Misli qutb yulduzi

Insonlar o'rtasidagi munosabatlar haqida o'ylaganda turli holatlar ko'z oldimizga keladi. Ba'zan Yaratgandan omadimni ber, deb so'rash, aslida, yaxshi odamga duch keltirishini so'rash emasmikan, degan xayolga ham boramiz. Chunki “omad” deganlari ko'zga ko'rinadigan narsa emas-da, lop etib oldingdan chiqib qolsa! Lekin bir odamning yaxshi maslahati yoki nasihati ko'p ezguliklarga yo'l ochishi mumkinki, xuddi shuni “omad”, desa bo'ladi. Masalan, umr yo'ldoshi tanlashda ikkilanib yurgan yigitga berilgan to'g'ri yo'l-yo'riq tufayli kimdir unga eng aziz odam bo'lib qolish mumkin, negaki, kuyovbola kelindan yorib-yolchib ketgan bo'ladi.

Ko'plab shogirdlarning ustozi, professor Boybo'ta Do'stqorayev haqida o'ylaganimda, ana shunday fikrlar taxayyulimdan o'tdi. Odamoxun, o'z sohasini yaxshi biladigan, atrofida yoqimli muhit paydo qilgan bu insonning ko'plarga alohida iltifoti bo'lgandir, ammo men uchun bunday marhamat boshqalarga aslo o'xshamaydi. Uning qadri shunchalik balandki, ustoz bilan tasodifiy uchrashuv hayot yo'limni butunlay boshqa izga solib yuborgan. (Bu haqda avtobiografik “Sog'inch” romanimda ham mufassal to'xtalganman). Binobarin, gap mana bunday.

Keksa ota-onamning xizmatini qilay deb, yana ularning xohishini ijro etish uchun uylanib, “bola-chaqali bo'lib”, qishloqda qolib ketgandim. Garchi sirtdan o'qib, oliy ma'lumot olgan, maktabda o'zbek tili va adabiyoti fanidan dars berib, binoyidek ishlab yurgan bo'lsam-da, ko'ngilda bir armon yashardi: maktabni bitirayotganda “Kim bo'lasan?” degan savolga “jurnalist bo'laman” deb javob berganman va shu orzuim menga hech tinchlik bermasdi. Bilmadim, jurnalist degan so'zning jaranggimi (rostdan, bu so'zning sadosi ko'plarni maftun qilib qo'yadi) yoki rizqim shu sohadan yozilgani haqiqat ekanmi (qariyb qirq yillik ongli hayotim shu sohada o'tayapti), o'zimni yenga olmas va o'sha xayoliy qismatga intilardim.

Ajoyib kunlarning birida, bahorgi kanikul vaqti sinfdosh do'stim Bolta bilan (maktabda birga ishlaymiz, u rus tili o'qituvchisi) ming bir ilinj qurshovida Toshkentga yo'l oldik. Bu paytga kelib, chamamda, jurnalist bo'lishdan umidimni ham uzgan (bu soha qo'l yetib bo'lmas arshi-a'lodek tuyulardi), lekin tor muhitni tark etishni dilimga tukkandim: o'qituvchining obro'si tushib ketgan, umri paxta dalasida o'tadi, chalasavod brigadir ham xo'jayin… Botinimda nimadir g'imirlar, she'rlar yozar, redaksiyalarga jo'natib, to'mtoq   javoblar olar, og'rigan boshim javoblardan yana battar og'rirdi. Tuman, viloyat gazetalariga xabarlar yozib turar, hatto jamoatchi muxbir ham bo'lib qolgandim. Ilmiy-pedagogik mavzuda maqolalar yozardim, ulardan ikkitasi (“Husnixat ham husn”, “Inshoda epigraf”) Xalq ta'limi vazirligining nufuzli jurnali “Sovet maktabi”da e'lon ham qilingandi. Xullas, nimadir baribir ichkarida bezovta qilar, uni yengish iloji bo'lmas, imkoniyat esa cheklangan edi.

Nihoyat, “Har kuni o'lgandan bir kun o'lgan afzal” deganlaridek, ko'zni chirt yumib, poytaxtga yo'l oldim va iqtidorimni chamalab, fe'limda voqea-hodisalar mohiyatini anglashga intilish, borliqni yaxlitlikda va kechayotgan voqealarni uzviylikda tasavvur qilib, xulosalar chiqarish ishtiyoqi borligidan falsafa yo'nalishida o'qiyman, deb niyat qildim. Niyatimni falsafa fakulteti rahbari — nazokatli ayol xonimga bayon qilganimda, “Siz tayyor faylasufsiz” degandek qilib, “Undan ko'ra ilmiy ish qiling, bu o'qishdan ma'ni yo'q” degan javob bo'ldi. Meni qabul qilishmas ekan. Juda xafa bo'ldim, o'rtog'im dalda berdi. Bosh qotdi. Qaytib ketaverishga esa oyoq tortmaydi. Toshkentga kelish ham oson emas, qanday orzularim bor edi-ya?!

Ayni pallada tog'liklarga xos o'jarligim tutdimi yo rizq-nasiba tortib turgan ekanmi, menda tasodifan o'sha qo'l yetmas maskanni bir ko'rish ish­tiyoqi jo'sh urdi, nimadir uyg'ondi. Eng oxirgi ilinj sifatida jurnalistika fakultetiga borish, bu dargohning baxtli talabalari qanday sharoitda o'qiyotganini ko'rish hamda   maydonni bir aylanib, yurakdagi olovga suv sepish va …shundan keyin qaytib ketish istagi bosh ko'tardi. Oloy bozori tarafdan ezilib, Vuzgorodok — “Talabalar shaharchasi”ga keldik. Surishtirib, fakultetni topdik.

Kechagidek esimda. Koridor boshida tik turib, xilvat yo'lakni kuzatdim. Unda tasavvurimdagi o'zgacha bir ulug'vorlikni sezmadim, odmi ta'lim dargohi. Pollari o'yilgan, eshiklari qirilgan, nimasi bilandir ishlayotgan maktabimga o'xshardi va shunisi bilan dilga yaqin edi. Endi tasavvurlarim osmonu falakdan yerga tushayotgan, o'zimni istagimga loyiq va daxldor hisoblay boshlagandim.

Zang chalindi, talabalar koridorni to'ldirishdi. Ularga razm soldim, hammasi o'zimga o'xshash qora ko'zlar. Alohida bir sinoatni sezmadim. Dilim oshufta bo'la boshladi, bir tavakkal qilib, kim bilandir maslahatlashish istagi bosh ko'tardi. Yana zang chalinib, hammani o'quv xonalari bag'riga olgan, zal huvillab qolgandi. Yurak yutib, olg'a bosdik, yo'lakning oxirida keng ayvon bor ekan, davomida yana xonalar, ularning ba'zilari eshigi ochiq yoki yopiq, odamlarning gangur-gunguri eshitilib turadi (keyin, talaba bo'lganimdan so'ng bildimki, bu taraf fakultet o'rdasi – dekanat ekan).

Endi ko'ngil bir suhbatdosh-maslahatchini istardi. Kutib turdik, hayajondamiz. Shu asnoda o'rta bo'yli, to'ladan kelgan yigit o'ng tarafdagi xonadan chiqib, qarshi xonaga kirib ketdi. Menimcha, mavridi kelgan edi, bir kuch ilgari boshladi. Salom berib ichkariga kirdim-da, “Qashqadaryodan kelgandim, bir maslahat kerak edi…” deb gap boshladim. Suhbatdoshim men biladigan “buyuk”lardan shoir Turob To'laga o'xshab ketar ekanlar, ochiq chehra, samimiyliklari sezilib turibdi. Meni bajonidil tinglab, razm soldilar-da, o'tirishga taklif qildilar va men “diydiyo”mni boshladim.

Ancha uzoq gaplashdik, hayriyatki, kimdir kirib qolib, suhbatni bo'lib ham qo'ymadi. Hamma gapni aytdim, “domla” hafsala bilan tingladilar va xuddi mohir shaxmatchidek, har bir yurishning natijasini baholab bordilar. “Yoshingiz katta bo'lib qolgan ekan, yana oila, bola-chaqa…   Qiynalmaysizmi?” degan jo'yali savollar bo'ldi. Men biroz ehtirosga berilib, “O'qishga kirish nasib etsa, har qanday topshiriqni bajarishga, pol yuvishga ham roziman” tarzida javoblar berdim. Suhbatdoshimning odamoxunligi, gaplarimni bo'lmay, hafsala bilan tinglashi, savollar berib turishi dalda bo'lib, rosa “to'kildim”. Xullas, shu suhbatdan mudragan tuyg'ularim jonlanib, uxlagan hislarim uyg'onib, qanot bog'lab chiqdim. Muloqot mohiyatidan talaba bo'lish uchun bajarishim kerak bo'lgan vazifalarni ham aniq belgilab oldim: qishloqqa qaytgach, gazetalar bilan aloqalarni kuchaytirish, maqolalar chiqarish, mustaqil ravishda chet tilini o'rganish…

Shunday qilib, tole'im kulib, shu yil o'qishga kirdim. Garchi kecha o'zim dars bergan bolalar bilan kursdosh bo'lsam-da, bunday mayda-chuydalarga parvo qilmas, esini tanib qolgan odam sifatida o'z yo'limni belgilab olgan, birinchi navbatda mutolaa bilan jiddiy shug'ullanardim. Ochig'i, kutubxonalardan chiqmas, ustozlar adabiyot ro'yxatida yozdirgan barcha asarni o'qish, hech qurisa, qo'limga bir ushlab, varaqlab chiqishni niyat qilgandim. Hamma “Jurnalistika fakultetida o'qish oson, kirdingmi, diplom olishing naqd” deb o'ylardi, men esa o'qishni o'zimga o'zim “qiyinlashtirar” edim: mutolaadan bo'shamasdim. Zavqli va tarovatli hayot qo'ynida edim, orzuim ushalganidan baxtiyor, ba'zi mayda-chuyda qiyinchiliklar, jumladan, uzoqdagi oilamning sog'inchi ham bilinmasdi. Ammo bir narsadan xijil bo'lardim: menga to'g'ri maslahatlar bergan, qutb yulduzidek yo'limni yoritib, oldinga boshlab yuborgan ustoz ko'rinmasdi. O'shanda hatto tortinchoqlik bilan ism-shariflarini so'rab olmaganimdan o'zimni koyirdim…

Nihoyat, ikkinchi kursda, saodatli lahzalarning birida xuddi shu zot yana qutb yulduzidek qarshimda paydo bo'ldilar. Qaysidir bir fanni olib boradigan mudarris — shu kishi, aynan ustoz Boybo'ta Do'stqorayev edilar. Albatta, tanaffusda bir yil oldingi gaplarni eslatdim. Domlaning chehrasi yorishib, “Juda bir so'zli bola ekansiz-da. Endi yaxshi o'qing” dedilar. Keyingi semestrda “Publitsis­tika janrlari” fanidan katta o'qituvchi B.Do'stqorayev ma'ruza o'qidi.

Men “shovullagan o'rmonlarni payxon qilib” kelgan chamanzorim – orzuimdagi maskan – fakultetda juda hayotbaxsh ob-havo hukmron edi. Ustozlar o'z talabalariga umid va ishonch bilan qarashar, xuddi tengdoshlaridek ochiq, samimiy muomala qilishar (“Sochingni oldir, mana senga 3 so'm”. Bu pulga besh marta soch oldirsa bo'lardi. Lekin urfparast talaba sochiga qaychi tegishini xohlamasdi. Bir kuni shu holda ustozga to'qnash keldi. “Sochingni oldirmadingmi? Pulni qaytar”. Ortiqcha tanbeh, ko'ngilga botadigan nishtar yo'q), bunday muhit o'z botiningga razm solishga undardi. Juda tortinchoq ekanligimni shu yerda sezdim; rus va o'zbek tillarida baravar gapiradigan, ma'ruza o'qiydigan ustozlar esa maktabda rus tilidan saboq tinglamagan qishloqi bola uchun mo''jizadek tuyulardi: boshqa tilni shunchalar ravon o'zlashtirish mumkin ekan-da! Agar shunday tuyg'ularni uyg'otadigan muhitga yetishmaganimda o'zligimni to'la anglay olmasdim, qobiliyatimni chamalay bilmasdim. Rostdan, istiqbolimda yangi olam, moviy, cheksiz kengliklar ochilayotgandek edi.

Xullas, dorilfunun xayolkash bolalarini ma'rifat ziyosi va ijod ilhomi bilan yetarlicha oziqlantirardi. Ustozlar o'z o'quvchilarini avaylar, ular borlig'ida buyuk bir kuch yashiringaniga ishonardilar go'yo. Shunday ham bo'lib chiqardi. Jurnalistika fakulteti milliy ziyolilar safiga juda kuchli qator (pleyada)ni yetishtirib bergani bilan iftixor qiladi. Bugun ko'plab mashhur shoir yoki yozuvchi, publitsistu jamoat arbobi o'zini uchirma qilgan alma-mater sifatida ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) jurfakni tilga oladiki, bu hol tasodif emas. Bu dargohning quchog'i saxovatli edi, negaki, ustozlar ulug' shaxslar edilar. Ularning safida Boybo'ta aka munosib tarzda e'tirof etilardi.

Ana shunday muhitda men ham o'z orolimni izlar, qaynoq muhit bag'rida edim. Hayotiy tajribalarim har lahzada asqatar, ayniqsa, vaqtdan unumli foydalanishga intilardim. Yana o'zimning “qutb yulduzim” bor edi: Boybo'ta domlaning ma'ruzalarini qoldirmay tinglar, replikalari-yu qiliqlarigacha daftarimga yozib borardim. Amaliy topshiriqlarini qoldirmay, yuqori darajada eplashga urinardim. Mashqlarimni o'qib, ko'ngli to'lib bordi, chamasi, ustoz bir safar menga nisbatan “Qalami o'tkir…” iborasini ishlatdi. Kurs ishi sifatida esa “Larisa Reysner reportajlari” degan mavzuni topshirdiki, “g'unchadek nozik, sherdek shiddatli” jurnalist haqida o'qiganlarim, o'rganganlarim, o'zimcha o'rgamchik tadqiqotim hamon xayolimni tark etgani yo'q. Men jurnalistikaning tabiatini, chegaralarini, imkoniyatlarini bor-yo'g'i 31 yil yashagan bir hamkasbim (agar shunday atashga ma'naviy haqqim bo'lsa) chaqindek umrining mazmuni — ijodi, taqdiri, hayot tarzi misolida botinimda bino qilgandim. Tasavvurimda bo'lgan bu soha xayoldan voqelikka, haqiqatga aylangandi bir mashhur inson tarjimai holi ta'sirida.

Endi Boybo'ta aka bilan munosabatlar ancha teranlashgan, “ko'chadan ichkari hovli”ga o'ta boshlagan edi. Birinchi galda shunday yetuk ustozning fan nomzodi, hatto doktori emasligi qiziqtirar, talabalar o'zaro “g'iybat qilar” edik. Javoblar turlicha bo'lar, faqat dissertatsiya yoqlash oson emasligi bilan hamma savollar yechimini topardi. Go'yo domlaga qiyin (og'ir) mavzu tushib qolgan. Keyinchalik ma'lum bo'ldiki, bu hol ham e'tiqod bilan bog'liq ekan. Avvalo, tashqi sabablar tufayli ilmiy rahbar (Ochil Tog'ayev)ni almashtirishga to'g'ri kelgan. Keyin esa mavzu haqiqatan “og'ir” – o'sha paytlarda to'liq “oqlanmagan” jadidlar faoliyati yuzasidan ekan. Tadqiqotchi tezroq olimlik diplomini olishga shoshilmay, ro'shnolik kunlarini kutayotgan, o'zi tadqiq qilgan mavzuni butun bo'y-basti bilan ilm olamiga olib kirishni juda-juda istagan ekan. Shunday qilib, nomzodlik ishining hi­moyasi oz emas, ko'p emas 17 yil cho'zilgan. Ha, ataylab, sun'iy ravishda cho'zilgan.

Boybo'ta Do'stqorayev ana shunday dunyoda umrguzaronlik qilar, kutish va umid qilishning yashil xiyo­bonida sabr to'nini kiyib, yillarni iztirobda o'tkarib, yashayotgan, ulg'ayayotgan edi. Nihoyat, mus­taqillik bu e'tiqodli ilm shaydosiga ham ro'shnolik ato etdi, olimlik yo'lidagi to'siqlar bartaraf etildi, qulochni keng qo'yib, ishlash imkoni tug'ildi. Shunday ham bo'ldi. Ma'ruzalarida dunyo jurnalistikasining eng yaxshi namunalarini tahlil qilib, sohaning ko'plab mashhurlari hayoti va ijodini tilga olib, salmoqli mulohazalari bilan talabalarni hayratlantirib yurgan iqtidorli olim sohaning e'tiborli ustoz-muallimlaridan biriga aylandi. Matbuot nazariyasi va amaliyoti kafedrasining dotsenti, keyinchalik professori bo'lib, oliy ta'lim sohasida uzoq va samarali faoliyat ko'rsatdi. E'tirof etilib, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga munosib ko'rildi.

Yillar shu tarzda o'tdi, hayotning ilgarilanma harakati hamma narsani o'zgartirib, yangilab boraverdi. Bu orada shogirdlar ham ulg'ayib, o'z yo'lini tayin etish borasida amaliy qadamlar qo'ydilar. Jumladan, men ham 5 yil viloyat gazetasida ishlab, yana poytaxtga qaytdim va ustoz bilan yangi rutbada, yangicha ma'naviy olamda baqamti bo'ldim. Boybo'ta Do'stqorayev ilmiy ishni muvaffaqiyatli himoya qilib, o'zini tasdiqlatib olgan, to'la huquq bilan ustoz maqomini qozongan edi. Shuningdek, sohaning jonli hayotini kuzatib, dolzarb maqolalar yozardi. Jurnalistika tabiatan ijod, u qalb fantaziyasi, ruhoniyat tafakkuri mahsuli. Shuning uchun muallifning ijodi tadqiq qilib turilsa, qalamkashning unib-o'sishi, xatolardan voz kechib, muvaffaqiyatlarni mustahkamlab borishi, “mahsulot”ning xaridorgir bo'lishi samarali kechadi. Shu ma'noda jurnalist faoliyatiga tadqiqotchining nazari suv va havodek zarur.

Milliy jurnalistikamizda yaxshi an'ana bor edi: ustoz olimlar shogirdlarining ijodi (agar shunday atash mumkin bo'lsa)ni kuzatib borib, vaqtli matbuotda sharhlar bilan chiqardilar, ya'ni jurnalistning yozganlarini tahlil qilib, o'z munosabatlarini bildirar edilar. Bu hol muntazam va an'anaviy davom etardi. Masalan, filologiya fanlari doktori, professor Ochil Tog'ayev. “Men xalqimning ildiziman…” (Yoshlar publitsistikasi haqida o'ylar)” sarlavhali maqola yozib “Yosh leninchi” — (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi, 1988 yil 7 iyun), 5-6 nafar o'smirlar ijodiga munosabat bildirgan edilar. Ular safida viloyat gazetasida ishlayotgan men ham bor edim.

Shu ezgu amal ruhida endi maqolalarni emas, kitoblarni ustozlarga taqdim qilib, ularning munosabatini bilishga intildik. Jumladan, Boybo'ta akaga “Imzoli xatlar” (2007 yilda nashr etilgan), “Mahak toshi” (2008 yil) va “Vaqt manzaralari” (2009 yil) kitoblarimni sovg'a qildim. Albatta, umidim matbuotda ul zotning munosabatini ko'rish, shu bilan keyingi rejalarni tahrir qilib olish edi. Ustoz kitoblarni mufassal va uzoq mutolaa qildilar chamasi, taqriz ko'rinavermas edi. Men bexabar ekanman, shu damlarda maxsus topshiriq bo'yicha o'zbek jurnalistikasi tarixi bo'yicha o'quv qo'llanmasi tayyorlash bilan jiddiy band ekanlar. Lekin har safar uchrashganimizda munosabatlar samimiy, mutolaadan olgan tassurotlarini nigohlari yorishib izhor etar, “Boplagansiz” deb muttasil takrorlar edilar. Vaqt esa to'xtab turmas, tirikchilik aravasi turli manzillardan olib o'tardi. Afsuski, umr ham bevafo ekan, hammasi nasiyaga qolib ketdi. Kutilmaganda bemorlik ustoz­­ni to'shakka yotqizib qo'ydi. Bir necha yillik dard bilan olishgan domlamiz bugun hayot bo'lmasa-da, u kishidan yaxshi nom, yaxshi farzandlar, haqiqiy ilm, kitoblar, sadoqatli shogirdlar qoldi.

Ustozning yetmish yoshga to'lishi qanday bayram qilingani ko'pchilikning yodida. O'zgacha bir do'lvor samimiyat, kengliklarga xos saxovat, o'zbekona bag'rikenglik ufurib turgandi tadbirlarda. Zero, chinakam jurnalistikaga, ustozga munosabat bundan o'zgacha bo'lishi mumkin emas. Bu soha insoniyat ma'lum madaniy bosqichga ko'tarilgach, ijtimoiy borliqda tan olingan. Uni hurmat qilmaslik, sevmaslik, qarshisida bosh egmaslik mumkin emas. Sohibqiron bobomiz “Minglab askar eplay olmagan ishni bir so'z bilan bajarish mumkin” deganlarida kelajakda shunday soha yuzaga chiqishini bashorat qilganga o'xshaydilar. Boybo'ta Do'stqorayev (va boshqa jami ustozlar) ma'ruzalarida ta'kidlaganlaridek, jurnalistikaning markazida inson olami va uning manfaatlari turadi. Hayot haqiqatini tasdiqlash bu soha vakillarining muqaddas vazifasi bo'lib qolaveradi.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + fourteen =