Firibgar “himoyachi”larning himoyachilari kim?
Kasb taqozosiga ko'ra advokatlarning muammosini o'rganganimda ularning ko'pchiligi sudlarning oldida yuradigan, xonasi ham yo'q “cho'ntak advokat” lari haqida yozmaysizmi, deyishgandi. Darhaqiqat, bir shikoyat tufayli shunday “advokat” ga duch keldim…
Sojida Ergasheva qaynonasi va erining zulmlaridan, zo'ravonliklaridan qochib, uchta farzandini yetaklab, homilador holida Toshkentda yashaydigan opasinikiga panoh izlab keladi. Chunki ayolning dardini eshitib unga yelkadosh bo'ladigan ota-onasi vafot etgandi.
Qishloqda yashaydigan qarindoshlarinikiga borsa ham bo'lardi. Ammo ularning tinchini buzgisi kelmaydi. Akalarining uyiga borsa, ular o'sha zahotiyoq iziga qaytarib yuborishar, “Sabr qil, hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi” deyishdan nariga o'tishmasdi.
Shuning uchun u Toshkentga yo'l oladi. Bu yerda uni opalari vaqtincha propiskaga qo'yishdi. Qo'llaridan kelgancha yordamlashadi. Bolalariga aliment undirish maqsadida Fuqarolik ishlari bo'yicha Mirobod tumanlararo sudiga ariza berish uchun borganlarida esa sud binosida qop-qora kiyingan bir ayolga duch kelishdi.
O'zini “Advokat Muniraman” deya tanishtirgan ayol mehribonchilik bilan ularning nima uchun kelganliklarini so'raydi. Uning advokatligiga ishonch hosil qilish uchun biror bir hujjatini ham so'rashni xayoliga keltirmagan opa-singil unga dardlarini doston qilishadi.
“O'zim yordam beraman! Kerak bo'lsa qorningdagi bolang uchun ham aliment undirib beraman”, deb ularning qo'ynini puch yong'oq bilan to'ldirgan “advokat” xonimning gaplariga sodda opa-singil chippa-chin ishonishdi-qolishdi.
Ko'zlariga avliyodek ko'ringan bu “advokat” ning uddaburonligini qarangki, o'sha kunning o'zidayoq ish boshidan deb bir yarim million so'mni qurtday sanab oladi.
Oradan vaqtlar o'tdi. Opa-singil “advokat” ayol bilan telefon orqali suhbatlashib, yana qop-qop va'dalarni olib turishadi. Shunday suhbatlardan birida bunday ishlarda yaxshigina tajriba orttirgan “advokat” imiz ulardan yana 100 AQSh dollari berishlarini aytadi. Opa-singil o'rtada maslahatlashib, ishimiz bitib mushkulimiz oson bo'lib qolsa bo'lgani degan maqsadda tilla taqinchoqlarini sotib, “advokat” ga aytgan pulini tutqazadilar.
Opa-singil “advokat” ga ishongan holda ishlari ijobiy yechim topishini kutib yurganda sud majlisi ikkinchi tomon kelmagani uchun qayta-qayta qoldirilaverdi.
Shunday qilib “advokat” xonimga bo'lgan ishonch ham butkul yo'qoladi.
Opa-singil bu sarguzashtlari haqida boshqa bir tanishlari bilan gaplashganlarida, advokat bilan tuzgan shartnomalari bor-yo'qligini, u bilan gaplashishdan avval advokatning hujjatini tekshirgan yoki tekshirmaganliklarini so'raydi. Javob esa o'zingizga ma'lum.
Shundan keyin tanishlarini ham qatorlariga qo'shgancha opa-singil endi uchovlashib sud binosiga oshiqadilar.
“Advokat” bilan gaplashilayotganda siz bizga hech qanday shartnoma yoki boshqa bir hujjat bermadingiz, ish esa hech bir o'zgarishsiz turibdi. Xizmat haqini esa ne-ne va'dalar bilan oldindan olgansiz degan gaplarni ko'tara olmagan “advokat” xonim jahl qilib “senlar meni firibgarga chiqarib qo'ydinglar-ku” deya zarda qiladi.
Yuring xonangizda bafurja gaplashib olaylik deyishlariga qaramay ularni eshitgisi kelmay, o'zini olib qochaveradi. Noiloj, opa-singil bu ayol haqida sud binosidagilardan so'rashganida ular tanimasliklarini aytishadi.
Shundan so'ng firibgar ayolga qayta-qayta qo'ng'iroq qilib, kerakli joylarga shikoyat qilishlarini aytib, zo'rg'a pullarini qaytarib olishadi.
Ammo bir narsa juda qiziq. Doim sudning hovlisida izg'igan bu “advokat” xonim kimning erkatoyi bo'lishi mumkin? Rostakam advokat bo'lsa bitta xona olib o'tirmaydimi? Agar rostdan ham uni shu yerdagilar tanimasa, nega bemalol sud idorasida yurishiga, kirib-chiqishiga imkon berib qo'yishgan?
Firibgar, ismi sharifining ham anig'i bo'lmagan bu “himoyachi” xonim Fuqarolik ishlari bo'yicha Mirobod tumanlararo sudi yonida, sud binosi ichida “faoliyat” yuritayotganiga nima deysiz?
Xonbibi HIMMAT qizi