Voha matbuoti darg'asi edi

“Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati xodimlari bilan bog'liq yorqin xotiralarim juda ko'p. Tahririyat “qozonida qaynagan” lahzalar hayotimning eng go'zal damlari edi, deya bot-bot takrorlayman. Bu yerda ustoz va hamkasblarimdan yaxshiliklar, mehr-muruvvatlar ko'rdim. Meni tushunishga harakat qilayotganlar, qo'llab-quvvatlovchilar, hurmat etuvchilar yonginamda edi.

Vohada eng nufuzli va obro'li nashrlardan biri sifatida tanilgan gazetada zabardast jurnalistlar, ijodkorlar samarali mehnat qilishardi. Men o'qishni tugatib kelgan 1985 yilda taniqli shoir, jurnalist va nasrnavis Erkin Samandar ushbu nashrga bosh muharrir edilar. Oliygohda o'qishimning to'rt yili davomida amaliyotni shu dargohda o'tkazardim. Har yili iyul oyida kelib, avgustning oxirida yana o'qishga qaytib ketardim. Ustozlardan xo'p o'rgandim. Ular: Soliyajon Rahimberganova, Arslon Otajonov, Otamurod Pirmatov, Sulton Nodirmatov, Jumanazar Yusupov, Sotimboy Avazov, Zarif Ibrohimov, Qadam Solayev, Bozorboy Bobojonov, Shixnazar Ahmedov, Ne'matjon Solayev, Ullibibi Otayeva, Oymonjon Egamova, Sulton Otajonov, O'ktam Polvonov va boshqalar.

Saksoninchi yillarda “Xorazm haqiqati” gazetasi haftaning besh kunida nashrdan chiqarilardi. Kechagidek eslayman. Ish boshlaganimning uchinchi kuni meni navbatchilikka qo'yishdi. Shu songa mas'ul muharrir Arslon aka Otajonov edilar. Qattiq hayajonlanganman o'shanda. Chunki, gazetaga navbatchilik — katta mas'uliyat, yuksak ishonch… Kechagina talabalik maqomida bo'lgan mushtdek qizga shunday ulkan vazifani — viloyat gazetasining taqdirini ishonib topshirishdimi? Ongu shuurimni ichki mas'uliyat va mislsiz bir hayajon qamrab olgan edi. “Redaktorning topshirig'i bilan navbatchilikka qo'yildingiz”, deyishdi.

Arslon Otajonov chuqur mulohazali, tahriri kuchli, talabchan, gazeta bosh muharriri o'rinbosari sifatida obro'si baland. Har bir kishiga, hamkasbiga to'g'ri baho bera oladi. U bilan birga navbatchilikka qo'yishganidan quvonib ketdim. Odatga ko'ra, mas'ul muharrir barcha sahifalarni ko'rib bo'lgach, imzo qo'yib, tahririyatni tark etardi. Navbatchi muxbir esa to tonggacha, gazeta chop qilinib bo'lguncha bosmaxonada bo'lardi. Mabodo biron xatolik kuzatilsa, zudlik bilan tuzatish choralarini ko'rish kerak.

Gap natijada. Gazeta xatosiz va sifatli chop qilindi. “Bosishga” deya ilk bor imzoni qo'ydim. Ellik mingdan ko'proq nusxada chop qilinayotgan viloyat nashrimizni bosishga ruxsat berishdek ham mas'uliyatli, ham sharafli ishni uddaladim chog'i… Bu holatni so'zda ifodalash qiyin. Qushdek uchdim, katta bir ishning uddasidan chiqqanimdan quvondim. O'shanda menga ishonch bildirgan va mas'uliyatni his qilishga undagan Erkin Samandardan minnatdor bo'lganman. Nazarimda, navbatchilikka qo'yish voqeasi — xuddi polaponini uchishga, yashashga o'rgatayotgan holatni eslatadi. Shu davrda deyarli har kuni, har soniya dargoh rahbarining qarshisida, nazoratida ekanligimni unchalik ham tushunmaganman.

Tahririyatda misoli ikkinchi universitetni o'tayotgandek edim. Negaki, bu yerdagi 50 kishi bari mening ustozim, imtihon qilayotgan va sinab ko'rayotgan domlalar misoli ziyoli va zakovatli edilar. Tahririyat darsxonasi tom ma'noda yoshlar uchun dorilfunun bo'ldi.

1988 yili yosh muxbirlarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida hukumatning topshirig'iga asosan tahririyatning 3-4 ta yosh oilalariga uylar ajratiladigan bo'ldi. Yangi oila qurgan paytim edi. Onam rahmatli: “Dom” olsang, bir umr unda qolib ketasan. Yaxshisi, uchastka qilinglar, kelajakda bolalaring bilan yayrab yashaysan”, dedilar. Bu fikrimni bosh muharrir bilan maslahatlashib ko'rdim. Erkin aka ham ma'qulladilar. “Onangiz juda to'g'ri aytibdilar. Biz ham qarab turmaymiz. Yordam beramiz, qanday hujjatlar kerak bo'lsa, tayyorlang”, dedilar.

Barcha zaruriy hujjatlarni tayyorlab, Urganch shahar ijroiya qo'mitasiga bordim. Ammo u yerdan juda og'ir gap eshitib chiqdim: “Mushtdek bo'lib, senga uy qurishni kim qo'yibdi? Homilador ekansan, hali bu bolang tug'ilsin-chi”. Bu gaplarni bosh muharririmizga aytishga uyaldim. Yig'ilish­lardan birida so'rab qoldilar. “Kamchiligi bor ekan, hujjatlarimni qaytarishdi”, dedim, xolos. O'sha yillari tahririyatda jurnalist Bozorboy Bobojonov kasaba uyushmasi qo'mitasi raisi edi. Bosh muharrir unga: “Bozorboy, birga borib, nima hujjat kam bo'lsa, to'ldirib, ishni bitkazib qay­tinglar”, deb topshiriq beribdilar. Bozorboy og'aga vaziyatni tushuntirdim.

Birga ijroiya qo'mitasi raisi oldiga kirdik. Bozorboy Bobojonov bu hujjatlarimga shaxsan Samandarov imzo chekib berishlarini aytib, alohida ta'kidladi. Shundan so'nggina menga uy-joy qurilishi uchun yer ajratilib, qaror chiqarilgan edi. Rahbar tahririyatdagi har bir xodimiga ana shunday e'tiborli, muruvvatli va g'amxo'r edi.

Navbatdagi majlislardan birida mening “Dildor” sarlavhali kichik voqeiy hikoyam keng muhokamaga sabab bo'ldi. Kimdir u dedi, kimdir bu. Mavzu to'qima, dolzarb emas, shu kabilar…

Hikoyada yosh oilada erining ayoli ustidan zo'ravonligi muammosi ko'tarilgan edi. To'g'ri, u davrlarda ushbu mavzuni gazetaga olib chiqish haqida gap bo'lishi mumkin emasdi, ammo oilada zo'ravonlikka uchrayotgan kelinlarning achchiq taqdiri, ularning turmush o'rtog'i tomonidan tahqirlanish­lari, kaltaklanishlari ma'lum gap edi. Hech kim qo'l urmagan bu masala meni juda qiynagan.

Mavzuni ko'tarishimga talaygina sabablar bo'lgan. Men bo'limda ustozim Soliyajon Rahimberganova rahbarliklarida “Qizlar klubi” sahifasini tayyorlardim. So'ngra Erkin Samandarning taklifi bilan “Qizlar klubi” eshitadi” degan rukn ostida telefon orqali murojaatlarni qabul qilishni yo'lga qo'ydim. Sahifa uchun ham aynan shu nomni tanladim. Viloyatda xotin-qizlar masalalari, ayollar muammolarining chek-chegarasi yo'q edi. “Dildor” hikoyasiga o'sha murojaatlardan biri – real hayotiy voqea asos bo'lgandi.

Tartib-taomilga ko'ra yig'ilish so'ngida bosh muharrir o'zining yakuniy hal qiluvchi fikr va xulosalarini aytardi. Bosh muharrir hikoyamni “Eng yaxshi maqola” doskasiga osishni taklif qildi.

— Kichik asar, ammo katta qimmatga ega. Oilalarimizda qizlarimiz, kelinlarimiz ustidan zo'ravonlik bo'lmayapti, deb kim ayta oladi? Bu hikoya kattalarga ibrat bo'lsin, unda dolzarb muammo haqida fikr yuritilgan, xulosalar bor, — dedilar o'z fikrlarini yakunlab.

To'g'ri, badiiy adabiyotda hikoya epik janr hisoblanadi. Hikoyamning badiiy jihatdan kamchiliklari bo'lishi tabiiy edi. Bu yig'ilishda goh bo'zarib, goh qizarib, o'zimni qo'yarga joy topolmay qoldim. Rahbar ahvolimni angladilar chog'i, mavzu juda dolzarb ekanligi va uni dadillik bilan olib chiqqanimni yuksak baholadi. Bugun har kim emin-erkin o'z mustaqil fikrini, so'zini ayta oladigan kunda bundan 35 yil oldin kichik asarim haqida bosh muharririmizning xolis xulosasi nechog'li ahamiyatli bo'lganini anglayman.

Bizning bosh muharririmiz har kuni yangi bir tashabbus va g'oyalarni ilgari surardilar. Xodimlardan ham shuni talab qilardi. Bir joyda qotib qolish, kunim o'tsa bo'ldi, shu kungi satrlar talablarini bajarsam kifoya, degan niyatda zo'rma-zo'raki maqolalar yozish holatlarini yoqtirmasdilar.

Saksoninchi yillarda atrof-muhitni sog'lomlashtirish, tabiatni himoya qilish maqsadida bog'-rog'larni ko'paytirish, ko'chat ekib, daraxt parvarish­lash tashabbusini birinchilardan bo'lib “Xorazm haqiqati” gazetasi boshladi. Bu tashabbuslarning boshida Erkin Samandar turganlar. Taniqli insonlar, adiblar xotirasini abadiylashtirish maqsadida ular nomidagi bog'lar barpo qilindi. Xonqa tumanidagi Alisher Navoiy, Yangibozordagi Abdulla Qodiriy bog'lari ana shu tashabbuslar, sa'y-harakatlar natijasida dunyo yuzini ko'rdi. Erkin aka haqiqiy vatanparvar, yurtparvar inson edilar. Uning jamoada birdamlikni ta'minlashga bo'lgan rag'bati kuchli edi. Hamkasblarning to'yu ma'rakalarida, quvonchu tashvishlarida o'zlari bosh bo'lardi. Barchani “bir yoqadan bosh chiqarib” birdam va hamfikr bo'lishga chaqirardi.

Odatda, oddiy muxbirning yozgan maqolalari dastlab bo'lim mudiri, so'ngra bosh muharrir o'rinbosari tomonidan sinchiklab tahrir qilinardi. Hech qachon bosh muharrir muxbirning materialini to'g'ridan-to'g'ri tahrir qilgan yoki ko'rgan emas. Bu jarayonlarni u paytlari ko'pam tushunmaganman. Ehtimol, umuman boshqa vaziyat bo'lgandir…

Bir kuni Erkin aka meni chaqirdilar-da, o'zlari topshiriq berdilar. Nega unday qilganlarini tushunmadim, hatto o'shanda menda savol ham tug'ilmagan bunday deyishga.

Shovot tumanida “Nuroniy” sanatoriysi bor edi. Shu dargohda dam oluvchilardan, keksa va nuroniylardan suhbat uyushtirib kelishimni ta­yinladilar.

— Ertaga ertalab qo'lyozmani bo'lim mudiriga bermasdan menga olib kiring, — dedi bosh muharrir.

Bosh muharrir topshirig'i bilan qushdek uchdim. O'sha kuni Shovotga borib, barcha zarur ma'lumotlarni, hatto bosh shifokordan turli rasmlarni so'rab olib qaytdim. Uxlamasdan tonggacha maqolani yozib, ertasiga ertalab soat to'qqiz bo'lmasdan ishxonaga keldim. Bosh muharrir tayinlaganlaridek, qo'lyozmani, rasmlarni o'zlariga kiritdim.

— Mayli, ko'rib qo'yaman. Hozircha ishingizni qilib turing, — dedilar. Hayajonim ichimda. Nima derkanlar, degan savollar bilan tinchimadim. Daqiqalar asrga tenglashdi, mahtal-muntazir bo'lib kutayapman… Nihoyat, chamasi bir soatlardan so'ng qabulxonada o'tirgan Zulfiya Yoqubova bosh muharrir yo'qlayotganini aytib qoldi. Bunday tuyg'u kimda qanday, ammo oyoq-qo'lim bo'shashib ketdi. Rahbarning eshigi oldiga qay yo'sinda yetib borganimni bilmayman. “Hoynahoy, maqolam qizilga bo'yalgan”, degan hadik ko'nglimga kelaverdi…

— Yaxshi, buni darhol mashinkaga — Sorajon opaga bering. Ertangi songa ulgurishsin. Rasmlarni Amin Niyozmetovichga topshiring, o'zlari tanlab olsinlar, maqolani o'zim imzolayman, — dedilar.

Qo'limga olayotib, shundoq ko'z yugurtirdim. Yuqorida “Mashinkaga” degan so'zni o'qidim. Birinchi varag'ida ikkita so'z o'chirilgan, bir so'z qo'shilgan. Keyingi betlariga qarashga bosh muharrirning oldida uyaldim. Chiqishim bilan barcha varaqlarni tezlikda ko'zdan kechirdim. Jami sakkizta betning to'rtta joyiga qalam tekkizilgan, xolos. Boshqasi joyida. Bu katta muvaffaqiyat, tengi yo'q yutuq edi men uchun.

Erkin aka ana shunday ajoyib, o'z fikriga ega, bag'rikeng, diyonatli, sharoitga qarab ish tutadigan, isbotni qadrlagan, hamkasblariga mehribon, hammani birdek tushunishga rag'bati kuchli yetakchilardan edi. Insonga xos madaniyat ziyosini, ma'naviyat shuurini qalbimda sharaflantirgan ustozimga ming rahmat. Jurnalistika, aslida, mashaqqatli, zalvorli yo'l ekanligini anglashda ko'magini ayamagan, odamlar orasida yashashga, birdamlikda mehnat qilishga o'rgatgan ustoz Erkin Samandardan minnatdorman.

Ustozimning joylari jannatda bo'lsin. Zulm va g'azablardan yiroq, adolatli va diyonatli insondan o'rganganlarim, ko'rganlarim bugun o'zim rahbar bo'lib ishlayotgan paytimda juda-juda asqotmoqda. Naqadar go'zal qaytish, bu qanchalar ham tashbehli, benazir dunyo. Bosh muharrir desalar, Erkin akaning salobatli qadamlari, og'ir va vazminlik asnosida fikr qilishlari, oqilona xulosalari esimga tushaveradi. Hayotim davomida yaxshi rahbarlar, insofli kishilar, mehribon ustozlar, kasbdoshlar, munosib shogirdlar bilan ishlash, yo'ldosh va hamkor bo'lish nasib qilganiga shukur.

U insonning shoirlik iqtidori haqida ko'p gapirish, ko'p yozish mumkin. Jumladan, “Amu jilolari”, “Dunyoning yoshligi”, “Osmon to'la nur”, “Vafo degan gavhar”, “Qabul soatlari”, “Sevgi fasllari”, “Sevgi kitobi” kabi ko'plab she'riy kitoblari nashr etilgan.

Umuman  olganda, ustoz  Erkin  Samandar  serqirra  adib  edi.  Ayniqsa,  mashhur  siymolarga  bag'ishlab  she'rlar  yozgani,  ularning  ta'rifini  keltirgani, xotirasiga  ehtirom  bildirgani  tahsinga  loyiq.  Shoirning  Vatan,  buyuk  ajdodlar, ona  tabiat  to'g'risidagi  she'r­larini  Ortiq  Otajonov,  Shermat  Fayzullayev  kabi  mashhur  hofizlar  qo'shiq  qilib  kuylaganlar.  Keyingi  davr­larda  mamlakat  televideniesi  orqali  chiqish  qilayotgan  Shermat  Xo'ja  shundoq  deydi:   “Shoir  Erkin  Samandar  menga  “Shermuhammad”  deb  murojaat  qilardi. Bir  kuni  davrada  uchrashganimizda  u  “Shermuhammad!  Sulton  Jaloliddin  Manguberdi  to'g'risida  she'r  yozdim. Eshitib  ko'ring-chi, notaga  tusharmikan”  deya  ohista  ovoz  bilan  yodaki  o'qidi:

Yurtni  bizga  Tangri  bergan,

Omonatmas, mangu  bergan.

Jaloliddin  ismim  manim,

O'tda  yonmas  jismim  manim.

Mazkur  misralarni  tinglashim  hamono  birdan  ruhiyatimda  musiqa  yarala  boshladi. Xullas, o'zim  kuy  bastalab, bu  qo'shiqni  mamlakat  televideniesi, radiosida  aytdim. Ko'pchilik  qo'ng'iroq  qilib, qo'shiq  muallifiga, kaminaga  minnatdorlik  tuyg'ularini  izhor  etdilar”.

Bu  ham  o'ziga  yarasha  tarix  edi.  Yana  bir  tarix  shundan  iboratki, Erkin  Samandar  “Xorazm  haqiqati”  gazetasi  bosh  muharriri  vazifasida  ishlab  yurgan  vaqtlarida  Xiva  tumanidagi  Ogahiy  nomli  jamoa  xo'jaligiga  vakil  qilib  yuboriladi. Shunda  mazkur  jamoa  xo'jaligi  raisi:  “Erkin  aka!  Bilasiz,  qishlog'imizdan  Muhammad  Rizo  Ogahiydek  buyuk  shoir  chiqib, jahon  miqyosida  tanilgan.  U  ekkan  tutlarning  ayrimlari  hozir  ham  yaproq  yozib  turibdi. Dalaning  o'rtasida…  Shu  tutlarni  muhofazaga  oldirib, shoirning  uy-muzeyini  yaratsak  qanday  bo'larkin?”  deydi.  Mazkur  jo'yali  gap  Erkin  Samandarga  nihoyatda  qattiq  ta'sir  o'tkazadi.  U  viloyatning  o'sha  davrdagi  rahbariga  murojaat  etib, Ogahiy  uy-muzeyiga,  bog'iga  asos  soldiradi. Natijada   Eski  Qiyot  qishlog'ida  tabarruk  majmua  qad  rostlaydi.  Har  yili  buyuk  shoir  Ogahiy  tavallud  topgan  17  dekabr  kunida  uy-muzeyida  voha  ijodkorlari  to'planib  she'r  o'qiydilar.  Zotan,  hazratning  o'zi  aytganidek:

Bo'lubdur  she'r  yaxshilar  shiori,

Jahonda  to  qiyomat  yodgori.

Kishiga  she'rdin   yo'q  yaxshi  farzand,

Ki  doim  boqiy  ul  farzandi  dilband.

Bunday  misralar  hayotda  o'z  isbotini  topgan. Masalan,  hazrat  Ogahiy  olamni  tark  etganiga  bir  necha  oydan  so'ng  150  yil  bo'ladi – ammo, ko'ngil  farzandlari  sanalmish  she'rlari  hali-hanuz  yashab  turibdi. Shunga  qiyosan  aytganda,  Erkin  Samandarning   sho'xchan, o'ynoqi  sevgi  taronalari  –  lirik  she'rlari   yana  yuz  yillarni  bo'ylashiga  shubhamiz  yo'q.

Dilbar BEKChANOVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − six =