Doimo hushyor bo'laylik!
Ma'lumki, bugungi kunda soha yo'nalishida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda yong'in xavfsizligi xodimlari tomonidan joylarda turli tadbirlar olib borilmoqda. Ushbu tadbirlardan ko'zlangan maqsad aholi o'rtasida yong'in xavfsizligi qonun-qoidalarini tushuntirgan holda, ularga rioya etishga, yong'inning oldini olishga e'tibor qaratishdan iborat. Shu o'rinda aytib o'tish joizki, olov bilan kurashish faqatgina yong'in xavfsizligi xizmati xodimlarining emas, balki har bir fuqaroning burchidir.
“O'z uyingni o'zing asra” shiori har bir fuqaro, har bir oila, har bir korxona va muassasa jamoasiga taalluqli. Aholiga yong'in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish borasida, chunonchi, ochiq alangadan foydalanayotganda ehtiyotkorlik choralarini ko'rish, elektr va gaz asboblarini doimo soz holda tutish, qo'lbola asboblardan foydalanmaslik, belgilangan joylarda chekish zarurligini eslatib o'tamiz. Ushbu qoidalarga har doim rioya qilib borilsa, yillab to'plangan mol-mulkni, uy-joyni saqlab qolish, qolaversa, har bir fuqaro o'zining va yaqin kishilarining hayotini ham asrab qolgan bo'ladi. Bolalarimizga to'g'ri tarbiya berib, Vatanimizga sodiq, har tomonlama yetuk inson bo'lib kamol topishiga hissa qo'shish har birimizga katta mas'uliyat yuklaydi. Shunday ekan, hamisha farzandlarimizdan nasihatimizni, hayot uchun kerakli saboqlarimizni ayamasligimiz kerak.
Hech kim o'z farzandining nogiron bo'lib qolishini istamaydi, albatta. Yong'in esa bir necha soniyada insonlarni mol-mulkidan, yaqinlaridan ham ajratib yuboradigan bir ofatdir. Sodir bo'ladigan yong'inlar necha-necha insonlarning hayotiga zomin bo'lmoqda. Bu esa beparvoligimiz, yong'in xavfsizligi qoidalariga rioya etmasligimiz oqibatida ro'y berishi mumkin.
Ushbu maskanlarda yong'in sodir bo'lsa, tez vaqt ichida keng maydonlarga tarqalib, insonlar hayotiga xavf tug'dirishi va davlat mulkiga katta moddiy zarar yetkazishi mumkin.
Qurilayotgan, qayta ta'mirlanayotgan va hozirda faoliyat ko'rsatayotgan bino va inshootlarda yong'inga qarshi chora-tadbirlarni to'la-to'kis bajarsak, sodir bo'ladigan yong'inlarning oldini olgan va o'z xavfsizligimizni ta'minlash, yurtimiz ravnaqi yo'lida hissamizni qo'shgan bo'lamiz.
M. RISBEKOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ma'muriy binolaridan foydalanish boshqarmasi binosida YoXTTE 2-bo'linmasi kichik inspektori, kichik serjant.