Kiberjinoyatchilikka qarshi kibermadaniyat
Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida bir qator tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentida Kiberxavfsizlik markazi tashkil etilib, mas'ul xodimlar tomonidan kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish, hozirgi kunda uchrayotgan kibertahdidlar, internet tarmog'idagi huquqbuzarliklar va ulardan himoyalanish bo'yicha tegishli ko'rsatma va tavsiyalar berib kelinmoqda.
O'z navbatida, hozirgi kunda avj olib borayotgan onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan o'yinlar, Internet tarmog'idagi “moliyaviy piramida”lar, ularning qonun bilan taqiqlanganligi hamda jamiyatga zararlari, kiberjinoyatlarning o'ziga xos xususiyatlari, yolg'on axborotlarni tarqatganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi bo'yicha tushuntirish ishlari har bir ichki ishlar organlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda aholiga keng targ'ib qilib kelinmoqda.
Bu borada Nishon tuman Ichki ishlar bo'limining har bir soha xizmat xodimlari tomonidan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida tumandagi barcha tashkilot va idoralarda, aholi ko'p to'planadigan jamoat joylarida ijtimoiy tarmoqlardagi yolg'on xabarlarga ishonib, kiberjinoyat qurboni bo'lib qolishlarining oldini olishga qaratilgan targ'ibot tadbirlari o'tkazilmoqda.
Qolaversa, “Mobil targ'ibot” guruhi xodimlari tomonidan tuman hududida “mahallabay” va “xonadonbay” tarzda fuqarolarning bank plastik kartalari va shaxsiga doir ma'lumotlarini sir saqlashlari lozimligi uqtirilib, ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlarning tuzog'iga tushib qolishlarining oldini olish bo'yicha ogohlikka chorlovchi targ'ibot tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Shu o'rinda kibermadaniyat, fuqarolar turli firibgarlar tuzog'iga tushmasligi uchun zaruriy choralar haqida ayrim fikrlarga to'xtalib o'tsam.
Kibermadaniyat — bu odamlarning internet va boshqa raqamli texnologiyalar orqali o'zaro munosabatlarini tashkil qilish usullari va qoidalarining majmuidir.
Bu tushuncha, odatda, quyidagi jihatlarni o'z ichiga oladi:
— jumladan, internetda yozish, muloqot qilish va o'zini tutish qoidalari. Bu, xususan, muloyim va hurmatli bo'lish, qo'pol so'zlardan foydalanmaslik, spam jo'natmaslik va boshqa foydalanuvchilar bilan munosabatlarda adolatli bo'lish lozim deganidir;
— fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish, kuchli parollar ishlatish, xavfsizlik bo'yicha maslahatlarni bilish va ularga rioya qilish har qachongidan muhimdir;
— onlayn shaxsiy hayotni saqlash, shaxsiy ma'lumotlarni noma'lum yoki ishonchsiz manbalar bilan baham ko'rmaslik. Ishonchli va tasdiqlangan ma'lumot manbalaridan foydalanish, yolg'on yoki noto'g'ri ma'lumotlarni tarqatmaslik lozim bo'ladi;
— ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish qoidalari, masalan, boshqalarning shaxsiy hayotiga hurmat, fotosuratlarni va boshqa materiallarni ruxsatsiz tarqatmaslik kibermadaniyatning bir qismi hisoblanadi.
Kibermadaniyatning rivojlanishi uchun fuqarolar bu qoidalarni bilishi va ularga rioya qilishi shart. Bu jamiyatdagi hamkorlik va ishonch muhitini yaratishga yordam beradi va internetdagi xavfsizlik darajasini oshiradi. Kibermadaniyatning o'ziga xos jihatlari bolalar va o'smirlar orasida ham muhim ahamiyatga ega bo'lib, ularni internetdan xavfsiz va mas'uliyatli foydalanishga o'rgatadi.
Kibermadaniyatni aholi orasida keng yoyish jamiyatda internet va raqamli texnologiyalardan mas'uliyatli va xavfsiz foydalanishni ta'minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Tom ma'noda jamiyat bugungi kunda axborot makonida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'lmoqda. Ularda axborotlarni saralash imkoniyati yo'q. Internet jahon axborot tarmog'idan foydalanishda, albatta, o'ta ehtiyotkorlik talab etiladi.
Zero, insonlar ishonchiga kirayotgan ayrim firibgarlar sodda odamlarni aldagan holda, ularning hisoblaridagi mavjud mablag'larni aldov yo'li bilan egallab olmoqda.
Internet tarmog'idagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo'lib qolmasdan, balki, butun jamiyatimizning ishi ekanligi, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ularning faol qatnashishlari maqsadga muvofiq ekanligini eslatib o'tmoqchimiz.
Bu borada tumanimizda barcha sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda aniq belgilangan chora-tadbirlar asosida kompleks targ'ibot-tashviqot tadbirlari davom ettiriladi.
Sherzod RAHMONOV,
Qashqadaryo viloyati
Nishon tumani IIB boshlig'i.