Yong'inning oldini olaylik

Yong'in xalq xo'jaligiga katta moddiy zarar keltiradi. U bir necha daqiqa yoki soat ichida juda katta miqdordagi xalq boyliklarini yondirib, kulga aylantiradi. Yong'in vaqtida ajralib chiqadigan tutun, karbonat angidrid va boshqa zararli hid va gazlar ko'p miqdorda atmosferaga ko'tarilib, nafas olish uchun zarur bo'lgan havoning tarkibini buzadi. Bundan tashqari, yong'inning eng yomon oqibatlaridan biri shuki, unda ko'plab insonlar jarohatlanadi, hatto halok bo'lishi mumkin.

Bularning hammasi ishlab chiqarish jarayonida mehnat muhofazasini ta'minlash bilan birga, yong'in xavfsizligiga ham qat'iy rioya qilishni taqozo qiladi.

Hozirgi paytda sanoat korxonalarida yong'in xavfini kamaytirish borasida birmuncha ishlar amalga oshirilgan, ishlab chiqarish sexlari xavfsiz ishlaydigan elektr uskunalar bilan jihozlangan. Sanoat korxonalari bino va inshootlarini qurishda tez yonuvchan qurilish materiallaridan foydalanilmayapti. O't o'chirishning mexanizatsiyalashgan va avtomatlashgan sistemalari tobora kengroq qo'llanilmoqda.

Lekin yong'in chiqishining oldini olishda, o't o'chirishda asosiy mas'uliyat kishilar zimmasiga tushishini va ular bu borada to'liq xavfsizlik talablariga rioya qilishlariga bog'liq ekanligini unutmasligimiz kerak. Sanoat korxonalarida bunday tadbirlar tartibli ravishda, yong'in texnikasi haqidagi nizom, yong'in xavfsizligi qoidalari, yo'riqnoma va boshqa hujjatlar asosida olib borilishi kerak.

Respublikamizning har bir fuqarosi jamoat va davlat mulkini ko'z qorachig'iday saqlash va asrab-avaylash, uni boyitish haqida qayg'urishi lozim.

Shu bois sanoat korxonalarida yong'in muhofazasini tashkil qilish va yong'in chiqishidan ogohlantirish, o't o'chirish texnikasi va qurollarini, aloqa va o'chirish vositalarini shay holatda saqlash, yong'in chiqqan taqdirda, uni o'chirishda faol qatnashish, xalq mulkini asrab-avaylash borasida targ'ibot va tashviqot ishlari muntazam olib borilmoqda.

A.AShIROV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi MB YoXTTE 1-bo'linmasi boshlig'i, kapitan.

S.SAIDAKBAROV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi MB YoXTTE 1-bo'linmasi kichik inspektori, kichik serjant.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =