HAQ SO'ZLI INSON EDI…

Matbuotga umrini bag'ishlagan insonlar juda ko'p. Ammo bir umr odamlar tashvishi va g'ami uchun yashagan jurnalistlar haqida o'ylaganimda, Safar aka ko'z o'ngimga keladi. Chunki Safar Ostonov har kuni kimningdir bir muammosi bilan yashar edi. Doim ish, gazeta deb yashadi. Bilmadim, biror dam olish maskaniga borib hordiq chiqarish haqida o'ylaganmidi? O'ylagan bo'lsa ham bunga amal qilgan emas.

“O'zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari Bosh muharriri bo'lib ishlagan yillarida bu insonni yaqindan bildim, ma'lum muddat birga ishlash nasib etdi.

Safar akani bilganlar, yaqindan taniganlar juda yaxshi bilishadi: u matbuotni chin yurakdan yaxshi ko'rar edi. Shuning uchun xatto shanba-yakshanba kunlari ham ishxonada bo'lar, nimalarnidir qoralab o'tirardi. Erinmasdi, har bir maqolani sinchiklab o'qir, mohirona tahrir qilar edi.

Shubhasiz, Safar Ostonov juda kuchli jurnalist, jasoratli inson edi. Qancha odamlarni nohaqlikdan himoya qildi, hatto vaqtida necha-nechalarning qamoqdan ozod bo'lib ketishi uchun ko'mak berdi. Ana shunday voqealardan birini juda yaxshi eslayman.

O'shanda Safar aka yuqori davlat idorasida ishlardi, bir tuman gazetasi muharririni himoya qilib bir sahifalik maqola yozdi. Bu maqola shu qadar shov-shuv bo'lgandiki, respub­likaning deyarli barcha nashrlari uni ko'chirib bosdi. Eng muhimi, qamoqdagi jurnalist ozod etildi, qandaydir ayblarni uyushtirgan o'sha tumanning qancha korchalonlari esa vazifalaridan ozod etildi.

Buni eslayotganimga sabab shuki, oradan bir qancha yillar o'tgach, Safar aka himoya qilgan o'sha tuman  gazetasi muharriri Safar Ostonovni o'z nashrida urib chiqdi, vijdonsizlarcha tuturiqsiz bir bo'hton narsani chop qildi. Shu vaqtlar Safar aka bilan “Ovoz”da birga ishlardik.

Albatta, Safar aka qattiq xafa bo'ldi. Ammo hech narsa demadi, “Men uni bir paytlar himoya qilgan edim, yaxshilikni bilmas ekan, nomard va nonko'r ekan” demadi. Faqat… ustozning ko'zlarida yosh miltillaganini ko'rganman, juda og'ir olganini sezganman…

Ha, u kishi hayotda ko'p xiyonatlarni, tuhmatlarni boshidan o'tkazdi. Ammo Safar Ostonovda qandaydir bag'rikenglikmi yo nima desam ekan… kechirimlilikmi shu qadar kuchli ediki, yuqoridagi kabi nomardlik, xiyonat qilganlarni ham kechirib yuboraverar, hatto yana shu toifaga monand odamlar undan nimadir yordam so'rab kelsa, ko'kragidan itarmas, qo'lidan kelsa, ko'mak berib yuboraverar edi.

Ming afsuski, ko'p yillar davomida ustozning atrofida ana shunday bir nechta nusxalar xuddi qo'riqchisiday doim birga yurib, lekin akaning ko'p vaqti-yu, asabini yeganlar u kishi og'ir xastalikka chalingan paytda — hayotining so'nggi kunlarida dom-daraksiz, g'oyib bo'lib qolganini eshitdik. Albatta, ustoz marhamatidan bahramand “qo'riqchilar”i dom-daraksiz yo'qolib qolishmaganda ham Safar aka ulardan biror narsa so'raydigan, iltimos qiladigan odam emas edi. Buni shunchaki insonlarning turfaligi-yu, odamlar ichida qanday har  xil nusxalar borligi, bu qiyofasizlar sodda va bag'rikeng ustozdan hamisha foydalanib kelishgani yodga tushadi-da.

Safar aka hayotining so'nggi kunlarida koronavirus balosidan ko'p aziyat chekdi va ana shu balo tufayli hayotdan ko'z yumdi.

Mayli, bu gaplar o'z yo'liga. Eng muhimi, Safar Ostonov o'zbek matbuotining katta ustunlaridan biri edi. Katta publitsist edi. Hamisha adolat va haqiqat tomonida bo'lar, haq so'zni doim ayta olar edi, juda bo'lmasa eng og'ir paytlarda aytishni, ayta olishni istar edi.

Safar Oston maktabidan juda ko'p narsalarni o'rganish mumkin. Chunki yuqorida eslaganimizdek, u kishidan kimki biror yordam yo maslahat so'rab huzuriga kelsa, u hech qachon, hech kimga rad javobini bermas, vaqti tig'iz, doim yig'ilishu tadbirlardan bo'shamasa ham, albatta, hamma uchun vaqt ajratar, sabr bilan o'zganing dardu hasratini eshitib o'tirar edi. O'zgalarning dardu hasratlarini eshitishning o'zi oson emasligini hamma ham bilavermaydi.

Yana bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Men o'sha paytlari gazetaning Surxondaryo viloyatidagi o'z muxbiri bo'lib ishlar edim. Kimningdir arznomasi yuzasidanmi yo biror maqola taqdiri bo'yichami, hozir tafsiloti aniq esimda yo'q, lekin juda muhim gap ediki, tahririyatga keldim va Safar akaning huzuriga kirdim. O'sha vaqtlar gazeta haftasiga uch marta chiqar, ruscha — “Golos” bilan 4 marta chop etilardi. O'sha kun ham verstka kuni bo'lsa kerak, soat tushdan keyin 3-4lar edi, chamasi. Safar akaning ish stoli har doimgidek turli o'qilgan, o'qilmagan maqolalarga to'la, o'sha kungi bir nechta gazeta sahifalari ham yoyilib yotar, buning ustiga, ustma-ust telefon qo'ng'iroqlari tinmas, ularga erinmay javob berar,  endi gap boshlamoqchi bo'lsam, yana “vertushka” jiringlab qolar, Safar aka uzundan-uzoq telefonda gaplashib qolardi.

Xullas, soat kechki 6 lar bo'lib qoldi. Mening esa ichim qisilib, tezroq gapimni aytmoqchi bo'lardim.

— Safar aka, demak…

Qancha birga ishlagan bo'lsak ham, birinchi marta u kishi gapimni bo'lib:

— Maylimi, yarim soatdan keyin gaplashsak, – dedi u uzr ohangida. Men shunda:

— Safar aka, besh daqiqa vaqtingizni olaman, masala shundaki…

Shunda Safar aka:

— Bilasizmi, hozir yiqilib qolaman. Tushlik qilishga ham vaqtim bo'lgani yo'q, — dedi.

G'alati bo'lib ketdim. Chunki e'tibor qilmab­man. Ustoz juda charchagan, chindan ham zo'rg'a kreslosida o'tirar edi.

Shunday. Ish deb, gazetchilik deb o'zini o'ylamas, sog'ligi uchun ham aslo qayg'urmas edi.

Safar akaning insoniy fazilatlari haqida ham ko'p gapirish mumkin. Hamma biladigan bir sifati — mardligi edi. Jasoratli kishi edi. Yuqorida aytganimdek, har qanday masalada u kishi bilan fikrlashish, maslahatlashish va ko'mak so'rash mumkin edi.

Ammo shunday odamlar ham hayotda borki, bor emas ko'p, xullas, undaylar qanday vazifalarda ishlamasin, hech kimga biror naf keltirmaydi. O'zini, nari borsa oila a'zolari, juda yaqinlarinigina o'ylaydi. Ular uchun har narsa qiladi, chopadi, yelib-yuguradi. Lekin boshqalar uchun, “begonalar” uchun qilt etmaydi. Xalq va Vatan tashvishi faqat og'zida, tilida bo'ladi. Aslida faqat shaxsiy manfaati uchun yashaydi, ishlaydi. Bunday kaslarda Vijdon degan barometr bo'lmasa kerak deb o'ylayman. Og'zidan biror gap chiqmaydi, o'ta ehtiyotkor, o'ta sipo bo'ladilar.

Safar aka esa bunaqalarning mutlaqo tes­karisi, ko'pincha turli nohaqliklaru adolatsizliklardan yonib, kuyinib gapirib qolar edi…

U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo'lib saylangandan keyin ham matbuotdan, qadrdon “O'zbekiston ovozi”dan ayrilishni xohlamadi. Gazetadan ayro o'zini tasavvur qila bilmadi. Lekin ish, vazifa deganlari kimga vafo qilgan ediki, ustoz Safar Ostonga vafo qilardi?!

Yaratganning irodasi ekan, hali ancha tetik va ijodiy quvvati mustahkam payti bu dunyoni tark etdi. Hayotining so'nggi kunlari ham “O'zbekiston ovozi” degan gazeta taqdiri, tashvishlarini o'ylab kuyinganlari chin haqiqat.

Abdirasul JUMAQUL.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 5 =