Halokatga boshlashi mumkin

Telefon jiringlab qoldi. Go'shakni ko'tarsam kasbdoshim. Xonaga kelaversa bo'ladi-ku, degan o'y xayolimdan o'tganini sezganday suhbatni qisqa qildi. Hoziroq o'g'li o'qiydigan maktabga, navbatdan tashqari bo'lib o'tadigan ota-onalar majlisiga yetib borishi kerakligini bildirdi.

Tushlikda u bilan uchrashdik. U ancha mulzam tortgan, nimadandir xafa edi. Sababini so'rasam: “Ota-onalar majlisida bo'lgan gaplardan ko'nglim xijil, — dedi u. — O'quvchilar orasida allaqanday tabletka qabul qiluvchilar paydo bo'libdi. Uni iste'mol qiluvchilarda kayfiyat o'z-­o'zidan ko'tarilib, xursand bo'lib yurarkan. Tashvishlanadigan joyi tabletka konfetga o'xshagani uchun shirinligi bilan diqqatni tortarkan. Shundan uni qabul qiluvchilar soni kun sayin ko'payib borayotgan emish. Bunday bolalarning o'zlashtirishi pasayib ketayotganligidan ko'p ustozlar kuyunib gapirdilar. Eshitib karaxt bo'lib qoldim”.

Uning gaplaridan men ham xavotirlana boshladim. Bu qanday tabletkaki, bolalarni salbiy tomonga o'zgartirayotgan bo'lsa, nahotki tarkibida narkotik modda bo'lib, yoshlarning kelajagiga xavf solsa, degan o'ylar domida qoldim. Ko'nglimga: “Men ham, turmush o'rtog'im ham kun bo'yi ishda bo'lamiz, farzandlarimizning maktabdagi ahvolidan muntazam xabardor emasmiz, balki bizning bolalarimiz ham o'sha tabletkadan iste'mol qilib yurishgandir” degan gumon ham keldi. Internet tarmog'idan hamkasbim aytgan dori vositasi haqida ma'lumot qidira boshladim. Oxiri topdim. “… narkotik analetik dori vositasi” degan yozuvni o'qib dahshatga tushdim. Sinchiklab o'qisam, bu dorining tarkibida “opiy” guruhiga mansub narkotik modda bo'lgani uchun faqat tibbiy maqsadda qo'llash mumkin ekan.

Shu-shu ota-onalar majlisiga yanada zaruriy ehtiyoj sifatida qaraydigan, qatnashish tugul boshqa ota-onalar bilan fikr almashadigan bo'ldim. Bir onaxon yuqoridagi holatdan tashvishda ekanligini bildirarkan, bir necha yil oldingi voqealarni esladi: Toshkentning “ilgarigi   “Shuhrat” do'koni bilan “Farhod” bozori oralig'ida dori bozori bo'lardi, — dedi u. — Ko'p qavatli uylar qurshovidagi bu noqonuniy savdo muhiti qancha yoshu qarining sog'lig'iga zarar yetkazib kelgan. Oxiri huquq himoyachilari bu xunuk holatning oldini olishgan bo'lsa-da, dori savdosi xufyona tarzda davom etdi. Bolalarimizni do'konga yuborishga qo'rqardik. Chunki o'zgaruvchan yoshdagi o'smirlarni to'xtatib, arzon qilib beramiz, tatib ko'r,   zo'r qiladi, kuchli qiladi” deya dori sotib olishni taklif qilganlar haqida eshitganmiz”.

O'ylanib qolasan: bugun ko'cha-ko'yda noqonuniy dori savdosiga umuman ehtiyoj yo'q. Har qadamda nazoratdagi dorixonalar faoliyat yuritmoqda. Demak, ma'lum bir dorixona mas'ullari faqat daromadni o'ylab, shifokor tavsiyasisiz dorilarni pullashmoqda, xaridorlarning yoshiga e'tibor bermayaptilar. Yoki tibbiy dori bilan “vitamin”ning farqiga bormaydiganlar dorixonalarga ishga olingan. Bo'lmasa, bolalarning qo'liga bunday zararli tabletkalar qanday tushadi?

Kechqurun faoliyat yuritadigan “kafe”lardagi o'smirlarning o'zini tutishlarini ko'rib hayron qolasiz. Bo'lar-bo'lmas gaplarga shunaqangi kulishadiki, hazil-mazaxlar shu qadar ham avjiga chiqadiki, tarbiya ko'rganlarning bolasi o'zini bunday tutmaydi. Nahotki, ular ham… qandaydir dori qabul qilgan, degan xayolga borasiz.

Bir kuni ertalab non olgani do'konga ketayotib, gandirak­lab yurgan tatar millatiga mansub qizga duch keldim. Yoniga borib, undan, yordam kerakmasmi, deb so'radim. Behollikdan so'zlay ham olmasdi. Asta shu atrofdagi o'rindiqqa o'tqazdim. Bir muddat o'ziga kelishini kutdim. Keyin u bilan suhbatlashib o'ninchi sinfda o'qishi, ota-onasi bilan urishib uydan chiqqani, qandaydir dori iste'mol qilganini aytdi. Uni uyiga eltib qo'ydim. Yo'l-yo'lakay qilgan nasihatlarim ta'sir qildi chog'i, ota-onamga aytmang, deb iltimos qildi.

Toshkent shahar Xalq ta'limi boshqarmasi xodimlari bilan suhbatlashganimizda, ular ham bunday holatlardan tashvishda ekanliklari, o'smir yoshlar orasida shubhali tab­letkalar qabul qilayotganlar uchrayotganligini, bunday ko'ngilsiz holatlarning oldini olishda o'qituvchilar, ota-onalar va Ichki ishlar xodimlari birgalikda jiddiy harakat qilayotganliklari, bu borada yanada jonli sur'atda chora ko'rish lozimligini aytishdi.

— Bunday dorilar shifokor nazoratisiz, o'zboshimchalik bilan iste'mol qilinsa, o'ziga nisbatan qaramlikni keltirib chiqaradi, — deydi shifokor-narkolog Furqat Bahromov. — Iste'mol qilganlar esa passiv giyohvandga aylanadi. Ular ham ruhan, ham jismonan bardam bo'laman degan o'yda bunday tabletkalarni muntazam qabul qiladigan bo'lishadi. Eng yomoni, dastlab bir sutkada bitta tabletka iste'mol qilgan shaxs keyinchalik o'n-o'n besh, hatto elliktagacha dori qabul qilish darajasiga yetib borishadi. Bunday psixotrop moddalar me'yoridan ortsa bepushtlikka ham olib boradi.

— Qaramlikning ikki jismoniy va ruhiy turi mavjud, — deydi Toshkent viloyati Pskent tumani oliy toifali shifokor-terapevti S. Mirqobilova. — Jismoniy qaramlikda bo'g'imlarda og'riq turishi, ishtaha yo'qolishi, ko'ngil aynishi, surunkali ich ketish, yurak og'riqlari kuzatiladi. Ruhiy qaramlikda esa uyqusizlik, jahldorlik, agressivlik, qo'li ishga bormaslik holatlari avj oladi.

Demak, bunday salbiy holatlarga befarq qarab bo'lmaydi. Befarqlik — halokatning bir eshigi. Kutilmagan noxushliklardan yoshlar — kelajagimizni asraylik!

Lobar ShOMURODOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + fourteen =