Bolalarga qoidalarni o'rgataylik!

Yong'inning kelib chiqish sabablari turlicha. Ayniqsa, bolalarning o'yinqaroqligi oqibatida sodir bo'lgan yong'in juda xavfli. Shunday ota-onalar ham borki, ular e'tiborsizlik va mas'uliyatsizliklari tufayli farzandlari yosh bo'lishiga qaramay, ularni uyda yolg'iz qoldirib ketishadi, hatto gugurtlarni ularning qo'li yetmaydigan joylarga qo'yishni ham “unutishadi”.
Bunday holda esa bolalar gugurt, elektr-maishiy asboblar va gaz jihozlaridan bemalol foydalanishlari mumkin. Agar uyda yong'in chiqqudek bo'lsa, dahshatga tushgan bolalar burchaklarga yoki shkaf, karavotlar ostiga berkinib olishlari tabiiy. Natijada esa olov borgan sari kuchayib, o'ta ayanchli tus olishi hech gap emas…
Shu bois ham biz, kattalar hamisha farzandlarimizga yong'indan ehtiyotkorona foydalanish kerakligini uqtirishimiz, gugurt, elektr-maishiy asboblar va gaz jihozlarining o'yinchoq emasligini tushuntirib borishimiz shart.
Aytish joizki, yong'inlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Ular katta miqdorda moddiy zarar keltirishdan tashqari, eng ayanchlisi — o'limga sabab bo'layapti. Shuning uchun bolalarni uyda qarovsiz qoldirmaslik, gugurtlarni bolalarning qo'li yetmaydigan joyda saqlash, uydan chiqish chog'ida elektr isitkich va gaz asboblarini o'chirish, bolalarga olov bilan o'ynash, elektr isitish asboblari, maishiy texnika vositalaridan foydalanishga ruxsat bermaslik, bolalarga olov bilan ehtiyotkorona munosabatda bo'lishni o'rgatish, yong'in kelib chiqquday bo'lsa, qanday harakatlar qilish kerakligini uqtirish zarur.
Yodingizda bo'lsin! Faqat yong'in xavfsizligiga qat'iy rioya etibgina eng katta baxtsizlik — yong'in balosining oldini olish mumkin.
M. RISBEKOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ma'muriy binolaridan foydalanish boshqarmasi binosida YoXTTE 2-bo'linmasi kichik inspektori,
kichik serjant.