Jo'shqin qalam sohibi edi
Muharrirlar haqida gap ketganda, bugungi katta avlod Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim, Odil Yoqubov, Ahmad Ismoilov, Maqsud Qoriyev, Sa'dulla Karomatov singari zabardast ustozlar nomini hurmat bilan tilga oladi. Bu ro'yxatga gazetachilikda o'zidan yorqin iz qoldirgan muharrir Ahmadjon Muxtorovni ham qo'shish mumkin.
Ahmadjon Muxtorov iste'dodli, bir necha tillarda ravon va ta'sirchan yoza oladigan, viloyat gazetasida uzoq yillar ishlab, ijod qalami charxlangan, tahrir san'atini mukammal egallagan, g'ayratli, shijoatli, fikrida sobit, bahs-munozaradan qochmaydigan jurnalist edi. “Qishloq haqiqati” – “Selskaya pravda” gazetalari tashkil etilganida yangi nashr redaktorligiga (u paytlari matbuotda “muharrir” so'zi ishlatilmasdi) nomzod topish oson bo'lmadi. Viloyat gazetalari rahbarlarining hujjatlari o'rganildi, poytaxt gazetalarining taniqli jurnalistlari bilan suhbatlar o'tkazildi. Nihoyat, bu lavozimga Samarqand viloyati gazetasi redaktori Ahmadjon Muxtorovning nomzodi taklif etiladigan bo'ldi.
Qaror qabul qilinishidan avval, o'sha yillari men katta idorada ishlaganim bois, Samarqandga borib, kadr tanlashda o'rnatilgan tartib-qoidaga binoan, gazetaning uchta mas'ul xodimidan Muxtorov haqida yozma fikr oldim. O'qib ko'rsam, har uch kishi Ahmadjon akani ishchan, tashabbuskor, o'ziga, xodimlariga o'ta talabchan, sayoz, shunchaki yozilgan maqolalarga toqat qilmaydigan rahbar sifatida tariflashibdi. Yozma fikr qoidasiga binoan nomzodning ijobiy xususiyatlaridan so'ng “Vmeste s tem…” deb ayrim kamchiliklarini ham aytish qat'iy shart edi. Shu bois, ulardan bu xususda ham fikr bildirishlarini so'radim.
Yangi gazetalar Ahmadjon Muxtorov imzosi bilan chiqa boshladi. Nishona sonida Chingiz Aytmatovning yangi gazeta o'quvchilariga qutlovi e'lon qilindi. “Qishloq haqiqati” qisqa fursat ichida o'z yo'li va ovozini topib, o'qiladigan gazetalar safiga qo'shildi. Matbuotda qishloq hayoti ancha keng yoritila boshlandi. Sohaga doir tahliliy, tavsiyaviy maqolalar ko'paydi.
Keyin Ahmadjon aka yangi tashkil etilgan “Xalq so'zi” gazetasiga bosh muharrir bo'ldi. Gazeta o'z faoliyatini shiddat bilan, o'zgacha tarzda boshladi. Uning sahifalarida xalqning so'zi, taklif-mulohazalari, mavjud muammolar ochiq-oydin ko'rina boshlagani o'quvchilarda jiddiy qiziqish uyg'otdi. Ijtimoiy fikr, oshkora tanqid, hayajonli publitsistik ruh milliy matbuotimizda yangi yo'nalish sifatida namoyon bo'la boshladi. Oddiy kasb egalari uchun u yoki bu ma'noda fikr aytish, kamchiliklar, muammolar, turli adolatsizliklar xususida emin-erkin mushohada yuritish imkoniyati yuzaga keldi. Matbuot tufayli jamiyat hayotida fikrlar xilma-xilligi yuzaga kelayotganday edi. Gazeta atrofida jur'atli, fikrli mualliflar paydo bo'ldi. Shu choqqacha yuzaga chiqmagan ko'plab mavzularga dadil qo'l urildi. Bu jarayonni gazeta muharririning o'zi boshlab berdi.
Muxtorov faqat gazeta bilan shug'ullanmay, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faollik ko'rsatdi. Sobiq ittifoqning so'nggi yillarida SSSR xalq deputati bo'ldi. Saylov arafasida mashhur telepublitsist Aleksandr Bovin boshliq bir guruh nomzodlar O'zbekistonga kelishdi. Ular safiga Muxtorov ham qo'shilib, uch-to'rt joyda jiddiy uchrashuvlar o'tkazdik. Nomzodlarga shoir Normurod Narzullayev ikkimiz hamrohlik qildik. Aleksandr Yevgenyevich — dunyo kezgan, eng katta davralarda bevosita ishtirok etgan, birinchi rahbarning “yozma qo'li”, so'zamol va hozirjavob kishi – rasmiy uchrashuvlardan keyingi tor “choyichdi”larda bizga ko'p narsalarni, jumladan, Leonid Brejnevning so'nggi kunlarini, deyarli ovqat yemay qo'ygani, oshpazlar niqobidagi vrachlar unga bir nimalarni majburan yedirishgani, uzoq davom etadigan yig'ilishlarga, mensiz o'tkazsanglar bo'lmaydimi, deb bolalarcha tixirlik qilgani va boshqa shunga yaqin gaplarni aytardi.
Bovinning bu gaplaridan keyin suhbatga qo'shilib, bir nimalar deyish oson bo'lmay qoldi. Ahmadjon aka bir iloj qilib, mavzuni o'zgartirdi. Mamlakatda kechayotgan murakkab jarayonlarga, uzoq-yaqin o'tmishda yuz bergan qora ishlarga, o'ttiz yettinchi yilgi qama-qamalarga rad qilib bo'lmaydigan dalillar bilan fikr bildirib, hurmatli mehmonning e'tiborini qozondi, Alekesandr Yevgenyevich bir-ikki: “Mushohadalaringizga to'la qo'shilaman, o'rtoq o'zbek nomzod, kreativ fikrlar ekansiz”, — dedi.
Saylov o'tdi. Ahmadjon Muxtorov xalq deputati bo'ldi. Kremlning mahobatli saroyida otashin nutq so'zladi. Gazetada kuyunchak maqolalar yozdi. Ko'p yillar dilida saqlab yurgan fikrlarini yuzaga chiqardi. Boshqalarni ham shunday qilishga da'vat etdi. Tahlilchilar 90-yillari mamlakatimizda matbuot tufayli ijtimoiy uyg'onish yuzaga kelganini ta'kidlashadi. Bunda bir qator yozuvchi va shoirlar bilan birga Ahmadjon Muxtorovning ham hissasi bor.
O'sha yillari o'zbek jurnalistlari Nomoz Sa'dullayev, Lutfulla Kabirov, Habibulla Olimjonov va yana bir necha kishi sobiq ittifoqning nufuzli nashrlarida malaka oshirish amaliyotini o'tadilar. Ahmadjon aka ularni har tomonlama, ya'ni ma'naviy va moddiy qo'llab-quvvatlab turdi. Aytishim kerakki, Ahmadjon aka qo'li ochiq, biror kishi yordamga muhtoj bo'lsa, beminnat qo'llaydigan saxovatli inson edi. 90-yillar boshlarida jurnalistlar orasida nochor ahvolga tushib qolganlar oz emasdi. Ularning ko'plari bunday saxovatdan bahramand bo'lganlari sir emas.
Xotira maqolamiz o'ta jiddiylashib ketmasligi uchun kichik “lirik” chekinish qilmoqchiman. 90-yillar boshlarida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi o'zining jur'atli chiqishlari bilan mashhur bo'ldi. Iste'dodli muharrir Jabbor Razzoqov rahbarlik qilayotgan “Turkiston” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi biz bilan ijodiy jur'at borasida bahsga kirishdi, Ahmadjon Muxtorov rahbarligidagi “Xalq so'zi” ham bu bahsda ko'rinib turardi. Ustoz muharrir Maqsud Qoriyevdan qolgan, bugun mutlaqo unutilgan an'anaga muvofiq, biz – shu uch muharrir birgalikda tushlik qilib, ba'zi masalalarni, masalan, biror qaltis mavzuni qanday yoritish, peshona teri bilan yozilgan tahliliy maqolani senzuradan oyoq-qo'liga lat yetkizmay o'tkazish xususida fikrlashib olardik. Tushlik gurunglarimiz ko'proq Ahmadjon akaning xizmat uyida bo'lardi.
Bir gal kutilmagan voqea yuz berib, oramiz buzilishiga sal qoldi.
Aslida, aytishga arzirli voqea yuz bermagan. Gazetaning navbatdagi sonida Ne'mat Aminovning ko'k choyning sifati yomonlashib borayotgani haqidagi hajviyasini e'lon qilgandik. Dushanba kuni ertalab Ahmadjon aka qo'ng'iroq qilib, “Adash, gazetada choy haqida hajviya beribsizlar, men bilan maslahat qilmabsiz-da. Ne'mat Aminov yaxshi yozuvchi, ammo bema'ni, asossiz gaplarni yozibdi, bilmagan narsasiga aralashib nima qiladi”, deya qattiq xafa bo'ldi va “Ertaga sizga bir kishi uchrashadi”, — dedi.
Kayfiyatim buzildi. Ahmadjon akaga hajviyaning nimasi yoqmabdi ekan? Qayta o'qidim. Unda hajviya qahramonining: “Choy qadoqlovchilarga rahmat. Keyingi to'rt-besh oy ichida uning ichidan chiqqan kalta-kulta yog'och bo'laklar bilan yangi uyning tomini yopib oldik, uyda hamma ko'k choy ichishga o'tgan, kuzga qolmay vassali ayvonimizni ham bitirib olamiz”, degan yumor bor edi. Shu, xolos.
Ertasiga ertalab xizmat xonamga savlatli bir kishi quyuq salom bilan kirib keldi. Qo'lida og'ir korobka. Salomlashdik, hol-ahvol so'rashdik. Mehmon uzoq kuttirmay, muddaoga o'tdi. “Akajon, gazetada bizni bir yozuvchi yomonlab yozibdi, hamma gapi yolg'on, isbotlab berolmaydi”, dedi jiddiy ohangda. Men unga bosiqlik bilan hajviya bu – badiiy asar, u biror tashkilotga bevosita qaratilmagan, jiddiy tanqid ham emas”, dedim. O'tmadi. “Ne'mat aka boshqa choy qadoqlash fabrikasini ko'zda tutgan bo'lishi mumkin”, deb qutulmoqchi edim, battar bo'ldi. Mehmon shu gapimni kutib turganday, darhol javob qildi: “Akajon, choy qadoqlash fabrikasi Samarqanddan boshqa joyda yo'q”.
Engil tazarru bilan mehmonni kuzatdim. U kishi olib kelgan oliy navli ko'k choyni jamoamiz bilan kamida bir yil ichdig-ov.
Xullas, hammasi risoladagidek edi. Ammo kutilmaganda… “Xalq so'zi” gazetasi muassisi va bosh muharrir o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'ldi. Matbuotda yarim asrdan ko'proq vaqt ishlab, bunday noxush holatga ikki bor duch keldim. Birinchisi shu, ikkinchisi marhum do'stimiz Safar Ostonov va O'zXDP rahbariyati o'rtasidagi ziddiyat. Safar matbuotimiz faoliyatiga doir qonunchilikda ko'zda tutilgan qoidalardan biri – muassisning tahririyatning ichki (ijodiy) ishlariga aralashmasligi to'g'risidagi talabga amal qilib, bo'sh kelmadi. Ahmadjon akaning rahbariyat bilan chiqishmasligi esa, taassufki, kun sayin chuqurlashib bordi va oxir-oqibat, bosh muharrir ishdan olindi. Oradan ma'lum vaqt o'tgach, Ahmadjon aka lavozimiga tiklandi, ammo darz ketgan oynaning sinig'i kimlarningdir ko'z o'ngidan ketmadi chog'i, u kishi yana bir marta ishdan bo'shatildi.
Bo'lar ish bo'ldi, bo'yog'i sindi. Bundan keyingi voqealarni batafsil tasvirlash shart emas. Muhimi, ikki tomon ham murosaga kelish imkoniyatidan foydalanmadi. Bu gapni ochiq aytish kerak. Ahmadjon aka jahl ustida bir-ikki o'xshamagan harakatlar ham qildi. Foydasi bo'lmagach, o'sha vaqtdagi davlat rahbariga o'ziga nisbatan nohaqlik bo'layotgani to'g'risida murojaatlar yo'lladi. Rahbarning bevosita topshirig'i bilan “Haqiqati O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Shavkat Niyozov Samarqandga borib, Ahmadjon Muxtorovga respublika rahbarining bir emas, uchta — O'zbekiston Jurnalistlari uyushmasi raisligi, “Guliston” jurnali bosh muharriri yoki Samarqand viloyat gazetasi bosh muharriri lavozimiga qaytish taklifini ma'lum qildi. Taassufki, Ahmadjon aka bu takliflarni qabul qilmadi. Men bilan suhbatda “Adash, qaysarlik qilayotganim yo'q, ko'p narsa so'ramayman, ishimga tiklashsin, xonamga kiray, joyimga bir zum o'tiray, so'ng jamoani chaqirib, hammalarini duo qilaman-da, ariza yozib ishdan ketaman”, deb turib oldi.
Bunday bo'lmadi. Aksincha, tekshir-tekshir boshlandi. “Muxtorovni Toshkentga kim olib kelgan o'zi?”, degan savol paydo bo'lib, u kishini “Qishloq haqiqati” – “Selskaya pravda” gazetalari redaktorligiga tayinlash to'g'risidagi hujjatlar ko'tarildi. Ular orasida kamina to'plagan uchta fikr ham bo'ladi. Ne tongki, har uchchala fikrning “vmeste s tem” degan joyida: “…biroz qaysarligi bor”, degan jumla yozilgan ekan.
Oradan birmuncha vaqt o'tdi. Asrboshining alg'ov-dalg'ovlari hammani o'zicha band qilib qo'ydi. Shunday kunlardan birida adabiyot gazetasi tahririyatiga Ahmadjon aka kirib keldi. Avvalgi jasorat, cho'tkesarlikdan asar ham qolmagan. Siniq holat. “Adash, yaxshiman, kunim o'tib turibdi. Ijod qilyapman, turkum to'rtliklar yozdim. Yana yozaman. Eshikni yoping, sizga o'qib beray”, — dedi. Eshikni yopdim. O'n-o'n beshta to'rtlikni diqqat bilan tingladim. Alamli, hissiyotli satrlar. “Adash, sizdan yagona iltimosim — shularni gazetaga chiqaring”, desa-ya, degan xavotirda qoldim. Yo'q, bunday bo'lmadi. Ahmadjon aka xavotirimni sezganday: “Hozir emas, vaqti kelganda chiqarasiz. Bir ishonchli kishiga qoldirib ketaman, o'sha odam sizga olib keladi”, — dedi.
Oradan ko'p o'tmay, Samarqanddan sovuq xabar keldi. “Qishloq hayoti”da kichik ta'ziya chop etildi. Ustozning so'nggi iltimosini bajaradigan kishidan esa darak bo'lmadi. Mayli, endi buning ahamiyati yo'q. Chunki Ahmadjon aka birga ishlashgan, bir dasturxonda non-tuz yegan do'st-qadrdonlari, sadoqatli shogirdlari xotirasida u yashashda davom etmoqda.
Ahmadjon MELIBOYEV