Salomatlik — g'animat ne'mat

“Gazeta.uz”ning Respublika Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga asos­lanib bergan xabariga ko'ra, 2022 yil 22 aprelgacha “Dok-1 Maks” siropini qabul qilgan bolalardan 21 nafari shifoxonaga og'ir ahvolda yotqizilib, ulardan 18 nafari vafot etgan.

Shuningdek, sirop barcha bolalarga shifokorning tavsiyasisiz, ota-onalarning o'z ixtiyori bilan shamollashni davolash maqsadida o'zbilarmonlik bilan qo'llangani; vafot etgan bolalarga shifoxonaga tushgunga qadar tarkibida paratsetamol bo'lgan bu preparat uy sharoitida 2-7 kun mobaynida kuniga 3-4 mahal 2,5-5 mg dan ichirilgani aniqlangan. “Tabiiyki, bu dozirovka bolalar uchun belgilangan me'yordan ancha ortiq”, — deyilgan Vazirlik xulosalarida.

O'nlab bolalar nobud bo'lganidan keyin huquq-tartibot idoralari o'rganish­larni boshladi. Ma'lum bo'ldiki, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi dori-darmonlarni tekshirish va ularni ro'yxatdan o'tkazish mas'uliyati yuklangan tashkilotlar tomonidan tekshirilmasdan sotuvga chiqarib yuborilgan, uning tarkibida etilenglikol borligi keyin aniqlangan. Bu haqda ommaviy axborot vositalarida muntazam, keng yoritib borilgan bo'lsa-da, “dard ustiga chipqon” degandek, yanayam achinarlisi, alamlisi shundaki, preparatni ota-onalar tomonidan o'zboshimchalik bilan, ayrim hollarda shifokorlar tavsiyasi bilan shamollagan bolalarga ichirish davom etib, buning oqibatida qariyb ikki yil davomida bolalar o'limlari qayd etilib, nobud bo'lganlar soni 2024 yil boshlarida 68 nafarga yetdi; og'ir va yengil darajada nogiron bo'lib qolganlar soni ham oz emas.

Dorilar ko'payib, kasalliklar kamaydimi?

…Bolalik paytimizda shahar va qishloqlarda bir-ikkita dorixona bo'lardi, asosan, markazda. Endi bo'lsa, ayniqsa, katta shaharlarda, tuman markazlarida kattayu kichik, uzun-qisqa ko'chalarning qay biriga yo'ling tushsa, albatta, ro'parangdan “Dorixona” chiqadi. Ayrim joylar hatto “Dorixonalar shaharchasi”ga aylangan. Dori-darmonlarning asl vazifasi, mohiyatidan kelib chiqib xulosa chiqarsak, bunday vaziyatda aholi orasida kasalliklar keskin kamayishi kerak edi…

Tibbiyot fanlari doktori, ekologiya bo'yicha Xalqaro sertifikat sohibi, xalqaro ma'ruzachi Lui Brouer shunday tahliliy dalillar keltiradi: Shveysariya aholisi 1930-1990 yillarda ellik foizga ko'paydi. Vaziyat o'zgarmay qolgan taqdirda bu davrda kasalliklardan odamlarning nobud bo'lishi ham ellik foizga ortishi kerak edi. Aslida, o'rganilayotgan davr dorishunosligi va dori ishlab chiqarishning taraqqiyoti haqidagi ma'lumotlarga qaraganda, bu ko'rsatkich ancha kamayishi mantiqqa to'g'ri keladi. Biroq…

Berndagi Federal statistika markazi dalillariga ko'ra, 1910 va 1960 yil ma'lumotlari solishtirilganda, yarim asr oralig'ida Shveysariyada aholi soni ikki barobar, saraton kasalligi tufayli hayotdan ko'z yumganlar soni esa to'rt barobar ortdi. Boshqa kasalliklar asorati oqibati bilan ham xuddi shunday manzara kuzatilgan. Yana e'tiborli raqamlar: ayni shu mamlakatda 1930 yil bilan 1991 yil statistik ma'lumotlari solishtirilganda, transport halokati, qotilliklar va boshqa baxtsiz hodisalar tufayli vafot etganlar aholining ko'payish darajasini hisobga olganda, 85% ga kamaygan. Bu yillar davomida transport vositalari va ularning tezligi qanchalik oshganini izohlash shart emas.

Dorilaru dorixonalarning ko'payib borishiga nisbat berilsa, kasalliklar va ularning og'ir asoratlari, oqibatlari geometrik progressiyaga mos o'sib borayotgani yangilik bo'lmay qoldi. Ko'p xastaliklar “yosharib” ketdi, irqu millat tanlamay qo'ydi. Buning asosiy sababi — nafaqat dunyo ekologiyasi, balki dunyo ichra “dunyo”lar bo'lgan inson jismi ekologiyasining buzilishi ekanligi haqida olimlar bong urmoqdalar.

Har vujud — bir olam

Shifokorlar e'tiroficha, o'tgan asrning 70-80 yillaridan boshlab odamlarda “Qaysi shifokor bemorga ko'proq dori-darmon tavsiya etsa, u haqda “taj­ribali va bilimdon” degan tasavvur paydo bo'la boshladi.

Lechenie — bu qadim rus so'zi salomatlik haqidagi ilm ma'nosini bildiradi. Shifo so'zida ham inson jismiga foydali, kerakli degan ma'no bor. Lekin keyingi o'n yilliklarda bu so'zlar mo­hiyati amaliyotda ham, nazariyotda ham biron kasallik yuzaga kelgandan so'ng tibbiy ta'sir ko'rsatish ma'nosiga teng­lashtirildi.

Kimyoviy yo'l bilan olingan dori vositalari kasallikka qarshi qo'llanilmoqda. Bunga asos dorini jonivorlarda sinab ko'rib chiqarilgan xulosalardir.

Fiziolog Klod Bernar 1947 yildan boshlab jonivorlar ustidagi tajribalariga asoslanib: “Bir-biriga o'xshash va o'xshash bo'lmagan jismlarda tashqi ta'sir yordamida nozik, murakkab o'zgarishlar yasash va kutilgan natijaga erishish mumkin”, — degan fikrni o'ziga aksioma qilib olgandi. Lekin yillar o'tishi bilan u: “Har qanday jismda ham tashqaridan boshqarish mumkin bo'lmagan ichki sabab oqibatida yuz beradigan o'zgarishlar, o'ziga xosliklar bor, shuning uchun u bilan munosabatda oxirgi natijaga qat'iy ishonch bo'lishi shart. Jonli mavjudot bilan ishlaganda, tashqi ta'sirlardan tashqari, har bir jonzotning individual, ya'ni ichki olamining xususiyatlari bilan bog'liq jiddiy murakkablik­lar yuzaga kelishini hisobga olish kerak”, — deya o'zining avvalgi aksiomasiga qarshi fikrni tan oladi.

Necha o'n yillar davomida jonivorlar ustida tajribalar olib borgan Klod Bernar “beshafqatlik” ilmi bo'yicha hamkasblari qurshovida o'lim to'shagida yotarkan, o'z yordamchisiga: “Bizning qo'llarimiz bo'sh, lablarimizda esa va'dalar qoldi, xolos”, — deb shivirlagandi.

U umr bo'yi o'tkazgan tajribalari insoniyat zarariga ishlashini angladi. Uning tarix oldida yuzini yorug' qilgan yagona qutlug' ishi — xatosini tan oldi. Buning mohiyati shuki, turli jonivorlar ustida olib borilgan tajribalardan chiqarilgan xulosani nafaqat boshqa turdagi jonzotlarga, balki ayni tajriba o'tkazilgan jonivor qavmiga ham birdek ko'r-ko'rona qo'llash mumkin emas ekan.

Dori-darmonlar haqida ham shu fikrni aytish mumkin. Deylik, bizga oddiygina tuyulgan bosh og'rig'i bosilishi uchun qo'llaniladigan bir dori har kimga har xil ta'sir etishi mumkin va asoratlari ham turlicha bo'ladi. Sababi, birinchidan, har bir inson tanasi o'ziga xos sharoit va imkoniyatlarga ega bo'lgan olam; ikkinchidan, bosh og'rig'ini keltirib chiqaradigan bir necha sabablar mavjud. Ana shu o'ziga xoslik va sabablarni aniqlamasdan turib ichilgan dori og'riqning vaqtincha bosilishiga sabab bo'ladi, xolos. Lekin vujud ekologiyasini zaharlaydi.

“Tez-tez boshim og'riydi”, “Jig'ildonim qaynaydi”, “Ovqat oshqozonimda turib qolganday bo'ladi…”, “Boshim aylan­yapti”, “Qon bosimim oshdi” kabi shikoyatlar bilan doimiy ravishda dori ichib yurganlar kasallikning ildizini quritmaguncha, o'zlarini vaqtincha tinchlantiradilar. Noo'rin qabul qilinayotgan dori-darmon asoratsiz ketmaydi.

“Noto'g'ri ichilgan dori kasallik keltirib chiqaradi va inson tanasi faoliyatini buzadi, — deb yozadi mashhur shifokor Jan Rostan. — Buning oqibatida biologik og'riq kuchayadi, surunkali tus oladi. Salomatlik keskin yomonlashadi. Oxir-oqibat shunday bosqich boshlanadiki, davo izlab qabul qilinayotgan dorilar kasalliklarni keltirib chiqaruvchi manbaga aylanadi, mijozlarni atrofiga ohanraboday tortadi; muntazam davolanishga ehtiyojmandlar tabaqasi shakllanadi. Insoniyat o'z kelajagini dori-darmonlarsiz tasavvur qila olmaydigan, jamiyatga nafi kam shaxslardan iborat bo'lib qolishini istaymizmi?”

Keyingi o'n yilliklarda dori-darmon ishlab chiqarish sanoati ayrim shaxslar, mamlakatlar uchun behad katta iqtisodiy foyda topish manbaiga aylanib qolganini ang­lasak, dorixonalarning “bolalab” ketgani, kimyoviy dorilarning yangi-yangi turlari kelib chiqayotgani sababi oydinlashadi.

Dori qutilarimizda nimalar bor?

XXI asr muqaddimasida dunyo dori ishlab chiqarish sanoati tomonidan sotuvga chiqarilayotgan vositalar orasidagi 330 dan ortiq kimyoviy dorilar inson salomatligiga istalmagan ta'sir ko'rsatayotgani aniqlangan. Bular: jigar, qon bosimi, nafas olish tizimi, buyrak, buyrak usti bezi, teri, oshqozon-ichak va yurak-qon tomir tizimi, asab, ko'rish va eshitish qobiliyati, homiladorlikning kechishiga salbiy ta'sir etayotgan dorilardir.

Butunjahon Sog'liqni Saqlash Tashkilotining xulosasiga ko'ra, “Hamma kasalliklarni davolash uchun 200 xil atrofida dori yetarlidir”. Ammo hozirgi davr farmatsevtika bozorida 10000 xildan ortiq dorining sotilishi xuddi pashshaga qarshi atom bombasini ishlatish demak.

Dorilarning aksariyati nimagadir “qarshi” — aqliy va jismoniy sihatlikni tabiiy malhamlar, vitamin va tabiiy tuzlarni iste'mol qilish, to'g'ri ovqatlanish va sog'lom turmush tarzi orqali ta'minlash o'rniga bu dorilar xuddi zahar kabi tanamizda nimanidir yo'qotishga xizmat qiladi. Masalan, antibiotiklar mikroorganizmni genetik jihatdan o'zgartirib, mutant organizmga aylantirib qo'yadi. Aynan shu sababli hadeb dorilarni qabul qilaverish bora-bora natija bermay, aniqrog'i, dorilar ta'sir qilmay qo'yadi. Odatda, antibiotiklar uch xil vazifani bajaradi: bakteriyalar rivojlanishini to'xtatadi, bakteriyalar va kasallangan to'qimalarni buzadi va ularni yo'qotadi — bular dorilarning tavsiyanomasida yozilmaydi.

Kattalarning kimyoviy dorilarga “boshqorong'iligi” asoratlari kamlik qilgandek… Vaqtincha tinchlantirish, vaqtincha isitmasini tushirish, tomog'ini davolash… uchun go'daklar, yosh bolalarning guldek vujudini kimyoviy dorilar bilan zaharlab, kasalliklar “guldasta”siga aylantirish, afsuski, bashariyat va uning ajralmas qismi bo'lgan bizning xalqimiz hayotida ham og'riq nuqtalaridan biriga aylanmoqda. Yo'l-yo'lakay jamoat transportida, ayollarning katta-kichik davralarida ayrim onalarning: “Bolamning isitmasi chiqib turgandi, tomog'i (boshi, oyog'i…) og'riyotgandi. Bog'cha opasiga dorisi bilan tashlab kelyapman”, qabilidagi gaplarini eshitganmisiz? Ozgina o'zining e'tibori, qarovi, parvarishi, issiqqina taomlari bilan tuzatib olishi mumkin bo'lgan bolasini kamida 15-20 nafar bolaning orqasidan kun bo'yi yuguradigan “bog'cha opa”ga tashlab qo'yib, kasallikni gazak oldirganlar, jigarbandi vujudini noto'g'ri va o'z me'yorida qo'llanmasa zahardek yemiradigan dorilarga topshirib qo'yganlarning aksariyati achchiq oqibatlarni bilmasliklari rost.

Abrorxon MAHMUDOV, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bolalar reanimatologiya va intensiv davolash bo'limi shifokori:

— Toshkent viloyatidan 11 oylik bolani og'ir ahvolda olib kelishdi. Onasining aytishicha, 2-3 kundan buyon bolaning burni bitgan, yo'talgan, tana harorati ko'tarilgan. Ona bolasiga har safar tana harorati ko'tarilganda, shifokor tavsiyasisiz “Ibuklin yunior” tabletkasidan bera boshlagan, kasallikning 4-kuniga kelib bemorda holsizlik, tana haroratining pasayib ketishi (gipotermik holat), uyquchanlik, qo'lu oyoqlari, tananing sovishi, ishtahaning keskin pasayib ketishi kuzatilgan. Ushbu shikoyatlar bilan go'dak ahvoli og'irligi tufayli bolalar shifoxonasining jonlantirish bo'limiga yotqizildi. Tekshirishlar natijasida bemorda yuqorida keltirilgan shikoyatlardan tashqari, yurak-qon tomir tizimi faoliyatida ham salbiy o'zgarish­lar yuzaga kela boshlagani, ya'ni yurak me'yoriy ritmining buzilishi — bradikardiya holati ham aniklandi. Qilingan diagnostika va davo-muolajalaridan so'ng davolashning 4-5-kunlariga kelib uning ahvolida ijobiy o'zgarishlar kuzatila boshlandi.

Dorilarni (ayniqsa, tana xaroratini tushiruvchi vositalarni) tartibsiz qo'llash bolalar jigar faoliyatida, qon ivish tizimi faoliyatida keskin salbiy o'zgarishlarga sabab bo'ladi, natijada turli xil qon ketishlar bola hayo­tiga xavf soluvchi asoratlarga ham olib kelishi mumkin.

Dunyo moli salomatlikka yetmaydi

Bugun olamshumul biolog olimlar, tibbiyot amaliyotchilari insoniyatning salomatligi tanazzulga yuz tutmasligi uchun nafaqat atrof-muhitni, balki odamlar jismi ekologiyasini ham imkon qadar toza saqlashga da'vat etmoqdalar. Buni anglaganlar orasida tananing kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati — immunitetini kuchaytirish, salomatlikni tiklash va davolanishda tabiiy vositalarga ehtiyojmandlar ortib bormoqda.

Lekin qabuliga kelgan bemorlarga qaysidir kompaniyaning yangi dori-darmonlarini targ'ib qilib o'tirgan shifokorlar kam emas. Bu yangi mahsulot insonning g'animat va bebaho sog'ligiga zarar keltirmasligiga ularning yetarli asoslari bormikin? Uyimizda to'planib qolgan keraksiz chiqit va axlatlarni istalgan paytda tashqariga olib chiqib tashlash mumkin. Lekin vujudga kirgan keraksiz kimyoviy modda tananing qay bir a'zosiga cho'kadi, uni yemiradi, faoliyatini me'yordan chiqaradi.

So'zimiz avvalida keltirilgan “Dok-1 Maks” siropi kas­ridan juvonmarg bo'lgan bolajonlardan ayrimlarining ota-onalari ham sud jarayonida “yuraklarini yordilar”: “…Bolamning eng so'nggi kunlari juda azob bilan o'tdi…”, “…Bolamning buyragi ishlamay, o'pkasi ham ishdan chiqa bosh­ladi. Falajlik boshlanib, komaga tushib qoldi…”, “…Onadan bolani ayirmasin ekan…” Bu preparatning O'zbekis­tonga keltirilib, dorixonalarga tarqatilishida mas'uliyatsizlik, o'z burchiga xoinlik qilganlar jazolanishini istaganlar, talab etganlar ham oz emas. Qonun oldida har kim qilmishiga yarasha javobgarlikka tortildi, jazosini oldi. Ammo…

Bu choralarning birortasi farzandi bevaqt olamdan o'tgan ota-ona bag'ridagi bir umrlik kuyukka malham bo'la olmaydi. Shifokorlarning, dorifurushlarning, dori keltiruvchilarning mas'uliyatsizligi, o'z ishiga nomunosibligi bir tomon… lekin hammamiz anglashimiz shart: gulmijoz farishta — bolasi ozgina isitmalab, ozgina yo'talib, ozgina rangi olinib, ozgina ishtahasi bo'g'ilgan lahzalarda hamma ishini tashlab, bemor dilbandini shifokorga olib bormagan, mutaxassis ko'rsatmasi bilan muolaja qilmaganlarning dilini sira og'ritging kelmaydi-yu… ko'z oldingda holsizlanib, og'rig'u darddan sarg'ayib, dardini aytolmay ko'zlaringga mo'ltirab najot kutayotgan jon rishtasining kasali nimadanligini chin mutaxassisga olib borib aniqlash, shunga ko'ra davolashni boshlashdan ham ko'ra muhimroq, zarurroq, savobliroq yana qanday ish bo'lishi mumkin?! Yonginasidagi dorixonadan bilimsiz-taj­ribasiz yoki dorifurushlikni pultoparlikka aylantirgan “uchar”larning “o'ng qo'li”ga aylangan dori sotuvchining gapi bilan dori olib, uni bolasiga ichirganlarning qismati — achchiq ibrat.

O'zining, oilasidagi yosh bolalarning sog'lik-salomatligini asrab-avaylashda har bir inson avvalo “o'zini top­masa”, o'zi va voyaga yetmagan farzandlari jismu ruhiyati oldidagi mas'uliyatini anglamasa, na Luqmoni hakim va na XXI asr zamonaviy tibbiyoti uning g'animat boyligini to'la-to'kis asrab berolmaydi.

Tabobat bobokaloni Abu Ali ibn Sino, ungacha ham asrlar davomida odamlar salomatligiga mas'ullikni zimmaga olgan zoti shariflar xalqu eliga sadoqat, fidoyilik, rostgo'ylik bilan xizmat qildilar. Xuddi ana shunday fazilatlar bilan xalq salomatligiga umrini, bilim va tajribalarini tikib yashayotgan shifokorlar bugun ham oz emas. Millatimizning kelajak nasli chin ma'noda barkamol, sog'lom bo'lishi uchun davoyu muolajalarning eng to'g'ri, samarali yo'llarini qo'llashda, sog'lom turmush tarzini shakllantirishda tibbiyotimizning ana shunday oydinlari birinchi navbatda ham nazariyotchi, ham amaliyotchi, ham targ'ibotchi bo'lishlari shart, deb o'ylaymiz.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =