Jon omonat deganlari haq

Avvallari taniqli qo'shiqchilar barmoq bilan sanarli edi-yu, mazza qilib eshitadigan qo'shiqlar ko'p edi. Hozir-chi, hozir hammayoqni qo'shiqchi bosib ketganu eshitadigan qo'shiq yo'qdek go'yo. Bu faqat mening gaplarim emas, balki yoshi ulug' san'at muxlislarining shu kabi e'tirozlari deyarli har kuni qulog'imizga chalinadi.

Bugungi ozgina nomi chiqqan qo'shiqchilar bilan suhbatlashganimizda esa ularning: “Hozirgi qo'shiqchilarga ham oson emas, aksincha, juda qiyin. Qancha yaxshi qo'shiqlar aytgan bo'lsang ham har kuni teleekranda, ijtimoiy tarmoqlarda ko'rinib turmasang muxlislar darrov esdan chiqarib yuboradi”, — deyishadi. Ehtimol, bu gaplarda ham jon bordir. Bugungi tezkor zamonda, har kuni yangi qo'shiqchi-yu yangi qo'shiqlar paydo bo'layotgan paytda ularga-da oson emasdir.

Shuning uchun bo'lsa kerak har kuni teleekranlarda, ijtimoiy tarmoqlarda o'zlarini turli ko'ylarga solib, noqulay vaziyatlarga tushib qolayotgan, hatto kulgiga qolayotgan “san'atkor”lar ko'payib bormoqda. Ba'zan, anchayin yoshi ulg'ayib, ko'zga ko'rinib qolganlarining ham ularning safiga qo'shilib qolayotgani achinarli, albatta. Ko'pincha, “shu shartmidi, uyalmasmikan bular, yaqinlari, ayniqsa farzandlari oldida izza bo'lmasmikan”, degan o'ylar o'tadi xayolimizdan. Ammo shuni ishonch bilan aytish joizki, haqiqiy iste'dodning qadri baribir hamisha baland bo'lib, uni xalq hamisha sevib, qo'llar ekan.

Yaqinda xalqimizning qalbidan joy olgan san'atkor, o'zigagina xos bo'lgan ovozi va yo'nalishiga ega bo'lgan qo'shiqchi, O'zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov olamdan o'tdi. Bu voqea san'atsevar halqimizni qayg'uga soldi. Ijtimoiy tarmoqlarda juda ko'pchilik tasirchan va yoqimli ovozi, diltortar qo'shiqlari bilan yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan hofiz haqida, uning betakror qo'shiqlari haqida yozishdi. Hamdardlik tarzida yozilgan fikr-mulohazalarni o'qib ko'ngil o'rtandi. Hatto, Nuriddin Hamroqulov haqida yaxshi so'z aytish asnosida uning ijro etgan qo'shiqlarini birma-bir sanab o'tgan yurtdoshlarimiz ham ko'p edi.

Qizig'i shundaki, Nuriddin Hamroqulov keyingi o'n-o'n besh yil ichida “oynai jahon”da ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham ko'rinmagan.   Gazetalarga intervyu ham bermagan hisob. Ko'pchilik tanish jurnalistlar – “Aka Oybek akani yaxshi taniysiz, gaplashib ko'ring, Nuriddin Hamroqulov bilan suhbatlashmoqchi edik. Katta ko'rsatuv tayyorlamoqchimiz. Negadir rozi bo'lishmayapti”, — deyishganda Oybek Hamroqulovga bir necha marta qo'ng'iroq qilganim ham bor gap. U kishi otasining biroz tobi yo'qligini, charchab qolishini aytib uzr so'rardi. Mayli, bu endi boshqa gap.

Asosiy gap shundaki, shuncha yillar turli telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda ko'rinish bermagan san'atkorimizni san'at muxlislari unutib yubordimi? Uning qo'shiqlari bugun shinavandalar yodidan chiqdimi? Yo'q, albatta. Qaerda qo'shiqchilik san'ati, sevimli hofizlarimiz, ular aytgan bebaho, o'lmas qo'shiqlar haqida gap ketsa, albatta, Nuriddin Hamroqulovning nomi ham sanab o'tiladi.

Bugungi yosh qo'shiqchilarimiz esa uning ko'plab qo'shiqlarini ijro etib olqish olayotgani sir emas.

Uning “Olamni saqlang do'stlar”, “Fasli bahor”, “Tashna hislar”, “Shirinliging – shakkarliging”, “Ajab sirlar”, “Soy ko'rdim”, “Sensiz”, “Menga yoqasan”, “Shirin xayol”, “Na sen deding”, “Turnalar”, “Ikki dil” kabi qator qo'shiqlarini san'atsevar xalqimiz unutmagan, unutmaydi ham!

Bu dunyo o'tkinchi, kelish va ketish bor. Ana shu kelish va ketish oralig'ida insonning eli va yurti uchun qilgan xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Shu so'zlarni yozib turibmanu ko'z o'ngimga kuni kecha olamdan o'tgan yana bir ulug' hofiz, o'zbek san'atida o'z maktabini yaratgan san'atkor Sherali Jo'rayevning siymosi gavdalanadi.

Ha, yildan-yilga sahnalarimiz g'ariblashib bormoqda. Axir ular o'zbek san'atining pirlari edi.

To'g'risini aytsam, o'zim bu ikki san'atkorning qo'shiqlarini qachondan beri yaxshi ko'rib eshitishim, qachon muxlis bo'lganimni eslay olmayman. Menimcha esimni taniganimdan beri bo'lsa kerak. Demak, 50 yilcha bo'libdi. Yarim asr! Shu yillar ichida ularning qo'shiqlarini tinglamagan kunim bo'lmasa kerak.

Ha, yarim asrdan beri kayfiyatimga qarab goh “O'zbegim”, “Inson o'zing”ni yoki “Ajab sirlar”, “Shirinliging-shakkarliging”ni, ba'zan esa “Oshiq bo'ldim”ni xirgoyi qilib yuraman. Bu qo'shiqlarni xirgoyi qilmay bo'ladimi, unutib bo'ladimi?! Hali bundan keyin ham qo'shiqchilarning necha avlodlari bu qo'shiqlarni ijro qiladi, yangilaydi. Faqat bir iltimos: qo'lidan keladiganlari, bu qo'shiqlarni maromiga yetkazib aytadiganlari, ulardagi nafislikni saqlay oladiganlari aytsin!

Sherali Jo'rayev irodali inson edi. Uni ne-ne qattol davrlar buka olmadi. Aksincha, o'zbek san'atining dovrug'ini olamga yoydi. Xalqimizning dardini, orzu armonlarini, ayniqsa, bobodehqonlarimizning, chorvador-cho'ponlarimizning qalbidagi alamiyu quvonchini kuyga soldi. San'atimiz tarixida uningdek qo'shiqsevar xalqimiz ichiga singib ketgan san'atkor bo'lmasa kerak. Shundan bo'lsa kerak muxlislar doimo uni boshlariga ko'tarar, ardoqlar edi.

Alloh bu hofiz bilan ko'rishishni, qo'shiqlarini yonlarida turib eshitishni ko'p bor nasib qildi. Konsertlariga tushdim, to'ylarda ko'rdim. Xulosam shuki, uningdek hofiz yo'q, bu dunyoga u kabi san'atkor yana kelarmikan? Qaydam. Alloh bilguvchi. Sherali Jo'rayev Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Rumiy, Fuzuliy, Ogahiy, Maxtumquli, Chustiy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi alloma ijodkorlarning she'rlarini kuyga solib qo'shiq qildi va bu o'lmas qo'shiqlarni elimizning qalbiga quyib ketdi.

U kirib borgan davralar yashnab ketardi. Hofiz shunchaki qo'shiq aytib ketmasdi, balki u yerda kayfiyatga qarab sahna asari qo'yib, go'yoki spektakl sahnalashtirib, o'z muxlislarini qoyil qoldirardiki, bu holat o'sha joyda qatnashganlar yodida bir umrga saqlanib qolardi.

Yana bir gap. Xalqimiz orasida Sherali Jo'rayevning ko'plab oddiy dehqonlarning, chorvador-cho'ponlarning, beva-bechora va qiynalgan oilalarning to'ylariga borib, beminnat xizmat qilgani, hatto davradan tushgan pullarni o'sha oilaga tashlab ketgani haqida gurunglar yuradi. Bunday gap-so'zlar ham odamlar orasida bejiz aytilmaydi.

Ulug' san'atkorning muxlislari ham o'ziga o'xshardi. Sherali Jo'rayev san'atga, yurtiga, xalqiga qanchalik qattiq mehr bergan bo'lsa, muxlislari Sherali Jo'rayevga, uning qo'shiqlariga shunchalik qattiq mehr bergan edi.

Shu o'rinda bir misol keltirsam. Pochcham (ammamning eri) to'qsonga yaqinlashib olamdan o'tdi. Bir umr Sherali Jo'rayevga muxlis bo'ldi. Esimda Toshkentda tog'am rahmatli to'y qildi. To'yga kelgan hofizni ko'rib, ko'zlariga yosh kelib, bag'riga bosib “hidingdan akang, isingdan akang, nega ko'rinmay ketdingiz, qaerlarda yuribsiz”, – deya yig'lagani hanuzgacha ko'z o'ngimda…

“O'zbegim”, “Ko'rmisham”, “Tushimda ko'rsam edi”, “Inson o'zing”, “Achchiq haqiqat”, “Birinchi muhabbatim”, “Onaginam”, “Navro'zi ajam”, “El bilsa bo'ldi”, “Avvalgilarga o'xshamas”, ”Bandaman”, “Asta-asta”, “Ona Turkiston”, “Kuydim”…. Bu kabi qo'shiqlarning ro'yxatini davom ettirish mumkin.

Ha, bu dunyo bevafo deganlaridek, shunday o'lmas qo'shiqlar ijrochisi, takrorlanmas san'atkor, O'zbekiston, Tojikiston xalq artisti, Navoiy nomidagi xalqaro mukofot sohibi Sherali Jo'rayev ham olamdan o'tdi. Nafaqat o'zbek xalqi, balki butun turkiy xalqlar o'zining ardoqli san'atkoridan ayrildi. Ming-minglab yurtdoshlarimiz chuqur qayg'u bilan o'z hamdardliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bildirmoqda. Jumladan, “Sherali Jo'rayev nafaqat ulkan hofiz, betakror maktab yaratgan go'yanda, balki vaqtida qudratli siyosat ham sindira olmagan metin e'tiqodli shaxs edi. Bunday shaxslar yuz yilda bir keladilar! Yig'la, Turkiston, yig'la!”, deya xorazmlik mashhur ijodkorlardan biri Ro'zimboy Hasan o'z qayg'usini izhor qilgan bo'lsa, taniqli telejurnalist Ro'ziboy Qo'ldoshev o'zining “Facebook”dagi sahifasida shunday yozdi:

“Nafaqat o'zbek qo'shiqchiligi balki butun turkiy dunyo o'zining buyuk o'g'lonidan judo bo'ldi. Sherali Jo'rayev qo'shiqchilik olamida betakror maktab yaratdi. Millionlab muxlislarning sevimli qo'shiqchisi maqomiga erishdi. El orasida shuhrat qozondi. Uning shon-shuhrati kimlargadir yoqmadi. Yillar davomida teleradioning eshiklari u uchun yopib qo'yildi. Shu bilan birga hech qaysi qo'shiqchiga nasib etmagan unvonu mukofotlar bilan siylandi. Bir so'z bilan aytganda Sherali Jo'rayev buyuk va og'ir yo'lni bosib o'tdi. O'zbekiston sha'nini ulug'lovchi eng sara, eng zo'r qo'shiqlarni ham hech qaysi san'atkor Sherali Jo'rayevdek kuylay olmadi. Va nihoyat, bugun bu dunyoning barcha hoyi havaslariga nuqta qo'yib, chin dunyoga safar qildi. O'zbekiston bulbuli Sherali Jo'rayevning joylari jannatda bo'lsin!”

Yuraklarga taskin beradigani shulki, elimizning Nuriddin Hamroqulov, Sherali Jo'rayev singari betakror hofizlari yaratgan yuzlab qo'shiqlari o'zbek degan millat bor ekan, hech qachon o'lmaydi, o'chmaydi, hamisha yangrayveradi!

Nosirjon ERKABOYEV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + five =