“Jurnalistika – mening hayotim”

– deydi “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” Xolida Pardaboyeva
Umr o'tkinchi. Umr qisqa. Umr – karvon. Umr – oqar daryo. Lekin har kishiki, kasbiga sadoqat namoyon etib, el xizmati yo'lida, sidqidildan vazifasini bajarishi vijdoniy ish.
“Jurnalistlik toshi juda og'ir, noni g'oyat qattiq. Shunga chidaganlar jurnalist bo'ladi. Modomiki shu kasbni tanladimi, qiyinchiliklariga, kaltaklariga ham, rohatiga ham chidashi kerak”, deydi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, O'zA Bosh direktori, senator Abdusaid Ko'chimov, “Hurriyat” gazetasining 11-dekabrdagi 49-sonida e'lon qilingan Nargiza Azizova bilan suhbatda.
Darhaqiqat, ana shunday toshi og'ir, noni qattiq sohada salkam 50 yildan buyon jurnalistika sohasida mehnat qilib kelayotgan ustoz jurnalistlar Sirdaryoda ham kam emas.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyevani bugun nafaqat Sirdaryo viloyatida, respublika miqyosida ham bilishadi, e'tirof etishadi. Bunga quyidagi omillar asos bo'la oladi.
Birinchidan, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva umri davomida “Yangi Sirdaryo” (avvalgi “Sirdaryo haqiqati”) gazetasiga sodiq bo'ldi. Uning yaxshi va yomon kunlarida hamnafas, hamqadam.
Ikkinchidan, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, Sirdaryo vohasi xotin-qizlari tomonidan jamiyatimizning turli jabhalarida amalga oshirilayotgan ishlar respublikamizning nomdor nashri “Hurriyat” gazetasi va “Saodat” jurnalida hamkasbimizning maqolalari orqali bo'y ko'rsatdi.
Uchinchidan, uning har bir maqolasida nafosat, axloqiylik, ma'naviyat, ma'rifat ufurib turishi bilan boshqa mualliflar ijodidan ajralib turadi.
To'rtinchidan, u ijodkorlik faoliyatini 1977 yildan boshlagan bo'lsa, 1997 yilda “Yilning faol ayoli”, 2006 yilda “Atirgul” tanlovi g'olibasi, 1982 yilda “O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi”, 2002 yilda “Shuhrat” medali sohibasi, 2019 yilda “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoni, 2023 yilda “Ma'naviyat fidoyisi” ko'krak nishoniga munosib ko'rilgan fidoyi jurnalistlardandir. Shunga qaramay kamtarlikni, oddiylikni o'ziga hamroh qilib olgan. Bu har kimning ham qo'lidan keladigan hislat emas.
Beshinchidan, qaxramonimiz jurnalistikani kasb deb emas, hayotining mazmuni deb biladi.
Oltinchidan, Xolida Pardaboyeva har yumushni shiddat, shijoat, mehr-muhabbat, mas'uliyat bilan bajarishda, o'z navbatida ijodiy sermahsullikda ko'plarga o'rnak va namunadir. Bunga viloyat va respublikaning nomdor gazeta va jurnallarida muttasil maqolalar chiqarish asno 2015 yilda “Sirdaryo navolari”, 2021 yilda “Onalik baxti”, 2023 yilda “Dunyo kezib…” nomli kitoblarni nashr ettirganligidan ham bilish mumkin. Chop etilgan kitoblar esa hayotiy voqeliklarga dunyo kezib orttirgan tajribalari, chiqargan xulosalari asosidaligi tahsinga loyiq.
Xolida opa jonkuyar ona sifatida bir qiz va bir o'g'ilni munosib tarbiyaladi. Har ikki farzandi ham oliy ma'lumotli yetuk mutaxassis bo'ldi.
Bugun ayrim ijodkorlarda kamnamo bo'lgan kasb etikasi va kasbga mas'uliyat hissi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyevaga xos xususiyat desak yanglishmaymiz. U shu kunlarda qutlug' 70 yoshini qarshi olmoqda. Mahoratli, qalami o'tkir ustozimizni muborak yoshi bilan samimiy tabriklaymiz.
Bahrom BOYMURODOV,
“Yangi Sirdaryo”, “Novaya Sыrdarya”
gazetalari bosh muharriri,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.