Aybsiz “aybdorlar”
31 avgust — Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni
(Minglab samarqandliklar ham turli tuhmat va bo'htonlar tufayli og'ir jazolarga tortilgan edi)
O'tgan asrning boshidan to 58-yillariga qadar siyosiy qatag'onlar, so'ngra “Paxta ishi” deb atalgan 80-yillardagi zo'ravonliklar bois millatimizning qanchadan-qancha begunoh farzandlari boshiga ne-ne kulfatlar yog'dirilmagan edi. Yuzlab, minglab insonlarning boshiga yetgan zulmlar tufayli xalqimiz o'z oydinlaridan, uyg'oq vijdonli qancha jadidlaridan ayrilgan. Quyida 31 avgust — Qatag'on qurbonlari xotirasi kuni munosabati bilan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilgan Qatag'on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori Muzaffar Muqimov bilan suhbatlashdik.
— Muzaffar aka, bugungi kunda muzeyda qanday bo'limlar faoliyat ko'rsatmoqda?
— Muzeyimiz O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyini va Oliy ta'lim muassasalari tizimida “Qatag'on qurbonlari xotirasi” xotira muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Muzey 2018 yil 29 avgustda ochilgan va SamDU Geografiya va ekologiya fakulteti binosida, 120 kvadrat metrlik ekspozitsiya maydonida joylashgan. Muzeyning asosiy ekspozitsiyasi quyidagi 8 bo'limdan iborat:
- Chor Rossiyasining O'rta Osiyo (Turkiston)ni bosib olishi va ularga qarshi mahalliy aholining kurashi. Samarqandning bosib olinishi (1868-1900 yillar).
- Milliy tiklanish, uning namoyon bo'lishi va amaliy yo'nalishi (1901-1917 yillar).
- Turkiston muxtoriyati hukumatining tugatilishi va Sovet davlatining repressiv siyosatining boshlanishi (1917-1924 yillar).
- Sovet hukumatining jamoalashtirish va mulkdan chiqarish siyosatining fojiali oqibatlari (1929-1936 yillar).
- 1937-1938 yillardagi siyosiy qatag'onlar.
- 1940-1950 yillardagi siyosiy qatag'onlar.
- Yigirmanchi asrning 80-yillari “Paxta ishi” kampaniyasining boshlanishi, asossiz ayblanganlar va ular nomini to'liq tiklash.
- Mustaqillik yillarida tarixiy adolatni tiklash, Qatag'on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, milliy o'zlikni saqlash va rivojlantirish chora-tadbirlari (1991-2018 yillar).
— Ayting-chi, muzeyda o'tgan asrning 30-yillarida O'zbekistonda qatag'on boshlanganiga oid qanday eksponatlar mavjud?
— Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan asrning 30-yillari oxirida sobiq totalitar tuzumning keng ko'lamli qatag'onlari O'zbekistondagi boylar – quloqlarning mulklarini tortib olish va ularning turmush sharoiti og'ir bo'lgan turli joylarga — Shimoliy Kavkaz, Ukraina, Qozog'iston va Sibirga surgun qilinishi bilan boshlangan. Darhaqiqat, ruscha “kulak” so'zi o'zbek tilida o'sha davr talabiga ko'ra “mushtumzo'r” deb noto'g'ri talqin qilingan. Chunki ruscha “kulak” – “musht” so'zining bu tarjimalarga hech qanday aloqasi yo'q. Ruslar “kulak” atamasini ishlatganda, ular juda tejamkor, har bir tiyinni oqilona sarflaydigan ishbilarmon odamni nazarda tutgan. Afsuski, totalitar tuzum o'z siyosatiga moslashib, “musht” atamasini salbiy ma'noda ishlatib, to'laqonli hayot kechirishga uringan odamlarni kaltaklash siyosatini olib bordi. Xullas, 1930-1933 yillarda O'zbekistonda 5,5 ming dehqon xo'jaligi vayron bo'lib, turli joylarga surgun qilindi, ularning aksariyati o'sha joylarda halok bo'ldilar.
— O'sha yillarda Samarqanddan kimlar ko'proq jabr ko'rgan? So'nggi paytlarda ushbu yo'nalishda muzeyda qanday yangi eksponatlar to'plandi?
— To'g'ri, samarqandliklar ham bu qatag'ondan chetda qolmadi. Yaqinda muzey xodimlari bu borada yangi hujjatlar to'plashdi. Keling, ayrim faktlarga murojaat qilaylik. Masalan, Nurobod tumanining “Oltio'g'il” qishlog'ida yashovchi Ochil Qarshiyev “aksil inqilobiy targ'ibot olib borishda” ayblanib, o'lim jazosiga hukm qilingan. Poyariq tumani “Oytamg'ali” mahallasi “Raim” qishlog'ida yashovchi “sobiq quloq” G'ani Sharopov “paxta ekinlarini nobud qilish uchun doimiy targ'ibot yuritganlik”da ayblanib, o'lim jazosiga hukm qilingan. Samarqand tumani “Qo'tirbuloq” qishlog'ida yashovchi mulla Elchi O'rozov hibsga olinib, sudga topshiriladi. Hibsga olingan vaqtida kolxozda ishlagan bo'lishiga qaramay, “kolxozga qarshi aksilinqilobiy tashviqot olib borgan” degan ayb bilan o'limga hukm qilingan. Pastdarg'om tumani “Rabot” qishlog'ida yashovchi Turg'un Mirzayev “mehnatkashlar o'rtasida aksilinqilobiy tashviqot olib borish”, “xalq dushmanlarini maqtash” ayblari bilan sudlanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Narpay tumani “Kosagaron” qishlog'ida yashovchi Hidoyat To'xtamishev sobiq quloq hisoblanib, 1931 yilda “davlat topshirig'ini bajarmaganlik”da ayblanib, 5 yilga qamalgan. 1937 yilda jazo muddatini o'tab bo'lgach, kolxozda qorovul bo'lib ishlagan vaqtida partiya va hukumat rahbarlariga nisbatan “nomaqbul so'zlar” aytganlikda ayblanib, yana 10 yilga qamalgan. Shu tumanning “O'zbekkent” qishlog'ida yashovchi Haydar Muhammadiyev hibsga olingunga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullanib, jamoalar o'rtasida “aksil-inqilobiy tashviqot olib borgan”likda ayblanib, o'n yilga qamalgan. Narpay (hozirgi Nurobod) tumanidagi “Tim” qishlog'ida yashovchi “sobiq quloq” Bolta Musurmonov 1932 yilda “davlat topshirig'ini bajarmaganligi” uchun 3 yilga qamalgan. Va 1937 yil 12 avgustda u “davlatga qarshi targ'ibot”da ayblanib, 10 yilga qamaladi. Bunday misollarni juda ko'p keltirish mumkin. Hozirgacha topilgan hujjatlardan 1937 yil avgustidan 1938 yil avgustigacha Samarqand viloyatidan 569 oila “quloqlar” sifatida qatag'on qilinganini ko'rish mumkin. Ma'lumki, ularning 70-74 foizi oddiy kolxozchilar edi.
— Rahbarlari va a'zolari qattiq jazolangan “Milliy ittihod” tashkiloti nimalar qilgan edi?
— Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida bolsheviklar mavqelarining kuchayishi mahalliy ziyolilarni 1920 yilda Markazlashtiruvchi Turk Adami fraksiyasi va “Ittifoq va taraqqiyot” tashkiloti negizida Milliy ittihod tashkilotini tuzishga undadi. Munavvar qori Abdurashidxonov va Sadriddinxon Sharifxo'jayevlar mazkur tashkilotni tuzish tashabbuskori bo'lgan. 1937 yilda sovet hokimiyati mamlakat aholisining turli qatlamlari o'rtasida qatag'onlarning yangi to'lqinini boshlaganida, sovetlar uchun jazo quroliga aylangan NKVD xodimlari o'nlab odamlarni “Milliy ittihod” — “Milliy birlik” a'zosi sifatida Samarqand shahrida qamoqqa tashladilar. Ulardan Abduaziz Abdug'ofurov, Abduvahob Ma'rufjonov, Abduqodir Shakuriy, Abdumajid Zokiriy, Abduhakim Kurbi, Abubakr Abulxairov, Akobir Shomansurov, Baxriddin Sharipov, Bektosh Narzullayev, Vadud Maxmudov, Mirzaxalil Karimov, Mirza Xoja O'rinxo'jayev, Murodjon Fayzulin, Murodxon Alloxodjayev, Narzullabek Rustamov, Salohiddin Sulaymonov, Tilov Rahmatullayev, Topiboldi Rahmonberdiyev, Xoja Muin Shukurullayev, Shamsitdin Mavlonovlar madrasalarda o'qigan bilimdon odamlar edilar, ba'zilari rus maktablarini, ba'zilari texnikum va universitetlarda o'qigandi. Qon to'kuvchi rejim va uning ajdaho rahbari doimo yangi qurbonlarga muhtoj edi. Shunday qilib, istiqlol orzusini xalq ongidan butunlay o'chirish niyatida bu g'oyalardan ozmi-ko'pmi xabardor bo'lganlarni omon qolishga imkon bermadilar.
— Arxiv hujjatlaridan ma'lum bo'lishicha, bu odamlarning yagona “aybi” o'z vatanini ozod va obod ko'rishni orzu qilganliklari bo'lgan. Shunday emasmi?
— Ha, shunday. Masalan, 1897 yilda Samarqandda tug'ilgan Hamro Xo'jayev millatchi sifatida VKP (b) safidan chiqarib yuborilganida, uni nafaqat aksilinqilobiy “Milliy birlik” tashkilotiga a'zolikda ayblashdi, balki “ Afg'oniston bilan aloqada bo'lgan va siyosiy xodimlarni o'ldirishni uyushtirgan, O'zbekistonning SSSR tarkibidan chiqishi masalasini muhokama qilishda faol ishtirok etgan, g'arazli va buzg'unchi harakatlarni amalga oshirgan maxsus maxfiy agent” degan ayb qo'yishdi. Bu o'sha VKP (b) g'oyalariga ishongan, turli yuqori lavozimlarda ishlagan kishining taqdiriga ta'sir qilgan qora kunlar edi. Yoki Mulla Lutfiy Rahmatullaboyevning 5769-sonli ishiga qaraylik. Milliy birlik a'zosi sifatida bu odam 1937 yilda 70 yoshida o'limga hukm qilingan. Mulla 1927 yilda “aksilinqilobiy faoliyati” uchun besh yilga qamalgan. Shundan so'ng, 1932 yilda u maxsus turar-joyga surgun qilinadi. Totalitar tuzum hukumati uning o'n yillik iztirobi bilan cheklanmadi faqat o'limidan qanoatlandi. 1900 yillar boshida xalq farzandlari uchun yangi maktab ochgan pedagog Ismatulla Rahmatullayev Samarqandda kutubxona mudiri bo'lib ishlagan. U “aksilinqilobiy, millatchi milliy birlik a'zosi” sifatida hibsga olinib, “aksilinqilobiy tashviqot olib borishda, ayollar erkinligiga qarshi fikrlar bildirishda” ayblanib, o'n yilga konslagerga jo'natilgan.
— Sobiq Ittifoq davlati hukmdori, “xalqlar dohiysi” Iosif Stalinning qaysi qarori yoki me'yoriy hujjati bunday keng ko'lamli qatag'onlarga sabab bo'lgandi?
— Arxiv hujjatlariga Siyosiy Byuroning 1937 yil 2 iyuldagi “Sovetlarga qarshi unsurlar to'g'risida”gi qarori keng ko'lamli qatag'onlarga yo'l ochgan va Iosif Stalinning shunga o'xshash ko'rsatmasi bunga yanada turtki bo'lgan. Mana, o'zingiz ko'ring. 1937 yil 2 iyulda I. Stalin Kaganovichga 863/sh sonli “Antisovet unsurlari to'g'risida Direktiva”ni bergan va “dohiy” o'z og'zi bilan quyidagi so'zlarni unga aytib turgan:
“… Butunittifoq Bolsheviklar Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetiga, respublikalar va viloyat tashkilotlarining barcha kotiblariga hamda NKVDning viloyat va respublikalardagi barcha vakillariga. Yashash joylariga qaytgan quloqlar va antisovetchilarni darhol hibsga olish va “uchlik” orqali otib tashlash kerak. Qolganlarni esa zo'ravon emas, balki zararli elementlarni, biz NKVD ko'rsatmalari asosida ro'yxatdan o'tishni va hududlarga yuborishni taklif qilamiz. Bolsheviklarning Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy Qo'mitasi besh kun ichida “uchlik” tarkibini, shuningdek, otib tashlangan va surgun qilinganlar sonini Markaziy Qo'mitaga taqdim etishni talab qiladi.
Markaziy Komitet kotibi I.Stalin.
“Sovershenno sekretno” gazetasidan, 2007 yil, 9-son.
Ko'rsatmaga NKVD Bosh komissari N. Yejovning 1937 yil 30 iyuldagi 00447-sonli o'ta maxfiy operativ buyrug'i ilova qilingan bo'lib, bu qatag'onlarning ommaviy bo'lishiga imkon bergan asosiy hujjat bo'ldi. Unga ko'ra, bor-yo'g'i to'rt yarim oy ichida, ya'ni 1937 yilning 10 avgustidan 1938 yilning 1 yanvarigacha O'zbekistonda jami 10 700 kishi qamoqqa tashlangan, shundan 3 613 nafari 1-toifa ayblanuvchisi sifatida o'lim jazosiga hukm qilingan va 2-toifadagi 7 087 kishi 8-10 yilga ozodlikdan mahrum yetilgan. Mazkur farmoyish ijrosini ta'minlash maqsadida respublikalar, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hududlarida tezkor bo'limlar tashkil etilgan.
— Qatag'on qilingan samarqandlik jurnalistlar haqida guvohlik beruvchi qanday eksponatlar bor?
— Bu mavzuda ko'plab eksponatlar mavjud. Mana, masalan, Ne'mat Narzullaning taqdiri. Viloyat gazetasida muxbir, adabiy tarjimon bo'lib ishlagan, 1931 yilda “Buxoro proletar” gazetasiga mas'ul muharrir etib tayinlangan. 1934-1937 yillarda ushbu nashrning bosmaxonasi direktori bo'lib ishlagan. Aynan shu yillarda uning hayotida turli ayblovlardan keyin “qora chiziq” boshlandi. 1937 yilda u go'yo sovet hukumati siyosatiga qarshi chiqqan, gazeta o'z o'quvchisiga o'z vaqtida yetib bormagan, degan ayblov bilan partiyadan chetlashtirilib, ishdan bo'shatilgan. 1938 yil 12 yanvarda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ne'mat Narzullani terrorchilik tashkilotiga a'zolikda ayblab qamoqqa oladi. Unga qarshi yana bir qator soxta ayblovlar, xususan, hukumat a'zolariga qarshi teraktlar tayyorlashga oid ayblovlar qo'yilgan. Ne'mat Narzulla 1938 yil 31 yanvarda imzolangan so'roq bayonnomasida: “Men hech qachon ayg'oqchi bo'lmaganman, hech kimdan topshiriq olmaganman”, deb yozadi. Ammo o'sha kuni imzolangan ikkinchi so'roq bayonnomasida u bir qator ayblovlar va Germaniya maxsus xizmatlari tomonidan yo'llanganlik fakti bo'yicha o'z aybini tan olgan. Bu birinchi va ikkinchi so'roq bayonnomalari imzolanishi oralig'ida u jismoniy qiynoqlarga duchor bo'lganini aniq ko'rsatadi. To'qqiz oy davom etgan tergov, qiynoqlar va boshqa zo'ravonlik harakatlaridan so'ng 1938 yil 22 sentyabrda Ne'mat Narzullaning ishi “uchlik”da ko'rib chiqilib, uning mol-mulki musodara qilinadi, o'zi esa o'limga hukm qilinadi. Aybi isbotlanmagan yigitga nisbatan hukm 23 oktyabr kuni Samarqandda ijro etiladi. 1989 yil 16 oktyabrda Ne'mat Narzullaning ishi sudda ko'rib chiqilib, u siyosiy qatag'on qurbonlaridan biri sifatida oqlandi. Afsuski, bu xushxabarni aytadigan uning birorta yaqin qarindoshi tirik qolmagan. Samarqand viloyatida siyosiy qatag'onga uchragan shunday jurnalistlar yigirmadan ortiq.
— Muzey xodimlari yana nimalar qilayapti? Jamoangiz oldida qanday muammolar va vazifalar bor?
— Muzeyning asosiy vazifasi xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga Vatanimiz mustaqilligi uchun uzoq yillik kurashni xolisona ko'rsatish, sho'rolarning qatag'on siyosati natijasida asossiz jabr ko'rgan yurtdoshlar sha'ni va qadr-qimmatini, ularning xotirasini e'zozlash va abadiylashtirish, tarixiy adolatni tiklashdan iborat. Shuningdek, muzey tarixiy hujjatlarni ilmiy jihatdan o'rganadi, ushbu yo'nalishda materiallar to'playdi, ekspozitsiya va ko'rgazmalar, ma'naviy-ma'rifiy, nashriyot va boshqa ishlarni olib boradi. Muzeyda ushbu mavzuni yoritish bo'yicha boy materiallar to'plangan va ular muzey ekspozitsiyasiga joylashtirilgan. Bu yerda Samarqandning Mahmudxo'ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Saidahmadxo'ja Siddiqiy Ajziy, Xo'ja Muin Shukrullayev, Saidrizo Alizoda kabi ko'plab mashhur shaxslarning hujjatlari bilan tanishish mumkin. Samarqand uchun bu materiallar hali ham yetarli emas, repressiya yillarida samarqandliklar qanchalar azob chekkanini bilamiz. Iloji boricha materiallar to'plash va qurbonlar sha'nini tiklash, ularning xotirasini abadiylashtirish kerak. Muzey xodimlari tomonidan sobiq hokimiyatning repressiv siyosati natijasida jabr ko'rgan samarqandliklarning pok nomini tiklash bo'yicha ko'plab maqolalar chop etilgan. Albatta, muzey ekspozitsiyasiga sho'ro hokimiyatining qatag'on siyosati dahshatlarini ham boshidan kechirgan samarqandlik mashhur shaxslar haqidagi materiallarni qo'shish taklifi bor. Bular davlat arbobi Mirzoxo'ja O'rinxo'jayev, Yahyo Afzaliy, pedagog va o'qituvchilar Ismatullo Rahmatullayev, Obid Ismatiy, Qurbi, Xubiy, Kori Masekho (Tamxid), olim professor A.Luriye va boshqalardir. “Samarqandlik siyosiy qatag'on qurbonlari xotirasi kitobi”ning birinchi jildini “O'zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga topshirdik, unda 4 150 ta nom kiritilgan. Hozir biz ushbu kitobning ikkinchi jildi ustida ishlamoqdamiz.
Suhbatdosh: Yormamat RUSTAMOV