Tabiat ustaxona emas

Ekologik muammolar kun sayin kuchayib borayotgan ayni damda tabiatga aks ta'sir ko'rsatayotgan inson omillarini kamaytirish, ekologik madaniyatni oshirish va har qanday tusdagi ekologik muammolarni bartaraf etishda barchamizdan shaxsiy daxldorlikni chuqur his qilgan holda uyushqoqlik bilan harakat qilish talab etiladi.

Ekologiya  “inson —  tabiat” muammosini tushunish yo'lida uzoq va murakkab yo'lni bosib o'tdi. Global ekologik muammolar paydo bo'lguniga qadar inson tabiatga ustaxona sifatida qarab, uni bo'ysundirish yo'lida bor kuchini ayamadi. Oqibatda bugungi kunda insoniyat kelajagi xavf ostida qolganligini, o'zining tabiatdagi o'rni va hayotining mazmuni bevosita  tabiatni asrash bilan bog'liqligini anglab yetmoqda. Mazkur muammoning dolzarbligi, global ekologik muammolar  sayyoramizdagi har bir davlat, har bir xonadon va har bir insonga tegishli ekanligi mazkur yo'nalishda huquqiy bazani shakllantirish, tegishli qonunlar qabul qilishga asos bo'ldi.

Keyingi yillarda butun dunyo­­da ayanchli kasalliklardan ko'ra, xavfli ekologik muammolarning paydo bo'lishi barchani qo'rquvga solayotgani bor gap.  Birgina kasallik millionlab odamlarning umriga zavol bo'lishi mumkin. Lekin tabiatdagi muammo nafaqat bir necha davlatlarni, balki butun boshli yer sharini o'zgartirib yuborishga qodir.

Ekologik muammolar sinfiga kiruvchi iqlim o'zgarishi sayyoramizning eng muhim funksiyalarining tiklab bo'lmas yomonlashuviga olib keldi. Iqlim isishi ortidan okeanlar sathining ko'tarilishi davom etmoqda. Yuzlab,  millionlab aholi yashaydigan yirik shaharlar suv ostida qolishi ehtimoli yuqori. Shuningdek, qurg'oqchilik yuz beradigan hududlarda yog'ingarchilik yanada kamayib, issiq havo yanada ko'proq muammoni yaratib bera boshladi. Buning ta'sirini o'z hududimizda ham ko'rishimiz mumkin. Mutaxassislar yildan-yilga yog'ingarchilik kamayayotganini, hududimizda cho'llashish jarayoni ketayotganligini aytishadi.

Ekologik muammoning ta'siri ham rivojlangan, ham rivojlanmagan mamlakatlar hayotida aks etmoqda. Masalan, Avstraliyada so'nggi ikki yildagi o'rmon yong'inlarida 3 milliarddan ortiq jonivor halok bo'lgani aytiladi. 2021 yilda Yevroosiyoda o'rmon yong'inlari hajmi rekord darajaga yetdi.

O'n-o'n besh yillardan so'ng yer sharida nimalar bo'lishini bilasizmi? Tabiatning insonga qahri qanchalik oshganini-chi?

XXI asrga kelib, global harorat 4°Cdan yuqorilab ketdi. Deyarli issiq fasli bo'lgan barcha mamlakatda doimiy harorat 40°Cdan yuqori, tropik mamlakatlar esa 50°Cdan odimlab ketgan. Hatto tog'li hudud bo'lgan O'zbekiston ham oxirgi yillarda aynan shu jazirama issiqdan aziyat chekyapti.

Har yozda Antarktidadan tashqari barcha qit'alarda o'rmon yong'inlari avj oladi. Natijada odamlar chidab bo'lmas bo'g'iq tutundan azoblanadi.  Uzoq davom etayotgan qurg'oqchilik yer sharining katta qismini iskanjaga olgan. Taxminan 3,5 milliard kishi suv tanqis hududlarda tomchi sanab yashaydi.

Arktika esa har yozda katta-katta aysberglardan judo bo'ladi. Natijada uzoq shimolda harorat 8°Cdan oshdi, Grenlandiya va G'arbiy Antraktida muz qatlamlari erib, okeanlarga katta miqdordagi chuchuk suvlar aralashib ketdi. Fermer xo'jaliklarining hosildorligi pasaydi. Ilgari ekin ekilgan  yerlarning yarmi yaroqsiz ahvolda. Bu esa o'z navbatida yashash narxining keskin o'sishiga sabab bo'ladi.

O'zbekistonda ham  ekologik muhitni yaxshilash, ortib borayotgan suv tanqisligi, chiqindi muammosini bartaraf etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, atmosferani yaxshilash, o'rmonlarni kengaytirish, aholi gavjum shaharlarda yashil belbog'lar tashkil qilinmoqda. Ekologiya bo'yicha partiya, vazirlikning tashkil qilinishi vaziyat qandayligini ko'rsatadi.

Har yili O'zbekiston shaharlarida millionlab daraxtlar ekiladi. Turli loyihalar, dasturlar, shanbaliklar o'tkaziladi. Joriy yil ham  25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “Yashil makon” loyihasi e'lon qilindi, uning doirasida 85 million tup ko'chat ekish rejalashtirilganligi yaxshi, albatta.

Bizning mintaqada eng samarali yo'l bu — ko'proq va yanada ko'proq daraxt ekish. Chunki ko'plab hududlarda 365 kundan 300 kuni quyoshli bo'ladi. Yog'ingarchilik kamdan-kam kuzatiladi. Daraxtlar esa issiq kunda yer isishining oldini oladi hamda ko'proq kislorod chiqaradi.

Afsuski, loyiha tugagandan keyin ko'chatlarning ahvoli hech kimni qiziqtirmaydi. Ko'cha-ko'yda qurib yotgan yosh ko'chatlarni ko'p uchratamiz. Tadbirkorlar qurilishni pesh qilib, bor daraxtlarni kesishadi yoki sun'iy tarzda zarar yetkazishiga ko'p bora amin bo'ldik. Daraxtlarning kesilishi nafaqat O'zbekistonda, balki butun dunyoda katta muammo sanaladi. Statistikaga ko'ra, bir yilda dunyo bo'yicha 130 ming kv.km maydondagi daraxtlar kesiladi. Bu – 17 mingta stadion sathiga teng.

Tabiatga yaxshi munosabatda bo'laylik. Tabiat  har qanday munosabatga munosib javob qaytarishini unutmaylik.

O'tkir HOShIMOV,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 4 =