O'ylamay bosilgan qadam
Yil oyoqlayapti. Jondan aziz kishisiga shifo tilab, najot kutayotgan insonning dardiga malham bo'lguvchi, o'z burchini samimiy, chin ko'ngildan bajaruvchi shifokorning o'rni bo'lakcha. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin. Shu tariqa shifokor dunyoda hech narsa bilan o'lchab, baholab bo'lmaydigan olijanob va insoniylik fazilatlarini to'la namoyon etadi.
Chindan ham, jarrohlik stolida o'lim bilan jon olib, jon berib olishayotgan insonning taqdiri qo'lingda ekanligini his etish naqadar mas'uliyatli, murakkab yumush. Ayni mahalda esa eshik ortida yuragi taka-puka bo'lib o'zini unutib ming bir xayollarda ilinj, umid bilan ko'z tikib turgan bemorning yaqinlari oldiga yorug' yuz bilan chiqish istagi, ilinji yurakda po'rtana bo'ladi. Ba'zan palatada OITS dardi bilan olishib, ko'ziga dunyo qorong'u bo'lib yotgan bemorlar yonida shunday kayfiyatda sakkiz, o'n to'rt soatlab qolib ketishga, siljimaslikka to'g'ri keladi. Lekin bu kezda shifokorning butun o'y-fikri, xayoli bemor hayotini saqlab qolishdan bir lahza ham chekinmaydi. Bundan ko'rinib turibdiki, shifokorlik mana shunday fidoyilikka, ezgulikka esh bo'lish demakdir. Ezgulikning dushmani ta'magirlik bo'lgani singari, sog'liqning g'animi kutilmaganda kelgan darddir. Buning isbotini birgina o'tgan yillar davomida insoniyat o'z boshiga xavf solgan koronavirus balosida yana bir bora ko'rdi. Lekin OITS balosiga chalingan, u bilan og'rigan insonlar o'zini o't bilan suv o'rtasida qolgandek his etib, yolg'iz yurib, o'z yog'iga qovriladi. Ular qanchalik xafa bo'lmasin, hukumatning vaqtida ko'rgan keskin chora-tadbirlari sababli ko'ngillari biroz ko'tarildi. Ustiga –ustak jahon afkor ommasining ijtimoiy tarmoqlarda bolalab ketgan shov-shovli, bir-biridan vahimali, qo'rqinchli, gap-so'zlari avzoyini, ko'nglini buzgan bo'lsa ham, mamlakatimizda OITS degan baloyi azimning ozmuncha bo'lsada kam uchrashi yanada ko'ngilga taskin beradi.
Xullas, baribir odamlarning ko'ngil olami, dardi dunyosi bu darddan alag'da. Aslida hayot sog'liging bilan lazzatli, totli, shirin. O'zi hayotda qiyinchilikni, dardni birga tortadigan do'st topish zarur bo'ladi. Busiz bir qadam ham olg'a siljib bo'lmaydi.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 159-umumta'lim maktabida “To'xta — virus!” shiori bilan “Biz — sog'lom turmush tarafdorimiz” mavzusida o'tkazilgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Unda ziyo maskanining yuqori sinf o'quvchilari, Olmazor tumani Yoshlar ishlari agentligi xodimlari, tuman FFB hamda 19-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari ishtirok etdilar. Aslida yosh avlodni jismonan sog'lom va barkamol qilib tarbiyalash, ular qalbida sog'lom turmush tarzi ko'nikmalarini shakllantirish, asr vabosi hisoblangan OITSga nafrat tuyg'usini jo etish davlat siyosatining muhim yo'nalishlaridan sanaladi. Aslida farzandlar — ijtimoiy-ma'naviy kamolatning yangi tarixiy davonlariga ko'tarilayotgan o'zbek xalqidir.
Men yosh nihollarni ko'rib, ularni har qanday manzildan ham, holatdan ham go'zallik, nafosat tuya oladigan mitti kashfiyotchilar deb atagim keldi. Tabiatdagi oddiy kapalak ham albatta, gullarning churoylirog'iga qo'ngisi keladi. U qisqa umrini ham gul saralab o'tkazsam deydi. Bir-birlari bilan quvlashmachoq o'ynayotgan qushchalarning hayotdan zavq olayotganliklariga shubha qilish mumkinmi? Ariq yoqasidagi adl teraklar shivir-shiviri-yu, suvlarning sirli, jozibali tebranishlari, gullarning yuzidagi shabnam tomchilari, kuzning dilgir yomg'irlari ham inson ko'ngliga ko'rk va xush nafosat baxsh etadi. Shu ma'noda, hayotdan yaxshilik kutib, go'zallik axtarib yashagan kishi hech mahal kam bo'lmaydi. Ammo negadir inson ba'zan bu yo'ldan yurish o'rniga, boshqa manzillardan qadam bosib botqoqlikka botishni o'ziga ep biladi, ravo ko'radi. Oqibat u tuzalmas dardga mubtalo bo'lganini sezmay qoladi.
Ayni kezda yurtimizdagi ta'lim dargohlari va boshqa mehnat jamoalarida o'tkazilayotgan SPID vabosiga qarshi oylikdan maqsad ham ushbu o'latdan, ajaldan dilbandlarimizni asrash, jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, yosh avlodni imkon qadar “bu o'lat”ga doritmaslikdan iboratdir.
Oylik doirasida OITS markazi, huquq tartibot idoralari, oilaviy shifoxona shifokorlari hamkorligida o'tkazilayotgan tadbirlarda, davra suhbatlarida, savol-javob kechalari, profilaktika maqsadlaridagi targ'ibot ishlarida imkon qadar masala mohiyatini tushuntirishga, uqtirishga astoydil harakat qilishmoqda. Unda mahallada istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamlari ishtirok etayotgani tahsinga loyiqdir. Ayniqsa, 159-o'rta maktab o'quvchilari olti guruhga bo'linib, “OITS va giyohvandlikka “Yo'q” deymiz” mavzusidagi “Kelajak o'z qo'limizda”, “Bu illatdan hazar qilamiz” otlig' ko'rgazmali chiqishlari ishtirokchilarga manzur keldi. Aslida o'g'il-qizlar — navnihollar o'z ijodiy ishlarida OITS ning xafli oqibatlari, bu illat bilan og'rigan kimsalarning ayanchli qismatini ekranda to'la aks ettirganlar.
— OITS va giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashishda mahalla, ta'lim dargohlari, OITS markazi, FFB, Oilaviy poliklinika hamda boshqa jamoat tashkilotlarining o'rni, xizmati beqiyos, — deydi Olmazor tumanidagi 159-o'rta maktab direktori o'rinbosari Shoira Shernazarova. — Zero, yoshlarni OITS, giyohvandlik va boshqa zararli odatlardan asrab qolishda bugungi tadbirning ahamiyati katta. Negaki, yoshlar hamisha sog'lom turmush tarzi tarafdori bo'lib kelganlar.
Shubhasiz, OITSning inson salomatligiga salbiy ta'siri ibtidoiy jamoa davridan ayon. Eng asosiysi bu bedavo dardga yo'liqmaslik uchun har bir inson, har bir yoshu keksa ehtiyot bo'lishi, tibbiy savodxonligi yuqori darajada shakllanishi shart. O'tkazilgan tadbirdan ko'zlangan maqsad ham shu edi.
Ulug'bek JUMAYEV,
jurnalist