Mening “hojatbaror” tanishim
Uch yil oldin qishlog'imizdan shaharga avtobusda ketayotib, bir kishi bilan tanishib qoldim. Ko'rinishidan ancha sipo, egnida kostyum-shim, bo'ynida bo'yinbog'. O'qimishli ham chog'i, hammaga eshitarli qilib yo'limizdan chiqayotgan qishloqlar tarixidan gapirib bilimdonligini namoyish qilib ketardi. Uning suhbatiga qo'shilmay bir chetda jim kuzatib ketayotgan bo'lsam-da, daf'atan mening qaerda o'qishimni, nima ish qilishimni so'rab qoldi. Akademik litseyni tamomlayotganim va jurnalist bo'lmoqchiligimni aytdim. Shunda u kishi turarjoyim, dadamning nima ish qilishlariga qiziqdi. Dadamning Koreyada ishlashi, qaysi tumanda istiqomat qilishim, hatto dadamning oyiga qancha pul yuborib turishini surishtirib bildi.
So'ng… u o'zining uzoq yillardan buyon jurnalistika sohasida ishlashi, men hujjat topshirmoqchi bo'layotgan oliygohda tanishlari borligi va ular bilan gaplashib, menga imtihon oldi yo'l-yo'riq ko'rsatib turishlarini iltimos qilishi mumkinligini aytdi. Oldiniga bu gaplar menga moydek yoqib tushdi. Keyin negadir shubhalana boshladim. Chunki u jurnalistlar tayyorlaydigan universitet nomini ham to'g'ri ayta olmayotgan edi. Buning ustiga boshqa oliygohlardan farqli o'laroq bo'lajak jurnalistlar imtihondan oldin ijodiy sinovdan o'tkazilishi haqida umuman tushunchasi yo'q edi. Shu sababli unga yordami shart emasligini aytib, muomalani uzmoqchi bo'ldim. Ammo qo'yarda-qo'ymay telefon raqamimni so'rab oldi. Buni qarangki, ertasigayoq menga qo'ng'iroq qilib, tanishi bilan gaplashib qo'yganini bildirdi. Menga hech qanday yordami kerak emasligini takrorladim. U esa keyin ham kuniga ikki-uch marta qo'ng'iroq qilar, shu yil o'qishga kirishim kerakligini maslahat berar, “tanishi” oldindan ikki yuz dollar berib qo'yishimni so'rayotganini aytgani-aytgan edi. Noiloj uning telefon raqamini qo'ng'iroq qilolmaydigan qilib, bloklab qo'ydim.
Shukurki, hech qanday yordam, tanish-bilishchilikka muhtoj bo'lmay, imtihonlardan yaxshi natijalarga erishib, talaba bo'ldim. O'qishni tugatmasimdanoq o'qiyotgan yo'nalishim bo'yicha yaxshigina ishga ham joylashdim.
Buni qarangki, yaqinda kasb bayramimiz arafasida viloyatga borganimda o'sha odamga tasodifan yana duch kelib qoldim. Qaerda o'qiyotganim, ish joyimni bilgach menga boshqacha muomalaga o'tdi. Ishlarimga omadlar tiladi va yana telefon raqamimni so'rab oldi.
Oliygohlarga kirish imtihonlari yaqinlashgan ayni kunlarda “eski qadrdonim” menga yana ko'p marta qo'ng'iroq qiladigan bo'lib qoldi. Aytishicha, bir jiyani men o'qiyotgan universitetning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirgan, imtihonlar bo'yicha undan maslahat so'rayotgan ekan. U menga universitetda nechta yo'nalish borligi, imtihonlar qay tartibda o'tkazilishi, baland ball olish uchun ko'proq nimalarga e'tibor qaratish kerakligi haqida tinimsiz savollar yog'dira boshladi. Avvaliga, o'sha jiyaningizga ayting telegramda jurnalistika fakulteti abiturientlarining alohida guruhi bor, o'sha guruhga qo'shilsa kengroq ma'lumot oladi, deb javob berdim. U esa: “Jiyanim mendan bu narsalarni biladi deb maslahat so'rayapti, agar siz aytgandek qilsam, o'zidan soqit qilib, meni boshqasiga yo'naltiryapti degan noto'g'ri xulosaga boradi. Shuning uchun hammasini o'zim aytganim yaxshi” deya meni ma'lumot berishga ko'ndirmoqchi bo'lardi. “Bu odam bir paytlar xuddi menga yordam qilmoqchi bo'lgandek yana boshqa bir o'spirinni ham aldamayaptimikan? — xavotirlana boshladim. — Menga bu universitetda tanishim bor deb aytgandi, lekin nega o'sha tanishidan emas, mendan ma'lumot olyapti. Demak, universitetdagi yagona “tanishi” menman. Bu odam esa xuddi uch yil avval meni chuv tushirmoqchi bo'lganidek yana kimnidir boshini aylantirib yuribdi. Birgina bu kimsa emas, balki hozirgi imtihon kunlari yaqinlashgan vaqtlarda bu kabi firibgarlar abiturientlarning o'qishga kirish davrini “mavsumimiz” deb bilar?!”
Yurtdoshlik haqi-hurmati unga qattiq gapirmay, “hojatbaror”ning telefon raqamini yana bloklashga majbur bo'ldim. Xabar orqali telegramdagi abiturientlar guruhi linkini yubordim. U rostdan ham jiyaniga xolis yordam berayotgan bo'lsa, o'sha linkni berar, bordi-yu yana eski “hunar”ini qilayotgan bo'lsa…
Xullas, o'z boshimdan o'tgan bir hangomani aytishimdan maqsad, bunday odamlarning qarmog'iga ilinib talaba bo'lish baxtidan ham, yaxshigina pulidan ham ajrab qolmasin deyman. Abiturientlar “Hojatbaror”larning nayranglariga aldanib qolmang. Faqat o'z bilimingizga suyaning. Bilim bor joyda qo'shimcha yordamga hojat yo'q.
Kamol QAYSAR