda o'tirgan Rauf Parfini ko'rdi-yu ovozini baralla qo'yib: “Rauf, o'rnimizni almashamizmu?” dedi. Ustoz o'rnidan turib: “Ozodlikni tutqunlikkamu?!” deya xitob ayladi. Tilak Jo'ra esa majlislarda gapirmasdi; har holda, biz gapirganini eshitmaganmiz. “Nega bundoq?” desalar, “Men tinglashni xush ko'raman” deganmish.
1989 yilning yozida “Yoshlik” jurnali tahririyatidan o'z arizamga ko'ra ishdan bo'shab, otamakonga qaytdim. “Xorazm” nashriyotida ishlab yurganimda Tilak Jo'raning fano olamini tark etganini eshitdim. 1994 yil edi. U inson 47 yil umr ko'rgan.
Sarbastdagi she'rlari o'z yo'liga. Ammo barmoq vaznida, hattoki “saqichdek” chaynalgan mavzularda ham yangiliklar yaratgan. Deylik, “O'zbekiston” sarlavhali olti bandlik she'rining har bandini o'qisangiz idrokingiz rohatlanadi. Misol tariqasida keyingi uch bandni keltirsak:
Ko'zyoshdek tiniqdir bu elda osmon
Shaftoli shoxlari qayrilgan onda.
Naqsh olma yuziga yugurganda qon
Oftob ham osilib tolar armonda.
Bu elning qadimiy har qo'shig'ida
Bejiz oltin deya atalmas tuproq.
Simyog'ochga qo'ngan qush tumshug'ida
Tilladay nurlanib turibdi boshoq.
Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,
Yulduzday sochilib olamga shoni.
Fidoyi o'g'ilman, yonib o'paman
Olam ostonasi – O'zbekistonni.
Qumrining kukulashini eslatadi bu she'r. Ohistagina o'qiladi. Lekin misralar qatida ona yurtga muhabbat tuyg'usi yonibgina turibdi. Shunga o'xshagan yuzlab she'rlari fonida Tilak Jo'ra o'ziga o'zi yodgorlik o'rnatib ketdi. Bunaqa yodgorlikni qurib bo'lmaydi.
Bahrom RO'ZIMUHAMMAD