Inju qalb injulari

yoki o'zbek xalq og'zaki ijodi durdonalarini dur kabi terib, xalq qalbidan joy olgan shoira, folklorshunos olima Muzayyana Alaviya ruhiyatiga chizgilar

May oyining oxirlari edi. Men o'sha vaqtdaVatandoshradiostansiyasida faoliyat olib borar edim. Endigina dorilfununni tugatib kelganimiz uchunmi, rahbariyatdan juda ko'p topshiriq berilar, ayni paytda biz yoshlar shu taxlit sinovdan o'tar edik. Radio tinglovchilarimiz, asosan, xorijda yashovchi vatandoshlar bo'lgani uchun o'sha paytda bizda saqlanib qolayotgan milliy qad­riyatlar ularni qattiq qiziqtirar edi. Hatto shunday eshittirish­lar tayyorlashimizni  so'rabulardan maktublar ham olib turardik. Shunday kunlarning birida bo'lim boshlig'imiz  meni chaqirib, ushbu mavzuda doimiy tarzda beriladigan  eshittirishlar tashkil qilishim kerakligini aytdi. Men yuzlaridan nur yog'ilib turgan, zarhal gardishli katta ko'zoynagi o'ziga yarashgan, yuzko'zlaridan sharqona xotirjamlik ufurib turgan Muzayyana Alaviyani o'shanda birinchi bor uchratgan edim.

Muzayyana opaning “Oq olma, qizil olma” deb nomlangan xalq og'zaki ijodiyoti termalaridan tuzilgan kitobi xalqimiz orasida juda mashhur edi. Ularni  san'atkorlarimiz qo'shiq qilib kuylashar, qiz bazm va nikoh to'ylarida xalqimiz tomonidan burro-burro qilib aytiladigan bunday jonbaxsh qo'shiqlar yurakni hapriqtirib yuborardi.

 

Sochini yuvganlar orqaga tashlar,

Oshig'in ko'rganlar kunda bir yashar.

Orada dushmanlar o'tday tutashar,

Dushmanni kuydirib kunda kel, yorim.

 

Qoraman tagida qarab turganim,

Qora qoshli ro'mol o'rab turganim,

Sen u yoqda, men bu yoqda turganim,

Dushmanni kuydirib kunda kel, yorim.

 

Shoyi ko'ylagimni kiymasam bo'lmas,

Yaqosin dazmollab ilmasam bo'lmas,

Endi sen bolani sevmasam bo'lmas,

Dushmanni kuydirib kunda kel, yorim.

 

Eshittirishimizning birinchi ishtirokchilari Muzayyana  Alaviya,  Habibullo Qodiriy, Orif Alimaxsumov, Orif Hotamov, Karim Mahmudov, Malohat Dadaboyeva, Kommuna Ismoilova va respublikamizning o'sha paytdagi ko'zga ko'ringan ulug'lari  edi. Ke­yinchalik ular davra suhbatining doimiy ishtirokchilariga aylanishdi. Ular kelishganida, redaksiyamizning kichkina xonasi fayzga to'lib ketar,  go'yo  ulug' daryolarning ummonga quyilgan paytidagi qudratli shovullashlari quloqqa chalinganday bo'lardi. Davrani hamisha Muzayyana Alaviya boshlab berardilar. Opa shoshilmasdan salobat bilan, dona-dona qilib gapirib, davradoshlarini o'ziga maftun qilib qo'yardilar. Xalq og'zaki ijodidan iqtiboslar keltirganida go'yo har bir so'zlar, har bir termani hovuchida dur kabi tutib turgandek tuyulardi.

Ul qoshim ham bul qoshimning orasi bir qilcha bor,

Sensiz  o'tgan umrimning, yor, 

                                                    soati bir yilcha bor,

derdilar va xuddi bir piyola zilol chashmaning suvini miriqib ichayotganday chiroyli qilib “oh”  deb qo'yardilar.

Men har safar Muzayyana Alaviyani tinglaganimda, xalq og'zaki ijodi durdonalarining asl va go'zalligidan hayratga tushardim. Ehhe! O'zbekis­tonning har bir qarich yerini to'rt fasl  goh ulovda, goh piyoda kezgan bu muhtarama ayolning tomirlarida qadimiy ajdodlarimizning tabarruk qoni oqardi. Unda cho'lda o'sgan yovshanlar, tog' kiyiko'tlari ifori, qo'shiq bo'lib to'kilib, uzoq asrlar ona zaminga bahor yomg'irlari kabi singgan,  yana yam-­yashil maysa bo'lib ko'klagan – xalq dardini asrlar mobaynida dildan-dilga, tildan-tilga ko'chirgan, istibdod kishanlari yo'q qilib yubormagan ko'hna ohang qo'shiq bo'lib oqib yotardi.  Muzayyana Alaviyaning daftarga xalq og'zidan yozib olgan qo'shiqlari sirli bitiklarni — ko'hna muzeyni  eslatardi menga…

“Hatto jadid ma'rifatparvarlik harakati boshlangan XIX asr oxiri — XX asr boshlarida ham hech kim Kaspiy dengizidan Oltoy tog'larigacha bo'lgan kenglikda istiqomat qilgan turkiy xalqlar og'zaki durdonalarini yozib olish lozimligini o'ylamagan. Ayniqsa, “to'rt devor” ichida yashagan, begona erkak bilan hamsuhbat bo'lishi  gunohi azim hisoblangan ayollarning dostonchilik, rivoyatchilik, qo'shiqchilik va maqolchilik ijodi namunalarini avlodlarga qoldirish imkoni bo'lmagan va shuning uchun ular tarix qariga singib ketavergan”, – deb yozgan edi akademik Naim Karimov “Atoqli folklorshunos olima va shoira” maqolasida.

Muzayyana opaning yoshligi ham faqat o'zigagina xos bo'lgan.  “Samarqand bilim yurtiga o'qishga kirayotganimda, ariza yozing, deyishsa, qanday yozilishini bilmay she'r bilan yozganman. Otam o'z davrining atoqli insonlaridan edi, bu haqda kitoblarda ham yozilgan. Tog'am Abdulla Alaviy  o'sha paytda ham shoir, o'z zamonasining mashhur insoni bo'lib, Leningradda tahsil ko'rar edilar. Meni — yosh qizni uydagilar turmushga berib yubormoqchi bo'lganlarida, undan xabar topgan tog'am otamga xat yozgan: “To'ra aka, Muzayyanajon — nozik tabiatli, juda ham tiyran, andishali, ziyrak qiz. Shoirlik ta'bi bor. O'tmishda bunday tabiatli qizlar o'zlari kutgan orzu-havaslariga erisholmasdan, yig'lab kelib, yig'lab ketganlar. Men o'shalardek baxtsiz bo'lmasin, deb qo'rqaman. Agar biz uni o'qitsak, yaxshi bir kishi bo'lib yetishadi. Shuning uchun uni kuyovga berishda juda ehtiyotkorlik zarur. Sabr qiling, singlimning inja ko'ngli yaralanmasin, kelajakka ishonch bilan kulib turgan ko'zlari yoshga to'lmasin…”

Lekin xatning ta'siri bo'lmagach, men Piskentdagi uyimizdan Samarqand­­ga qochib ketishga majbur bo'ldim, degan edilar Muzayyana opa xo'rsinib. “Bir oyog'imga otamning mahsisini, ikkinchi  oyog'imga o'zimning mahsimni kiyib qochib ketganman. “Ma'rifatga o'zimni otdim” mening birinchi  she'rim edi.”

Muzayyana Alaviya  Cho'lpon bilan tanishuvni quyidagicha xotirlaydi: “Kunlarning birida bizdan xabar olib o'tgani Sanjar Siddiq, G'ozi Yunus, yana bir ikkitasi bor erdi, keldilar. Shu ozgina vaqtda ham oyimga yozganlaridan o'qib bermoqchi edi. G'ozi Yunus: “Kechga qolamiz, boshqa bir kuni hammamiz o'qiymiz!” deb yo'l qo'ymadi. Cho'lpon emas, hatto Xurshid shoir ham ko'cha-ko'yda uchrashib qolsak: “Ozgina shoshmang!” deb she'r o'qir yoki “Oybonu” degan drama asaridan tik turgan bo'lsak ham o'qir edi…

Mana shunday qilib, shoir Cho'lponga Inqilob xiyobonidagi Mehnatsaroydan uy berishibdi. Hozir Kurant to'g'risidagi saroy darvozalik katta, ko'pchilik turadigan uy bo'lib, o'sha vaqtda Sovnarkom uyi ham deyishardi, darvozadan kiraverishda – chap qo'ldagi uyning 1-qavatidan uy berganlar. O'sha uy hozir do'kon bo'lib turibdi.

Cho'lpon o'sha uyda rus xotini bilan turarkan. Rus xotini Andijondan mehmon bo'lib kelgan sing­lisi Fozilaxon, kuyovi Salohiddin Maxsumni yoqtirmagan. Shundan keyin Cho'lpon ularni biznikiga olib kelgan. Cho'lpon uzoq vaqtgacha gaplashib, keyin ketdi. Ikki mehmon biznikida qoldi. Ertasiga “Guliston” mahallasida istiqomat qiluvchi Abdusalom Niyoziy degan tanishlarinikiga borganlarini G'ulom Zafariyning xotini Halimadan eshitdim.

Men pedinstitutning sirtqi bo'limida o'qib yurganimda, Hisomiddinova Ruqiya opa degan yoshi kattaroq tatar muallimasi ham o'qir edi. Shu opa Gubr bog'ida (Kirov parki bo'lsa kerak) daraxtlar soyasida dars tayyorlab o'tirganimizda yaqinimizga kelib, asta-sekin:  “Bugun partiya majlisida juda qiziq gaplar bo'libdi. Akmal Ikromov, Fayzulla Xo'jayevlar “dushman” bo'lib chiqibdi. Biz dars tayyorlaymiz, deb gazeta ham o'qumaymiz”, — dedi. Bizning boshimiz qotib qoldi. Og'zimizni ochishga ham qo'rqamiz”.

Muzayyana Alaviya o'sha paytda ko'z o'ngida jamiyatning sara gullari yakson qilinayotganligining guvohi edi. O'zbek ayollarining, o'zbek onalarining dardini ichiga yutgan, yuragini o't bo'lib kuydirgan azoblari pinhoniy qo'shiqlarga aylangan, ularning iztiroblarini, orzu-umidlarini daftarga tushirish yosh Muzayyananing maqsadi edi. U  endi o'sha paytlargacha ham ayollar jur'at etmagan ishga qo'l urdi. Qishni qish demadi. Yozni yoz demadi. Saratonning kuydirguvchi otashli sellari butun vujudini qurshab olganida ham, kuzning xayolchan, xazon yaprog'i yanglig' qismati mezon bo'lib havolarda uchgan paytida ham u qo'lidan qalamini qo'ymadi. Bu juda katta jasorat edi. Bu To'maris shiddatini qalbiga joylagan o'zbek ­ayolining xalq orasiga, xotin-qizlar orasiga ilk bor kirib borishi edi.

Muzayyana opa ayollardan xalq og'zaki ijodiyoti durdonalarini yozib olayotgan paytidagi ayrim holatlarni shunday hikoya qilgan edilar: “Ro'paramda 35 yoshlardagi ayol o'tiribdi. Lekin uning ko'zlari juda ma'yus, terma aytadi-yu, ko'zlari yoshlanib ro'molining uchi bilan mijjasida titragan tomchilarni artib, yana menga yuzlanadi:

 

Qoshlaringning qorasiga qotgin meni,

Oshiqlikning bozorida sotgin meni.

Oshiqlikning bozorida olmasalar,

Kiprigingni o'qlar qilib otgin meni”.

 

Mana ushalmagan orzu, ishq iztirobi. Bunday so'zlarni, she'rlarni uncha muncha shoir ham yozolmaydi. Buni faqat xalq yozadi, xalqning gursillab urib turgan yuragi yozadi.

Muzayyana Alaviya milliy qadriyatlarimiz haqida davradoshlari bilan so'z yuritganida “Sumalak sayli”, “Qovun sayli”, qadimiy milliy bayramlarimizdan Navro'z sayli haqida gapirishni xush ko'rardilar. Shuningdek, ular yozib olgan xalq og'zaki ijodi durdonalaridan o'zbek xalq qo'shiqlari, terma qo'shiqlar, laparlar, yor-yorlar, Xorazm qo'shiqlari, kelin salom, o'lan, bayt g'azallar, mehnat qo'shiqlari, allalar joy olgan edi. Shuningdek, aza qo'shig'i ham Muzayyana Alaviya tomonidan yozib olingan edi. Davrada san'atkor Kommuna Ismoilova ishtirok etayotganlarida, ularga yuzlanib: “Kommunaxon, aylanay sizdan, endi bir juft Xorazm termalaridan aytib bering, bir rohatlanaylik”, – derdilar. Kommuna Ismoilova chiroyli lutf bilan qo'lini ko'ksiga qo'yib: “Xo'p bo'ladi, opajonim, jonim bilan, opajon”, – deb qo'shiq boshlardilar.

 

Dig'a-dig'a, dig'ajon,

Erkangiz bo'lay, og'ajon.

Ro'molimni soldim sori gullara

Ro'mol olib berding allakimlara.

Ta'rifi ketibdi bizning ellara

Endi galsangiz kirgizmiman uylara.

Dig'a–dig'a, dig'ajon, erkangiz bo'lay, og'ajon,

Bu kulbai ahzona xurshidi jahon galdi.

Go'yoki o'lik erdim, bu jismima jon galdi,

Noz ila kalom aylab, yorig'a salom aylab,

Bog' ichra xirom aylab, ul shohi jahon galdi…

 

… Ushbu xotirani yozayapmanu, ko'z o'ngimdan o'z xalqining sadoqatli va xokisor qizi, fidoyi inson va fidoyi olima, xalqimizning ummon kabi qalbidan bebaho dur va gavharlarni sabot va chidam bilan bittalab terib olgan muhtarama ayol Muzayyana Alaviya o'taveradi. Nelarni ko'rmadi bu ayolning aziz boshi? 1940 yil O'zbekiston Fanlar akade­miyasining  Til va adabiyot institutiga xodim bo'lib ishga kirgunicha uning boshiga taqdirning beayov zarbalari yog'ilaverdi.  U 1931 yilning yanvarida jonajon tog'asi, ma'naviy  rahbari, Cho'lponning sevimli shogirdi Abdulla Alaviydan ayrildi. Tog'asi vafot etdi. Oradan ko'p  o'tmay turmush o'rtog'i Lutfulla Alaviyga “xalq dushmani” tamg'asi bosilib ma'rifatparvar  insonlar qatorida qamoqqa olinib, benomu-nishon ketdi. Tog'asining tabarruk ruhiga  “panturkist” degan “yorliq” taqildi.  Maktablarda dars berishdan mosuvo qilindi. Ulug' fors shoiri Hofiz Sheroziyning bir baytini tarjimasi uchun  maktabdan, tahsil olayotgan pedagogika institutidan haydaldi. Ammo “oyning o'n beshi qorong'u bo'lgani bilan o'n beshi yorug'”.O'sha yorug' kun keldi.  Hali chillasi chiqmagan kelinlik paytida olib ketilgan turmush o'rtog'i Sibirdan qaytib, Muzayyana Alaviya qalbini umidga to'ldirdi.Olima yurtning  ichida bo'lib Fozir shoirdan Go'ro'g'li turkumiga kirgan “Intizor” va “Kunlarim” dostonlarini yozib olib, yana qancha yangi nomlarni kashf qilib, 1959 yilda  “O'zbek xalq qo'shiqlari” mavzuida nomzdlik disserta­siyasini himoya qildi. “O'zbek xalq qo'shiqlari”, “Oq olma, qizil olma”, “Yangi qo'shiqlar” singari qator asarlari, she'rlari, hikoyalari, publitsistik maqolalari, dos­tonlari, yaqindagina nashrdan chiqqan ikki jild­lik saylanma asarlari va yana chop etilishini kutayotgan navbatdagi ikki tomlik asarlari Muzayyana Alaviya otlig'  ummondan olingan tomchilar xolos. Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibasi bo'ldi.  Muzayyana Alaviya ulug' olima bo'lish bilan birga ulug' ona ham edi. U shunday xotirlagan edi: “Mening shaxsiy hayotimda katta rol o'ynagan ikki kishi haqida  beparvo yozolmayman. Bularni birisi  Oyimbibish enam – eshigimizdagi oqsoch xotin…

Bularning ikkinchisi mening turmush o'rtog'im Lutfulla Bahromxon o'g'li Alaviy edi.

Yozganimning lirik lahzalari shu ikkisiga bog'langandir. Bundan tashqari bir ota va bir onadan  yolg'iz bir singlim, yakka bir inim borkim, eng yaqinlardan,ota-onadan ayrilib bir-birimizga suyanib qolganmiz….

Menda, Muzayyana Alaviyada, ikki o'g'il Farhodxon, Anisxon.Qizim, o'rtanchasi Musavvaraxon – hammasi ham ota kasbini egallab vrach mutaxassislardir.Singlim Hikoyatxonda bir o'g'il, bir qiz, ukam Rashodxonda uch qiz bor”.

Mana, bir o'zbek ayolining – yoshligida ulug' kitob­lar mutolaa qilib, yorug' orzularga berilgan, g'oyat zahmatkash o'zbek olimasi, shoirasi, folk­lorshunos ayolining hayotidan bir chimdim tarix. Opaning qalbidagi ilm yog'dusi uni elga azizu mukarram qildi. U bugun o'zining buyuk safdoshlari – ulug' olimlar G'ozi Olim Yunusov, Hodi Zarif, Buyuk Karimiy,  Mansur Afzalov singari folk­lorchi olimlar qatorida kechayotgan yillar, vaqt va zamon ko'zlariga mamnuniyat bilan tikilib turadi. Ulug' olimadan qolgan ma'naviy xazina dunyoga endigina hayrat ko'zi bilan boqayotgan go'daklar qalbiga nur bo'lib kiradi. Buyuk muallim kabi qalbni tarbiyalaydi.

Muhtarama Zulfiyaxonim aytganlaridek: “Bu san'at Sizdagi xalqqa, uning madaniyatiga bo'lgan muhabbatgina emas, unga xizmat qilish,fidoiylik xamdir,samimiyat va qalbni anglash maxoratidir, ana shunday mahoratli va zahmatkash zarshunoslardan biri bo'lgan Siz o'zbek xalq og'zaki adabiyoti xazinasini boyitishda juda katta xizmat qildingiz”.

Chindan, inja qalb sohibasi, ulug' olima Muzayyana Alaviya nomi xalq qalbida abadiy yashaydi. 1909 yil 20 aprelda tug'ilib, 1988 yil 3 mart kuni vafot etgan ulug' ayol hamon ezgulik, ilm nurlarini tong nasimi misol dunyolarga ulashib kelmoqda. Shu so'zlarni yozayapmanu, ko'nglimda bir istak: Piskentda – olima tug'ilgan yurtda uy-muzeylari ham tashkil etilib, yo'qlovchilarni “Xush kelibsizlar, azizlarim!” deb qarshi olsa ajab emas. Buni esa oliy hakam Vaqt ko'rsatadi.

Sharifa SALIMOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan  madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 5 =