“Vatanni daraxtday shamoldan to'sdim…”
Taniqli shoir, hozirjavob jurnalist va serzavq notiq sifatida elga tanilgan Hamid Norqulov O'rta Chirchiq tumanidagi Jaloyir qishlog'ida tavallud topgan edi.
Keyingi yillarda muallifning “Belida belbog'i bor el” (2001 yil), “Yonar so'z”, “Eldan topgan hayajonlarim” (2002 yil), “Ko'zlardagi dunyo” (2007 yil), “Siz baribir boshqachasiz” (2005 yil) hamda “Tansiq kunlar” (“Saylanma”, 2007 yil) nomli she'riy hamda nasriy asarlari nashr etildi. Badiiy ijod va jurnalistika sohalarida samarali ijod qilgan Hamid Norqul O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi sifatida faol faoliyat yuritdi. Adabiy uchrashuvlar, badiiy kechalar, mualliflik hamda yubiley tadbirlari, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkilotchisi va faol ishtirokchisi sifatida e'tibor qozondi.
Aynan mana shunday jo'shqin ijodiy faoliyati davomida 2000 yilda respublikamizda ilk bor o'tkazilgan Voizlar tanlovi g'olibi bo'ldi. O'sha yillari To'ytepada o'tkazilgan katta bir anjumanda O'zbekiston xalq shoiri Tursunoy Sodiqova so'z olar ekan: “Davramizda otashin shoir va notiq Hamid Norqul ham ishtirok etayapti, to'g'risi, hozir meni u kishining salobati hayajonga solayapti”, — degan edi samimiyat bilan. Darhaqiqat, serzavq shoir, o'tkir publitsist, mohir yozuvchi Hamid Norqulning iste'dodi, asarlari ko'plab adiblar, adabiyotshunoslar, ustozlar va muxlislar tomonidan munosib baholangan, yuksak e'tirof etilgan.
O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir esa muallifning “Tansiq kunlar” she'riy saylanmasiga yozgan so'zboshisida Hamid Norqulni “dardli shoir, dilida hayrati bor shoir”, deb ta'riflaydi. U kitobxonlarga xitob qilib, shunday yozadi: “Siz shoirning ko'ngil ko'zidan to'kilgan nurlar og'ushida huzurlanasiz. Shoir qo'llaringizga rost so'zlar nasimida hilpirab turgan hurlik bayrog'ini tutadi. Sizni Vatanni sevishga, ardoqlashga chorlaydi”.
Hamid Norqul yaxshi shoir, yaxshi jurnalist-publitsist va yaxshi yozuvchi edi ham. Shu ma'noda ijodkorning “Eldan topgan hayajonlarim” kitobi (Toshkent, 2002 yil, “Ijod dunyosi” nashriyot uyi) alohida e'tiborga molik.
“Yozuvchi Hamid Norqulov “Eldan topgan hayajonlarim” kitobida ma'naviyat haqida o'ylaydi va uning ko'p qirrali ko'rinishlarini hayotiy misollarda aks ettiradi, — deb yozadi atoqli adib O'tkir Hoshimov unga yozgan so'zboshisida. — …Ularda adib bir qadar ehtiros bilan qalam tebratadi. Ona yurt oldidagi mas'uliyat, el osoyishtaligi haqida fikrlaydi. “Eldan topgan hayajonlarim” milliy istiqlol mafkurasining shakllanishiga xizmat qiladigan kitobdir”, deya xulosa qilgan O'zbekiston xalq yozuvchisi muallifni “ehtirosli qalam sohibi” deya ulug'laydi. Darhaqiqat, Hamid Norqul ona yurtni, istiqlolni ehtiros bilan tarannum etgan olovqalb ijodkor edi. Uning “Hayratlarda ko'rganim — Vatan”, “Eldan topgan hayajonlarim”, “Bayroqni balandroq ko'taring”, “Birodarim — birligim”, “Bobolar duosi”, “Gilamga osilgan bayroq”, “Shu aziz Vatan — bizniki!”, “Yonar so'zlar” kabi otashin badialari buning isbotidir. U o'ziga, farzandlariga, do'stlarga va yurtdoshlariga Vatanni sevishning, unga fidoyi farzand bo'lishning o'ziga xos qirralarini she'rlarida namoyon etdi:
Tug'ilgan joyida sinalsa mardlar,
Muborak yurt nomin tiliga olar.
Zotan el ko'ksida silqigan dardlar,
Belida belbog'i borlarga qolar.
Belbog' — xalqimiz udumida elga daxldorlik ramzi: elimizda to'y yo ma'rakalarda bel bog'lab xizmat qiladiganlar yoxud janozaning butun g'am-anduhini yelkasida ko'taradiganlar beliga belbog' bog'laydilar. Zotan, “el ko'ksida silqigan dard”larni ko'tarmoq, uni yengib o'tmoqlikka belida belbog'i bor yoki yurt azamatlarigina qodirdirlar.
Hamid Norqulning o'zi esa qisqa, ammo g'oyatda sermazmun, sermahsul, ibratli umrni yashab o'tdi. 2010 yilning 19 oktyabrida 58 yoshida og'ir xastalikdan vafot etgan ijodkor Hamid Norquldan bizga boy adabiy meros qoldi. Uning ijod mahsuli bo'lgan o'ndan ortiq kitoblari she'riyat va adabiyot muxlislarining katta ma'naviy mulkiga aylandi. Uning dilbar she'rlari hamon tillarda jarang sochib turibdi, qator qo'shiqlari sevib ijro etilmoqda ham. U uzoq yillar samarali mehnat qilgan respublika “Tong yulduzi”, “Mash'al” tuman gazetalari ijodiy xodimlari, u hamkorlik qilgan “Xalq so'zi”, “Hurriyat”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Toshkent haqiqati” gazetalari, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari ijodkorlari yodida ajoyib inson, yetuk ijodkor sifatida saqlanib kelmoqda.
Ma'murjon BOZORALIYEV.